وَلَا جُنَاحَ عَلَيْكُمْ فِيمَا عَرَّضْتُم بِهِۦ مِنْ خِطْبَةِ ٱلنِّسَآءِ أَوْ أَكْنَنتُمْ فِىٓ أَنفُسِكُمْ ۚ عَلِمَ ٱللَّهُ أَنَّكُمْ سَتَذْكُرُونَهُنَّ وَلَـٰكِن لَّا تُوَاعِدُوهُنَّ سِرًّا إِلَّآ أَن تَقُولُوا۟ قَوْلًا مَّعْرُوفًا ۚ وَلَا تَعْزِمُوا۟ عُقْدَةَ ٱلنِّكَاحِ حَتَّىٰ يَبْلُغَ ٱلْكِتَـٰبُ أَجَلَهُۥ ۚ وَٱعْلَمُوٓا۟ أَنَّ ٱللَّهَ يَعْلَمُ مَا فِىٓ أَنفُسِكُمْ فَٱحْذَرُوهُ ۚ وَٱعْلَمُوٓا۟ أَنَّ ٱللَّهَ غَفُورٌ حَلِيمٌ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: U ayollarga ishora ila sovchilik qilishingiz yoki uni o`z ichingizda tutishingizda gunoh yo`q. Alloh siz ularni albatta eslashingizni biladir. Lekin ular bilan xufyona va'dalashmang. Magar yaxshi gap gapirsangiz, mayli. Idda o`z muddatiga yetmaguncha, nikoh bog`lashni qasd qilmang. Va bilingki, Alloh ichingizdagini albatta biladi. Bas, Undan ogoh bo`ling. Va bilingki, albatta, Alloh mag`firatli va Haliymdir.У аёлларга ишора ила совчилик қилишингиз ёки уни ўз ичингизда тутишингизда гуноҳ йўқ. Аллоҳ сиз уларни албатта эслашингизни биладир. Лекин улар билан хуфёна ваъдалашманг. Магар яхши гап гапирсангиз, майли. Идда ўз муддатига етмагунча, никоҳ боғлашни қасд қилманг. Ва билингки, Аллоҳ ичингиздагини албатта билади. Бас, Ундан огоҳ бўлинг. Ва билингки, албатта, Аллоҳ мағфиратли ва Ҳалиймдир.Alauddin Mansour: U ayollarga (yaʼni, erlari oʻlib, idda saqlab turgan ayollarga) sovchilikni ishora qilishingizda yoki ichlaringizda (sovchilik haqida) oʻylashingizda sizlar uchun gunoh yoʻq. Alloh sizlar u ayollarga (sovchilik haqida) zikr qilishingizni bildi. Lekin ular bilan xufyona vaʼdalashmangiz! Faqat yaxshi gaplar gapirishingiz (joizdir). To idda muddati bitmaguncha nikoh bogʻlashga qasd qilmang! Va bilingizki, albatta Alloh ichlaringizdagi narsani biladi. Bas, Uning (azobidan) ehtiyot boʻling! Va bilingizki, albatta Alloh magʻfiratli, halimdir.У аёлларга (яъни, эрлари ўлиб, идда сақлаб турган аёлларга) совчиликни ишора қилишингизда ёки ичларингизда (совчилик ҳақида) ўйлашингизда сизлар учун гуноҳ йўқ. Аллоҳ сизлар у аёлларга (совчилик ҳақида) зикр қилишингизни билди. Лекин улар билан хуфёна ваъдалашмангиз! Фақат яхши гаплар гапиришингиз (жоиздир). То идда муддати битмагунча никоҳ боғлашга қасд қилманг! Ва билингизки, албатта Аллоҳ ичларингиздаги нарсани билади. Бас, Унинг (азобидан) эҳтиёт бўлинг! Ва билингизки, албатта Аллоҳ мағфиратли, ҳалимдир.
Idda oʻtirgan ayolga boshqa erkak sovchi qoʻyishi yoki nikoh qilib olishi harom ekanligini, chunki u ayolda taloq qilgan erining toʻla haqqi borligini, bu haq ayolning iddasi chiqquncha sobit turishini, eri unga qaytishga eng haqli odam ekanligini oʻtgan oyatlardan bildik.
Ushbu oyatda esa, eri oʻlgandan keyin idda oʻtirgan ayolga sovchilik qilish haqida soʻz ketyapti. Avvalo, bunday ayolga ochiqdan-ochiq sovchilik qilish harom, chunki u azada–idda oʻtiribdi. Oʻlgan erining hurmati bor, uning qarindosh-urugʻlarining ham dardiga dard qoʻshmaslik kerak. Lekin oyati karimaning koʻrsatmasiga koʻra, eri oʻlib idda oʻtirgan ayollarga ochiq-oydin emas, ishora bilan sovchilik qilishda gunoh yoʻq.
«U ayollarga ishora ila sovchilik qilishingiz yoki uni oʻz ichingizda tutishingizda gunoh yoʻq.»
Ishora bilan sovchilik qilish qanaqa boʻladi? Ishora bilan sovchilik qilish, «birorta munosib ayol topilsa, uylanmoqchi boʻlib yuribman, ayol kishi boʻlmasa, qiyin boʻlar ekan», kabi soʻzlar bilan ishora qilishdir. Oʻtgan azizlar ham shunday yoʻl tutishgan.
Imom Ahmad ibn Hanbal Abdurrohman ibn Sulaymondan, u kishi esa, xolalari Sukayna binti Xanzaladan qilgan rivoyatda Sukayna aytadilarki: «Idda oʻtirganimda oldimga Abu Jaʼfar Muhammad ibn Ali kirib:
«Mening Rasululloh solallohu alayhi vasallamga yaqinligimni, bobomning mendagi haqqini yaxshi bilasan, Islomda qadimdan buyon ekanimni ham bilasan»,–dedi. Men unga:
«Ey Abu Jaʼfar, Alloh Oʻzi seni kechirsin. Iddada oʻtirsamu, shunchalik olim odam boʻlib turib, sovchilik qilyapsanmi?!»– dedim. U:
«Qachon unday qildim? Men senga Paygʻambar alayhissalomga yaqinligimning xabarini berdim, xolos. Ummu Salamaning eri Abu Salama vafot etganida, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uning oldiga kirib, oʻzlarining Alloh huzuridagi martabalarini soʻzlab oʻtiraverib, qoʻllariga boʻyra botib ketgan, oʻshani ham sovchilik hisoblanmagan»,–dedi».
Ushbu hodisalar ishora bilan sovchilik qilishga misol boʻla oladi.
«Uni oʻz ichingizda tutishingizda hech gunoh yoʻq», deganda, sovchilik niyatini ichda saqlash nazarda tutilgandir. Chunki:
«Alloh siz ularni albatta eslashingizni biladir».
Shuning uchun ham, sovchilikni oʻz ichida tutishni gunoh hisob qilmaydi. Lekin idda oʻtirgan ayol bilan nikoh haqida xufyona vaʼdalashishdan man qildi:
«Lekin ular bilan xufyona vaʼdalashmang».
Chunki bu besharmlik, oʻlgan er xotirasiga xiyonat va iddani vojib qilgan Alloh taolodan uyalmaslikdir.
«Magar yaxshi gapirsangiz, mayli.»
Yaʼni, munkar, fahsh va Allohning shariatiga xilof boʻlmagan gaplarni gapirilsa, boʻlaveradi.
«Idda oʻz muddatiga yetmaguncha, nikoh bogʻlashni qasd qilmang.»
Jumladagi «qasd» soʻziga alohida urgʻu berilyapti. Bu degani, idda ichida nikoh qilish u yoqda tursin, uni qasd qilishga ham ruxsat yoʻq, deganidir. Kim idda vaqtida nikoh qilsa, uning nikohi buziladi. Oralari ajratib yuboriladi.
«Va bilingki, Alloh ichingizdagini albatta biladi. Bas, undan ogoh boʻling.»
Nikoh, sovchilik, taloq va idda kabi sharʼiy hukmlarning koʻpi qalbga, his-tuygʻuga bevosita bogʻliq ishlardir. Bunda doimo Allohning chizgan chizigʻidan yurishga harakat qilish kerak. Alloh taolo bandaning ichida nimalar kechayotganini ham biladi. Odam bolasi bundan gʻofil boʻlmasin. Hech kim bilmasa ham, Alloh biladi, Undan ogoh boʻlsin.
Ayni chogʻda, avvallari bilmasdan baʼzi bir ishlarni qilib qoʻygan boʻlsa, umidsiz boʻlmasin. Chunki Alloh taoloning Oʻzi ushbu oyatning oxirida:
«Va bilingki, albatta, Alloh magʻfiratli va halimdir», demoqda.
Kelasi oyatlar oilaviy masalalarda yangi bir masalani muolaja qiladi. Bu «duxul»dan avvalgi taloq.
Maʼlumki, aqdi nikohdan soʻng erkak va ayol eru xotinga aylanadi. Shariatning ushbu bobdagi hukmlari ikkovlariga joriy etila boshlaydi. Xozirgacha duxuldan keyingi taloq haqida gap ketdi. «Duxul» soʻzining maʼnosi kirishni anglatadi. Shariatda esa, nikoh qilingandan keyin kuyovning kelin oldiga kirishi, ikkovlarining yolgʻiz qolishlari va oilaviy hayotni boshlashlariga aytiladi. Baʼzi vaqtlarda nikohdan keyin duxul boʻlmasdan avval ham taloq sodir boʻladi. Kelasi oyatlar ana oʻsha holatni muolaja qiladi: