۞ يَسْـَٔلُونَكَ عَنِ ٱلْخَمْرِ وَٱلْمَيْسِرِ ۖ قُلْ فِيهِمَآ إِثْمٌ كَبِيرٌ وَمَنَـٰفِعُ لِلنَّاسِ وَإِثْمُهُمَآ أَكْبَرُ مِن نَّفْعِهِمَا ۗ وَيَسْـَٔلُونَكَ مَاذَا يُنفِقُونَ قُلِ ٱلْعَفْوَ ۗ كَذَٰلِكَ يُبَيِّنُ ٱللَّهُ لَكُمُ ٱلْـَٔايَـٰتِ لَعَلَّكُمْ تَتَفَكَّرُونَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Sendan xamr va qimor haqida so`rarlar. Sen: «Ikkisida katta gunoh va kishilar uchun manfaat bor va gunohlari naflaridan kattadir», deb ayt. Va sendan nimani nafaqa qilishni so`rarlar. Sen: «Ortiqchasini», deb ayt. Alloh shundoq qilib sizga O`z oyatlarini bayon qiladi. Shoyadki, tafakkur qilsangiz.Сендан хамр ва қимор ҳақида сўрарлар. Сен: «Иккисида катта гуноҳ ва кишилар учун манфаат бор ва гуноҳлари нафларидан каттадир», деб айт. Ва сендан нимани нафақа қилишни сўрарлар. Сен: «Ортиқчасини», деб айт. Аллоҳ шундоқ қилиб сизга Ўз оятларини баён қилади. Шоядки, тафаккур қилсангиз.Alauddin Mansour: Sizdan aroq (ichkilik) va qimor haqida soʻraydilar. Ayting: «Bularda katta gunoh va odamlar uchun foydalar bor. Bularning gunohi foydasidan kattaroqdir». Va Sizdan (ey Muhammad alayhis-salotu vas-salom), nimalarni ehson qilishni soʻraydilar. (Oʻzingizdan) ortganini, deb javob qiling! Shunday qilib, tafakkur qilishingiz uchun Alloh sizlarga oʻz oyatlarini bayon etadi.Сиздан ароқ (ичкилик) ва қимор ҳақида сўрайдилар. Айтинг: «Буларда катта гуноҳ ва одамлар учун фойдалар бор. Буларнинг гуноҳи фойдасидан каттароқдир». Ва Сиздан (эй Муҳаммад алайҳис-салоту вас-салом), нималарни эҳсон қилишни сўрайдилар. (Ўзингиздан) ортганини, деб жавоб қилинг! Шундай қилиб, тафаккур қилишингиз учун Аллоҳ сизларга ўз оятларини баён этади.
Oyatdagi «xamr» soʻzini ichkilik, aroq yoki vino deb tarjima qilmadik. Chunki «xamr» soʻzi umumiy boʻlib, isteʼmol qilgan kishining aqlini toʻsuvchi, yaʼni, bir oz boʻlsa-da taʼsir oʻtkazuvchi barcha narsaga aytiladi. Buning ichiga barcha spirtli ichimliklar hamda nasha, qoradori, koʻknori va boshqalar ham kiradi.
«Sendan xamr va qimor haqida soʻrarlar.»
Demak, Paygʻambar alayhissalomdan xamr va qimor haqida soʻrashgan. Islomga toʻligʻicha kirish jarayonida bunday savol boʻlishi, albatta, zarur edi. Islom inson hayotining hamma taraflaridan qamrab olgan, musulmonlar tasavvuriga yangicha oʻylash hissini solgan edi. Odamlar johiliyat qoidalaridan, odatlaridan tez qutulib, islomiy qonunlarga tezroq amal qilishga shoshilishar edi. Islom jihod, namoz kabi narsalargagina emas, undan boshqa ishlarga ham, masalan, oziq-ovqatning halol-pok boʻlishiga, kasbning pokligiga, mol-dunyoni halol yoʻl bilan topishga va uni joyini topib nafaqa qilishga ham eʼtibor beradi. Chunki, bular insoniyat hayotidagi eng muhim holatlar hisoblanadi.
Dunyoda adolat oʻrnatish, yer yuzida Allohning xalifasi boʻlish vazifasi yuklatilgan shaxs aroqxoʻr yoki qimorboz va molini nooʻrin sarflaydigan boʻlishi mumkinmi? Albatta, yoʻq. Holbuki, xamr ichish, qimor oʻynash va nooʻrin nafaqa qilish hollari johiliyat vaqtida kishilar hayotiga singib ketgan edi. Xamrsiz hayotni tasavvur qila olmas edilar. Shuningdek, qimor va notoʻgʻri mol sarflash ham keng tarqalgan edi. Musulmonlardan baʼzilari oʻzlaridagi pok his-tuygʻu taʼsirida bu ishlarning oʻnglanishi lozimligini ham his qilar edilar.
Hazrati Umar ibn Xattob roziyallohu anhu:
«Ey Alloh, bizga xamr haqida shifo boʻluvchi bayon bergin», deb duo qilib yurar edilar.
Alloh taolo kishilar hayotiga singib ketgan aroqxoʻrlik illatini asta-sekin muolaja qilishni iroda qildi.
Avval, «Xurmo va uzumlarning mevasidan mast qiluvchi narsa hamda yaxshi rizq olasizlar», deb «Nahl» surasida mast qiluvchi narsani yaxshi rizqqa qarama-qarshi qoʻydi. Koʻpchilik xamr yaxshi emas ekan, deb ichishni tashladi.
Keyin hazrati Umar boshliq bir guruh musulmonlar:
«Ey, Allohning Rasuli, xamr haqida bizga fatvo bering, bu aqlni ketkazuvchi, molni tortib oluvchi narsa»,–dedilar. Alloh taolo «Baqara» surasidagi biz oʻrganayotgan ushbu oyatni tushirdi.
Keyinroq Abdurrohman ibn Avf roziyallohu anhu uylarida mehmondorchilik uyushtirdilar, u yerda ichib mast boʻlishdi. Namozda imomlari Kafiruun surasini xato qilib oʻqidi. Shunda Alloh taolo: «Mast holingizda namozga yaqinlashmang», degan oyat tushirdi. Yana koʻpchilik ichmay qoʻydi.
Bir muddat oʻtgandan keyin Atabon ibn Molik ziyofat berdilar. Ichib oʻtirib, mast boʻlib janjal chiqdi, mushtlashuv boʻldi. Shunda Alloh taolo xamrni butunlay harom qiluvchi oyatni nozil qildi. Bularning barchasi oʻrni kelganda, inshaalloh, oʻrganiladi.
Xamr va qimor haqidagi savolga javob berishni Alloh taolo Paygʻambar alahissalomga:
«Sen: «Ikkisida katta gunoh va kishilar uchun manfaat bor va gunohlari naflaridan kattadir», deb ayt», deb oʻrgatmoqda. Xamrning ham, qimorning ham katta gunoh ekanligi avvaldan taʼkidlanmoqda. Shu bilan birga, oʻsha vaqtdagi kishilarning eʼtiqodi boʻyicha, manfaatlari ham borligi eslatib oʻtilmoqda. Xamr sotib pul topishni ular manfaat deb tushunishgan. Shuningdek, qimorda pul yutishni, undan odamlarga choʻtal berishni ham manfaat deb tushunishgan. Lekin bunga oʻxshash manfaatlari ularning gunohi oldida hech narsa emasligi ham uqdirilmoqda. Xamr-ning jamiyatga, shaxsga, davlatga va insoniyatga keltiradigan zarari hozirgidek koʻzga yaqqol koʻrinmagan boʻlsa kerak. Eslashimiz kerakki, aqlni toʻsuvchi har bir narsaga xamr deyiladi. Uning nomi turlicha boʻlishi mumkin, pivodan tortib morfi va boshqa-lari ham, hammasi harom.
Qimorning hukmi ham shunday: osonlik bilan, mehnat qilmay, oshiq yoki karta oʻynabmi yoki boshqacha nomlangan oʻyinlar oʻylab chiqaribmi, odamlarning pulini olish harom. Hozirgi paytda qimorning ham xamrga oʻxshab turi koʻpayib ketdi. Insoniyatga katta zarar keltirmoqda, ularning barchasi harom.
Uchinchi soʻralgan narsa nafaqa haqida, toʻgʻrirogʻi, nafaqaning miqdori haqida boʻldi. Topgan molu dunyoni oʻz oʻrniga, toʻgʻri sarflash naqadar zarurligini hozir hamma ham tushunib qoldi. Turli- tuman, harom-harish sarf tufayli nafaqat shaxslar, balki davlatlar, xalqlar musiybatga uchraydi. Bu oyatda xayr-ehson, nafaqa, sadaqaga ham oʻzidan ortganini ishlatish uqdirilyapti:
«Va sendan nimani nafaqa qilishni soʻrarlar. Sen: «Ortiqchasini», deb ayt».
Demak, inson avval oʻziga, ahliga keragini ishlatib, ortib qolganini nafaqa qilishi kerak ekan.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda aytiladiki, bir kishi:
«Ey, Allohning Rasuli, menda bir dinor bor», debdi. U zoti bobarakot:
«Oʻzingga sarfla», debdilar.
«Yana boshqasi bor», debdi. Paygʻambar alayhissalom:
«Oilangga sarfla», debdilar. U:
«Yana boshqasi bor», debdi. Paygʻambar alayhissalom:
«Bolangga sarfla», debdilar. Haligi odam:
«Yana boshqasi bor», degan ekan, Paygʻambar alayhissalom:
«Oʻzing bilasan», debdilar.
Oʻzidan ortib qolgan mol-dunyoni koʻpchilik manfaati uchun ishlatish orqali musulmonlar jamiyatida ijtimoiy tenglik roʻyobga chiqadi: muhtojlarga yordam uyushtiriladi, jamiyatning boshqa zarur ehtiyojlari ham qoplanadi.
Oyati karimaning oxirida:
«Alloh shundoq qilib sizga Oʻz oyatlarini bayon qiladi. Shoyadki, tafakkur qilsangiz», deyiladi.
Demak, kerakli narsalarni Alloh bayon qilib bergan, tafakkur qilib, oʻsha bayondan foydalanish bandaning ishi. Qanday tafakkur haqida soʻz borayotgani keyingi oyatning avvalidan maʼlum boʻladi: