يَـٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُوٓا۟ أَنفِقُوا۟ مِن طَيِّبَـٰتِ مَا كَسَبْتُمْ وَمِمَّآ أَخْرَجْنَا لَكُم مِّنَ ٱلْأَرْضِ ۖ وَلَا تَيَمَّمُوا۟ ٱلْخَبِيثَ مِنْهُ تُنفِقُونَ وَلَسْتُم بِـَٔاخِذِيهِ إِلَّآ أَن تُغْمِضُوا۟ فِيهِ ۚ وَٱعْلَمُوٓا۟ أَنَّ ٱللَّهَ غَنِىٌّ حَمِيدٌ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Ey, iymon keltirganlar! Kasb qilgan pok narsalaringizdan va Biz sizlarga yerdan chiqarib bergan narsalarimizdan sadaqa qilinglar. Nopokni qasd etib sadaqa qilmang. Holbuki, uni o`zingiz ham oluvchimassiz, magar ko`z yumsangizgina olasiz. Va bilingki, albatta, Alloh boy va maqtalgan Zotdir.Эй, иймон келтирганлар! Касб қилган пок нарсаларингиздан ва Биз сизларга ердан чиқариб берган нарсаларимиздан садақа қилинглар. Нопокни қасд этиб садақа қилманг. Ҳолбуки, уни ўзингиз ҳам олувчимассиз, магар кўз юмсангизгина оласиз. Ва билингки, албатта, Аллоҳ бой ва мақталган Зотдир.Alauddin Mansour: Ey moʻminlar, kasb qilib topgan narsalaringizning halol-pokizalaridan va Biz sizlar uchun Yerdan chiqargan narsalardan infoq-ehson qilingiz! Ehson qilish uchun ulardan oʻzingiz faqat koʻz yumib turib oladigan — past-nopoklarini tanlamangiz! Va bilingizki, albatta Alloh behojat va hamdu sano egasi boʻlgan Zotdir.Эй мўминлар, касб қилиб топган нарсаларингизнинг ҳалол-покизаларидан ва Биз сизлар учун Ердан чиқарган нарсалардан инфоқ-эҳсон қилингиз! Эҳсон қилиш учун улардан ўзингиз фақат кўз юмиб туриб оладиган — паст-нопокларини танламангиз! Ва билингизки, албатта Аллоҳ беҳожат ва ҳамду сано эгаси бўлган Зотдир.
Maʼlumki, oʻzi topgan mol-mulkni sadaqa qilib yuborish oson emas. Har bir odam oʻzida koʻproq mol-dunyo boʻlishini xohlaydi. Sadaqa qilish uchun maʼlum darajada fidokorlik, oʻzidan, nafsu havosidan kechish talab etiladi.
«Sadaqa» soʻzi ham tasdiqlash maʼnosini anglatadi. Molidan sadaqa qiluvchi kishi qalbidagi iymonini amaliy jihatdan tasdiqlagan boʻladi.
Shuning uchun ham, mol-mulkdan sadaqa qilishga targʻib qiluvchi oyatni Alloh taolo moʻminlarga mahbub sifat bilan boshlamoqda:
«Ey, iymon keltirganlar!» demoqda. Bu sifat bilan nido qilinganda, moʻmin kishi har qanday ogʻirlikni ham pisand qilmay ado etishga kirishadi.
Soʻngra, nimalardan sadaqa qilish kerakligi bayon qilinmoqda:
«Kasb qilgan pok narsalaringizdan va Biz sizlarga yerdan chiqarib bergan narsalarimizdan sadaqa qilinglar».
Bu taʼrif moʻminlarning qoʻliga tushadigan barcha turdagi molu mulkni oʻz ichiga oladi. Avvalo, oʻzlari kasb qilib topgan halol, pok rizqlari, soʻngra Alloh yerdan chiqarib bergan ziroatlar, konlar va boshqalar.
Pok narsadan sadaqa qilishga amr qilindi, lekin masala nihoyatda ahamiyatli boʻlganidan yana taʼkidlanmoqdaki:
«Nopokni qasd etib, sadaqa qilmang».
Nopok deyilganda faqat haromni tushunmaslik kerak, balki past, arzimagan, kishi nazariga ilmaydigan narsalarni ham tushunish lozim. Qisqa qilib aytganda, pichoqni oʻzingga ur, ogʻrimasa birovga, qabilida ish qilish kerak. Sadaqa berayotgan kishi oʻzini sadaqani olayotgan kishi oʻrniga qoʻyib koʻrsin. Berilsa oʻzi olmaydigan narsani birovga ham sadaqa qilib bermasin. Shunga ishoratan:
«Holbuki, uni oʻzingiz ham oluvchimassiz, magar koʻz yumsangizgina olasiz», deyilgan.
Yaʼni, birov past narsa bersa, olasizmi? Yoʻq, olmaysiz. Olsangiz ham, koʻzingizni yumib, ijirgʻanib, noilojdan olasiz. Shunday ekan, boshqaga ham yaxshisidan ravo koʻring.
«Va bilingki, Alloh boy va maqtalgan Zotdir».
Alloh boy boʻlganidan keyin Uning yoʻlida qiladigan sadaqangiz oʻshanga yarashgudek boʻlsin. Alloh maqtalgan zotdir, yoʻlida sadaqa qilganlarni U ham maqtaydi.
Ushbu oyati karimaning nozil boʻlishi haqida hadis ilmi imomlaridan Ibn Abi Hotim rahmatullohi alayhi sahobalardan Baro roziyallohu anhudan rivoyat qiladilarki, u kishi: «Bu oyat biz haqimizda tushgan,–deganlar. - Xurmolarimiz bor edi. Har bir kishi xurmosining oz-koʻpligiga qarab olib kelib, shingili bilan masjidga osib qoʻyar edi. Supa ahlining taomi yoʻq edi. Ulardan birortalari och qolsa, hassasi bilan qoqib, rang tortgan va pishib yetilgan xurmolarni olib yer edi. Yaxshilikka ragʻbati yoʻq baʼzi kishilar boʻlmagʻur, yomon shingillarni ham osib qoʻyishar edilar. Shunda Alloh taolo, «Nopokni qasd etib sadaqa qilmang. Holbuki, uni oʻzingiz ham oluvchimassiz, magar koʻz yumsangizgina olasiz», oyatini tushirdi. Bundan soʻng bizdan har birimiz oʻzida bor xurmoning eng yaxshisini keltiradigan boʻldi».
Sadaqa qilmaslik yoki nopok–past narsalardan sadaqa qilish oʻz egasining qalbida iymon sustligining va biror shubha yoki kasallik borligining dalolatidir. Bu haqiqatni kelasi oyat bayon qiladi: