إِنَّآ ءَامَنَّا بِرَبِّنَا لِيَغْفِرَ لَنَا خَطَـٰيَـٰنَا وَمَآ أَكْرَهْتَنَا عَلَيْهِ مِنَ ٱلسِّحْرِ ۗ وَٱللَّهُ خَيْرٌ وَأَبْقَىٰٓ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Albatta, biz Robbimiz xatolarimizni va sen bizni majbur qilgan sehrni mag`firat qilishi uchun iymon keltirdik. Alloh yaxshi va boqiydir», dedilar.Албатта, биз Роббимиз хатоларимизни ва сен бизни мажбур қилган сеҳрни мағфират қилиши учун иймон келтирдик. Аллоҳ яхши ва боқийдир», дедилар.Alauddin Mansour: Bizlar esa xatolarimizni va sen bizlarni majbur qilgan sehrgarlikdan iborat (gunohimizni) magʻrifat qilishi uchun Parvardigorimizga iymon keltirdik. Alloh(ning savobi) yaxshiroq va (azobi) uzunroqdir».Бизлар эса хатоларимизни ва сен бизларни мажбур қилган сеҳргарликдан иборат (гуноҳимизни) мағрифат қилиши учун Парвардигоримизга иймон келтирдик. Аллоҳ(нинг савоби) яхшироқ ва (азоби) узунроқдир».
Haqiqiy iymon ila qalblari obod boʻlgan moʻminlar tugʻyonga ketgan gumroh podshoh–Firʼavnning tahdidiga shunday javob qaytardilar. Bu javobda ular endi oʻzlarining haqiqiy yoʻllarini topib olganlarini, bu yoʻlda sobit turajaklarini, hech narsa ularni bu toʻgʻri yoʻldan qaytara olmasligini ochiq-oydin aytdilar:
«Biz seni zinhor oʻzimizga kelgan ochiq-oydin (moʻʼjiza)lardan va bizni yaratgan Zotdan ustun qoʻymasmiz».
Ey, Firʼavn, ey, tugʻyonga ketgan podshoh, biz endi seni hech qachon oʻzimizga kelgan Musoning va Horunning Paygʻambarliklarini tasdiqlovchi ravshan moʻʼjizalardan ustun qoʻymaymiz. Endi biz uchun sendan koʻra Allohning Paygʻambari afzal. Oldin sening kimligingni bilmagan ekanmiz.
Ey, Firʼavn, ey, tugʻyonga ketgan podshoh, biz endi seni hech qachon oʻzimizni yaratgan zotdan–Allohdan ustun qoʻymaymiz. Endi sening emas, U zotning aytganini qilamiz. Oldin U zotni bilmagan ekanmiz. Sen bizga jazo bermoqchisan, doʻq-poʻpisa, tahdid qilmoqdasan.
«Bas, nima hukm qilsang, qilaver.»
Endi biz sening doʻq-poʻpisangdan, tahdidingdan qoʻrqmaymiz. Chunki:
«Sen faqat hayoti dunyoda hukm chiqarasan, xolos».
Qoʻlingdan keladigani shu, xolos. Bu dunyoda baʼzi bir hukmlar chiqarishing mumkin. Qamaysan, kesasan, chopasan, osasan, qoʻlingdan boshqa nima ham kelar edi! Hech narsa kelmaydi. Bizni qoʻrqitaman deb umid qilma. Biz kimga va nimaga iymon keltirganimizni yaxshi bilamiz.
«Albatta, biz Robbimiz xatolarimizni va sen bizni majbur qilgan sehrni magʻfirat qilishi uchun iymon keltirdik.»
Oʻylab koʻrsak, shu paytgacha xato ishlar qilibmiz. Shu xatolarni sen emas, Alloh kechirar ekan. Shuning uchun, unga iymon keltirdik. Shu vaqtgacha sen bizni sehr koʻrsatishga majbur etib kelding. Endi oʻylab qarasak, sen oʻz manfaating uchun bizni gunoh ishga buyurayotgan ekansan. Ana oʻsha gunohlarimizni kechguvchi ham Alloh ekan. Shuning uchun, biz Unga iymon keltirdik.
«Alloh yaxshi va boqiydir», dedilar.
Yaʼni, Alloh beradigan mukofot sen beradigan mukofotdan yaxshi va Allohning azobi sening azobingdan boqiy. Shuning uchun ham, biz hech qachon seni Allohdan ustun qoʻya olmaymiz.
Alloh taolo iymonga kelgan sehrgarlarga ilhom berdi va ular Firʼavnga nasihat qila boshladilar: