يَـٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُوٓا۟ إِذَا تَدَايَنتُم بِدَيْنٍ إِلَىٰٓ أَجَلٍ مُّسَمًّى فَٱكْتُبُوهُ ۚ وَلْيَكْتُب بَّيْنَكُمْ كَاتِبٌۢ بِٱلْعَدْلِ ۚ وَلَا يَأْبَ كَاتِبٌ أَن يَكْتُبَ كَمَا عَلَّمَهُ ٱللَّهُ ۚ فَلْيَكْتُبْ وَلْيُمْلِلِ ٱلَّذِى عَلَيْهِ ٱلْحَقُّ وَلْيَتَّقِ ٱللَّهَ رَبَّهُۥ وَلَا يَبْخَسْ مِنْهُ شَيْـًٔا ۚ فَإِن كَانَ ٱلَّذِى عَلَيْهِ ٱلْحَقُّ سَفِيهًا أَوْ ضَعِيفًا أَوْ لَا يَسْتَطِيعُ أَن يُمِلَّ هُوَ فَلْيُمْلِلْ وَلِيُّهُۥ بِٱلْعَدْلِ ۚ وَٱسْتَشْهِدُوا۟ شَهِيدَيْنِ مِن رِّجَالِكُمْ ۖ فَإِن لَّمْ يَكُونَا رَجُلَيْنِ فَرَجُلٌ وَٱمْرَأَتَانِ مِمَّن تَرْضَوْنَ مِنَ ٱلشُّهَدَآءِ أَن تَضِلَّ إِحْدَىٰهُمَا فَتُذَكِّرَ إِحْدَىٰهُمَا ٱلْأُخْرَىٰ ۚ وَلَا يَأْبَ ٱلشُّهَدَآءُ إِذَا مَا دُعُوا۟ ۚ وَلَا تَسْـَٔمُوٓا۟ أَن تَكْتُبُوهُ صَغِيرًا أَوْ كَبِيرًا إِلَىٰٓ أَجَلِهِۦ ۚ ذَٰلِكُمْ أَقْسَطُ عِندَ ٱللَّهِ وَأَقْوَمُ لِلشَّهَـٰدَةِ وَأَدْنَىٰٓ أَلَّا تَرْتَابُوٓا۟ ۖ إِلَّآ أَن تَكُونَ تِجَـٰرَةً حَاضِرَةً تُدِيرُونَهَا بَيْنَكُمْ فَلَيْسَ عَلَيْكُمْ جُنَاحٌ أَلَّا تَكْتُبُوهَا ۗ وَأَشْهِدُوٓا۟ إِذَا تَبَايَعْتُمْ ۚ وَلَا يُضَآرَّ كَاتِبٌ وَلَا شَهِيدٌ ۚ وَإِن تَفْعَلُوا۟ فَإِنَّهُۥ فُسُوقٌۢ بِكُمْ ۗ وَٱتَّقُوا۟ ٱللَّهَ ۖ وَيُعَلِّمُكُمُ ٱللَّهُ ۗ وَٱللَّهُ بِكُلِّ شَىْءٍ عَلِيمٌ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Ey, iymon keltirganlar! Ma'lum muddatga qarz oldi-berdi qilgan vaqtingizda, uni yozib qo`ying. Orangizda bir yozuvchi adolat bilan yozsin. Hech bir yozuvchi Alloh bildirganidek qilib yozishdan bosh tortmasin. Bas, yozsin va haq zimmasiga tushgan kishi aytib tursin, Robbiga taqvo qilsin va undan hech narsani kamaytirmasin. Agar haq zimmasiga tushgan kishi esi past, zaif yoki aytib tura olmaydigan bo`lsa, uning valiyi adolat bilan aytib tursin. Erkaklaringizdan ikki kishini guvoh qiling. Agar ikki er kishi bo`lmasa, o`zingiz rozi bo`ladigan guvohlardan bir er kishi va ikki ayol kishi bo`lsin. Ikkovi(ayol)dan birortalari adashsa, birlari boshqalarining esiga soladi. Va chaqirilgan vaqtda guvohlar bosh tortmasinlar. Kichik bo`lsa ham, katta bo`lsa ham, muddatigacha yozishingizni malol olmang. Shundoq qilmog`ingiz, Allohning huzurida adolatliroq, guvohlikka kuchliroq va shubhalanmasligingiz uchun yaqinroqdir. Magar oralaringizda yurib turgan naqd savdo bo`lsa, yozmasangiz ham, sizga gunoh bo`lmas. Oldi-sotdi qilganingizda, guvoh keltiring va yozuvchi ham, guvoh ham zarar tortmasin. Agar (aksini) qilsangiz, albatta, bu fosiqligingizdir. Allohga taqvo qiling. Va Alloh sizga ilm beradir. Alloh har bir narsani biluvchi Zotdir.Эй, иймон келтирганлар! Маълум муддатга қарз олди-берди қилган вақтингизда, уни ёзиб қўйинг. Орангизда бир ёзувчи адолат билан ёзсин. Ҳеч бир ёзувчи Аллоҳ билдирганидек қилиб ёзишдан бош тортмасин. Бас, ёзсин ва ҳақ зиммасига тушган киши айтиб турсин, Роббига тақво қилсин ва ундан ҳеч нарсани камайтирмасин. Агар ҳақ зиммасига тушган киши эси паст, заиф ёки айтиб тура олмайдиган бўлса, унинг валийи адолат билан айтиб турсин. Эркакларингиздан икки кишини гувоҳ қилинг. Агар икки эр киши бўлмаса, ўзингиз рози бўладиган гувоҳлардан бир эр киши ва икки аёл киши бўлсин. Иккови(аёл)дан бирорталари адашса, бирлари бошқаларининг эсига солади. Ва чақирилган вақтда гувоҳлар бош тортмасинлар. Кичик бўлса ҳам, катта бўлса ҳам, муддатигача ёзишингизни малол олманг. Шундоқ қилмоғингиз, Аллоҳнинг ҳузурида адолатлироқ, гувоҳликка кучлироқ ва шубҳаланмаслигингиз учун яқинроқдир. Магар ораларингизда юриб турган нақд савдо бўлса, ёзмасангиз ҳам, сизга гуноҳ бўлмас. Олди-сотди қилганингизда, гувоҳ келтиринг ва ёзувчи ҳам, гувоҳ ҳам зарар тортмасин. Агар (аксини) қилсангиз, албатта, бу фосиқлигингиздир. Аллоҳга тақво қилинг. Ва Аллоҳ сизга илм берадир. Аллоҳ ҳар бир нарсани билувчи Зотдир.Alauddin Mansour: Ey moʻminlar, bir-birlaringiz bilan qarz muomalasini qilsangiz, yozib qoʻyinglar! Oralaringizda bir kotib adolat bilan yozsin! Hech bir kotib Alloh bildirgan yozishdan bosh tortmasin, albatta yozsin! Zimmasida qarzi boʻlgan kishi yozdirsin — Parvardigori boʻlmish Allohdan qoʻrqsin va u qarzdan biron narsa kamaytirib yozmasin! Agar zimmasida qarzi boʻlgan kishi aqlsiz yo ojiz (yosh bola yo juda keksa) boʻlsa, yoki (kar, soqovligi yo til bilmasligi sababli aytib turib) yozdirishga qodir boʻlmasa, uning homiy vakili adolat bilan yozdirsin! Va sizlar rozi boʻladigan (adolatli) guvohlardan ikki erkak kishini, agar ikki erkak topilmasa, bir erkak va ikki ayolni — biri unutib adashsa, yana biri unga eslatadi — guvoh qilinglar! Guvohlar (guvohlik uchun) chaqirilganda bosh tortmasinlar! Xoh katta, xoh kichik qarz boʻlsin, muddati kelgunicha yozib qoʻyishdan erinmanglar. Mana shu Alloh nazdida adolatliroq, guvohlik uchun toʻgʻriroq va shak-shubha qilmaslikka yaqinroq boʻlgan (hukmdir). Lekin agar (oʻrtadagi muomalangiz) oralaringizda yurgizib turgan naqd savdo boʻlsa, uni yozmasangizda, sizlar uchun gunoh yoʻqdir. Va bir-biringiz bilan savdo qilganda guvoh keltiring! Va na kotib, na guvohga zarar yetmasin. Agar shunday qilsangiz (yaʼni, ulardan birontasiga zarar yetkazsangiz), bu Allohga itoatsizligingizdir. Allohdan qoʻrqingiz! Alloh sizlarga (haq-hidoyat yoʻlini) bildiradi. Alloh hamma narsani bilguvchidir.Эй мўминлар, бир-бирларингиз билан қарз муомаласини қилсангиз, ёзиб қўйинглар! Ораларингизда бир котиб адолат билан ёзсин! Ҳеч бир котиб Аллоҳ билдирган ёзишдан бош тортмасин, албатта ёзсин! Зиммасида қарзи бўлган киши ёздирсин — Парвардигори бўлмиш Аллоҳдан қўрқсин ва у қарздан бирон нарса камайтириб ёзмасин! Агар зиммасида қарзи бўлган киши ақлсиз ё ожиз (ёш бола ё жуда кекса) бўлса, ёки (кар, соқовлиги ё тил билмаслиги сабабли айтиб туриб) ёздиришга қодир бўлмаса, унинг ҳомий вакили адолат билан ёздирсин! Ва сизлар рози бўладиган (адолатли) гувоҳлардан икки эркак кишини, агар икки эркак топилмаса, бир эркак ва икки аёлни — бири унутиб адашса, яна бири унга эслатади — гувоҳ қилинглар! Гувоҳлар (гувоҳлик учун) чақирилганда бош тортмасинлар! Хоҳ катта, хоҳ кичик қарз бўлсин, муддати келгунича ёзиб қўйишдан эринманглар. Мана шу Аллоҳ наздида адолатлироқ, гувоҳлик учун тўғрироқ ва шак-шубҳа қилмасликка яқинроқ бўлган (ҳукмдир). Лекин агар (ўртадаги муомалангиз) ораларингизда юргизиб турган нақд савдо бўлса, уни ёзмасангизда, сизлар учун гуноҳ йўқдир. Ва бир-бирингиз билан савдо қилганда гувоҳ келтиринг! Ва на котиб, на гувоҳга зарар етмасин. Агар шундай қилсангиз (яъни, улардан биронтасига зарар етказсангиз), бу Аллоҳга итоатсизлигингиздир. Аллоҳдан қўрқингиз! Аллоҳ сизларга (ҳақ-ҳидоят йўлини) билдиради. Аллоҳ ҳамма нарсани билгувчидир.
«Oyati mudoyana»–qarz oldi-berdisi oyati nomini olgan ushbu oyati karima Qurʼoni Karimdagi eng uzun oyatdir. Ushbu oyati karima Qurʼoni Karim, Islom dini inson hayotining barcha tomonlarini qamrab olganiga yorqin misoldir. Bu oyati karimani oʻrgangan odam, boshqa barcha tuzum va jamiyatlar oʻzlarining asosiy hujjatlarida inson turmushida tez-tez uchrab turadigan qarz masalasiga Qurʼoni Karim qanchalik ahamiyat berganini anglab yetadi.
Endi bevosita oyati karimaning tafsiriga oʻtaylik:
«Ey, iymon keltirganlar! Maʼlum muddatga qarz oldi-berdi qilgan vaqtingizda, uni yozib qoʻying».
Alloh taolo bu oyati karimani ham musulmon bandalariga mahbub
«Ey, iymon keltirganlar!» nidosi ila boshlaganidan unda keladigan amrlar, masalalar alohida eʼtiborga sazovor ekanligini bilib olamiz. Shu bilan birga, ushbu oyati karimaning aytganiga amal qilib, qarz oldi-berdi qilganimizda yozib-hujjatlashtirib qoʻyishimiz zarurligini anglab yetamiz. Oyati karimaning davomida mazkur yozib qoʻyish qaysi xilda boʻlishi aytiladi:
«Orangizda bir yozuvchi adolat bilan yozsin».
Demak, qarz oldi-berdisi haqidagi hujjatni qarz oluvchi ham, qarz beruvchi ham yozmaydi. Balki, uchinchi–xolis bir shaxs adolat bilan yozadi.
Ushbu qarz ishiga oʻxshash ishlar odatda tashvish keltirishi maʼlum. Shuning uchun, koʻpchilik bundoq bosh ogʻrigʻi boʻladigan ishga yozuvchi sifatida ishtirok etishni istamaydi. Ana shu holni eʼtiborga olib oyati karimaning davomida:
«Hech bir yozuvchi Alloh bildirganidek qilib yozishdan bosh tortmasin», deyiladi.
Chunki, bu ish–savobli ish. Bu ish–Alloh taoloning amriga binoan boʻlayotan ish. Musulmonlar jamoatga kerak ishlarda hojatmandlarning hojatini chiqarishga doimo targʻib qilinadilar. Shuning uchun ham, yozuvchilikka taklif etilgan odam
«Bas, yozsin va haq zimmasiga tushgan kishi aytib tursin, Robbiga taqvo qilsin va undan hech narsani kamaytirmasin».
Oyati karima «haq zimmasiga tushgan kishi» deganda qarz oluvchini nazarda tutgan. Demak, oʻrtadagi kishi kelib qarz oldi-berdini yozayotgan vaqtda matnni qarz oluvchi aytib turadi. Avvalo, qarz olayotganini eʼtirof qiladi. Qarzning miqdorini, shartini va muddatini aytadi. Bu narsalarni qarz beruvchi aytib tursa, oʻz foydasiga burib yubormasin, degan ehtiyot chorasi tufayli shunday qilinadi. Qarz oluvchi muhtoj boʻlib turgani uchun bunday qilmasligi aniqroq. Chunki, u muomalaning tezroq amalga oshishiga muhtoj.
Shunday boʻlsa ham, oyati karima yana bir bor uni Robbiga taqvo qilishga va hech narsani kamaytirmaslikka daʼvat qilmoqda.
«Agar zimmasiga haq tushgan kishi esi past, zaif yoki aytib tura olmaydigan boʻlsa, uning valiysi adolat bilan aytib tursin.»
Yaʼni, qarz olayotgan odam esi past, moliyaviy ishlar tadbirini bilmaydigan boʻlsa, zaifligi (yoshi kichikdir yoki oʻta keksadir, kasaldir) tufayli yoki tilidagi aybi, bilmasligi va boshqa mavjud ayblar tufayli aytib tura olmasa, uning valiysi adolat bilan aytib tursin. Chunki, valiylar boshqa ishlarda ham oʻz qaramogʻidagilarning masʼuliyatini oladilar.
«Erkaklaringizdan ikki kishini guvoh qiling.»
Moliyaviy oldi-berdi katta ahamiyatga egadir, chunki bunda oraga molu pul aralashadi. Bunday holda birov boshqaning haqini yeb ketishining yoʻlini har jihatdan toʻsish lozim. Bunda adolatli kotibga yozdirib qoʻyish bilan kifoyalanmay, yana musulmonlardan ikki erkak kishini guvoh qilishga ham amr boʻlmoqda. Islomda guvohlikka doimo adolatli kishilar oʻtishi zarur, bu narsa boshqa joylarda koʻp taʼkidlangani uchun bu yerda qayta aytilmadi. Ammo, baribir, bu shart bekor boʻlmaydi. Chunki shariat oʻlchovida adolatsiz boʻlgan kishining guvohligi qabul qilinmaydi.
Guvohlarning erkak kishi boʻlishini taʼkidlashning ham hikmati bor. Haqiqiy islomiy jamiyatda yuqoridagi kabi sertashvish, xarxashali va masʼuliyatli ishlar odatda erkaklar zimmasiga yuklanadi. Islomda ayol kishi mol-dunyo tashvishini chekishdan umuman ozod etilgan. Qarz oldi-berdisi, yozib qoʻyish va hokazo ishlar bilan muslima ayollar bezovta qilinmaydi. Ammo, farazan, guvohlikka ikki er kishi topilmay qolsa, unda nima boʻladi?
«Agar ikki er kishi boʻlmasa, oʻzingiz rozi boʻladigan guvohlardan bir er kishi va ikki ayol kishi boʻlsin.»
Bu yerda guvohlarning adolatli boʻlishlari ustiga, yana bir muhim shart qoʻyilmoqda. Ular «oʻzingiz rozi boʻladigan guvohlardan» boʻlsin. Keyin biror gap chiqib qolgudek boʻlsa, guvohlarga ishonchim yoʻq edi, guvohlar qarshi tomonning odami ekan, kabi gaplarga oʻrin qoʻymaslik uchun shunday qilish zarur.
«Ikki er kishi boʻlmasa, bir er kishi va ikki ayol kishi boʻlsin», deyilgani Islom dushmanlariga juda qoʻl kelib, dinimizga taʼna toshlarini otishlariga sabab boʻlgan. Dushmanlar, Islom ayol kishini toʻliq odam oʻrnida koʻrmaydi, shuning uchun guvohlikka oʻtishda ikki ayolni bir erkak bilan tenglashtirgan, deb daʼvo qilishadi. Guvohlik haqida soʻz ketayotganda mavzu qarz oldi-berdisi ekanligi, muslima ayollar odatda bunday ishlarda ishtirok etmasliklari, shuning uchun ham ehtiyot chorasi tarzida shundoq qilinganligini hech aytgilari kelmaydi. Balki yashiradilar va umumlashtirib, bu hukm hamma narsaga oiddir, deb aytadilar. Holbuki, oyati karimaning oʻzi bunday taqsimotning sababini ochiq-oydin aytib qoʻygan:
«Bas, yozsin va haq zimmasiga tushgan kishi aytib tursin, Robbiga taqvo qilsin va undan hech narsani kamaytirmasin».
Odatda, ayol kishining koʻngli boʻsh, taʼsirchan, mehri daryo boʻladi. Onalik uchun zarur boʻlgan bu sifatlar talashib-tortishish va urush-janjalda teskari natija berib qolishi ham mumkin. Agar ikki kishi boʻlsalar, bir-birlariga eslatib, guvohlikni adolat bilan ado etadilar. Aynan mana shu eʼtibordan qarz oldi-berdisida ikki ayol guvoh boʻlishi shart qilingan.
Shariatda shunday ishlar borki, unda mingta erkakning guvohligi oʻtmasa ham bitta ayolning guvohligi oʻtadi. Misol uchun, idda, tugʻish, emizish kabi masalalar. Bularda faqat ayollarning guvohligi oʻtadi. Shu hukmni ushlab olib, Islom erkaklarni odam oʻrnida koʻrmaydi, chunki falon-falon ishlarda ularning guvohliklari qabul emas, deyilsa, insofdanmi? Demak, Islom dushmanlarining yuqoridagidek daʼvolari mutlaqo oʻrinsizdir.
«Va chaqirilgan vaqtda guvohlar bosh tortmasin.»
Bu - Allohning amri. Bunga amal qilmagan inson gunohkor boʻladi. Haqiqatni, adolatni himoya qilish uchun guvohlikka oʻtishlik ulkan savob hisoblanadi.
Imom Muslim rivoyat qilgan sahih hadisda Paygʻambar alayhissolatu vassalom:
«Sizlarga eng yaxshi guvoh kimligini aytib beraymi? Guvohligi soʻralmasdan turib guvohlik beradiganlardir», deganlar.
«Kichik boʻlsa ham, katta boʻlsa ham, muddatigacha yozishingizni malol olmang.»
Yaʼni, qarz kichik miqdorda boʻlsa ham, katta miqdorda boʻlsa ham, vaqtini aniq qilib, qachongacha olinganini aytib-yozib qoʻyishni malol olmang. Keyin yozib qoʻyarman, eslab qoldim, shuni ham yozib oʻtiradimi, kabi bahonalar behuda ekanligi ushbu jumladan ochiq- oydin koʻrinib turibdi. Bu taʼkiddan koʻrinadiki, nima boʻlsa ham yozib qoʻyish lozim ekan. Chunki, bu ishning foydasi juda ham katta, uning hikmatlarini keyingi jumla bayon qilmoqda:
«Shundoq qilmogʻingiz Allohning huzurida adolatliroq, guvohlikka kuchliroq va shubhalanmasligingiz uchun yaqinroqdir».
Demak, qarz oldi-berdisini yozib qoʻyish juda ham zarur ekan. Qarzni yozib qoʻyish Allohning huzurida adolatliroq, afzalroq ekan. Guvohlik sifatida ham ogʻzakisidan koʻra kuchliroq ekan. Va nihoyat, shunday qilinganda, shubhaga oʻrin qolmas ekan. Bulardan maʼlum boʻladiki, qarzni yozib qoʻyish toʻgʻri ish, nozik va daqiq ish, ishonchli ish va xotirjamlikni paydo qiluvchi ishdir.
Qarz maʼlum muddatga olinadigan boʻlsa, hukmi shunday. Ammo yurib turgan savdo ishlari boʻlsa, yozish shart emas. Chunki hamma narsa aniq: mol oldida turibdi, savdo tez-tez takror boʻlib turadigan narsa, har birini yozish zarur boʻlsa, qiyinlashib ketadi:
«Magar oralaringizda yurib turgan naqd savdo boʻlsa, yozmasangiz ham, sizga gunoh boʻlmas».
Yozib borsa, oʻzining ishi, lekin yozmasa, gunoh emas. Bundan chiqadiki, avval zikr qilingan narsalarni yozmasa, gunoh boʻladi.
«Oldi-sotdi qilganingizda, guvoh keltiring va yozuvchi ham, guvoh ham zarar tortmasin».
Savdo ishlariga guvoh keltirish haqidagi hukmni ulamolar «mandub» deganlar. Sotuvchi bilan xaridor oʻrtasida baʼzi kelishmovchiliklar paydo boʻlib qolsa, guvohlar haqni oʻrnatishda oʻz guvohliklari bilan yordam beradilar. Oyatning avvalidan hozirgacha yozuvchi va guvohlarga vazifa yuklanib keldi. Ularga ushbu xizmatdan qochmaslik qayta-qayta tayinlandi. Mazkur jumlada esa, yozuvchi va guvohlarning haqlari himoya qilinyapti. Ular yozuvchilik va guvohlik qilayotganlarida zarar tortmasliklari zarur. Odatda, yozuvchi va guvohlar savob umidida vaqt sarflab, mehnat qiladilar. Lekin koʻpincha balo va tuhmatlarga ham qoladilar. Shuning uchun, ularning xotirini jam qiladigan, bu savobli ishga qiziqtiradigan vaʼda shu yerda kelmoqda:
«Agar (aksini) qilsangiz, albatta, bu fosiqligingizdir».
Yaʼni, agar yozuvchi va guvohga zarar keltirsangiz, fosiqlik qilgan boʻlasiz, Allohning amridan chiqqan boʻlasiz.
Oyatning soʻngida yana, Qurʼoni Karimning odati boʻyicha, kishining vijdoniga, qalbiga, asosiy taʼsir joyiga xitob qilingan:
«Allohga taqvo qiling. Va Alloh sizga ilm beradi. Alloh har bir narsani biluvchi zotdir».
Xuddi boshqa ishlardagi kabi bu ishlarda ham taqvo muhim omil hisoblanadi. Taqvo boʻlsa, Alloh ilm ham beradi. U fazli ulugʻ zotdir. Alloh har bir narsani biluvchi zot, Oʻzi bilib ish tutadi.
Soʻngra, kelasi oyatda qarz oldi-berdi muomalasi haqidagi hukmga toʻldirish zikr qilinadi: