أَلَمْ تَرَ إِلَى ٱلَّذِى حَآجَّ إِبْرَٰهِـۧمَ فِى رَبِّهِۦٓ أَنْ ءَاتَىٰهُ ٱللَّهُ ٱلْمُلْكَ إِذْ قَالَ إِبْرَٰهِـۧمُ رَبِّىَ ٱلَّذِى يُحْىِۦ وَيُمِيتُ قَالَ أَنَا۠ أُحْىِۦ وَأُمِيتُ ۖ قَالَ إِبْرَٰهِـۧمُ فَإِنَّ ٱللَّهَ يَأْتِى بِٱلشَّمْسِ مِنَ ٱلْمَشْرِقِ فَأْتِ بِهَا مِنَ ٱلْمَغْرِبِ فَبُهِتَ ٱلَّذِى كَفَرَ ۗ وَٱللَّهُ لَا يَهْدِى ٱلْقَوْمَ ٱلظَّـٰلِمِينَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Alloh podshohlik berib qo`ygani sababidan Ibrohim bilan Robbisi haqida hujjat talashganni bilmadingmi? Ibrohim: «Mening Robbim tiriltiradi va o`ldiradi», deganda, u: «Men tiriltiraman va o`ldiraman», – dedi. Ibrohim: «Albatta, Alloh quyoshni Mashriqdan chiqarur, bas, sen uni Mag`ribdan chiqarging-chi», – dedi. Bas, kufr keltirgan lol qoldi. Va, Alloh zolim qavmlarni hidoyatga solmas.Аллоҳ подшоҳлик бериб қўйгани сабабидан Иброҳим билан Роббиси ҳақида ҳужжат талашганни билмадингми? Иброҳим: «Менинг Роббим тирилтиради ва ўлдиради», деганда, у: «Мен тирилтираман ва ўлдираман», – деди. Иброҳим: «Албатта, Аллоҳ қуёшни Машриқдан чиқарур, бас, сен уни Мағрибдан чиқаргинг-чи», – деди. Бас, куфр келтирган лол қолди. Ва, Аллоҳ золим қавмларни ҳидоятга солмас.Alauddin Mansour: Alloh podshohlik berganidan hovliqib Ibrohim bilan Parvardigori haqida talashgan kimsaning (Namrudning) holi-xabarini bilmadingizmi? Qaysiki Ibrohim: «Parvardigorim tiriltirib, oʻldiradigan zotdir», deganida, u: «Men (ham) tiriltiraman va oʻldiraman», dedi. Ibrohim aytdi: «Albatta, Alloh quyoshni Mashriqdan chiqaradi. Sen uni Magʻribdan chiqargin-chi?» Shunda bu kofir dovdirab qoldi. Alloh zolim kimsalarni hidoyat qilmaydi.Аллоҳ подшоҳлик берганидан ҳовлиқиб Иброҳим билан Парвардигори ҳақида талашган кимсанинг (Намруднинг) ҳоли-хабарини билмадингизми? Қайсики Иброҳим: «Парвардигорим тирилтириб, ўлдирадиган зотдир», деганида, у: «Мен (ҳам) тирилтираман ва ўлдираман», деди. Иброҳим айтди: «Албатта, Аллоҳ қуёшни Машриқдан чиқаради. Сен уни Мағрибдан чиқаргин-чи?» Шунда бу кофир довдираб қолди. Аллоҳ золим кимсаларни ҳидоят қилмайди.
Ushbu oyati karima Ibrohim alayhissalom bilan u kishining davrlarida oʻtgan bir hukmdor podshohning tortishuvini hikoya qiladi. Qurʼoni Karim odatdagidek, u podshohning ismini zikr qilmaydi. Chunki ibrat uning ismida emas, balki tasarrufidadir. Tortishuv Parvardigori Olam haqida boʻlgan. U kofir podshoh, gapiga qaraganda, Allohning borligiga shubha qilmaydi, balki Uning sifatlariga shubha qiladi. Xususan, Oyatul Kursiyda zikr qilingan sifatlarni inkor etadi. Ammo, uni bunday tasarrufga olib kelgan narsa nima? Nima sababdan shunchalik darajada noqobil boʻlib, Allohning ulul azim Paygʻambarlaridan boʻlgan Ibrohim alayhissalom bilan Parvardigori Olam haqida tortishdi ekan?
«Alloh podshohlik berib qoʻygani sababidan...»
Aslini olganda, Alloh unga podshohlik, mulk berganiga shukr qilishi kerak edi. Lekin kofirlik yomon narsa, shuning uchun kofirga sulton, hukm, podshohlik berilsa, haddidan oshadi, tugʻyonga ketadi. Hatto xudolik daʼvosini qiladi. Oʻzining ojiz banda ekanini unutadi. Unga neʼmatni kim berganini bilmaydi. Shukr qilish oʻrniga, noshukrlik qiladi. Bu juda ham yomon ish. Shuning uchun ham, Alloh taolo bu oyat orqali Oʻz Paygʻambari Muhammad alayhissalomga qilayotgan xitobida oʻsha holatni inkor qilish maʼnosi ham bor.
«Alloh podshohlik berib qoʻygani sababidan Ibrohim bilan Robbisi haqida hujjat talashganni bilmadingmi?»
Alloh bergan katta neʼmat sababidan Allohning sifatlarini inkor qilib, Unga qarshi chiqish qanday ham yomon ish! Oyati karimaning keyingi jumlalarini oʻrgansak, bu ishning naqadar yomon ekanligi yanada namoyon boʻladi.
«Ibrohim: «Mening Robbim tiriltiradi va oʻldiradi», deganda, u: «Men tiriltiraman va oʻldiraman», – dedi».
Kofir bilan tortishuvda Ibrohim alayhissalom «tiriltirish» va «oʻldirish» Alloh taoloning ishi ekanini bejiz zikr qilmaganlar. Biz ojiz bandalar har lahzada tiriltirish va oʻldirish holatining guvohi boʻlib turamiz. Kimdir hayotga kirib keladi, kimdir hayotni tark etib, oʻlimga duchor boʻladi. Bu jarayon har lahzada takrorlanib turadi. Lekin hozirgacha hayotning va oʻlimning haqiqatini hech kim tushunib yetgani yoʻq. Hayot asari borligini koʻrib, bu tirik, deymiz; oʻlim alomati zuhur etganini koʻrib, bu oʻlik, deymiz. Tiriltirish va oʻldirish faqat Alloh taologa bogʻliq sifat. Bu sifatga hech kim, hech qanday darajada yaqin ham kela olmaydi. Shuning uchun ham, Ibrohim alayhissalom ushbu sifatlarni aynan kofir podshoh bilan boʻlgan tortishuvda zikr qildilar. Bu gapni eshitgan kofir podshoh: «...men tiriltiraman va oʻldiraman», dedi».
Podshohlik qilib, oʻz xalqi ustidan hokim boʻlib turgan odam iymonli, taqvodor boʻlmasa, tugʻyonga ketadi. Oʻzining aytgani boʻlib turganini koʻrgandan keyin, haddidan oshadi. Fuqarolarga maosh berishga amr qilib, men rizq beryapman, deb oʻylaydi. Birovga musiybatida koʻmak bersa, uni men balodan saqlab qoldim, deydi. Uning kofirligi borgan sari tugʻyonga olib boraveradi. Oxiri, hamma ish mening ixtiyorim bilan boʻladi, demak, tiriltirish va oʻldirish ham mening ixtiyorimda, deyishgacha yetib boradi. Xudoning sifatlarini oʻziga nisbat beradi. Odatda, bunday kishilar tugʻyonga ketganlari sababidan oqilona gaplarga ham eʼtibor bermay, oʻzlarini oqillikda tengi yoʻq hisoblab qoladilar. Ular faqat peshonalari toʻqillab qattiqroq narsaga urilgandagina bir oz oʻzlariga keladilar. Shuning uchun, Ibrohim alayhissalom kofir podshohga tiriklik nimayu oʻlim nima ekanini maydalab tushuntirib oʻtirmasdan, toʻgʻridan-toʻgʻri peshonasiga toʻqillatib:
«...albatta, Alloh quyoshni mashriqdan chiqaradi, sen uni magʻribdan chiqargin-chi?» – dedi».
Quyoshning mashriqdan chiqib magʻribga botishi doimo takrorlanib turadigan jarayondir. Davriy muddati yigirma toʻrt soatdir. Eʼtibor berilsa, bu hol ulkan moʻʼjizadir, Allohning cheksiz qudratiga dalildir. Alloh tomonidan joriy etilgan bu intizomni kim oʻzgartira oladi? Allohning sifatlariga sheriklikni daʼvo qilib, «Men tiriltiraman va oʻldiraman», deb aytib, haddidan oshayotgan kofir podshohmi? Agar qoʻlidan kelsa, daʼvosi toʻgʻri boʻlsa, mana, taklif boʻldi: Allohning nizomini buzsin-chi. Quyoshni magʻribdan chiqarsin-chi. Holbuki:
«Bas, kufr keltirgan lol qoldi».
Chunki, taklif qilingan narsani amalga oshirish qoʻlidan kelmaydi. Jim qolishdan boshqa iloji yoʻq. U nobakor ochiq-oydin ishni tushunib yetmadi. Taslim boʻlib, iymon keltirish oʻrniga, kufr keltirib, talashib-tortishishdi. Adolat yoʻlida yurmay, zulmni ixtiyor qildi.
«Va Alloh zolim qavmlarni hidoyatga solmas.»
Oʻlim va hayotning sir-asrori haqida soʻz ketib turganda, shu maʼnoni taʼkidlash uchun yana boshqa bir qissa keltiriladi: