وَبَشِّرِ ٱلَّذِينَ ءَامَنُوا۟ وَعَمِلُوا۟ ٱلصَّـٰلِحَـٰتِ أَنَّ لَهُمْ جَنَّـٰتٍ تَجْرِى مِن تَحْتِهَا ٱلْأَنْهَـٰرُ ۖ كُلَّمَا رُزِقُوا۟ مِنْهَا مِن ثَمَرَةٍ رِّزْقًا ۙ قَالُوا۟ هَـٰذَا ٱلَّذِى رُزِقْنَا مِن قَبْلُ ۖ وَأُتُوا۟ بِهِۦ مُتَشَـٰبِهًا ۖ وَلَهُمْ فِيهَآ أَزْوَٰجٌ مُّطَهَّرَةٌ ۖ وَهُمْ فِيهَا خَـٰلِدُونَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Iymon keltirgan va solih amallar qilganlarga ular uchun ostidan anhorlar oqib turgan jannatlar borligining bashoratini ber. Qachonki ularning mevasidan bahramand bo`lsalar, bundan avval ham rizqlangan edik, derlar. Ularga o`xshash narsalar berilgandir. Ularga u yerda pokiza juftlar bor va ular u yerda abadiy qolurlar.Иймон келтирган ва солиҳ амаллар қилганларга улар учун остидан анҳорлар оқиб турган жаннатлар борлигининг башоратини бер. Қачонки уларнинг мевасидан баҳраманд бўлсалар, бундан аввал ҳам ризқланган эдик, дерлар. Уларга ўхшаш нарсалар берилгандир. Уларга у ерда покиза жуфтлар бор ва улар у ерда абадий қолурлар.Alauddin Mansour: Iymon keltirib, yaxshi amallar qilgan zotlarga xushxabar beringki, ular uchun ostlaridan daryolar oqib turuvchi bogʻlar bor. Qachon oʻsha bogʻlarning biror mevasidan bahramand boʻlsalar, «Ilgari tatib koʻrgan narsamiz-ku», deyishadi. Zero ularga surati bir-biriga oʻxshash mevalar beriladi. Va ular uchun jannatda pokiza juftlar bordir. U zotlar jannatda abadiy qolajaklar.Иймон келтириб, яхши амаллар қилган зотларга хушхабар берингки, улар учун остларидан дарёлар оқиб турувчи боғлар бор. Қачон ўша боғларнинг бирор мевасидан баҳраманд бўлсалар, «Илгари татиб кўрган нарсамиз-ку», дейишади. Зеро уларга сурати бир-бирига ўхшаш мевалар берилади. Ва улар учун жаннатда покиза жуфтлар бордир. У зотлар жаннатда абадий қолажаклар.
Ushbu oyati karimada Alloh subhonahu va taolo Oʻz Paygʻambari Muhammad alayhissalomga xitob qilib, iymon keltirgan va solih amal qilganlarga bashorat–suyunchilik xabar berishni buyurmoqda. Demak, daraxtlari ostidan anhorlar oqib turuvchi jannatga kirish uchun iymon keltirish, yaʼni, Allohga, Paygʻambarga, Qurʼonga va iymon keltirish lozim boʻlgan boshqa narsalarga iymon keltirish hamda amali solihlarni, yaʼni, Qurʼon va sunnatda yaxshi deb taʼriflangan ishlarni qilish zarurdir.
Ahli jannat faqat jannatga kirish bilan kifoyalanib qolmaydilar, balki u yerda turli noz-neʼmatlarga sazovor boʻladilar. Jumladan:
«Qachonki ularning (yaʼni jannatlarning) mevasidan bahramand boʻlsalar, bundan avval ham rizqlangan edik, derlar. Ularga oʻxshash narsalar berilgandir».
Yaʼni, bu dunyoda bahramand boʻlgan mevalariga oʻxshash mevalar berilgandir. Ammo bu oʻxshashlik faqat ismi va shaklida, jannat mevalarining taʼmi esa, boshqa. Shaklining oʻxshashligi shuning uchunki, banda bu dunyoda totib yurgan lazzatli neʼmatni jannatda ham koʻrsa, sevinadi. Taʼmini totganda esa, kutganidan ziyoda lazzatli ekani ayon boʻladi.
Ulugʻ sahobiy Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu:
«Jannatdagi narsalarning birortasi bu dunyonikiga oʻxshamaydi, faqat ismi oʻxshashi mumkin», deganlar.
Yana,
«ularga u yerda pokiza juftlar bor».
Har jihatdan pokiza juftlar bordir. Chunki jannat hurlari alohida yaratilgandir. Ushbu neʼmatlarning lazzati va huzurbaxshligining ziyodaligi ularning bardavomligida hamdir. Shuning uchun ham, oyatda aytilganidek,
«ular u yerda abadiy qolurlar».
Oʻtgan oyatlarda Alloh taolo munofiq va kofirlarning haqiqiy holini bayon qilish uchun olov yoqqan odamni va yomgʻirda qolgan odamni zarbulmasal qilib keltirdi. Shuningdek, bosh- qa sura va oyatlarda ham ushbu uslubni ishlatib, jumladan, oʻrgimchakni va pashshani misol qiladi. Kofir va munofiqlar bunday misol keltirishdan ham bir nuqson topmoqchi boʻlishadi. Qurʼon borliqni yaratgan Allohning kalomi boʻla turib, bunda pashsha, oʻrgimchak kabi, ular nazarida arzimas tuyulgan jonzotlarning zikr etilishi istehzolariga sabab boʻlgan boʻlishi mumkin. Oqibatda, ular turli gap-soʻzlar tarqatishgan. Jumladan: «Alloh bu misolni keltirishdan nimani iroda qiladi?» deya boshlashgan.
Ulugʻ tobeʼiynlardan Qatoda roziyallohu anhu deganlarki:
«Alloh Oʻz kitobida pashshani va oʻrgimchakni zikr qilganda zalolat ahli: «Alloh buni zikr etib, nimani iroda qildi?» deyishgan va Alloh quyidagi oyatni tushirgan: