ٱلَّذِينَ إِن مَّكَّنَّـٰهُمْ فِى ٱلْأَرْضِ أَقَامُوا۟ ٱلصَّلَوٰةَ وَءَاتَوُا۟ ٱلزَّكَوٰةَ وَأَمَرُوا۟ بِٱلْمَعْرُوفِ وَنَهَوْا۟ عَنِ ٱلْمُنكَرِ ۗ وَلِلَّهِ عَـٰقِبَةُ ٱلْأُمُورِ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Ularga yer yuzida imkon bersak, namozni to`kis ado eturlar, zakotni berurlar, yaxshilikka buyurib, yomonlikdan qaytarurlar. Ishlarning oqibati Allohga oiddir.Уларга ер юзида имкон берсак, намозни тўкис адо этурлар, закотни берурлар, яхшиликка буюриб, ёмонликдан қайтарурлар. Ишларнинг оқибати Аллоҳга оиддир.Alauddin Mansour: Ularni (yaʼni, musulmonlarni) agar Biz Yer yuziga gʻolib qilsak — ular namozni toʻkis ado etadilar, zakotni (haqdorlarga) ato etadilar, yaxshilikka buyuradilar, yomonlikdan qaytaradilar. (Barcha) ishlarning oqibati Allohning (izmidadir).Уларни (яъни, мусулмонларни) агар Биз Ер юзига ғолиб қилсак — улар намозни тўкис адо этадилар, закотни (ҳақдорларга) ато этадилар, яхшиликка буюрадилар, ёмонликдан қайтарадилар. (Барча) ишларнинг оқибати Аллоҳнинг (измидадир).
Oyati karimadagi «Ularga yer yuzida imkon bersak» jumlasidan «makon bersak» maʼnosi ham tushuniladi. Bunga qoʻshimcha «yer yuzida nusrat, gʻalaba bersak» maʼnolari ham chiqadi. Diyorlaridan «Robbimiz Alloh» deganlari uchun chiqarilgan musulmonlarga yer yuzida makon, nusrat, gʻalaba–imkon bersak:
«...namozni toʻkis ado eturlar...»
Hovliqib ketmaydilar, balki Alloh taologa ixlos bilan ibodat qiladilar, u bilan bogʻlanishni kuchaytiradilar.
«...zakotni berurlar...»
Yer yuzida imkon topganlaridan keyin, molu dunyoga oʻch boʻlmaydilar. Balki baxillik dardidan ustun kelib, moliyaviy ibodatlarini ham oʻz oʻrnida ado etadilar. Zakotlarini berib, jamiyatlaridagi beva-bechora, kambagʻallarga yengillik yaratadilar.
«...yaxshilikka buyurib, yomonlikdan qaytarurlar.»
Kishilarni dinda yaxshi bilingan barcha ishlarga daʼvat qiladilar. Yomon bilingan barcha ishlardan qaytaradilar.
Shu ishlari Allohga yordam berishlaridir, shuning uchun ham, Alloh taolo ularga yordam, nusrat beradi.
«Ishlarning oqibati Allohga oiddir.»
Alloh xohlagan oqibatini keltirib chiqaradi. Xohlasa, magʻlubiyatni ham gʻalabaga aylantirib yuboradi.
Bu oyatlarda nusrat musulmonlarga boʻlishi muqarrar ekanligi aytib oʻtildi. Endi keladigan oyatlarda Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamga taskin berib, Alloh taoloning Oʻzi yordam berishi, U zot avval oʻtgan Paygʻambarlarga ham yordam bergani eslatiladi: