قَالُوا۟ لَن نُّؤْثِرَكَ عَلَىٰ مَا جَآءَنَا مِنَ ٱلْبَيِّنَـٰتِ وَٱلَّذِى فَطَرَنَا ۖ فَٱقْضِ مَآ أَنتَ قَاضٍ ۖ إِنَّمَا تَقْضِى هَـٰذِهِ ٱلْحَيَوٰةَ ٱلدُّنْيَآ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Ular: «Biz seni zinhor o`zimizga kelgan ochiq-oydin (mo`'jiza)lardan va bizni yaratgan Zotdan ustun qo`ymasmiz. Bas, nima hukm qilsang, qilaver. Sen faqat hayoti dunyoda hukm chiqarasan, xolos.Улар: «Биз сени зинҳор ўзимизга келган очиқ-ойдин (мўъжиза)лардан ва бизни яратган Зотдан устун қўймасмиз. Бас, нима ҳукм қилсанг, қилавер. Сен фақат ҳаёти дунёда ҳукм чиқарасан, холос.Alauddin Mansour: Ular dedilar: «Bizlar hargiz oʻzimizga kelgan aniq hujjat-moʻʼjizani va bizlarni yaratgan Zotni qoʻyib, seni tanlamaymiz. Bas, qiladigan hukmingni qilaver. Sen faqat mana shu dunyodagina hukm qilursan.Улар дедилар: «Бизлар ҳаргиз ўзимизга келган аниқ ҳужжат-мўъжизани ва бизларни яратган Зотни қўйиб, сени танламаймиз. Бас, қиладиган ҳукмингни қилавер. Сен фақат мана шу дунёдагина ҳукм қилурсан.
Haqiqiy iymon ila qalblari obod boʻlgan moʻminlar tugʻyonga ketgan gumroh podshoh–Firʼavnning tahdidiga shunday javob qaytardilar. Bu javobda ular endi oʻzlarining haqiqiy yoʻllarini topib olganlarini, bu yoʻlda sobit turajaklarini, hech narsa ularni bu toʻgʻri yoʻldan qaytara olmasligini ochiq-oydin aytdilar:
«Biz seni zinhor oʻzimizga kelgan ochiq-oydin (moʻʼjiza)lardan va bizni yaratgan Zotdan ustun qoʻymasmiz».
Ey, Firʼavn, ey, tugʻyonga ketgan podshoh, biz endi seni hech qachon oʻzimizga kelgan Musoning va Horunning Paygʻambarliklarini tasdiqlovchi ravshan moʻʼjizalardan ustun qoʻymaymiz. Endi biz uchun sendan koʻra Allohning Paygʻambari afzal. Oldin sening kimligingni bilmagan ekanmiz.
Ey, Firʼavn, ey, tugʻyonga ketgan podshoh, biz endi seni hech qachon oʻzimizni yaratgan zotdan–Allohdan ustun qoʻymaymiz. Endi sening emas, U zotning aytganini qilamiz. Oldin U zotni bilmagan ekanmiz. Sen bizga jazo bermoqchisan, doʻq-poʻpisa, tahdid qilmoqdasan.
«Bas, nima hukm qilsang, qilaver.»
Endi biz sening doʻq-poʻpisangdan, tahdidingdan qoʻrqmaymiz. Chunki:
«Sen faqat hayoti dunyoda hukm chiqarasan, xolos».
Qoʻlingdan keladigani shu, xolos. Bu dunyoda baʼzi bir hukmlar chiqarishing mumkin. Qamaysan, kesasan, chopasan, osasan, qoʻlingdan boshqa nima ham kelar edi! Hech narsa kelmaydi. Bizni qoʻrqitaman deb umid qilma. Biz kimga va nimaga iymon keltirganimizni yaxshi bilamiz.
«Albatta, biz Robbimiz xatolarimizni va sen bizni majbur qilgan sehrni magʻfirat qilishi uchun iymon keltirdik.»
Oʻylab koʻrsak, shu paytgacha xato ishlar qilibmiz. Shu xatolarni sen emas, Alloh kechirar ekan. Shuning uchun, unga iymon keltirdik. Shu vaqtgacha sen bizni sehr koʻrsatishga majbur etib kelding. Endi oʻylab qarasak, sen oʻz manfaating uchun bizni gunoh ishga buyurayotgan ekansan. Ana oʻsha gunohlarimizni kechguvchi ham Alloh ekan. Shuning uchun, biz Unga iymon keltirdik.
«Alloh yaxshi va boqiydir», dedilar.
Yaʼni, Alloh beradigan mukofot sen beradigan mukofotdan yaxshi va Allohning azobi sening azobingdan boqiy. Shuning uchun ham, biz hech qachon seni Allohdan ustun qoʻya olmaymiz.
Alloh taolo iymonga kelgan sehrgarlarga ilhom berdi va ular Firʼavnga nasihat qila boshladilar: