يَـٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُوا۟ ٱدْخُلُوا۟ فِى ٱلسِّلْمِ كَآفَّةً وَلَا تَتَّبِعُوا۟ خُطُوَٰتِ ٱلشَّيْطَـٰنِ ۚ إِنَّهُۥ لَكُمْ عَدُوٌّ مُّبِينٌ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Ey, iymon keltirganlar! Islomga to`lig`icha kiring. Va shaytonning izidan ergashmang. Albatta, u sizga ochiq dushmandir.Эй, иймон келтирганлар! Исломга тўлиғича киринг. Ва шайтоннинг изидан эргашманг. Албатта, у сизга очиқ душмандир.Alauddin Mansour: Ey moʻminlar, Islomga toʻligʻicha kiringiz! (Yaʼni, Islomning baʼzi hukmlariga itoat qilib, baʼzilariga itoat qilmaydigan kimsalardan boʻlmangiz)! Va shaytonning izidan ergashmanglar! Shubhasiz, u sizlarga ochiq dushmandir.Эй мўминлар, Исломга тўлиғича кирингиз! (Яъни, Исломнинг баъзи ҳукмларига итоат қилиб, баъзиларига итоат қилмайдиган кимсалардан бўлмангиз)! Ва шайтоннинг изидан эргашманглар! Шубҳасиз, у сизларга очиқ душмандир.
Maʼlumki, Islom Allohga boʻysunish maʼnosini bildiradi. Bu holatda oyatning umumiy maʼnosi: «Allohga butun borligʻingiz ila boʻysuning», degani boʻladi. Yaʼni, Allohga boʻysunish toʻlaligicha boʻlsin. Tili bilan boʻysunib, dili bilan boʻysunmasdan yoki badani bilan boʻysunmasdan qolish kerak emas. Xullasi kalom, boʻysunish toʻlaligicha, hamma tomondan boʻlishi kerak.
Islomning maʼnolaridan yana biri–tinchlik. U holda oyatning umumiy maʼnosi, tinchlikka toʻligʻicha kiring, degani boʻladi. Tinchlikka toʻligʻicha kirish esa, Islomni tatbiq qilish bilan boʻladi. Islomda tinchlik inson qalbining tinchligidan boshlanadi. Faqat banda va Parvardigor, borliq va oxirat haqidagi Islom aqiydalarigina har bir inson qalbiga tinchlikni solishi mumkin. Soʻngra, qalbdagi bu tinchlik oilaga koʻchadi. Islom oila tinchligi uchun zarur boʻlgan barcha choralarni ishga soladi. Oilalardagi tinchlik qoʻni- qoʻshni, qarindosh-urugʻlar orasiga koʻchadi. Islomda qoʻni-qoʻshnilar, qarindosh-urugʻlar bilan tinch yashash yoʻl-yoʻriqlari batafsil koʻrsatib qoʻyilgan. Soʻngra, bu tinchlik jamiyatga oʻtadi. Har bir jamiyat oʻzaro tinchlikda yashash uchun nimalar qilishi lozimligi ham Islomda belgilab qoʻyilgan. Davlat miqyosida tinch yashashga esa, qalbi tinch, oilasi tinch, qoʻni-qoʻshni, qarindosh-urugʻi tinch, jamiyati tinch boʻlganda erishiladi. Islomda davlat bilan fuqarolar orasidagi tinch-totuvlik asoslari ham, davlatlararo tinch-totuvlik yoʻl-yoʻriqlari ham mukammal yoʻlga qoʻyilgan. Oxiri kelib, Islom koʻzlagan tinchlikda butun dunyo tinchligiga erishiladi. Unda barcha qalblar tinch, oilalar tinch, qoʻni-qoʻshnilar tinch, qarindosh-urugʻlar tinch, jamiyatlar tinch, davlatlar tinch, hayvonot, nabotot va butun borliq tinch boʻladi. Inshaalloh.
Islomning mashhur maʼnolaridan biri Muhammad alayhissalomga Alloh tushirgan dindir. Bu holatda oyatning umumiy maʼnosi–«Islom diniga toʻligʻicha kiring» boʻladi. Islom insonning hayotini toʻligʻicha qamrab olgan dindir. Insonning onadan tugʻilib, qabrga kirgungacha boʻlgan davrdagi har bir nafasi va harakati Islomning ixotasi doirasidadir. Islomga toʻligʻicha kirish– oraliq davrda, yaʼni, hayoti davomida butunligicha musulmoncha yashash demakdir. Insonning tugʻilishidan tortib to ozuqalanishi, tarbiyalanishi, voyaga yetishi musulmoncha boʻlishi kerak. Balogʻat yoshiga yetganda, din taklif qilgan barcha narsalarga toʻliq amal qilishi lozim. Inson oʻzining shaxsiy, oilaviy, ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy, siyosiy va yana hayotining boshqa sohalarida Islomga amal qilgandagina, Islom buyurgan hamma narsaga yurib, u qaytargan hamma narsadan qaytgandagina unga toʻliq kirgan boʻladi. Shundagina baxt-saodatga erishadi. Xalqimiz orasida bugun koʻplarimiz nima qilyapmiz? Nomlarimizga, naslnasabimizga qarasa, hamma musulmon. Kimligi surishtirilsa, men musulmonman, deydi. Ammo, oʻzi gʻayri muslimlarning ishini qilib yuradi. Keyin: «Nimaga musulmon boʻlsak ham, ishimiz yurishmayapti?» deb noliydi. Dinga, Allohga tuhmat qiladi. Koʻrayotgan koʻrgiliklari oʻzi musulmon boʻla turib Islomda yashamayotganining oqibati ekanini oʻylab ham koʻrmaydi. Holbuki, ayb oʻzida, omadsizliklarini Islomdan koʻrishga hech bir musulmonning haqqi yoʻq. Islom bir-birini toʻldirib keluvchi turli tuzum va amallarning majmuasidir. Namoz oʻqib turib, zakotni inkor qilsa, boʻlmaydi. Aqiydani musulmoncha qilib turib, oilada xristiancha yashasa, boʻlmaydi. Hamma-hammasi musulmoncha boʻlishi kerak.
Oyatning oxiri Islomdan boshqa yoʻlga yurishlik shaytonning izidan ergashishlik ekanini va u ochiq dushman ekanligini taʼkidlayapti:
«Va shaytonning izidan ergashmang. Albatta, u sizga ochiq dushmandir».
Demak, Islomga toʻlaligicha kirilmaganda shaytoning izidan ergashilgan boʻlar ekan. Hayotning qaysi sohasida Islomga amal qilinmasa, oʻsha ishda shaytonning izidan ergashilgan boʻlar ekan.
Keyingi oyatda ushbu bayonotdan soʻng ham boshqa yoʻlga moyil boʻlishning oqibati tushuntiriladi: