ثُمَّ خَلَقْنَا ٱلنُّطْفَةَ عَلَقَةً فَخَلَقْنَا ٱلْعَلَقَةَ مُضْغَةً فَخَلَقْنَا ٱلْمُضْغَةَ عِظَـٰمًا فَكَسَوْنَا ٱلْعِظَـٰمَ لَحْمًا ثُمَّ أَنشَأْنَـٰهُ خَلْقًا ءَاخَرَ ۚ فَتَبَارَكَ ٱللَّهُ أَحْسَنُ ٱلْخَـٰلِقِينَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: So`ngra nutfadan alaqa yaratdik, alaqadan chaynalgan go`sht yaratdik, chaynalgan parcha go`shtdan suyak yaratdik, bas, suyakka go`sht qopladik, so`ngra uni boshqa bir jonzot etib paydo qildik. Bas, yaratguvchilarning eng yaxshisi Alloh barakotli va buyukdir.Сўнгра нутфадан алақа яратдик, алақадан чайналган гўшт яратдик, чайналган парча гўштдан суяк яратдик, бас, суякка гўшт қопладик, сўнгра уни бошқа бир жонзот этиб пайдо қилдик. Бас, яратгувчиларнинг энг яхшиси Аллоҳ баракотли ва буюкдир.Alauddin Mansour: Soʻngra bu nutfadan laxta qonni yaratib, laxta qondan parcha goʻshtni yaratib, parcha goʻshtdan suyaklarni yaratib, bu suyaklarga goʻsht qopladik, soʻngra (unga jon kirgizib, avval boshdagi bir tomchi suv — nutfadan butunlay) boshqa bir jonzot holida paydo qildik. Bas, eng goʻzal yaratguvchi (yaʼni, yoʻqdan bor qilguvchi boʻlmish) Alloh barakotli — buyukdir.Сўнгра бу нутфадан лахта қонни яратиб, лахта қондан парча гўштни яратиб, парча гўштдан суякларни яратиб, бу суякларга гўшт қопладик, сўнгра (унга жон киргизиб, аввал бошдаги бир томчи сув — нутфадан бутунлай) бошқа бир жонзот ҳолида пайдо қилдик. Бас, энг гўзал яратгувчи (яъни, йўқдан бор қилгувчи бўлмиш) Аллоҳ баракотли — буюкдир.
Erkak kishining sulbidan ayolning bachadoniga tushgan nutfaning bir bosqichdan ikkinchisiga oʻtishining Qurʼondagi vasfi eng toʻgʻri, eng aniq vasf ekanligini ushbu oyatlar nozil boʻlganidan oʻn toʻrt asr oʻtib, homila ilmi boʻyicha dunyoning eng koʻzga koʻringan gʻayri musulmon ulamolari tasdiq qildilar.
«Soʻngra nutfadan alaqa yaratdik...»
Yaʼni, mustahkam qarorgoh boʻlmish bachadonda, unga erkakning sulbidan tushgan nutfadan alaqa yaratdik. Yaʼni, erkakdan tushgan urugʻlik ayoldagi tuxum bilan urchigandan soʻng alaqaga (zulukka) aylanadigan qildik. Eski tafsirlarimizda «alaqa»ni «laxta qon» deb atashgan. Lekin arab tili qomuslarining birortasida «alaqa–laxta qon» deyilmagan. «Alaqa» hammaga maʼlum va mashhur zuluk nomli qon soʻradigan hayvon. Qadimgi tafsirchilarimiz nutfa urchib, homila paydo boʻlgan birinchi bosqichida laxta qon moddasiga oʻxshash boʻlgani uchun «alaqa»ni «laxta qon» deb tushuntirganlar. Hamma shuni aytib, yozib va tushunib yuravergan. Zamon oʻtib, ilm rivojlanib, turli asboblar vositasida nutfaning bachadondagi holini, alaqaga aylangan holini koʻrish imkonlari ochilgandan soʻng Qurʼoni Karimning yana bir moʻʼjizasi oshkor boʻldi. Oʻsha alaqa deb nomlangan laxta qon zuluk shaklida bachadon devorida yopishib, undan ozuqa soʻrib turar ekan. Bu haqiqatni anglab yetgan homila ilmi olimlari Qurʼoni Karimning ilohiy kitob ekanida shubha yoʻqligiga tan berdilar.
«...alaqadan chaynalgan goʻsht yaratdik...»
Nutfadan alaqaga aylangan zulukka oʻxshash laxta qonni chaynalgan goʻshtga oʻxshash narsaga aylantirdik.
«...chaynalgan parcha goʻshtdan suyak yaratdik...»
Insonning suyaklari shu tariqa paydo boʻldi. Alloh taoloning qudratini qarangki, goʻshtdan suyak hosil qiladi. Bola onasining qornida ekan, u suyak yumshoq boʻladi. Tugʻilganidan keyin qattiq jismga aylanadi.
«...bas, suyakka goʻsht qopladik...»
Goʻshtdan suyak yaratib turib, yana oʻsha suyakka goʻsht qoplash ham ajoyib bir narsa.
«...soʻngra uni boshqa bir jonzot etib paydo qildik.»
Insonni goʻshtu suyakdan iborat oʻzga jonzotlar kabi qilib qoʻymadik. Uni tamoman boshqacha, oʻziga xos bir jonzot etib paydo qildik. Uning jismi umuman boshqacha, ruhi, his-tuygʻulari, quvvatlari va boshqa xususiyatlari umuman oʻxshashi yoʻqdir.
«Bas, yaratguvchilarning eng yaxshisi Alloh barakotli va buyukdir.»
Allohdan oʻzga yaratguvchi yoʻqdir. Insonning yaratilishi jarayonini olib koʻraylik. Bu jarayonlarning qaysi birida Allohdan boshqa zotning ishtiroki bor? Hatto, bola paydo boʻlishining bevosita sababchilari–ota bilan ona ham bu jarayonni kutib turishdan boshqa hech narsaga qodir emaslar. Biz u qilib yubordik, biz bu qilib yubordik, deb maqtanadigan mutaxassislar esa, boʻlayotgan mazkur jarayonni tashqaridan turib kuzatadilar, xolos.
Ushbu dalillarning har biri insonni haqiqiy iymonga chorlamogʻi lozim. Lekin insonning qissasi toʻliq odam shaklida onadan tugʻilishi, bu dunyoda hayot kechirishi bilan tamom boʻlib qolmaydi.