وَإِذَا طَلَّقْتُمُ ٱلنِّسَآءَ فَبَلَغْنَ أَجَلَهُنَّ فَلَا تَعْضُلُوهُنَّ أَن يَنكِحْنَ أَزْوَٰجَهُنَّ إِذَا تَرَٰضَوْا۟ بَيْنَهُم بِٱلْمَعْرُوفِ ۗ ذَٰلِكَ يُوعَظُ بِهِۦ مَن كَانَ مِنكُمْ يُؤْمِنُ بِٱللَّهِ وَٱلْيَوْمِ ٱلْـَٔاخِرِ ۗ ذَٰلِكُمْ أَزْكَىٰ لَكُمْ وَأَطْهَرُ ۗ وَٱللَّهُ يَعْلَمُ وَأَنتُمْ لَا تَعْلَمُونَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Xotinlarni taloq qilganingizda, muddatlari oxiriga yetganda, yaxshilik bilan o`zaro rizolashing, erlariga qayta nikohlanishlarini man qilib, qiyinlashtirmang. Ushbu ila sizlardan Allohga va oxirat kuniga iymon keltirganlar va'zlanadi. Shundoq qilishingiz siz uchun tozaroq va pokroqdir. Va Alloh biladir, siz esa bilmassiz.Хотинларни талоқ қилганингизда, муддатлари охирига етганда, яхшилик билан ўзаро ризолашинг, эрларига қайта никоҳланишларини ман қилиб, қийинлаштирманг. Ушбу ила сизлардан Аллоҳга ва охират кунига иймон келтирганлар ваъзланади. Шундоқ қилишингиз сиз учун тозароқ ва покроқдир. Ва Аллоҳ биладир, сиз эса билмассиз.Alauddin Mansour: Qachon xotinlaringizni taloq qilsangizlar va ularning idda muddatlari bitib qolsa, bas, (ey ota-onalar,) ularni oʻzaro yaxshilik bilan kelishishgan boʻlsalar, erlariga qayta nikohlanishdan toʻsmang! Bu hukmlardan sizlarning oralaringizdagi Allohga va Oxirat Kuniga ishonadigan zotlar vaʼz-nasihat oladilar. Bu hukm (yaʼni, er-xotinni yarashib olishlaridan toʻsmaslik) sizlar uchun eng toza va poklovchi hukmdir. Alloh bilur, sizlar bilmassiz.Қачон хотинларингизни талоқ қилсангизлар ва уларнинг идда муддатлари битиб қолса, бас, (эй ота-оналар,) уларни ўзаро яхшилик билан келишишган бўлсалар, эрларига қайта никоҳланишдан тўсманг! Бу ҳукмлардан сизларнинг ораларингиздаги Аллоҳга ва Охират Кунига ишонадиган зотлар ваъз-насиҳат оладилар. Бу ҳукм (яъни, эр-хотинни ярашиб олишларидан тўсмаслик) сизлар учун энг тоза ва покловчи ҳукмдир. Аллоҳ билур, сизлар билмассиз.
Imom Termiziy rivoyat qiladilarki: Maʼqal ibn Yasar roziyallohu anhu Paygʻambarimiz alayhissalomning davrlarida singlisini musulmonlardan bir kishiga erga berdi. Eru xotin bir muddat birga yashashdi. Keyin er xotinini bir taloq qoʻyib, idda ichida unga qaytmadi. Iddasi chiqib ketdi. Keyin ikkovlari ham afsus qilib, er xotinga, xotin erga muhabbat qildi. Va boshqa sovchilar qatori er ham sovchi qoʻydi. Shunda Maʼqal ibn Yasar unga:
«Pastkashning oʻgʻli pastkash! Seni hurmat qilib, singlimni bergan edim, sen boʻlsa uni taloq qilding. Allohga qasamki, u senga abadiy qaytmaydi», dedi. Soʻngra, Alloh taolo erning xotinga, xotinning erga hojatini bilib, «Xotinlarni taloq qilganingizda, muddatlari yetganda...» deb boshlanib, «...siz esa bilmassiz», deb tugovchi oyatni nozil qildi. Maʼqal ibn Yasar roziyallohu anhu oyati karimani eshitishlari bilan:
«Parvardigorning soʻzini eshitdik va itoat qilamiz»,–dedilar-da, kuyovni chaqirib: «Singlimni senga nikohlab beraman va seni hurmat qilaman», dedilar.
Tushunib olish uchun eslatib oʻtish lozimki, taloq bir yoki ikkita boʻlib, rajʼiy–qaytish mumkin boʻlgan taloq boʻlsa, iddaning ichida er xohlagan paytida qaytib olishi mumkin. Bunda qayta nikoh qilishning hojati yoʻq. Er: «Seni qaytarib oldim», desa yoki shunga oʻxshash gaplarni aytsa yoki u yer, bu yerini ushlasa va hokazolar bilan oilaviy hayotlari qaytadan boshlanib ketaveradi. Ammo er qaytmasdan turib iddasi chiqsa, taloq «boin» taloqqa aylanadi, nikohni yangilash zarur boʻladi. Bunda esa, xotin imtiyozga ega boʻladi. Xohlasa, er bilan qayta yarashadi, xohlamasa, yarashmaydi. Oyatning tushishiga sabab boʻlgan hodisada idda chiqib taloq «boin»ga aylangan, xotin eri bilan qayta yarashmoqchi - bunga shariat yoʻl beradi. Lekin akasi toʻsiq boʻlmoqda. Shuning uchun, oyatdagi xitob ayollarning ishboshilariga qaratilgan:
«Xotinlarni taloq qilganingizda, muddatlari oxiriga yetganda, yaxshilik bilan oʻzaro rozi boʻlishib, erlariga qayta nikohlanishlarini man qilib, qiyinlashtirmang».
Bu ham Allohning bandalariga mehribonligi. Maʼlumki, inson qalbi oʻzgaruvchan boʻladi. Bugun birovni yomon koʻrib, qoʻlidan kelgan barcha yomonlikni qilishga tayyor tursa ham, ertaga oʻsha odamni yaxshi koʻrib, uning uchun hamma narsaga hozir turadi. Bu holat, ayniqsa, oilaviy hayotda–eru xotin oʻrtasida yanada yorqin namoyon boʻladi. Er-xotin bir-biri bilan kelishmay, ish taloq darajasiga borib yetsa, idda davrida bir-biridan judolikda yashab, qadrlariga yetishib, har kim oʻz xatosini tushunib, sherigining yaxshiliklarini eslab, birdan qaytib yarashmoqchi boʻlsa, qandoq yaxshi! Iloji boricha oilani buzmay saqlab qolishga harakat qilish kerak. Bu holda qarindoshlar ishni qiyinlashtirib, qayta yarashishlariga moneʼ boʻlmasliklari kerak.
Shuning uchun ham, oyatda oʻrtaga iymonni solib, musulmonlarning ragʻbatlari bu ishga qoʻzgʻatilmoqda:
«Ushbu ila sizlardan Allohga va oxirat kuniga iymon keltirganlar vaʼzlanadilar. Shundoq qilishingiz siz uchun tozaroq va pokroqdir. Va Alloh biladir, siz esa bilmassiz».
Oilada taloq sodir boʻlganida, oradagi farzand, jumladan, emizikli goʻdaklarning holi nima boʻladi? Ota-onalarning birga yashashlarining imkoni boʻlmasa, goʻdak farzandning kafolatli haq-huquqi boʻlishi kerak. Kelasi oyatda shu haqda soʻz ketadi: