قَالَ ءَامَنتُمْ لَهُۥ قَبْلَ أَنْ ءَاذَنَ لَكُمْ ۖ إِنَّهُۥ لَكَبِيرُكُمُ ٱلَّذِى عَلَّمَكُمُ ٱلسِّحْرَ ۖ فَلَأُقَطِّعَنَّ أَيْدِيَكُمْ وَأَرْجُلَكُم مِّنْ خِلَـٰفٍ وَلَأُصَلِّبَنَّكُمْ فِى جُذُوعِ ٱلنَّخْلِ وَلَتَعْلَمُنَّ أَيُّنَآ أَشَدُّ عَذَابًا وَأَبْقَىٰ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: U: «Sizga izn bermasimdan oldin unga iymon keltirdingizmi?! Albatta, u sizga sehr o`rgatgan kattangizdir! Bas, albatta, qo`l-oyoqlaringizni qarama-qarshisidan kesurman va, albatta, sizlarni xurmo tanasiga osurman, albatta, qaysi birimizning azobimiz shiddatliroq va boqiyroq ekanini bilursiz», dedi.У: «Сизга изн бермасимдан олдин унга иймон келтирдингизми?! Албатта, у сизга сеҳр ўргатган каттангиздир! Бас, албатта, қўл-оёқларингизни қарама-қаршисидан кесурман ва, албатта, сизларни хурмо танасига осурман, албатта, қайси биримизнинг азобимиз шиддатлироқ ва боқийроқ эканини билурсиз», деди.Alauddin Mansour: (Firʼavn) aytdi: «Unga men izn bermay turib iymon keltirdingizmi? Shak-shubhasiz, u sizlarga sehr oʻrgatgan kattangizdir. Bas, endi albatta oyoq-qoʻllaringizni qarama-qarshisiga (yaʼni, oʻng qoʻl, chap oyogʻingizni yoki aksincha) kesurman va sizlarni xurmo shoxlariga osurman, (ana oʻshanda) qaysimizning (yaʼni, meningmi yo Musoning xudosi) azobi qattiqroq va uzunroq ekanini bilib olursizlar».(Фиръавн) айтди: «Унга мен изн бермай туриб иймон келтирдингизми? Шак-шубҳасиз, у сизларга сеҳр ўргатган каттангиздир. Бас, энди албатта оёқ-қўлларингизни қарама-қаршисига (яъни, ўнг қўл, чап оёғингизни ёки аксинча) кесурман ва сизларни хурмо шохларига осурман, (ана ўшанда) қайсимизнинг (яъни, менингми ё Мусонинг худоси) азоби қаттиқроқ ва узунроқ эканини билиб олурсизлар».
Firʼavn tugʻyonga ketgan podshohlarning vakili va timsoli sifatida ularning barcha xususiyatlarini oʻzida mujassam qilgan. Jumladan, har bir narsa faqat uning izni bilan boʻlishi shart. Firʼavnning fikricha, Allohga iymon keltirish ham uning izni bilan boʻlishi kerak edi. Allohga iymon keltirgan sehrgarlarga gʻazabini sochar ekan, shuning uchun ham:
«Sizga izn bermasimdan oldin unga iymon keltirdingizmi?!» deb baqirdi.
Keyin esa, hozirgacha oʻziga muxlis boʻlgan, uning xizmatiga jon fido etishga tayyor turgan, bundan oldin qanchadan-qancha ishlarni birga bajargan odamlariga tuhmat qila boshladi:
«Albatta, u sizga sehr oʻrgatgan kattangizdir!»
Yaʼni, shubha yoʻqki, Muso sizga sehrni oʻrgatgan ustozingizdir. Shuning uchun siz unga yutqazdingiz va shuning uchun iymon keltirdingiz, dedi.
Gumashtalar Firʼavnga qanchalik ixlos qilmasinlar, qanchalik fidoyi boʻlmasinlar, bir ogʻiz soʻzini kanda qilganlariga, hatto, Allohga iymon masalasida boʻlsa ham, undan baloga qoldilar. Chunki, ular qalblarini Firʼavndan oʻgirib, Allohga burgan edilar. Allohga iymon keltirgan edilar. Firʼavn tugʻyonga ketgan podshohlarning yoʻlini tutib, qalblarni oʻziga moyil qila olmagach, azob- uqubat, qiynoq va azob berishga oʻtdi. Iymonga kelgan sehrgarlarga tahdid qilib dedi:
«Bas, albatta, qoʻl-oyoqlaringizni qarama-qarshisidan kesurman...»
Yaʼni, oʻng qoʻl-chap oyoq yoki chap qoʻl-oʻng oyoq qilib, kesib azoblayman, dedi.
«...va, albatta, sizlarni xurmo tanasiga osurman...»
Shunday qilib, eng yomon tarzda oʻldiraman.
«...albatta, qaysi birimizning azobimiz shiddatliroq va boqiyroq ekanini bilursiz», dedi.
Yaʼni, qaysi birimizning–meningmi yoki Musoning Robbining azobi shiddatliroq va boqiyroq ekanini oʻshanda bilursiz, dedi.
Firʼavn oʻz qarichi bilan oʻlchar edi. U, tahdid, azob-uqubat, qiynash, chopish-kesish, oʻldirish bilan odamlarni izmimda ushlab turaman, deb xayol qilardi. Ammo, insonning qalbiga haqiqiy iymon kirganida, uning bu choralari zarracha ham taʼsir qilmay qolishini anglamasdi. Uning sobiq sehrgarlari qalbiga ana shunday iymon jo boʻlgan edi. Endi ular Firʼavnning hech qanday doʻqpoʻpisalaridan qoʻrqmasdilar.