وَلَقَدْ ءَاتَيْنَا مُوسَى ٱلْكِتَـٰبَ وَقَفَّيْنَا مِنۢ بَعْدِهِۦ بِٱلرُّسُلِ ۖ وَءَاتَيْنَا عِيسَى ٱبْنَ مَرْيَمَ ٱلْبَيِّنَـٰتِ وَأَيَّدْنَـٰهُ بِرُوحِ ٱلْقُدُسِ ۗ أَفَكُلَّمَا جَآءَكُمْ رَسُولٌۢ بِمَا لَا تَهْوَىٰٓ أَنفُسُكُمُ ٱسْتَكْبَرْتُمْ فَفَرِيقًا كَذَّبْتُمْ وَفَرِيقًا تَقْتُلُونَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Va batahqiq, Musoga kitobni berdik va uning ortidan Payg`ambarlarni ketma-ket yubordik. Va Iyso ibn Maryamga ravshan(mo`'jiza)larni berdik va uni Ruhul Qudus bilan qo`lladik. Har qachon Payg`ambar sizning havoyi nafsingizga yoqmaydigan narsa keltirsa, mutakabbirlik qilib, ba'zilarini yolg`onchiga chiqarib, ba'zilarini o`ldiraverasizmi?!Ва батаҳқиқ, Мусога китобни бердик ва унинг ортидан Пайғамбарларни кетма-кет юбордик. Ва Ийсо ибн Марямга равшан(мўъжиза)ларни бердик ва уни Руҳул Қудус билан қўлладик. Ҳар қачон Пайғамбар сизнинг ҳавойи нафсингизга ёқмайдиган нарса келтирса, мутакаббирлик қилиб, баъзиларини ёлғончига чиқариб, баъзиларини ўлдираверасизми?!Alauddin Mansour: Albatta Biz Musoga kitob ato etdik. Undan keyin ham paygʻambarlar yubordik. Iyso binni Maryamga hujjatlar berdik va uni Ruhul-quds (Jabroil) ila quvvatlantirdik. Har qachon bir Paygʻambar sizlarga yoqmaydigan narsa (oyatlar) keltirsa, birovini yolgʻonchi deb, birovini oʻldiraverasizlarmi?Албатта Биз Мусога китоб ато этдик. Ундан кейин ҳам пайғамбарлар юбордик. Ийсо бинни Марямга ҳужжатлар бердик ва уни Руҳул-қудс (Жаброил) ила қувватлантирдик. Ҳар қачон бир Пайғамбар сизларга ёқмайдиган нарса (оятлар) келтирса, бировини ёлғончи деб, бировини ўлдираверасизларми?
Ushbu oyati karimadan koʻrinib turibdiki, Bani Isroil faqat Muhammad alayhissalomga emas, balki Muso alayhissalomdan keyin ketma-ket kelgan hamma Paygʻambarlarga ham dushmanlik munosabatida boʻlgan ekanlar. Alloh taolo oʻsha haqiqatni ularga eslatib:
«Va batahqiq, Musoga kitobni berdik va uning ortidan Paygʻambarlarni ketma-ket yubordik», demoqda.Bani Isroilga yuborilgan Paygʻambarlarning oxirgilari Iyso ibn Maryam alayhissalomdirlar.
«Va Iyso ibn Maryamga ravshan(moʻʼjiza)larni berdik va uni Ruhul Qudus bilan qoʻlladik», deydi Alloh taolo va Iyso alayhissalomni ochiq-oydin moʻʼjizalar hamda Ruhul Qudus ila qoʻllabquvvatlaganini ham eslatmoqda. Alloh taolo u kishini oʻlikni tiriltirish, koʻr tugʻilganlarning koʻzini ochish, pes tugʻilganlarni davolash kabi ravshan moʻʼjizalar bilan va Ruhul Qudus–Jabroil farishta bilan qoʻllab-quvvatladi. Bani Isroil esa, u zotga nisbatan qoʻlidan kelgan barcha yomonliklarni qildi. Ish shunga borib yetdiki, ular u zotni oʻldirishga harakat qilishdi. Yahudiylar ushbu ikki ulul azim Paygʻambar - Muso va Iyso alayhissalomlar oʻrtasida kelgan Paygʻambarlarning baʼzilarini (Zakariyo va Yahyo alayhissalomga oʻxshaganlarni) oʻldirdilar, qolganlarini yolgʻonchiga chiqardilar.
Oyati karimadan mazkur Paygʻambarlar keltirgan narsalar Bani Isroilning havoi nafsiga xush yoqmagani maʼlum boʻladi. Orada ularning xohishiga mos narsa kelib qolsa, qabul qilishadi. Allohning aytganini qilyapmiz, deb maqtanib ham qoʻyishadi. Paygʻambar keltirgan narsa ularning xohishlariga mos kelmasa: «Sen yolgʻonchisan, Allohning nomidan oʻzing xohlagan narsani aytyapsan, bizni oʻz xohishingga majbur qilmoqchisan», deb tuhmat qilishadi. Baʼzan, hatto oʻzlariga Alloh taolo tomonidan peshvo etib yuborilgan Paygʻambarlarni oʻldirishgacha borishadi.
Alloh taolo musulmonlarga Oʻzining kalomi ilohiysida Bani Isroilning bu qilmishlarini oʻrnak boʻlsin, musulmonlar ham ularning xatosini takrorlab, yahudiylar uchragan balo-ofatlarga uchramasin, deb bayon qilmoqda. Musulmonlar albatta bundan tegishli xulosa chiqarmoqliklari lozim. Chunki yahudiylarga xos bu manfur kasallik Islom olamida ham tarqalib bormoqda. Allohning kalomiga, Paygʻambar alayhissalomning sunnatiga chaqirgan haqgoʻy ulamolardan qancha-qanchalari qatl etildi, qamaldi, qanchadan-qancha haqgoʻy ulamolar yolgʻonchiga chiqarildi, qoralandi, aybsiz ayblandi va ayblanmoqda, bunday ishlar hanuz davom etmoqda. Ul azizlarning birdan-bir ayblari–Allohning amrini buzmay, odamlarning, xususan, nobakorlarning havoi nafsiga toʻgʻri kelmasa-da, toʻgʻriligicha yetkazganlaridir.
Shuni unutmaslik kerakki, Allohning shariati kishilarning havoi nafslariga moslashish uchun emas, balki ularning ustidan hokim boʻlib, toʻgʻri, ilohiy yoʻlga solish uchun kelgan.
Yuqoridagi oyatda yahudiylarning oʻtgan Paygʻambarlarga munosabatlari bayon qilingandan soʻng, endi, yangi dinga–Islomga va Allohning Rasuli Muhammad alayhissalomga munosabatlari qandoq boʻlgani bayoni keladi: