مَّن ذَا ٱلَّذِى يُقْرِضُ ٱللَّهَ قَرْضًا حَسَنًا فَيُضَـٰعِفَهُۥ لَهُۥٓ أَضْعَافًا كَثِيرَةً ۚ وَٱللَّهُ يَقْبِضُ وَيَبْصُۜطُ وَإِلَيْهِ تُرْجَعُونَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Allohga yaxshi qarz beradigan kim bor?! Bas, toki unga berganini ko`p marta ko`paytirib bersa. Va holbuki, Alloh (rizqni) tor qilur va keng qilur. Va Ungagina qaytasizlar.Аллоҳга яхши қарз берадиган ким бор?! Бас, токи унга берганини кўп марта кўпайтириб берса. Ва ҳолбуки, Аллоҳ (ризқни) тор қилур ва кенг қилур. Ва Унгагина қайтасизлар.Alauddin Mansour: Allohga qarzi hasana (ixtiyoriy qarz) beradigan kim borki, (Alloh) unga bir necha barobar qilib qaytarsa. Holbuki, (rizqingizni) tor va keng qiladigan Allohdir. Va Unga qaytarilajaksiz.Аллоҳга қарзи ҳасана (ихтиёрий қарз) берадиган ким борки, (Аллоҳ) унга бир неча баробар қилиб қайтарса. Ҳолбуки, (ризқингизни) тор ва кенг қиладиган Аллоҳдир. Ва Унга қайтарилажаксиз.
Yaxshilik yoʻlida, savob kasb qilish maqsadida sarf qilinadigan mablagʻni, mol-mulkni «Alloh taologa qarz berish» deb atalmoqda.
«Allohga yaxshi qarz beradigan kim bor?!»
Allohning dini yoʻliga kim pul sarflasa, Allohga yaxshi qarz bergan boʻlar ekan. Qarz bergan odam fursati kelganda bergan mablagʻini toʻligʻicha qaytarib oladi. Undan hech narsa kamaymaydi. Shuningdek, Allohning yoʻlida pul-mol sarflagan odamning ham mablagʻi kamaymaydi. Balki:
«Bas, toki unga berganini koʻp marta koʻpaytirib bersa».
Yaʼni, Alloh taolo uning yaxshilik yoʻlida sarflagan molini bir qancha marotaba koʻpaytirib beradi. Bu dunyoda moliga mol qoʻshadi, baraka beradi, baxt-saodat va rohat-farogʻatga erishtiradi. U dunyoda esa, jannatga kiritib, bitmas-tuganmas neʼmatlar ato qilib, Oʻzining roziligini eʼlon qiladi.
Oʻlim va hayot Allohning qoʻlida boʻlganidek, rizq ham Allohning qoʻlidadir. Jangda qatnashgan oʻlib qolavermaganidek, molini Allohning yoʻlida sarflagan kishi ham kambagʻal boʻlib qolavermaydi. Hammasi Allohning ixtiyorida:
«Va holbuki, Alloh (rizqni) tor qilur va keng qilur».
Alloh rizqni tor qilaman desa, nafaqa qilmagan, Allohning yoʻlida hech narsa sarflamagan, har tangani yetti yeridan tukkanlarnikini ham tor qilib qoʻyaveradi. Keng qilaman desa, topganini Allohning yoʻlida sarflayotganlarnikini yanada keng qilaveradi. Har ne boʻlganda ham, boriladigan joy bir:
«Va Ungagina qaytasizlar».
Boshqaga qaytish yoʻq.
Oʻtgan azizlarimiz ushbu haqiqatni tushunib yetganliklaridan dunyoga ustoz boʻlganlar. Misol uchun, ulardan oddiygina bir kishi Abu Dahdoh roziyallohu anhuni olib koʻraylik. Ibn Abi Hotim Abdulloh ibn Masʼud roziyallohu anhudan rivoyat qilishlaricha, «Allohga yaxshi qarz beradigan kim bor?!» oyati nozil boʻlganida, Abu Dahdoh Ansoriy:
«Ey, Allohning Rasuli, Alloh azza va jalla bizdan qarz soʻrayaptimi?»,–dedi. Paygʻambar alayhissalom:
«Ha, ey Abu Dahdoh»,–dedilar. Abu Dahdoh:
«Qoʻlingizni bering, ey, Allohning Rasuli»,–dedi. U zoti bobarakot qoʻllarini berdilar. Abu Dahdoh:
«Men Robbimga qoʻrgʻonimni qarz berdim»,–dedi. Uning qoʻrgʻonida olti yuz tup xurmosi va xotin, bola-chaqasi bor edi. U kelib:
«Hoy, Ummu Dahdoh!»,–deb xotinini chaqirdi.
«Labbay», degan javobni eshitganda:
«Qoʻrgʻondan chiq, men uni Robbimga qarz berdim»,–dedi. U:
«Xoʻp», deb bolalarini olib chiqdi.
Endi keladigan oyati karimalarda Bani Isroilning Alloh yoʻlida jihod qilishiga bogʻliq qissasi boshlanadi: