۞ أَتَأْمُرُونَ ٱلنَّاسَ بِٱلْبِرِّ وَتَنسَوْنَ أَنفُسَكُمْ وَأَنتُمْ تَتْلُونَ ٱلْكِتَـٰبَ ۚ أَفَلَا تَعْقِلُونَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Odamlarni yaxshilikka chorlab turib, o`zingizni unutasizmi? Holbuki, kitobni tilovat qilyapsiz-ku. Aqlni ishlatmaysizmi?!Одамларни яхшиликка чорлаб туриб, ўзингизни унутасизми? Ҳолбуки, китобни тиловат қиляпсиз-ку. Ақлни ишлатмайсизми?!Alauddin Mansour: Odamlarni yaxshilikka chorlab, oʻzlaringizni unutasizlarmi? Holbuki, oʻzlaringiz kitob (Tavrot) tilovat qilasizlar. Aqlingizni yurgizmaysizlarmi?Одамларни яхшиликка чорлаб, ўзларингизни унутасизларми? Ҳолбуки, ўзларингиз китоб (Таврот) тиловат қиласизлар. Ақлингизни юргизмайсизларми?
Maʼlumki, yahudiylar va xususan ularning diniy olimlari ahli shirk boʻlgan arablarni samoviy dinga, yangi keladigan Paygʻambarga ergashishga, kitobga amal qilishga, Allohga bergan ahdlariga vafo qilishga va boshqa koʻpgina yaxshiliklarga chorlar edilar. Vaqti yetib, Alloh Qurʼoni Karimni tushirib, Muhammad alayhissalomni oxirzamon Paygʻambari qilib yuborganda, arab mushriklaridan koʻplari iymon keltirdilar, ammo yahudiylar oʻzlarini unutib, kofir boʻldilar. Aslini olganda, ular iymonga avvalroq kirishlari kerak edi. Chunki ular Alloh taolo tomonidan tushirilgan Tavrot kitobini tilovat qilib turardilar. Unda esa, soʻnggi Paygʻambar kelishi toʻgʻrisida xabar bor edi. Kitobni, yaʼni, ilohiy kitobni tilovat qilib, odamlarni yaxshilikka chorlab turib, oʻzini unutish aqldan emas edi. Shuning uchun, Alloh taolo oyati karima oxirida:
«Aqlni ishlatmaysizlarmi?!» deya xitob etib, ularni aqlsizlarga tenglashtiryapti.
Avval aytib oʻtganimizdek, bu oyati karimadagi xitob faqat Bani Isroilga xos emas, balki hammaga tegishlidir. Aytganiga amal qilmaydigan din ulamolari har bir ummat uchun katta ofatdir. Eʼtiborni jalb qiladigan, diniy tus beradigan kiyim kiyib olib, chiroyli-chiroyli soʻzlarni tanlab, shirali ovoz ila amri maʼruf, nahyi munkar qilib, ammo aytganiga oʻzi amal qilmaydiganlar har bir jamiyatdan topiladi. Ayniqsa, dinni oʻzlariga kasb qilib olganlar xavfli. Ular egallab turgan maqomlarini boy berishdan qoʻrqib, har qanday pastkashlik qilishga tayyorlar. Ularning ofati hammaga uradi. Kasofati umumiylashadi. Din nomidan, Allohni, iymonni aralashtirib yaxshilikka chaqiradigan, lekin oʻzi unga xilof ish tutadiganlar kishilarning qalblaridagi his-tuygʻularini oyoqosti qiladilar, fikrlarini ostin-ustin qilib, qalblarida aqiyda yoqqan shuʼlani oʻchirib, iymon nurini ketkizadilar. Shuning uchun ham, ilmiga amal qilmaydiganlarning bu dunyoyu u dunyoda azob- uqubatlari ulkan boʻladi.
Imom Ahmad Paygʻambar alayhissalomdan rivoyat qilgan hadisi sharifda:
«Alloh taolo qiyomat kuni savodsizlarni ulamolarni himoya qilmagan narsalardan himoya qiladi», deyilgan. Baʼzi rivoyatlarda:
«Alloh ilmsiz kishini yetmish marta magʻfirat qilganda, olimni bir marta magʻfirat qiladi», deyilgan.
Imom Buxoriy rahmatullohi alayhi rivoyat qilgan hadisda Paygʻambar alayhissalom:
«Qiyomat kuni bir kishini doʻzaxga keltirib tashlanadi, shunda qornidagi narsalar tashqariga otilib chiqadi, u doʻzaxda oʻz qornidan chiqqan narsalar atrofida xuddi tegirmonni aylantiradigan eshak singari aylanib yuradi. Doʻzaxilar uni oʻrab olib:
«Ey falonchi, senga nima musiybat yetdi? Bizga amri maʼruf, nahyi munkar qilmaganmiding?» - deyishadi. Shunda u:
«Sizlarni yaxshilikka chorlar edim-u, oʻzim qilmas edim, yomonlikdan qaytarar edim-u, oʻzim qilardim», deydi», deganlar.
Imom Ahmad Paygʻambarimiz alayhissalomdan rivoyat qiladilar:
«Isro kechasida lablari olovdan boʻlgan qaychilar bilan qirqilayotgan kishilarning oldidan oʻtdim. «Anavilar kimlar?» deb soʻradim. «Ummatingdagi ahli dunyo vaʼzxonlar. Odamlarni yaxshilikka chorlab, oʻzlarini unutganlar va holbuki kitobni oʻqirdilar, aqlni ishlatmaydilarmi?»deyishdi». Alloh shunday oqibatdan Oʻzi saqlasin.
Aytganiga amal qilish, aqiydaga muvofiq yurib-turish oson ish emas. Buning uchun sabr-matonat, tirishqoqlik kerak. Eng muhimi–doimo Alloh taologa bogʻliq boʻlishlik talab etiladi. Shu boisdan ham, kelajak oyatda Bani Isroilni alohida va hammani ommatan sabrga, Allohga bogʻliq boʻlishga chaqiriladi: