وَٱلَّذِينَ كَفَرُوا۟ وَكَذَّبُوا۟ بِـَٔايَـٰتِنَآ أُو۟لَـٰٓئِكَ أَصْحَـٰبُ ٱلنَّارِ ۖ هُمْ فِيهَا خَـٰلِدُونَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Va kufr keltirgan hamda oyatlarimizni yolg`onga chiqarganlar esa, ular do`zax egalaridir, ular unda abadiy qolurlar.Ва куфр келтирган ҳамда оятларимизни ёлғонга чиқарганлар эса, улар дўзах эгаларидир, улар унда абадий қолурлар.Alauddin Mansour: Oyatlarimizni inkor qilib, yolgʻon degan kimsalar esa doʻzax egalari boʻlib, unda abadiy qolajaklar.Оятларимизни инкор қилиб, ёлғон деган кимсалар эса дўзах эгалари бўлиб, унда абадий қолажаклар.
Allohning hidoyatiga ergashmaganlarni Alloh taolo loʻnda qilib, kufr keltirganlar, deb qoʻya qolgan. Ularning erishadigan oqibatlari aniq: ular doʻzaxga tushadilar va oʻsha yerda abadiy qoladilar.
Eʼtibor qilinsa, mazkur qissada juda koʻp ibratlar bor, ayrimlari zikr qilib oʻtildi. Ulamolarimiz yana boshqa ibrat va hikmatlarni sanashgan. Hammasini keltiramiz desak, gap choʻzilib ketadi.
Oxirgi oyatlarda Alloh taolo hidoyat yuborishi, unga kim ergashsa, najot topib, kim kufr keltirsa, doʻzaxga tushishi aytildi. Kelasi oyatlarda Bani Isroilga nido qilinadi. Bu qavmga oʻtmishda hidoyat tushgan, Paygʻambar yuborilib, ilohiy kitob nozil qilingan edi. Buning ustiga, Bani Isroil qavmidan baʼzilari Qurʼon tushayotgan joyda–Madiynai Munavvarada musulmonlar bilan birga yashar edilar. Ular arablarning Avs va Xazraj degan qabilalariga: «Yaqinda oxirzamon Paygʻambari chiqadi, u Paygʻambarning bundaybunday sifatlari bor, oʻsha Paygʻambarga iymon keltiramiz-da, siz arablarning dodingizni beramiz», deyishardi.
Muhammad alayhissalom Paygʻambar boʻlganlarida, yahudiylar aytib yurgan sifatlarni shu kishida koʻrib, arablar iymon keltirdilar, ammo yahudiylar oʻzlari iymon keltirmadilar.
Paygʻambar alayhissalom boshliq musulmonlar Madiynai Munavvaraga hijrat qilib, yerlik musulmonlar bilan doʻst-birodar boʻlib, yangi jamiyat qurib yashay boshladilar. Natijada, yahudiylar ahli kitoblik, madaniylik, iqtisodiy yuksaklik va boshqa jihatdan afzalliklarini yoʻqotdilar. Kechagina ularning ogʻziga qarab turadigan Avs va Xazraj arablari bugun oʻzlari yangi ilohiy kitob (Qurʼon) ahlidan boʻlib, yahudiylarga gap oʻrgatadigan boʻlib qoldilar. Buni koʻtarolmagan yahudiylar yangi dinga, Pay-gʻambarga va unga ergashganlarga qarshi turli dushmanliklar qila boshladilar. Aslini olganda, Madiyna yahudiylari birinchi boʻlib musulmon boʻlishlari kerak edi. Chunki, ular bu ishning boʻlishini avvaldan yaxshi bilar edilar. Bu haqda gapirib ham yurar edilar.
Quyidagi oyatlar ana oʻsha holatlarni eslatib, ularga xitob qiladi: