وَمَآ أَرْسَلْنَا مِن قَبْلِكَ مِن رَّسُولٍ وَلَا نَبِىٍّ إِلَّآ إِذَا تَمَنَّىٰٓ أَلْقَى ٱلشَّيْطَـٰنُ فِىٓ أُمْنِيَّتِهِۦ فَيَنسَخُ ٱللَّهُ مَا يُلْقِى ٱلشَّيْطَـٰنُ ثُمَّ يُحْكِمُ ٱللَّهُ ءَايَـٰتِهِۦ ۗ وَٱللَّهُ عَلِيمٌ حَكِيمٌ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Biz sendan ilgari hech bir Rasul va Nabiy yubormadikki, u bir narsani tamanniy qilganida, shayton uning tamanniysiga (shubha) tashlamagan bo`lsa. Bas, Alloh shayton tashlaydigan narsani ketkazur. So`ngra, Alloh O`z oyatlarini mustahkam qilur. Alloh o`ta bilguvchi va hikmatli Zotdir.Биз сендан илгари ҳеч бир Расул ва Набий юбормадикки, у бир нарсани таманний қилганида, шайтон унинг таманнийсига (шубҳа) ташламаган бўлса. Бас, Аллоҳ шайтон ташлайдиган нарсани кетказур. Сўнгра, Аллоҳ Ўз оятларини мустаҳкам қилур. Аллоҳ ўта билгувчи ва ҳикматли Зотдир.Alauddin Mansour: (Ey Muhammad alayhis-salotu vas-salom), Biz sizdan ilgari yuborgan har bir elchi va paygʻambar borki, qachon (ulardan birontasi oʻziga nozil boʻlgan oyatlarni) qiroat qilsa, shayton uning qiroatiga (asli oyatda boʻlmagan narsalarni) tashlagandir. Bas, Alloh shayton tashlaydigan narsani bekor qilur, soʻngra Alloh Oʻz oyatlarini mustahkam qilur. Alloh ilm va hikmat Egasidir.(Эй Муҳаммад алайҳис-салоту вас-салом), Биз сиздан илгари юборган ҳар бир элчи ва пайғамбар борки, қачон (улардан биронтаси ўзига нозил бўлган оятларни) қироат қилса, шайтон унинг қироатига (асли оятда бўлмаган нарсаларни) ташлагандир. Бас, Аллоҳ шайтон ташлайдиган нарсани бекор қилур, сўнгра Аллоҳ Ўз оятларини мустаҳкам қилур. Аллоҳ илм ва ҳикмат Эгасидир.
Ushbu oyati karimaga alohida eʼtibor qilmogʻimiz lozim. Binobarin, batafsilroq soʻz yuritmoq kerak boʻladi.
Avvalo, oyati karimada «Rasul va Nabiy»soʻzlarining bir joyda kelganiga eʼtibor bermoq lozim. Bu ikki atamaning har birida oʻziga xos maʼnolar bor. Biz «Rasul»ni ham, «Nabiy»ni ham «Paygʻambar», deb oʻrganib qolganmiz. Aslida esa, bu ikki nomda farq bor. Shariat urfiga koʻra, «Rasul» oʻziga vahiy kelgan va oʻsha vahiyni oʻzgalarga yetkazishga masʼul boʻlgan zotdir. «Nabiy» esa, oʻziga vahiy kelgan-u, uni boshqalarga yetkazishga masʼul boʻlmagan kishidir. Shunga binoan, har bir Rasul Nabiy sanaladi, ammo hech bir Nabiy Rasul emas. Bani Isroilda koʻpgina Nabiylar boʻlgan, ularning barchasiga vahiy kelgan, ammo hammalari Muso alayhissalom shariatlariga daʼvat qilishgan.
Eng ahamiyatlisi shuki, oyat maʼnosini turli tomonga burish imkoni bor. Bundan Islom dushmanlari fitna chiqarganlar, koʻpgina tafsirchi ulamolar bundan taʼsirlanganlar ham. Yana boshqalari esa, bu taʼsirdan qochmoqchi boʻlib, boshqa tomonga burilganlar.
Oyati karimadagi birinchi jumla:
«Biz sendan ilgari hech bir Rasul va Nabiy yubormadikki, u bir narsani tamanniy qilganida, shayton uning tamanniysiga (shubha) tashlamagan boʻlsa».
Bu jumlani «Har bir Paygʻambar shayton vasvasasiga uchragan» degan maʼnoda tushunganlar boʻlgan. Ularning bunday fikrga kelishlariga esa, shu va undan keyingi ikki oyatning nozil boʻlishi haqida keltirilgan asossiz va notoʻgʻri rivoyatlar sabab boʻlgan. Oʻsha rivoyatlarda aytilishicha, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam «Najm» surasi nozil boʻlganida, u surani tilovat qilib borib: «Afaroaytumul Lota va Uzzaa va Manatas Salisalal Uxro»ni oʻqiganlaridan soʻng, shayton tillariga: «Tilkal gʻaroniyqul ulaa va inna shafoatuhunna laturtaja»ni solgan emish. Ul zot sollallohu alayhi vasallam buni ham qoʻshib, tilovat qilib yuborgan emishlar. Bundan esa, Quraysh mushriklari gʻoyatda shod boʻlibdilar. Chunki, umumiy maʼno, «Lot va Uzzoni va boshqa uchinchi Manotni (yaʼni, Quraysh butlarini) koʻrmadingizmi? Ular oliy qushlardir. Ularning shafoatlari rajo qilinur», boʻladi. Bu, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam qurayshliklarning Lot, Uzzo va Manot nomli butlarini Allohning oldida shafoat beruvchi kichik xudolar deb tan olganlarini bildiradi-ku. Emishki, ana shunda farishta Jabroil alayhissalom kelib, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamga: «Men senga Allohdan olib kelmagan narsani tilovat qilding», debdi. Muhammad sollallohu alayhi vasallam juda mahzun boʻlibdilar. U kishiga tasalli berish uchun Alloh taolo yuqoridagi oyatlarni nozil qilibdi. Yaʼni, boʻlib oʻtgan narsaga qattiq xafa boʻlma, sendan oldin oʻtgan har bir Rasul va Nabiy hayotida ham bu ish boʻlib oʻtgan, degan emish.
Bu hol Paygʻambarlar shaʼniga, xususan Muhammad sollallohu alayhi vasallam shaʼnlariga mutlaqo toʻgʻri kelmaydigan holdir. Avvalo, bu rivoyatlar Islom dushmanlari tomonidan toʻqilib, yomon gʻaraz bilan kiritilganligi ochiq-oydin koʻrinib turibdi. Eʼtimodli ulamolar mazkur rivoyatlarning hech biri Rasuli Akram sollallohu alayhi vasallamga tegishli boʻlishi aslo mumkin emasligini isbot qilganlar. Jumladan, Hofiz ibn Kasir bu rivoyatlarning hammasini inkor etganlar. Boshqa olimlarimiz ham bunga qoʻshiladilar. Zaif, asossiz rivoyatni Qurʼoni Karim oyati tafsiriga, xususan, aqiydaga tegishli masalaga dalil qilib olish hech ham toʻgʻri kelmaydigan ish ekani hammaga maʼlum.
Endi oʻsha mazkur rivoyatlarning maʼnosiga kelsak, ular Islom aqiydasiga, Qurʼon va Sunnat taʼlimotlariga mutlaqo teskaridir. Islom aqiydasi boʻyicha, barcha Paygʻambarlar maʼsumdirlar. Yaʼni, xato, gunoh qilishdan ularni Allohning Oʻzi saqlagandir. Yoʻqsa, Paygʻambar boʻlishlari mumkin emas. Qurʼoni Karim hamma Paygʻambarlarning bunday xatolardan pokligini bayon qilib kelgan. Xususan, Muhammad sollallohu alayhi vasallam haqlarida ham bu maʼno mustahkam ravishda sobitdir. Ul zot havodan gapirmasliklari, faqat Allohdan kelgan vahiynigina nutq qilishlari taʼkidlangan. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarida ham xuddi shu maʼno sobitdir.
Yuqoridagi zaif rivoyatlar esa «Barcha Rasul va Nabiylar, shu jumladan, Muhammad sollallohu alayhi vasallam ham shayton vasvasasiga uchrab, Allohdan kelgan vahiyga shayton solgan shubhani aralashtirganlar», degan maʼnoni keltirib chiqarmoqda. Bu mutlaqo notoʻgʻri tushuncha. Paygʻambarlarga shayton vasvasasiga uchrab, Alloh bergan omonat vahiyga shubha aralashtirganlik nisbatini berish u zotlar uchun katta tuhmatdir.
Lugʻat jihatidan qaraydigan boʻlsak ham, «tamanniy» soʻzi hech bir holda «tilovat» yoki «qiroat» maʼnosida ishlatilmaydi. Arab tilining koʻp asrlik tarixida bu ish koʻrilgan emas. «Tamanniy» soʻzi arab tilida «oliy orzu» (ajnabiy tildagi «ideal») maʼnosini anglatadi. Shuning uchun ham, oyati karima maʼnosini tarjima qilishda bu soʻzni shu holda qoldirishni ravo koʻrdik.
Maʼlumki, Paygʻambar alayhimussalomlar Alloh taolodan vahiy orqali amrlarni qabul qilib oluvchi, ularni kishilar hayotiga tatbiq qilishga masʼul zotlardir. Ul zotlar ilohiy daʼvatni kishilar koʻproq qabul qilishiga, dunyoda kofir kimsa qolmasligiga, ilohiy amrlar toʻlaligicha tatbiq boʻlishiga qattiq uringan shaxslardir. Ular bu maʼnoda eng oliy orzu egalari boʻlganligida shubha yoʻq. Allohning hikmati esa, boshqa holni, moʻminlar bilan birga kofirlarning ham boʻlishini, daʼvat yoʻlida turli qiyinchiliklar duch kelishini taqozo qilishi mumkin. Har doim Paygʻambarlar insonlik sifatlari ila oliy orzuga berilib, voqelikdan ranjiganlarida, Alloh ularga Oʻz hikmatini eslatib turgan. Koʻpgina ulamolarimiz, ushbu oyatdan xuddi shu maʼnolarni tushunmoq kerak, deydilar. Zotan, «Haj» surasida shu oyatga qadar kofir va mushriklarning kirdikorlari, iymondan qochishlari haqida soʻz yuritilib, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamga «Men ochiq-oydin ogohlantirguvchiman, xolos», deyishlik taʼkidlanib kelmoqda edi. Muhammad sollallohu alayhi vasallam esa, oliy orzu ogʻushida boʻlib, hamma, iloji boricha koʻproq odam iymonga kelishini istar edilar. Bu holatlari boshqa suralarda ham bayon qilingan, baʼzi vaqtlarda bu xususda Alloh tomonidan tanbeh, hatto itoblar ham kelgan edi.
Ushbu oyati karimada esa, bu oliy orzu boshqa Rasul va Nabiylarda ham boʻlganligi, bu koʻproq shayton tomonidan notoʻgʻri fikr yoki holatlarga olib borishi mumkinligi, ammo Alloh doimo Oʻzi Paygʻambarlarini bundan saqlab kelganligi aytilmoqda. Ushbu holat Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam hayotlarida bir necha marta koʻrilgan. Eng mashhuri Abdulloh ibn Ummu Maktum qissasidir. Rasuli Akram sollallohu alayhi vasallam bir kuni Valid ibn Mugʻiyra boshliq Quraysh kiborlarini dinga daʼvat qilib turganlarida, ikki koʻzi ojiz sahobiy Abdulloh ibn Ummu Maktum kelib: «Ey, Allohning Rasuli, menga Alloh sizga oʻrgatgan narsalardan oʻrgating», deb baland ovoz ila murojaat qilib qoldi. Quraysh boshliqlari, boy-zodagonlarining iymonga kelishini qattiq orzu qilgan Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam Abdulloh ibn Ummu Maktumning gapiga eʼtibor bermay, ishlarida davom etdilar. Abdulloh ibn Ummu Maktum esa, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning nima bilan mashgʻul ekanliklarini koʻrmaganidan, yana bir necha bor avvalgi gaplarini takrorladi. Uning bu ishi Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamga yoqmadi, u zot yuzlarini burishtirdilar. Ana shunda Alloh taolo «Abasa» surasining avvalgi oyatlarini nozil qilib, Paygʻambarini itob qildi. Shu voqeadan soʻng Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam Abdulloh ibn Ummu Maktumni koʻrishlari bilan: «Robbim uning uchun meni itob qilgan kishi xush kelibdi!» deb xursandchilik bilan kutib olar va «Nima xizmating bor?» deb soʻrar edilar.
Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning daʼvatni eng toʻgʻri va kuchli yoʻlda olib borish bilan birga, oliy orzu ogʻushida dushman qabila zodagonlariga koʻproq eʼtibor berishlari mana shu holatni paydo qildi. Xuddi shu narsa shaytonning daʼvat ishiga shubha solishga urinishi boʻlib qolishi mumkin, deb baholanmoqda. Alloh taolo Oʻzi bu ishga aralashib, muhkam oyatlarini nozil qilib, eng toʻgʻri hukmni yanada mahkamlamoqda. Shayton kirishga harakat qilishi mumkin boʻlgan darchani yana ham qattiqroq berkitmoqda.
Ana endi Alloh taoloning:
«Biz sendan ilgari hech bir Rasul va Nabiy yubormadikki, u bir narsani tamanniy qilganida, shayton uning tamanniysiga (shubha) tashlamagan boʻlsa», degan gapini oʻz maʼnosida anglashimiz mumkin.
Yaʼni, boshqa hamma Rasul va Nabiylar ham senga oʻxshab, ey Muhammad, tamanniy–oliy orzu holatida boʻlganlar. Shayton esa, ularning bu holatidan oʻz maqsadida foydalanish uchun bu oliy orzularga shubha solishga urinib koʻrgan.
«Bas, Alloh shayton tashlaydigan narsani ketkazur.»
Alloh shayton tashlamoqchi boʻlgan shubhani ketkazib, undan hech asar ham qoldirmas.
«Soʻngra, Alloh Oʻz oyatlarini mustahkam qilur.»
Hech qanday ehtimol, hech qanday tushuncha yoki urinishga yoʻl qoʻymaydigan qilib, mahkamlab qoʻyar.
«Alloh oʻta bilguvchi va hikmatli zotdir.»
Shuning uchun ham, har bir narsani bilib, hikmat ila qiladi. Oliy orzular ogʻushida qattiq urinib, natija chiqmasa, xafa boʻlish kerak emas. Alloh taoloning bunday qilishi: