أَوْ كَٱلَّذِى مَرَّ عَلَىٰ قَرْيَةٍ وَهِىَ خَاوِيَةٌ عَلَىٰ عُرُوشِهَا قَالَ أَنَّىٰ يُحْىِۦ هَـٰذِهِ ٱللَّهُ بَعْدَ مَوْتِهَا ۖ فَأَمَاتَهُ ٱللَّهُ مِا۟ئَةَ عَامٍ ثُمَّ بَعَثَهُۥ ۖ قَالَ كَمْ لَبِثْتَ ۖ قَالَ لَبِثْتُ يَوْمًا أَوْ بَعْضَ يَوْمٍ ۖ قَالَ بَل لَّبِثْتَ مِا۟ئَةَ عَامٍ فَٱنظُرْ إِلَىٰ طَعَامِكَ وَشَرَابِكَ لَمْ يَتَسَنَّهْ ۖ وَٱنظُرْ إِلَىٰ حِمَارِكَ وَلِنَجْعَلَكَ ءَايَةً لِّلنَّاسِ ۖ وَٱنظُرْ إِلَى ٱلْعِظَامِ كَيْفَ نُنشِزُهَا ثُمَّ نَكْسُوهَا لَحْمًا ۚ فَلَمَّا تَبَيَّنَ لَهُۥ قَالَ أَعْلَمُ أَنَّ ٱللَّهَ عَلَىٰ كُلِّ شَىْءٍ قَدِيرٌ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Yoki shiftlari ustiga qulagan qishloqdan o`tgan kishiga o`xshashni ko`rmadingmi? U: «Alloh buni o`limdan keyin qanday tiriltirur?» – dedi. Bas, Alloh uni yuz yil o`ldirdi, so`ngra, qayta tiriltirdi. «Qancha yotding?» – dedi. U: «Bir kun yoki bir kunning ba'zisicha yotdim», – dedi. «Balki, yuz yil yotding, taomingga va sharobingga nazar sol, o`zgargani yo`q va eshagingga ham qara. Seni odamlarga ibrat qilish uchun shunday qildik. Va suyaklarga nazar sol, ularni qandoq harakatga solamiz va ularga qandoq go`sht kiygizamiz», – dedi. Unga ravshan bo`lganda: «Albatta, Alloh har bir narsaga qodirligini bildim», – dedi.Ёки шифтлари устига қулаган қишлоқдан ўтган кишига ўхшашни кўрмадингми? У: «Аллоҳ буни ўлимдан кейин қандай тирилтирур?» – деди. Бас, Аллоҳ уни юз йил ўлдирди, сўнгра, қайта тирилтирди. «Қанча ётдинг?» – деди. У: «Бир кун ёки бир куннинг баъзисича ётдим», – деди. «Балки, юз йил ётдинг, таомингга ва шаробингга назар сол, ўзгаргани йўқ ва эшагингга ҳам қара. Сени одамларга ибрат қилиш учун шундай қилдик. Ва суякларга назар сол, уларни қандоқ ҳаракатга соламиз ва уларга қандоқ гўшт кийгизамиз», – деди. Унга равшан бўлганда: «Албатта, Аллоҳ ҳар бир нарсага қодирлигини билдим», – деди.Alauddin Mansour: Yoki bir zot (Uzayr paygʻambar) haqidagi masalni (bilmadingizmiki), u zot tomlari yiqilib huvillab qolgan bir qishloqdan oʻtarkan: «Alloh bu xarob boʻlgan qishloqni qanday tiriltirar ekan-a?» dedi. Shunda Alloh uni yuz yil muddatga oʻldirdi. Soʻngra tiriltirib soʻradi: «Qancha muddat (oʻlik holda) turding?» «Bir kun yo yarim kun», dedi u. Alloh dedi: «Yoʻq, yuz yil turding. Taom va ichimligingga qara — buzilgan emas. Endi eshagingni (chirib, suyaklari ajrab ketganini) koʻrgin. (Bu hodisani Allohning qudratini koʻrsatish) va seni odamlar uchun oyat — ibrat qilish uchun (keltirdik). Bu suyaklarni qanday tiklab, soʻng ularni goʻsht bilan qoplashimizni koʻrgin». Qachonki unga bu narsalar aniq koʻringach: «Albatta, Alloh hamma narsaga qodir ekanini bilaman», dedi.Ёки бир зот (Узайр пайғамбар) ҳақидаги масални (билмадингизмики), у зот томлари йиқилиб ҳувиллаб қолган бир қишлоқдан ўтаркан: «Аллоҳ бу хароб бўлган қишлоқни қандай тирилтирар экан-а?» деди. Шунда Аллоҳ уни юз йил муддатга ўлдирди. Сўнгра тирилтириб сўради: «Қанча муддат (ўлик ҳолда) турдинг?» «Бир кун ё ярим кун», деди у. Аллоҳ деди: «Йўқ, юз йил турдинг. Таом ва ичимлигингга қара — бузилган эмас. Энди эшагингни (чириб, суяклари ажраб кетганини) кўргин. (Бу ҳодисани Аллоҳнинг қудратини кўрсатиш) ва сени одамлар учун оят — ибрат қилиш учун (келтирдик). Бу суякларни қандай тиклаб, сўнг уларни гўшт билан қоплашимизни кўргин». Қачонки унга бу нарсалар аниқ кўрингач: «Албатта, Аллоҳ ҳамма нарсага қодир эканини биламан», деди.
Bu oyati karimada makon va shaxs aniq koʻrsatilmagan. «Shiftlari ustiga qulagan qishloq» va bu «qishloqdan oʻtgan kishi» deyilgan, xolos. Chunki, avval taʼkidlaganimizdek, maqsad qaysi qishloq ekanini aniqlash emas, balki odamlarni toʻgʻri yoʻlga boshlashdir. Shuningdek, oʻsha qishloqdan oʻtgan shaxs kim ekanligining ham ahamiyati yoʻq.
«Yoki shiftlari ustiga qulagan qishloqdan oʻtgan kishiga oʻxshashni koʻrmadingmi?».
Oʻtgan oyatning davomi sifatida bu oyati karimada ham Paygʻambarimiz alayhissalomga xitob boʻlib, Allohning qudratiga shak keltirgan bir bandaning qissasi keltirilmoqda.
Oʻsha banda yer bilan yakson boʻlib, birorta tik narsasi qolmagan, shiftlari ustiga qulagan qishloqdan oʻtgan ekan. U yerdagi vayronlikni koʻrib: Alloh oʻlganlarni tiriltiradi, deyishadi, mana bu qishloq boshdan-oyoq xarob boʻlibdi, shiftlari ustiga qulab tushibdi,
«Alloh buni oʻlimidan keyin qanday tiriltirur?» – dedi»
Demak, Alloh taoloning har bir narsaga qodir ekaniga shubha bilan qaradi. Shunda Alloh taolo unga oʻlgan narsalarni qanday qilib tiriltirishini tushuntirib oʻtirmadi-da, u bandaning oʻzini tajriba qilib qoʻya qoldi:
«Bas, Alloh uni yuz yil oʻldirdi, soʻngra qayta tiriltirdi».
Boʻlib oʻtgan voqeani tushunib yetish uchun haligi insondan, u oʻziga kelgandan soʻng, savol soʻraldi, Alloh unga:
«Qancha yotding?» – dedi».
U odam oʻzining qancha yotganini qayerdan bilsin. Vaqtni sezish tirik, hayot nashidasini surib turgan kishilarga xos xususiyat. U boʻlsa, yuz yil oʻlib yotdi. Buning ustiga, his-tuygʻu odamni aldaydi ham. Shuning uchun:
«U: «Bir kun yoki bir kunning baʼzisicha yotdim», – dedi».
Oʻzining bilganicha javob berdi. Oʻzining yuz yil oʻlib yotib, yana qayta tirilgani unga bir kun yoki bir kundan ham ozroq yotganday boʻlib koʻrindi. Bu holati oʻziga tasdiqlatib olingandan soʻng, boʻlgan ishning haqiqati unga aytildi:
«Balki yuz yil yotding...» deyildi.
Albatta, Allohning sifatigaki shubha keltirgan odam bu gapga ham shubha keltirishi turgan gap. Shuning uchun, bu xabardan soʻng, uning yuz yil yotganini isbotlovchi hissiy dalillar keltirila boshlandi:
«...taomingga va sharobingga nazar sol, oʻzgargani yoʻq...»
Demak, uning yuz yil yotganiga hissiy dalil taomi va sharobi ekan. Yuz yildan beri oʻzgarmay turgan ekan. Ehtimol, yuz yilning ichida odamlarning taom va sharoblari boshqacha boʻlib ketgandir. Uning taomi va sharobini koʻrganlar: bu qadimgi taom va sharob-ku, ota-bobolarimiz davrida shunday taom va sharoblar isteʼmol qilinar ekan, deydigan darajaga yetib qolgandir.
Shuningdek, faqat taom va sharobda emas, balki uning eshagida va oʻzida ham yuz yil yotganiga hissiy dalil bor boʻlsa kerak, shu boisdan:
«...va eshagingga ham qara. Seni odamlarga ibrat qilish uchun shunday qildik», deyilmoqda.
Koʻpchilik tafsirchilarimiz: eshakdagi alomat keyingi jumladan bilinadi, deydilar. Mazkur banda oʻlganda, eshagi ham u bilan qoʻshilib oʻlgan ekan. Ammo, eshagining oʻlimi oddiy oʻlim boʻlib, boshqa oʻlgan jonzotlarga nima joriy boʻlsa, unga ham joriy boʻlib, yuz yildan buyon chirib, suyaklari titilib yotgan ekan. Endi eshakning egasiga xitob qilib:
«Va suyaklarga nazar sol, ularni qanday harakatga solamiz va ularga qanday goʻsht kiygizamiz», – dedi».
Va egasining koʻz oldida oʻlgan eshakning titilib ketgan suyaklari toʻplanib, avvalgi shakliga keltirildi, suyaklarga goʻsht kiydirilib, yuz yil avvalgi eshak holiga keltirildi. Bu ish qay tarzda, nima asosida boʻldi–hech kim bilmaydi. Allohning qudrati bilan boshqa moʻʼjizalar qanday yuzaga kelsa, bu ish ham shunday boʻldi. Yaqindagina hayotning asari yoʻq narsa birdan qimirlab, unda hayot paydo boʻlganining alomatini koʻrsatgandagina unga jon ato etilganini tushunamiz. Boshqa hech narsani anglab yeta olmaymiz. Ilmning choʻqqisini egalladik, deb jar solayotgan olimlar ham, har qancha urinmasinlar, hayot yoki oʻlimning sirini tushuna va tushuntira olmay xunoblar. Hamma narsa Allohning Oʻziga qaytishiga ishonib, tan berishdan boshqa iloj qolmaydi. Avvalida shiftlari ustiga qulagan qishloqni koʻrib, Alloh buni oʻlimidan keyin qandoq tiriltiradi, degan banda ham oʻz boshidan oʻtgan tajriba, isbot va dalillardan keyin tan berib:
«Albatta, Alloh har bir narsaga qodirligini bildim», – dedi».
Keyingi oyatda yana oʻlim va hayot masalasi davom etib, endi uchinchi qissa keltiriladi: