وَٱلَّذِينَ يُتَوَفَّوْنَ مِنكُمْ وَيَذَرُونَ أَزْوَٰجًا يَتَرَبَّصْنَ بِأَنفُسِهِنَّ أَرْبَعَةَ أَشْهُرٍ وَعَشْرًا ۖ فَإِذَا بَلَغْنَ أَجَلَهُنَّ فَلَا جُنَاحَ عَلَيْكُمْ فِيمَا فَعَلْنَ فِىٓ أَنفُسِهِنَّ بِٱلْمَعْرُوفِ ۗ وَٱللَّهُ بِمَا تَعْمَلُونَ خَبِيرٌ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Sizlardan vafot etib juftlarini qoldirganlarning ayollari o`zlaricha to`rt oyu o`n kun kutarlar. Muddatlari yetganda o`zlari haqida yaxshilik bilan qilgan ishlarida sizga gunoh yo`q. Alloh qilayotgan amalingizdan xabardordir.Сизлардан вафот этиб жуфтларини қолдирганларнинг аёллари ўзларича тўрт ойу ўн кун кутарлар. Муддатлари етганда ўзлари ҳақида яхшилик билан қилган ишларида сизга гуноҳ йўқ. Аллоҳ қилаётган амалингиздан хабардордир.Alauddin Mansour: Sizlardan (musulmonlardan) vafot qilgan kishilar xotinlarini qoldirgan boʻlsalar, ular toʻrt oyu oʻn kun oʻzlariga qarab (idda saqlab) turadilar. Endi qachon (idda) muddatdari bitsa, ular oʻz xususlarida yaxshilik bilan qilgan (boshqa turmush qurish xususidagi) ishlarida sizlar (yaʼni, oʻlgan erining urugʻlari) uchun gunoh yoʻqdir. Alloh qilayotgan amallaringizdan xabardordir.Сизлардан (мусулмонлардан) вафот қилган кишилар хотинларини қолдирган бўлсалар, улар тўрт ою ўн кун ўзларига қараб (идда сақлаб) турадилар. Энди қачон (идда) муддатдари битса, улар ўз хусусларида яхшилик билан қилган (бошқа турмуш қуриш хусусидаги) ишларида сизлар (яъни, ўлган эрининг уруғлари) учун гуноҳ йўқдир. Аллоҳ қилаётган амалларингиздан хабардордир.
Islomdan oldingi davrda ayol zoti turli azob-uqubatlarga va xorlashlarga duchor edi. Jumladan, eri oʻlgandan keyin ham u xor- zor boʻlar, haqqi poymol qilinar edi. Johiliyat ahlining odatiga binoan, eri oʻlgan xotinning ustiga erining qarindoshlaridan biri ridosini tashlab qoʻysa, ayol bechora oʻz-oʻzidan oʻsha odamning mulkiga aylanib qolar edi. Xohlasa, haligi odam uni oʻzi xotin qilar, xohlasa, boshqa erga berib, mahrini olar yoki umuman sotib yuborar edi.
Eri oʻlgan xotinga eng yomon kiyimlar kiydirilib, xaroba uyga kiritib qoʻyilar edi. U bir yil davomida yuvinmay, xushboʻy narsa surtmay oʻtirardi. Yana boshqa xurofotlar ostida ezilar edi.
Islom bu zulmni ayolning yelkasidan koʻtarib tashladi. Eri oʻlgan ayolning iddasini maʼlum muddatga chegaralab qoʻydi:
«Sizlardan vafot etib juftlarini qoldirganlarning ayollari oʻzlaricha toʻrt oy-u oʻn kun kutarlar».
Buning hikmati koʻp. Avvalo, bu muddat ichida ayol rahmining (bachadonining) homiladan boʻsh yoki boʻsh emasligi bilinadi.
Ikkinchidan, ayol kishi oʻz eriga boʻlgan hurmati, birga yashagan hayotlarining hurmati sifatida aza tutadi. Qolaversa, oʻlgan eri qarindoshlarining singan koʻngillariga ham malham boʻladi.
Idda ichida ayol kishi pardoz qilib yasanmaydi, chiroyli kiyimlarni kiymaydi. Lekin maʼlum rangli yoki shaklli kiyim kiyishi ham shart emas.
Moʻminlarning onasi Zaynab binti Jahsh roziyallohu anhodan rivoyat qilingan hadisda Paygʻambarimiz alayhissalom «Allohga va oxirat kuniga iymoni bor ayolga oʻlgan kishi uchun uch kundan ortiq aza tutish halol emas. Magaram eriga toʻrt oy-u oʻn kun aza tutadi», deganlar.
«Muddatlari yetganda oʻzlari haqida yaxshilik bilan qilgan ishlarida sizga gunoh yoʻq.»
Yaʼni, iddalari chiqqanidan keyin, u ayollar shariat yoʻli bilan oʻzlariga sovchi kutsalar, ayb emas. Demak, eri oʻlganidan toʻrt oy-u oʻn kun oʻtgach, xotini yasanib, pardoz qilib, erga tegish uchun sovchi kutsa, oʻzining ishi, hech kimga gunoh boʻlmaydi. Uni bu ishdan toʻsishga hech kimning haqqi ham yoʻq. Shariatning hukmi–shu. Hayotda bundan boshqa hollarning uchrab turishi esa, bidʼat yoki xurofotdir. Xurofotdan saqlanish lozim. Chunki:
«Alloh qilayotgan amalingizdan xabardordir».
Iddada oʻtirgan ayolga nisbatan shariat koʻrsatmalaridan boshqa yoʻl tutmaslik kerak.