ثُمَّ قَسَتْ قُلُوبُكُم مِّنۢ بَعْدِ ذَٰلِكَ فَهِىَ كَٱلْحِجَارَةِ أَوْ أَشَدُّ قَسْوَةً ۚ وَإِنَّ مِنَ ٱلْحِجَارَةِ لَمَا يَتَفَجَّرُ مِنْهُ ٱلْأَنْهَـٰرُ ۚ وَإِنَّ مِنْهَا لَمَا يَشَّقَّقُ فَيَخْرُجُ مِنْهُ ٱلْمَآءُ ۚ وَإِنَّ مِنْهَا لَمَا يَهْبِطُ مِنْ خَشْيَةِ ٱللَّهِ ۗ وَمَا ٱللَّهُ بِغَـٰفِلٍ عَمَّا تَعْمَلُونَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: So`ngra, shundan keyin qalblaringiz qattiq bo`ldi, ular toshdek yoki toshdan ham qattiq. Va holbuki, toshlarning ba'zilaridan anhorlar otilib chiqadir, ba'zilari yorilib, undan suv chiqadir va ba'zilari Allohdan qo`rqqanidan qulab tushadir. Va Alloh qilayotgan ishlaringizdan g`ofil emas.Сўнгра, шундан кейин қалбларингиз қаттиқ бўлди, улар тошдек ёки тошдан ҳам қаттиқ. Ва ҳолбуки, тошларнинг баъзиларидан анҳорлар отилиб чиқадир, баъзилари ёрилиб, ундан сув чиқадир ва баъзилари Аллоҳдан қўрққанидан қулаб тушадир. Ва Аллоҳ қилаётган ишларингиздан ғофил эмас.Alauddin Mansour: Soʻngra — shunday moʻʼjizalarni koʻrgandan keyin ham dillaringiz qotdi. Bas, u dillar tosh kabidir yoki undan-da qattiqroqdir. Zero, shunday toshlar borki, ulardan daryolar otilib chiqadi, yana shundaylari borki, yorilib, ichidan suv chiqadi, yana shundaylari ham borki, Allohdan qoʻrqqanidan pastga qulaydi. Alloh qilayotgan amallaringdan gʻofil emasdir.Сўнгра — шундай мўъжизаларни кўргандан кейин ҳам дилларингиз қотди. Бас, у диллар тош кабидир ёки ундан-да қаттиқроқдир. Зеро, шундай тошлар борки, улардан дарёлар отилиб чиқади, яна шундайлари борки, ёрилиб, ичидан сув чиқади, яна шундайлари ҳам борки, Аллоҳдан қўрққанидан пастга қулайди. Аллоҳ қилаётган амалларингдан ғофил эмасдир.
Ushbu oyatda Alloh taolo Bani Isroilning oxirgi hodisadan keyingi holatini vasf qilmoqda. Shuncha moʻʼjiza koʻrgan inson, kim boʻlishidan qatʼinazar, qalbi erib, Allohga boʻlgan eʼtiqodi ziyoda boʻlishi kerak edi. Ammo Bani Isroilning qalblari qattiq boʻldi. Qattiq boʻlganda ham, toshdek qattiq, balki, toshdan ham qattiq boʻldi.
Chunki shuncha qattiq boʻlsa ham, hatto toshlarning baʼzilaridan anhorlar otilib chiqadi. Muso alayhissalom Allohning amriga binoan asolari bilan, toshni urganlarida, oʻn ikki buloq otilib chiqqanini Bani Isroilning oʻzi koʻrdi-ku! Oʻsha buloqlarni har bir qabila bittadan boʻlib olib suv ichdi-ku! Baʼzi toshlar yorilib, undan suv chiqishini ham Bani Isroil koʻrgan-ku! Hatto toshlardan ayrimlari Allohdan qoʻrqqanidan qulab ham tushadi. Xususan, Tur togʻiga Alloh taolo tajalli qilganida, u titilib ketganini Bani Isroil oʻz koʻzi bilan koʻrgan-ku! Ularning qalblari toshdan ham qattiq boʻlganidan, shunchalik moʻʼjizalarni koʻrib turib ham taqvo yoʻliga, iymon yoʻliga yurmadilar. Bu hollari badbaxtlikning alomatidir.
Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisda Paygʻambar alayhissalom:
«Allohning zikrisiz gapni koʻpaytirmanglar, chunki Allohning zikrisiz gapni koʻpaytirish qalbni qattiq qiladi. Odamlarning Allohdan eng uzogʻi qalbi qattigʻidir», deganlar.
Imom al-Bazzar Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda:
«Toʻrt narsa badbaxtlikdandir: koʻzning quruqligi, qalbning qattiqligi, orzu-havasning uzunligi va dunyoga hirs qoʻyish», deyilgan.
Bani Isroilning qalbi toshdan-da qattiq boʻlib, undan biror tomchi ham yaxshilik tommaydigan darajaga borib qolganligini bayon qilgan Alloh taolo endigi oyatlarda yahudiylarning iymonga kelishidan, Islomni qabul etishidan umidvor boʻlib yurgan moʻminlarga murojaat qiladi. Sura boshlangandan beri endi birinchi bor moʻmin-musulmonlarga bevosita murojaat qilinmoqda: