۞ وَٱذْكُرُوا۟ ٱللَّهَ فِىٓ أَيَّامٍ مَّعْدُودَٰتٍ ۚ فَمَن تَعَجَّلَ فِى يَوْمَيْنِ فَلَآ إِثْمَ عَلَيْهِ وَمَن تَأَخَّرَ فَلَآ إِثْمَ عَلَيْهِ ۚ لِمَنِ ٱتَّقَىٰ ۗ وَٱتَّقُوا۟ ٱللَّهَ وَٱعْلَمُوٓا۟ أَنَّكُمْ إِلَيْهِ تُحْشَرُونَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Allohni sanoqli kunlarda eslang. Bas, kim ikki kundan keyin shoshilib, ketsa, unga gunoh yo`q. Kim kechikib qolsa, unga gunoh yo`q. Taqvo qiluvchilar uchun. Allohga taqvo qilinglar va bilinglarki, siz albatta Unga to`planursiz.Аллоҳни саноқли кунларда эсланг. Бас, ким икки кундан кейин шошилиб, кетса, унга гуноҳ йўқ. Ким кечикиб қолса, унга гуноҳ йўқ. Тақво қилувчилар учун. Аллоҳга тақво қилинглар ва билингларки, сиз албатта Унга тўпланурсиз.Alauddin Mansour: Sanoqli kunlarda Allohni zikr qilingiz! Kim ikki kunda shoshilib (zikrni toʻxtatsa) unga gunoh yoʻq, kim keyinda (uchinchi kunga ham) qolsa, unga-da gunoh yoʻqdir. (Mazkur hukmlar) taqvodor kishilar uchundir. Allohdan qoʻrqingiz va bilingizkim, sizlar shubhasiz, Uning huzurida toʻplanajaksiz.Саноқли кунларда Аллоҳни зикр қилингиз! Ким икки кунда шошилиб (зикрни тўхтатса) унга гуноҳ йўқ, ким кейинда (учинчи кунга ҳам) қолса, унга-да гуноҳ йўқдир. (Мазкур ҳукмлар) тақводор кишилар учундир. Аллоҳдан қўрқингиз ва билингизким, сизлар шубҳасиз, Унинг ҳузурида тўпланажаксиз.
«Sanoqli kunlar»dan hayit kunidan keyingi uch kun nazarda tutilgan. Hazrati Abdulloh ibn Abbos: «Sanoqli kunlar–tashriq kunlaridir», deganlar.
Paygʻambarimiz alayhissalom: «Arafa, qurbonlik va tashriq kunlari biz ahli Islomning bayrami–yemoq, ichmoq kunlaridir», deganlar. Shundan chiqadiki, arafa va qurbon hayiti kunlari tashriq kunlari qatoriga kirmaydi.
Ushbu oyatda Alloh taolo sanoqli kunlarda, yaʼni, tashriq kunlarida oʻzini eslashga, zikr qilishga buyurmoqda.
«Allohni sanoqli kunlarda eslang».
Ikrima roziyallohu anhudan rivoyat qilinadiki: «Sanoqli kunlarda Allohni eslang», degani tashriq kunlarida farz namozlaridan keyin «Allohu akbar», «Allohu akbar», deb takbir ayting, deganidir».
Ammo hajda boʻlganda bundan murod shaytonga tosh otish boʻladi. Har bir toshni otishdan oldin «Bismillahi, Allohu akbar», deydi. Har kuni uch joyga yettitadan yigirma bitta tosh otadi. Hayitdan keyingi ikki kunda tosh otib, shoshilib Minodan ketsa, gunoh boʻlmaydi.
«Bas, kim ikki kundan keyin shoshilib ketsa, unga gunoh yoʻq.»
Agar ixtiyor qilib, uchinchi kunga qolib, tosh otsa ham, gunoh yoʻq:
«Kim kechikib qolsa, unga gunoh yoʻq».
Keyin boshqa ibodatlar qatori haj ham taqvo joyi ekanini, hajdagi toʻplanish qiyomatdagi toʻplanishni eslatishi zarurligini zikr qiladi:
«Allohga taqvo qilinglar va, bilinglarki, albatta, siz Unga toʻplanursiz».
Oʻtgan oyatlarda qalbni poklaydigan, taqvodor qiladigan roʻza, sadaqa va haj kabi ibodatlar zikr qilindi. Odamlardan baʼzilari faqat bu dunyoni koʻzlashlari va ularga oxiratda nasiba yoʻqligi va baʼzilari ikki dunyoda ham Allohdan yaxshilik kutishlari aytib oʻtildi. Kelasi oyatlarda adashib shayton yoʻlidan yurganlarga va hidoyat topib, Rohmanning yoʻlida yurganlarga misol keltiriladi. Shu bilan birga, shaytonga ergashmaslik taʼkidlanadi: