وَٱلْمُطَلَّقَـٰتُ يَتَرَبَّصْنَ بِأَنفُسِهِنَّ ثَلَـٰثَةَ قُرُوٓءٍ ۚ وَلَا يَحِلُّ لَهُنَّ أَن يَكْتُمْنَ مَا خَلَقَ ٱللَّهُ فِىٓ أَرْحَامِهِنَّ إِن كُنَّ يُؤْمِنَّ بِٱللَّهِ وَٱلْيَوْمِ ٱلْـَٔاخِرِ ۚ وَبُعُولَتُهُنَّ أَحَقُّ بِرَدِّهِنَّ فِى ذَٰلِكَ إِنْ أَرَادُوٓا۟ إِصْلَـٰحًا ۚ وَلَهُنَّ مِثْلُ ٱلَّذِى عَلَيْهِنَّ بِٱلْمَعْرُوفِ ۚ وَلِلرِّجَالِ عَلَيْهِنَّ دَرَجَةٌ ۗ وَٱللَّهُ عَزِيزٌ حَكِيمٌ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Taloq qilingan ayollar uch qur'u kutarlar. Agar Allohga va qiyomat kuniga iymon keltirgan bo`lsalar, ular uchun Alloh rahmlarida xalq qilgan narsani berkitishlari halol bo`lmas. O`shanda erlari ularni, agar islohni iroda qilsalar, o`zlariga qaytarib olishga haqliroqdirlar. Va yaxshilik ila ularning burchlari muqobilida haqlari ham bordir. Va erkaklarga ulardan ustun daraja bordir. Alloh Aziyz va Hakiymdir.Талоқ қилинган аёллар уч қуръу кутарлар. Агар Аллоҳга ва қиёмат кунига иймон келтирган бўлсалар, улар учун Аллоҳ раҳмларида халқ қилган нарсани беркитишлари ҳалол бўлмас. Ўшанда эрлари уларни, агар ислоҳни ирода қилсалар, ўзларига қайтариб олишга ҳақлироқдирлар. Ва яхшилик ила уларнинг бурчлари муқобилида ҳақлари ҳам бордир. Ва эркакларга улардан устун даража бордир. Аллоҳ Азийз ва Ҳакиймдир.Alauddin Mansour: Taloq qilingan ayollar uch hayz muddatida oʻzlarini kuzatadilar. Agar Allohga va Oxirat Kuniga ishonsalar, ular uchun Alloh bachadonlarida yaratgan narsani (homilani yoki hayzni) yashirishlari halol boʻlmaydi. Agar erlari islohni (oilani tiklashni) istasalar, shu muddat ichida ularni qaytarib (nikohlariga) olishga haqlidirlar. Va yaxshi amallarda ular (ayollar) uchun zimmalaridagi erlari oldidagi burchlari barobarida huquqlari ham bor. Va erkaklar uchun (ayollar) ustida bir daraja (imtiyoz) bor. Alloh qudrat va hikmat egasidir.Талоқ қилинган аёллар уч ҳайз муддатида ўзларини кузатадилар. Агар Аллоҳга ва Охират Кунига ишонсалар, улар учун Аллоҳ бачадонларида яратган нарсани (ҳомилани ёки ҳайзни) яширишлари ҳалол бўлмайди. Агар эрлари ислоҳни (оилани тиклашни) истасалар, шу муддат ичида уларни қайтариб (никоҳларига) олишга ҳақлидирлар. Ва яхши амалларда улар (аёллар) учун зиммаларидаги эрлари олдидаги бурчлари баробарида ҳуқуқлари ҳам бор. Ва эркаклар учун (аёллар) устида бир даража (имтиёз) бор. Аллоҳ қудрат ва ҳикмат эгасидир.
Ushbu oyati karimadagi hukm eri bilan birga yashagan, hayz koʻradigan va taloq qilingan ayollarga oiddir. Nikohdan soʻng qoʻshilib birga yashamay turib taloq qilingan ayollarning hukmi «Azhob» surasida keladi. Shuningdek, hayz koʻrmaydigan ayollarning hukmi «Taloq» surasida keladi.
Tarjimada «qurʼu» soʻzini aynan oldik. Chunki bu soʻzni arab tilidan boshqa tilga tarjima qilishning umuman iloji yoʻq. Birgina shu oyatning oʻzida u bir-biriga zid ikkita maʼnoni anglatadi. Qurʼu, bir maʼnoga koʻra, hayzni anglatsa, ikkinchi maʼnoga koʻra, uning teskarisini–hayzdan poklanish maʼnosini anglatadi. Tafsirchilarimiz ham, fiqhiy mazhablar boshliqlari imomlarimiz ham bu masalada ikkiga boʻlinishgan.
Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayhi qurʼuni, hayz, deb tushuntirganlar. Shunga binoan, oyati karimadagi:
«Taloq qilingan ayollar oʻzlaricha uch qurʼu kutarlar», jumlasining maʼnosi uch hayz kutadilar - Demak, eri bilan birga yashagan hayz koʻradigan ayolni eri taloq qilsa, u ayol oʻzicha idda sanab uch hayz koʻrguncha oʻtiradi. Shu muddat ichida iddadagi ayol nima qilishi kerak boʻlsa, shuni qiladi.
Oyatdagi «oʻzlaricha» soʻzining maʼnosi–birov majbur qilmasa ham, boshqa erga tegish ragʻbati boʻlsa ham, taloq qilgan erdan oʻch olish imkoni boʻlsa ham, oʻzlari kutadilar, deganidir.
Shu bilan birga, taloq qilingan ayollar
«Agar Allohga va qiyomat kuniga iymon keltirgan boʻlsalar, ular uchun Alloh rahmlarida xalq qilgan narsani berkitishlari halol boʻlmas».
Chunki bu ish iddani aniq hisoblash uchun kerak. Halol-haromni belgilashga xizmat qiladi. Ularning rahmlarida (bachadonlarida) Alloh xalq qilgan hayz yoki homilani oʻzlaridan boshqa odamlar bilishi qiyin, shuning uchun bu narsani ayollar oʻzlari berkitmasdan aytishlari lozim va zarur. Bu ishga nihoyatda ahamiyat berish kerakligi uchun va ragʻbatlarini oshirish maqsadida oyati karima oraga iymonlarini qoʻshib, «Agar Allohga va qiyomat kuniga iymon keltirgan boʻlsalar», demoqda.
Ayol kishi rajʼiy taloqdan idda oʻtirgan paytda eri uni qaytarib olishga haqlidir.
«Oʻshanda erlari ularni, agar islohni iroda qilsalar, oʻzlariga qaytarib olishga haqliroqdirlar».
Yaʼni, erda orani isloh qilish–yarashish istagi boʻlsa, boʻldi, xotinini qaytarib olaveradi. Hattoki xotini norozi boʻlsa ham.
Taloq qilinib, idda oʻtirgan ayollarning oʻziga yarasha haq- huquqlari ham bor:
«Va yaxshilik ila ularning burchlari muqobilida haqlari ham bordir».
Taloq qilingan ayolning burchi idda oʻtirish va Alloh uning rahmida xalq qilgan narsani berkitmaslikdan iboratdir. Uning haqqi esa, eri unga zarar keltirmasligi va nafaqa berib turishidir.
«Va erkaklarga ulardan ustun daraja bordir.»
Yaʼni, ushbu muolaja qilinayotgan masalada erning darajasi xotindan koʻra yuqoridir. U taloq qilgandan soʻng xohlasa, qaytib oladi, xohlamasa, olmaydi. Xotin esa, xohlasa-xohlamasa, erning istagiga boʻysunishi kerak. Erkak qaytib olaman desa, ayol qaytmayman, deya olmaydi, mabodo, shundoq desa ham, gapining eʼtibori yoʻq boʻladi. Bu ham boʻlsa, oilani buzilishdan saqlab qolishga bir omildir.
«Alloh aziz va hakimdir.»
Kim Uning aytganidan chiqsa, jazosini beradi. Va U zotning har bir hukmi hikmatdan xoli emas.