يَسْـَٔلُونَكَ عَنِ ٱلشَّهْرِ ٱلْحَرَامِ قِتَالٍ فِيهِ ۖ قُلْ قِتَالٌ فِيهِ كَبِيرٌ ۖ وَصَدٌّ عَن سَبِيلِ ٱللَّهِ وَكُفْرٌۢ بِهِۦ وَٱلْمَسْجِدِ ٱلْحَرَامِ وَإِخْرَاجُ أَهْلِهِۦ مِنْهُ أَكْبَرُ عِندَ ٱللَّهِ ۚ وَٱلْفِتْنَةُ أَكْبَرُ مِنَ ٱلْقَتْلِ ۗ وَلَا يَزَالُونَ يُقَـٰتِلُونَكُمْ حَتَّىٰ يَرُدُّوكُمْ عَن دِينِكُمْ إِنِ ٱسْتَطَـٰعُوا۟ ۚ وَمَن يَرْتَدِدْ مِنكُمْ عَن دِينِهِۦ فَيَمُتْ وَهُوَ كَافِرٌ فَأُو۟لَـٰٓئِكَ حَبِطَتْ أَعْمَـٰلُهُمْ فِى ٱلدُّنْيَا وَٱلْـَٔاخِرَةِ ۖ وَأُو۟لَـٰٓئِكَ أَصْحَـٰبُ ٱلنَّارِ ۖ هُمْ فِيهَا خَـٰلِدُونَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Sendan harom oyda urush qilish haqida so`rarlar. «Unda urush qilish katta gunoh. Allohning yo`lidan to`sish, Unga kufr keltirish, Masjidul Haromdan to`sish, uning ahlini undan chiqarish Allohning huzurida eng katta gunohdir. Fitna o`ldirishdan kattaroqdir», deb ayt. Ular, agar qodir bo`lsalar, sizlarni diningizdan qaytargunlaricha sizga qarshi urush qilaveradilar. Sizdan kimki dindan qaytib, kofir holida o`lib ketsa, ana o`shalar bu dunyoyu oxiratda amali habata bo`lganlardir. Ana o`shalar do`zax egalaridir. Ular unda abadiy qolguvchilardir.Сендан ҳаром ойда уруш қилиш ҳақида сўрарлар. «Унда уруш қилиш катта гуноҳ. Аллоҳнинг йўлидан тўсиш, Унга куфр келтириш, Масжидул Ҳаромдан тўсиш, унинг аҳлини ундан чиқариш Аллоҳнинг ҳузурида энг катта гуноҳдир. Фитна ўлдиришдан каттароқдир», деб айт. Улар, агар қодир бўлсалар, сизларни динингиздан қайтаргунларича сизга қарши уруш қилаверадилар. Сиздан кимки диндан қайтиб, кофир ҳолида ўлиб кетса, ана ўшалар бу дунёю охиратда амали ҳабата бўлганлардир. Ана ўшалар дўзах эгаларидир. Улар унда абадий қолгувчилардир.Alauddin Mansour: Sizdan «shahri harom» — urush harom boʻlgan oyda jang qilish haqida soʻraydilar. Ayting: «U oyda jang qilish katta gunohdir. Allohning yoʻlidan toʻsish, Unga ishonmaslik va Masjidul-Haromdan (yaʼni, Makkadan) toʻsish va undan ahllarini quvib chiqarish. Alloh nazdida ulugʻroq gunohdir. Fitna (aldash) oʻldirishdan-da kattaroq gunohdir. Ular (kofirlar) qoʻllaridan kelsa to diningizdan qaytargunlaricha sizlar bilan urishaveradilar. Sizlardan kim oʻz dinidan qaytib, dinsiz holda oʻlsa, unday kimsalarning qilgan amallari dunyoyu Oxiratda behuda ketur. Ular doʻzax egalaridir va unda abadiy qolajaklar.Сиздан «шаҳри ҳаром» — уруш ҳаром бўлган ойда жанг қилиш ҳақида сўрайдилар. Айтинг: «У ойда жанг қилиш катта гуноҳдир. Аллоҳнинг йўлидан тўсиш, Унга ишонмаслик ва Масжидул-Ҳаромдан (яъни, Маккадан) тўсиш ва ундан аҳлларини қувиб чиқариш. Аллоҳ наздида улуғроқ гуноҳдир. Фитна (алдаш) ўлдирищдан-да каттароқ гуноҳдир. Улар (кофирлар) қўлларидан келса то динингиздан қайтаргунларича сизлар билан уришаверадилар. Сизлардан ким ўз динидан қайтиб, динсиз ҳолда ўлса, ундай кимсаларнинг қилган амаллари дунёю Охиратда беҳуда кетур. Улар дўзах эгаларидир ва унда абадий қолажаклар.
Ushbu oyati karimaning nozil boʻlishi haqida bir necha rivoyatlar kelgan boʻlib, qissaning muxtasari quyidagichadir:
Paygʻambarimiz alayhissolatu vassalom Abdulloh ibn Jahsh roziyallohu anhuni sakkiz nafar muhojir sahobiylardan iborat jangchi guruhga boshliq qilib yuborganlar. Shu bilan birga, Abdulloh ibn Jahshga xat berib, uni ikki kun yurgandan soʻng ochishga buyurganlar. Vaqti kelib xatni ochsa, unda: «Ushbu maktubni oʻqiganingdan soʻng, Makka bilan Toif orasidagi Botni naxla degan joygacha yurib bor. Oʻsha yerda Quraysh qabilasini kuzatasan va bizga xabarini berasan. Sheriklaringdan birortasini oʻzing bilan borishga majbur qilma», degan gaplar yozilgan ekan. Bu Badr urushidan avval edi. Abdulloh ibn Jahsh roziyallohu anhu maktubni oʻqib koʻrib: «Eshitdik va itoat qilamiz», dedilar. Ke-yin sheriklariga qarab:
«Meni Rasululloh solallohu alayhi vasallam Botni naxlaga borib, Qurayshni kuzatib, u kishiga xabarini olib borishimni buyurdilar. Sizdan birortangizni ham majbur qilishimdan qaytardilar. Sizdan kim shahid boʻlishni xohlasa, men bilan yursin, kim yoqtirmasa, ortiga qaytsin. Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning amrlarini bajarish uchun boraman»,–dedilar. Sheriklarining hammasi ham bitta qolmay bordilar. Hijozning yoʻliga yurib ketdilar, bir yerga yetganlarida Saʼd ibn Abi Vaqqos va Utba ibn Gʻazvonlarning tuyalari yoʻqolib qolib, ularni izlaymiz deb, Abdulloh ibn Jahsh roziyallohu anhuning guruhidan ajrab qoldilar. Qolgan olti kishi yurib ketdilar. Jangchi guruh Botni naxlaga yetganda Qurayshning tijorat ortilgan karvoni oʻtib qoldi. Karvonda Amr ibn al-Hazramiy va yana uch kishi bor edi. Jangchi guruh Amr ibn al-Hazramiyni oʻldirib, ikki kishini asir oldi, bir kishi qochib ketdi. Karvon oʻlja qilib olindi. Ular oʻsha kunni jumadul oxir oyining oxirgi kuni deb hisoblashgan edilar. Keyin maʼlum boʻlishicha, Rajab oyining birinchi kuni ekan. Jangchi guruh oʻljani va ikki asirni olib Paygʻambar alayhissalomning huzurlariga kelishgan edi, u zot: «Men sizlarni urush harom qilingan oyda urush qilishga amr qilmagan edim»,–dedilar va oʻlja hamda ikki asirni olishdan bosh tortdilar. Shundan soʻng, bu guruh odamlarning nazaridan qoldi. Musulmon birodarlari ularga qoʻpol muomala qila boshladilar. Koʻpchilik, bular halokatga uchradi, deb oʻyladi.
Quraysh esa: «Muhammad va uning sahobalari urush harom qilingan oyning hurmatini oyoqosti qildilar, u oyda qon toʻkdilar, mol- dunyoni tortib oldilar, odamlarni asir qildilar», deb gap tarqatdilar.
Paytni poylab turgan yahudiylar darhol turli-tuman igʻvo- boʻhtonlar chiqara boshladilar.
Juda ham noqulay holat vujudga keldi. Qadimdan bu oylarda hech kim urush qilmasdi. Birovni asir olmasdi. Oʻlja ham olmasdi. Islomda ham bu qoida amalda edi. Birdan bunday ish boʻldi. Hamma hayron. Shunda Alloh taolo ushbu oyati karimani tushirib gapni kesdi va Oʻzining haq hukmini chiqardi. Alloh taolo Oʻz Paygʻambariga xitob qilib dediki:
«Sendan harom oyda urush qilish haqida soʻrarlar. Unda urush qilish katta gunoh... deb ayt».
Bu oyati karima ham harom oyda urush qilishning harom ekanini taʼkidlamoqda. Toʻgʻri, bu oyda urush qilish katta gunoh, lekin:
«...Allohning yoʻlidan toʻsish, Unga kufr keltirish, Masjidul Haromdan toʻsish, uning ahlini undan chiqarish Allohning huzurida yanada katta gunohdir. Fitna oʻldirishdan kattaroqdir...»
Oʻylab qaralsa, zikr etilgan bu buzgʻunchilik ishlar ayni Qurayshning ishlaridir. Ularning musulmonlarga qarshi qilgan bu ishlari odam oʻldirishdan koʻra kattaroq gunohdir.
Qurayshning oʻzi hech qonun-qoidaga rioya etmasdi, muqaddas tushunchalarni bemalol oyoqosti qilardi. Alloh taolo Islom dinini yuborganida ham odamlarni Allohning yoʻlidan toʻsdilar va Allohga kufr keltirdilar. Eng katta gunoh shu emasmi? Endi boʻlsa, musulmonlarni harom oyni behurmat qilishda ayblashmoqda.
Hech qanday muqaddaslikning hurmatini qilmaydigan Quraysh Masjidul Harom ahli boʻlgan musulmonlarni oʻldirib, qiynoqazobga olib, oxiri hammalarini haydab chiqardilar. Musulmonlar hijrat qilishga majbur boʻldilar. Endi birovni urush harom qilingan oyni hurmat qilmaslikda ayblaydigan boʻlib qolishibdimi?! Oʻzlarining ishlari odam oʻldirishdan koʻra kattaroq gunoh-ku.
Kofirlarning ishi kishilarni iymondan qaytarish, Allohning yoʻlidan qaytarish va kufrga yurgazishdir, buni fitna deb ataladi.
«Fitna oʻldirishdan kattaroqdir...»
Soʻngra, oyati karima kofirlarning Islom ummatiga boʻlgan doimiy adovatini bayon qilib, aytadiki:
«Ular agar qodir boʻlsalar, sizlarni diningizdan qaytargunlaricha sizga qarshi urush qilaveradilar».
Yaʼni, kofirlar musulmonlarga qarshi har bir fursatdan foydalanishga urinadilar. Maqsadlari–nima qilib boʻlsa ham, musulmonlarni Islomdan qaytarish. Kofir kim boʻlishidan, qayerda yashashidan va qachon boʻlishidan qatʼinazar, ushbu ishini qilaveradi. Ularning musulmonlarga qarshi olib boradigan urushlari har xil, turli-tuman, lekin maqsad bitta,u ham boʻlsa–musulmonlarni dindan qaytarish. Lekin musulmonlar sabr qilishlari, chidashlari, taslim boʻlish haqida oʻylamasliklari kerak. Alloh koʻrsatmasin, mabodo dindan qaytib qolsalar, ikki dunyoning hasratiga uchraydilar. Chunki, Alloh dindan qaytib kofir holida oʻlib ketganlarning bu dunyoyu oxiratda amali habata boʻlishini aytyapti.
«Sizdan kimki dindan qaytib, kofir holida oʻlib ketsa, ana oʻshalar bu dunyoyu oxiratda amali habata boʻlganlardir.»
Oyatdagi «habata» soʻzini boshqalarga oʻxshab, «behuda boʻldi», «botil boʻldi» yoki «bekor ketdi» deb tarjima qilinmadi. Chunki bu iboralarning hech qaysisi «habata» soʻzidagi maʼnoni toʻliq aks ettira olmaydi. «Habata» soʻzi, aslida, biror hayvonning koʻp ovqat yeganidan qorni shishib yorilib oʻlganini bildiradi. Yaʼni, yegan ovqati unga ozuqa boʻlmay, aksincha, yorilib oʻlishiga sabab boʻldi.
Dindan qaytgan murtad ham xuddi shunday holga tushadi. Qilgan amallari dindan qaytgani uchun habata boʻladi. Musulmon kishi har qanday sharoitda dinini mahkam tutishi kerak. Har qanday azob, har qanday uqubat uni dinidan qaytara olmasligi kerak. Sabr qilsa, oqibati yaxshi boʻladi: yoki shahid boʻlib oʻladi, yoki nusratga erishadi. Ammo, Alloh koʻrsatmasin, dindan haqiqatda qaytadigan boʻlsa, oqibati yomon boʻladi: dunyoyu oxiratda amali habata boʻladi.
Bu dunyoda Islom davlati uni murtad boʻlganining jazosiga oʻldiradi, u dunyoda jahannamda abadiy qoladi:
«Ana oʻshalar doʻzax egalaridir. Ular unda abadiy qoluvchilardir».
Ushbu oyati karima tushgandan keyin Paygʻambarimiz alayhissolatu vasallam mazkur ikki asirni va oʻljani qabul qildilar. Hammaning koʻngli oʻrniga tushdi. Musulmonlar, ayniqsa, Abdulloh ibn Jahsh roziyallohu anhu va u kishining jangchi guruhi aʼzolari xursand boʻldilar. Chunki, ular, hodisa boʻlib oʻtgandan keyin, gunoh ish qilib qoʻyibmiz, deb hijolatda edilar. Ushbu oyati karima tushgach, ularda umid uchqunlari charaqladi. Ibn Ishoq rivoyat qilishlaricha, bu oyat tushgandan keyin Abdulloh ibn Jahsh va uning sheriklari ajru savobdan umidvor boʻlib qolishdi va Paygʻambarimiz alayhissolatu vasallamdan: «Boshqa bir gʻazotda mujohidlarning savobini olishdan umidvor boʻlsak boʻladimi?» deb soʻrashgan edi, Alloh taolo quyidagi oyatni tushirdi: