وَكَمْ قَصَمْنَا مِن قَرْيَةٍ كَانَتْ ظَالِمَةً وَأَنشَأْنَا بَعْدَهَا قَوْمًا ءَاخَرِينَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Biz zolim bo`lgan shahar-qishloqlardan qanchasini (belini) sindirdik va ulardan keyin boshqa qavmlarni paydo etdik.Биз золим бўлган шаҳар-қишлоқлардан қанчасини (белини) синдирдик ва улардан кейин бошқа қавмларни пайдо этдик.Alauddin Mansour: Qancha zolim-kofir boʻlgan qishloq-shaharlarning (ahlini) halok qildik va ularning ortidan (butunlay) boshqa qavm-avlodni vujudga keltirdik.Қанча золим-кофир бўлган қишлоқ-шаҳарларнинг (аҳлини) ҳалок қилдик ва уларнинг ортидан (бутунлай) бошқа қавм-авлодни вужудга келтирдик.
Biz «belini sindirdik» deb tarjima qilgan ibora «qosamna» iborasi boʻlib, sindirish bilan birga, dahshatli halokat maʼnosini ham jamlaydi.
Shahar-qishloqlar, diyorlar paydo boʻlib, unib-oʻsib, rivojlanib boraveradi. Ammo, qaysi biri zulmga oʻtsa, Alloh taolo uning belini sindiradi. Halok qiladi. Zulm naqadar yomon amalligini shundan ham bilib olish mumkin. Ulamolarimiz, hukm–sulton kufr bilan davom etishi mumkin, ammo zulm bilan davom etmaydi, deydilar. Zolim boʻlgan shahar-qishloqlarning belini sindirish Alloh taoloning qadimiy odati ekanini
«...zolim boʻlgan shahar-qishloqlardan qanchasini (belini) sindirdik...» degan jumladan bilib olish mumkin.
Jumla tasdigʻi uchun tarixga bir nazar solishning oʻzi kifoya. Ulardan baʼzi misollar shu surai karimaning oʻzida ham keladi.
«...va ulardan keyin boshqa qavmlarni paydo etdik.»
Tarix gʻildiragi aylanaveradi. Alloh zulmga ketgan bir qavmni halok etsa, boshqasini yangidan tarix sahifasiga chiqarib qoʻyaveradi. Oʻsha yangi qavm harakat qilib, koʻzga koʻrinadi, rivojlanadi, unadi, oʻsadi. Ammo, haddidan oshib zulmga oʻtsa, u ham halok boʻladi. Har bir qavm rivojlanib, ishi yurishib turgan paytida gʻururga ketib, hech narsani nazariga ilmay qoʻyadi.