أَمْ حَسِبْتُمْ أَن تَدْخُلُوا۟ ٱلْجَنَّةَ وَلَمَّا يَأْتِكُم مَّثَلُ ٱلَّذِينَ خَلَوْا۟ مِن قَبْلِكُم ۖ مَّسَّتْهُمُ ٱلْبَأْسَآءُ وَٱلضَّرَّآءُ وَزُلْزِلُوا۟ حَتَّىٰ يَقُولَ ٱلرَّسُولُ وَٱلَّذِينَ ءَامَنُوا۟ مَعَهُۥ مَتَىٰ نَصْرُ ٱللَّهِ ۗ أَلَآ إِنَّ نَصْرَ ٱللَّهِ قَرِيبٌ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Sizdan avval o`tganlarga kelganga o`xshash narsa sizlarga kelmasdan turib, jannatga kiramiz, deb o`yladingizmi? Ularni balo va musiybatlar tutgan va larzaga tushirilganlar. Hattoki, Payg`ambar va u bilan iymon keltirganlar: «Allohning nusrati qachon bo`ladir?» deganlar. Ogoh bo`linglar, albatta, Allohning nusrati yaqindir.Сиздан аввал ўтганларга келганга ўхшаш нарса сизларга келмасдан туриб, жаннатга кирамиз, деб ўйладингизми? Уларни бало ва мусийбатлар тутган ва ларзага туширилганлар. Ҳаттоки, Пайғамбар ва у билан иймон келтирганлар: «Аллоҳнинг нусрати қачон бўладир?» деганлар. Огоҳ бўлинглар, албатта, Аллоҳнинг нусрати яқиндир.Alauddin Mansour: Yoki (ey moʻminlar), sizlardan ilgari oʻtgan zotlar misoli-ibrati sizlarga kelmay turib jannatga kirishni oʻyladingizmi? Ularga balo va musibatlar (ustma-ust) kelib, shunday larzaga tushgan edilarki, hatto paygʻambar va iymonli kishilar: «Axir qachon Allohning yordami keladi?» deyishgan edi. (Shunda) ularga bunday javob boʻlgan edi: «Ogoh boʻlingizkim, Allohning yordami yaqindir».Ёки (эй мўминлар), сизлардан илгари ўтган зотлар мисоли-ибрати сизларга келмай туриб жаннатга киришни ўйладингизми? Уларга бало ва мусибатлар (устма-уст) келиб, шундай ларзага тушган эдиларки, ҳатто пайғамбар ва иймонли кишилар: «Ахир қачон Аллоҳнинг ёрдами келади?» дейишган эди. (Шунда) уларга бундай жавоб бўлган эди: «Огоҳ бўлингизким, Аллоҳнинг ёрдами яқиндир».
Ushbu oyati karimadagi savol Paygʻambar alayhissalom va musulmon kishilarga qaratilgan. Ular Islomga toʻligʻicha kirishga, Alloh tushirgan haq kitobga amal qilib toʻgʻri yoʻl–siroti mustaqiymda sobit qadam boʻlishga harakat qilib turishganda, avval oʻtgan moʻminlarning tajribasiga ishora qilib, ular tortgan qiyinchiliklarni bular ham tortishi shartligi va usiz jannatga kirib boʻlmasligi ishora qilinmoqda.
«Sizdan avval oʻtganlarga kelganga oʻxshash narsa sizlarga kelmasdan turib, jannatga kiramiz, deb oʻyladingizmi?»
Demak, jannatga kirish oson emas, iymon, Islomni ogʻizda eʼlon qilib qoʻyish bilangina boʻlavermaydi. Jannatga kirishning bir sharti–avvalgi ummatlardan unga kirishga haqdor boʻlganlarga yuborilgan ogʻir sinovlarni boshdan oʻtkazish zarur.
Xoʻsh, avval oʻtgan ummatlar nimalarga duchor boʻlibdilar?
«Ularni balo va musiybatlar tutgan.»
Haqni yuzaga chiqarish yoʻlida ular turli sinovlardan, imtihonlardan oʻtganlar, dushmanlarning tajovuziga, urush-soʻkishiga, ozorlariga chidaganlar, ochlik, qiynoq va muhtojliklarga uchraganlar. Ular tortgan qiyinchiliklar shu darajaga yetganki, iymonli boʻlishlariga, bu sinovlar ularga obroʻ keltirishini avvaldan bilishlariga qaramasdan,
«Hattoki, Paygʻambar va u bilan iymon keltirganlar: «Allohning nusrati qachon boʻladir?» deganlar».
Azob-uqubatning haddan oshib ketganidan ular shunday deyishga majbur boʻlganlar. Qalblarni larzaga soluvchi sinovlar paytida ham iymonida sobit qoluvchilar,
«Ogoh boʻlinglar, albatta, Allohning nusrati yaqindir».
Demak, banda oʻz amali, sabri, matonati bilan haqdor darajasiga yetganda, Alloh unga Oʻz nusratini beradi.
Xabbob ibn al-Art roziyallohu anhudan rivoyat qilingan sahih hadisda u kishi deydilar:
«Ey, Allohning Rasuli, bizga nusrat soʻrasangiz-chi, Allohga duo qilsangiz-chi»,–dedik. Shunda Paygʻambar alayhissalom:
«Sizlardan oldin oʻtganlarning baʼzilarini boshining qoq oʻrtasidan arra solib, oyogʻidan arralab chiqib ketsalar ham, dinlaridan qaytmagan edi. Goʻshtlarini temir taroq bilan tarab, suyaklaridan ajratib olsalar ham, dinlaridan qaytmagan edi. Allohga qasamki, Allohning Oʻzi bu ishni batamom qiladi. Hali ulov mingan odam Sanʼodan Hazirmavtgacha hech narsadan qoʻrqmay, Allohdan va qoʻyini boʻri yeb qoʻyishidangina qoʻrqib boradigan ham boʻladi. Lekin sizlar shoshqaloqlik qilyapsizlar»,–dedilar».
Rum podshosi Heraql Abu Sufyondan Paygʻambar alayhissalom haqlarida soʻragan savollari ichida:
«U bilan urush qildilaringizmi?» degan savol ham bor edi. Abu Sufyon:
«Ha»,–dedi. Heraqil:
«Oralaringizdagi urush qanday kechdi?»–dedi. Abu Sufyon:
«Goh unday-goh bunday, baʼzida u yengdi, baʼzida biz yengdik»,– dedi. Heraql:
«Oʻzi, haqiqiy Paygʻambarlarning ishi shunaqa boʻladi: sinalib-sinalib, oqibatda gʻolib keladilar»,–dedi.
Demak, sabr qilish, harakat qilish kerak ekan.
Islomga toʻligʻicha kirishdan, Alloh tushirgan haq kitobga amal qilishdan oldin baʼzi narsalarni bilib olish kerak, shuning uchun kelasi oyatlarda Paygʻambar alayhissalomga oltita savol beriladi va unga javob ham keladi.
Birinchi savol infoq–molu dunyoni nafaqa qilish haqida: