قَالُوا۟ مَآ أَخْلَفْنَا مَوْعِدَكَ بِمَلْكِنَا وَلَـٰكِنَّا حُمِّلْنَآ أَوْزَارًا مِّن زِينَةِ ٱلْقَوْمِ فَقَذَفْنَـٰهَا فَكَذَٰلِكَ أَلْقَى ٱلسَّامِرِىُّ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Ular: «Biz senga bergan va'daga o`z ixtiyorimiz ila xilof qilmadik. Lekin bizga u qavmning ziynatidan og`irliklar yuklangan edi. Bas, ularni tashladik, Somiriy ana shunday ilqo qildi», dedilar.Улар: «Биз сенга берган ваъдага ўз ихтиёримиз ила хилоф қилмадик. Лекин бизга у қавмнинг зийнатидан оғирликлар юкланган эди. Бас, уларни ташладик, Сомирий ана шундай илқо қилди», дедилар.Alauddin Mansour: Ular aytdilar: «Bizlar senga bergan vaʼdani oʻz inon-ixtiyorimiz bilan buzganimiz yoʻq. Lekin bizlar (Misrdan chiqib kelayotganimizda Firʼavn) qavmining zeb-ziynatlaridan iborat narsalarni koʻtarib chiqqan edik, bas (Somiriyning amri bilan) ularni (olovga) tashladik. Soʻng Somiriy ham (oʻzi koʻtarib chiqqan narsalarni olovga) tashladi.Улар айтдилар: «Бизлар сенга берган ваъдани ўз инон-ихтиёримиз билан бузганимиз йўқ. Лекин бизлар (Мисрдан чиқиб келаётганимизда Фиръавн) қавмининг зеб-зийнатларидан иборат нарсаларни кўтариб чиққан эдик, бас (Сомирийнинг амри билан) уларни (оловга) ташладик. Сўнг Сомирий ҳам (ўзи кўтариб чиққан нарсаларни оловга) ташлади.
Xaloskori va Paygʻambari Muso alayhissalomga Bani Isroilning aytayotgan uzrini qarang. Qilar ishni qilib qoʻyishgan. Dunyoda bundan katta jinoyat yoʻq. Ammo uzrlari hech narsaga arzimaydi.
«Ular: «Biz senga bergan vaʼdaga oʻz ixtiyorimiz ila xilof qilmadik», deyishmoqda.
Uzr aytishning eng qulay yoʻli–ixtiyoridan tashqari ish boʻlib qolganini bahona qilish. Lekin ixtiyordan tashqaridagi oʻsha ish iymondan kechishga, yaratgan Xoliqni qoʻyib, buzoqning haykaliga ibodat qilishga arziydimi?!
«Lekin bizga u qavmning ziynatidan ogʻirliklar yuklangan edi.»
Yaʼni, bizda Firʼavn qavmining ziynatlari, tilla taqinchoqlari boʻlib, ular ortiqcha yuk edi.
Ulamolarning rivoyat qilishlaricha, Bani Isroillik ayollar misrliklardan turli zebu ziynat va taqinchoqlarni qarzga olishgan ekan. Misrdan chiqishayotganda oʻsha taqinchoqlarni ham oʻzlari ila birga olishibdi. Muso alayhissalom miyqotga ketganlarida, taqinchoqlar masalasi koʻtarilibdi. Horun alayhissalom ularning halol yoki haromligida shubhaga tushibdilar. Muso qaytib kelsa, soʻraymiz, deb bir chuqurga olov yoqtirib, hamma taqinchoqlarni oʻsha chuqurga tashlashni buyuribdilar. Bani Isroilning ziynatlar haqidagi gapida oʻsha taqinchoqlar koʻzda tutilgan.
«Bas, ularni tashladik.»
Yaʼni, Horun amr qilganidan keyin biz u taqinchoqlarni chuqurga tashladik.
«Somiriy ana shunday ilqo qildi.»
Oyati karimaning oxiridagi ushbu jumla haqida tafsir ulamolari ikki xil maʼno aytishgan. Koʻplar: «Shuningdek, Somiriy ham tashladi», deb maʼno berganlar. Yaʼni, Somiriy ham oʻzida bor zebu ziynatlarni chuqurga tashlagan.
Baʼzi ulamolar esa, «Somiriy ana shunga undadi», degan maʼno chiqarganlar. Yaʼni, buzoq haykaliga ibodat qilishga undadi, deb maʼno berganlar. Ulamolar orasidagi bu xilofga sabab jumladagi «alqo» soʻzidir. Bu soʻz «tashlash» maʼnosida ham, «fikr tashlash– undash» maʼnosida ham ishlatiladi.
Biz ikkinchi toifa ulamolarning gapiga qoʻshilib, «ilqo qildi–undadi» maʼnosini ixtiyor qildik. Bunga sabab shuki, avval oyatda «tashladik» soʻzi «qazafa» feʼli bilan anglatilgan. Agar Somiriy ham Bani Isroil kabi taqinchoqlarini tashlaganida «alqas-Somiriyyu» demasdan, «qazafas-Somiriyyu» deyilgan boʻlar edi.
Ulamolar, Somiriy asli somarolik boʻlib, Bani Isroilga kuzatuvchi–yoʻl koʻrsatuvchi odam edi, deganlar.
Boʻlgan voqea shu. Taqinchoqlarni olovli chuqurga tashlashgan ekan, Somiriy ularni eritib, buzoq shakliga solib, mana shu sizlarning xudoingiz, unga ibodat qilinglar, desa, ibodat qilib ketaverishibdi. Ularning fikricha, bu ixtiyorlaridan tashqari ish emish!