ٱلزَّانِيَةُ وَٱلزَّانِى فَٱجْلِدُوا۟ كُلَّ وَٰحِدٍ مِّنْهُمَا مِا۟ئَةَ جَلْدَةٍ ۖ وَلَا تَأْخُذْكُم بِهِمَا رَأْفَةٌ فِى دِينِ ٱللَّهِ إِن كُنتُمْ تُؤْمِنُونَ بِٱللَّهِ وَٱلْيَوْمِ ٱلْـَٔاخِرِ ۖ وَلْيَشْهَدْ عَذَابَهُمَا طَآئِفَةٌ مِّنَ ٱلْمُؤْمِنِينَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Zinokor ayol va zinokor erkak, ikkovlaridan har birini yuz darradan uring. Agar siz Allohga va oxirat kuniga iymon keltiradigan bo`lsangiz, sizlarni ularga nisbatan Allohning dinida shafqat tutmasin. Va ularning azobiga bir toifa mo`minlar guvoh bo`lsinlar.Зинокор аёл ва зинокор эркак, икковларидан ҳар бирини юз даррадан уринг. Агар сиз Аллоҳга ва охират кунига иймон келтирадиган бўлсангиз, сизларни уларга нисбатан Аллоҳнинг динида шафқат тутмасин. Ва уларнинг азобига бир тоифа мўминлар гувоҳ бўлсинлар.Alauddin Mansour: Zinokor ayol va zinokor erkak — ulardan har birini yuz darradan uringlar. Agar sizlar Allohga va Oxirat kuniga iymon keltirguvchi boʻlsangizlar Allohning (bu) hukmida (yaʼni, zinokorlarni darralashda) sizlarni ularga nisbatan rahm-shafqat (tuygʻulari) tutmasin! Ularning azoblanishiga bir toifa moʻminlar guvoh boʻlsinlar!Зинокор аёл ва зинокор эркак — улардан ҳар бирини юз даррадан уринглар. Агар сизлар Аллоҳга ва Охират кунига иймон келтиргувчи бўлсангизлар Аллоҳнинг (бу) ҳукмида (яъни, зинокорларни дарралашда) сизларни уларга нисбатан раҳм-шафқат (туйғулари) тутмасин! Уларнинг азобланишига бир тоифа мўминлар гувоҳ бўлсинлар!
Ushbu oyatda zikr qilingan yuz darra urish jazosi oila qurmaganlar uchun tayin etilgandir. Yaʼni, nikohda boʻlmay, er-xotinlik hayotini tanib olmagan kishilar zino qilsalar, ushbu oyatning hukmiga binoan ularga yuz darradan uriladi.
«Zino» shariatda quyidagicha taʼriflanadi: «Zino–er kishining oʻz nikohida boʻlmagan ayol bilan jinsiy aloqa qilishidir». Xuddi shu maʼnoda zino barcha jamiyatlarda axloqiy jihatdan razilat, diniy jihatdan gunoh, ijtimoiy jihatdan nomussizlik sanaladi. Bu umumiy qoidadan faqat insoniyligini yoʻqotgan jamiyatlargina chetga chiqqanlar. Chunki, sof insoniy tabiat hech qachon zinoni yaxshilik sifatida qabul qila olmaydi. Zero, insoniyatning boqiy qolishi, kamol topishi uchun erkak bilan ayolning oʻrtasidagi aloqa doimiy va mustahkam ahdu vafo, jamiyat tomonidan kafolatlangan ahdu paymon asosida boʻlishi kerak. Shunday boʻlmasa, naslu nasab pokligi ham, ota-bolalik tuygʻusi ham, oila ham, jamiyat ham qolmaydi. Insoniyat tanazzulga yuz tutadi. Zino poklik va oliymaqomlikni yoʻqqa chiqaradigan amaldir. Shuning uchun ham, hamma xalqlar, hamma dinlar, hamma jamiyatlar zinoni qoralaganlar.
Shu bilan birga, ayrim xalqlar, dinlar, qonunlar zino jazoga loyiqmi, yoʻqmi, degan masalada ixtilof qilganlar. Insoniy tabiati buzilmagan jamiyatlar zinoni, hech ikkilanmay, «jazoga loyiq ish» deb baholab kelganlar. Tabiati buzuq, maʼnaviy poklikdan koʻra shahvatga koʻproq intiladigan jamiyatlarda esa, zinoni ikkiga boʻlishadi.
Birinchisi: oddiy zino, yaʼni, ersiz ayol bilan jinsiy aloqada boʻlish. Bu zinoga eʼtiborsiz qarashgan. Juda borsa, jarima solish bilan cheklanganlar.
Ikkinchisi: eri bor xotin bilan jinsiy aloqa qilish. Bu xildagi zinoni «turmush oʻrtogʻiga xiyonat qilish» deb atashadi. «Xiyonat» qilganlarga turli jazolar tayin ham etilgan. Masalan, qadimgi misrliklar erkakni tayoq bilan qattiq kaltaklashgan, xotinning burnini kesishgan.
Hindlar zinokor ayolni itlarga yegizishgan, erkakni qizdirilgan temir soʻriga yotqizib turib, atrofidan olov yoqishgan.
Rim qonunlari boʻyicha qadimda zinokorlarning mol-mulki musodara etilgan, keyinroq oʻlim jazosiga hukm qilingan, soʻngra umrbod qamoq jazosi bilan almashtirilgan va hokazolar.
Yahudiylarda zinokor oʻlimga hukm etilgan.
Masiyhiylarda esa, «oddiy» zinoga jazo yoʻq. Yaʼni, oilali boʻlmagan odam zino qilsa, jazo berilmagan. Ammo, oilali kishi zino qilsa, turmush oʻrtogʻiga xiyonat qilgani uchun jazolangan. Agar zinokor er ustidan xotin mahkamaga arz qilsa, xohlasalar, ularni ajratib qoʻyishgan. Ammo, er mahkamaga arz qilib, oʻziga xiyonat qilgan xotinidan ajrashishi va xotini bilan zino qilgan erkakdan jarima olishi mumkin. Eng qizigʻi shuki, zino xususida mahkamaga arz qilib ajrashgan er ham, xotin ham keyin yangi turmush qurishi mumkin emas.
Hozirgi kunda zinoga oid barcha qonunlar masiyhiylikdagi mana shu qoidaga asoslangan. Zino qoralansa ham, u jinoyat hisoblanmaydi, jazo belgilanmaydi. Chunki, mantiqsiz falsafaga binoan, ikki tarafning roziligi bilan boʻlgan zino jinoyat hisoblanmas ekan. Faqat, zoʻrlash, roziligini olmasdan turib, kuch ishlatib zino qilishgina jinoyat hisoblanar emish.
Bugungi kunda zino keng tarqalib, uning kasofati hammayoqni bosib ketgani ham shundan.
Islomda esa, mazkur qonun-qoidalarning aksi oʻlaroq, zino ulkan jinoyat hisoblanadi. Shuning uchun ham, bu jinoyat oila koʻrgan kishilar tomonidan sodir etilsa, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga binoan, toshboʻron qilib oʻldiriladi. Bu jazolar turmush oʻrtogʻiga xiyonat qilgani yoki birovning nomusini poymol etgani uchun emas, balki halol yoʻl bilan qondirishi mumkin boʻlgan shahvatini harom yoʻl bilan qondirgani uchun beriladi.
Agar odamlarga shahvatlarini tartibsiz ravishda, xohlagan yoʻl bilan qondiraverishlariga ijozat berilsa, tezda insoniyat va uning madaniyati, maʼnaviyati halokatga uchraydi. Agar inson oilaviy hayotning masʼuliyati, ogʻirliklari va mashaqqatlarini boʻyniga olmasdan, faqat shahvatini qondirishga harakat qiladigan boʻlsa, undan hech qachon bola tarbiyalashda, oila va jamiyatda biror foydali ishni kutib boʻlmaydi. Bunday kishilar bir lahzalik shahvatini qondirish uchun hamma narsani qurbon qilishga tayyordirlar. Shuning uchun ham, ular har qanday ogʻir jazoga loyiq.
Islomda jinoyatlar ikki xil–bandaning haqqiga yoki Xudoning haqqiga qilingan jinoyat, deb eʼtibor qilinadi, lekin zino ham bandaning haqqiga, ham Xudoning haqqiga jinoyat hisoblanadi.
Shuning uchun ham, Alloh taolo oyatning davomida zinokorlarga nisbatan murosasiz boʻlishga chorlaydi.
«Agar siz Allohga va oxirat kuniga iymon keltiradigan boʻlsangiz, sizlarni ularga nisbatan Allohning dinida shafqat tutmasin. Va ularning azobiga bir toifa moʻminlar guvoh boʻlsinlar.»
Zinokorlarga nisbatan jazoni toʻligʻicha joriy etishga Alloh taolo Oʻziga va qiyomat kuniga boʻlgan iymonni shart qilib qoʻymoqda. Yaʼni, agar Allohga va oxirat kuniga iymoningiz boʻlsa, zinokorlarga tayin qilingan jazoni joriy etasiz va ularga shafqat qilmaysiz, jazosiz qoʻymaysiz, deganidir. Eʼtibor berib qaraydigan boʻlsak, oyatda «sizlarni ularga nisbatan Allohning dinida shafqat tutmasin», deyilmoqda. Musulmonlarga qilinayotgan murojaatda zinokorlarga jazoni joriy etishlik «Allohning dini» deb aytilmoqda. Ha, Allohning dini, baʼzi nobakorlar aytganidek, «har bir kishining qalbidagi tuygʻu» emas. Aksincha, shariat chegarasidan chiqqanlarni jazoga tortish ham namoz, roʻza, zakot va haj kabi ibodatlardek Allohning dinidir. Jumladan, zinokorlarga shariatda belgilangan jazoni ijro etish–oilasiz zinokorlarga yuz darra urish, oila koʻrganlarini esa, toshboʻron qilib oʻldirish ham Allohning dinidir. Bu gaplar qandaydir bir bandaning fikri yoki chiqargan farmoni emas, Alloh taoloning Qurʼonda aytgan ochiq-oydin amridir.
«Ularning azobiga bir toifa moʻminlar guvoh boʻlsinlar.»
Chunki, bu hol boshqalarga ham ibrat boʻladi. Agar zinokorga darra urilsa, uning oʻzi ham, jazolashga guvoh boʻlganlar ham ibrat olib, bu ishga aslo yaqin kelmaydilar. Agar zinokor toshboʻron qilinsa, guvohlar ibrat oladi, boshqalarga aytib beradilar va eshitganlar ham ibrat oladilar.
Shu bilan birga, zinokorlarni jazolash xalq taftishi ostida boʻladi. Yoʻqsa, hukmdorlar «Qamoqxona ichida darra urdik yoki toshboʻron qildik», deb yolgʻon axborot berib, aybdorlarni jazolamay qoʻyishlari ham mumkin.
Islom dushmanlari bu hukmlarni oʻta shafqatsiz, insonni va uning hurriyatini xorlovchi choralar, deb baholaydilar va tuhmat toshlarini otadilar. Avvalo, ular oʻzlari zinoga berilgan, shahvatini hamma narsadan ustun qoʻyadigan odamlardir. Qolaversa, ular hamma narsani oʻz qarichlari bilan oʻlchaydilar. Islomning zinoga boʻlgan munosabatini faqat toshboʻrondan iborat deb tasavvur qiladilar. Lekin Islom musulmon jamiyatida zino sodir boʻlmasligi uchun barcha choralarni koʻrgani, shahvatni halol yoʻl bilan qondirishning hamma yoʻllarini osonlashtirib qoʻygani, zinokorga nisbatan jazoni qanday holatlarda joriy qilishi kabi koʻplab masalalar haqida umuman hech narsa bilmaydilar. Islom dushmanlari oʻz sharoitlari va toshboʻronni koʻz oldilariga keltiradilar, xolos. Ularning orasidan zino qilmagan odamni topish qiyin. Shuning uchun ham, ular Islom joriy qilinsa, hamma toshboʻron ostida oʻlib ketishi kerak, deb oʻylaydilar.
Lekin aslida shundaymi? Yoʻq, Islom inson hurriyatini poymol qilmaydi. Aksincha, qadrlaydi. Shuningdek, buzgʻunchilikni «hurriyat» deb emas, oʻz nomi bilan «buzgʻunchilik» deb ataydi. Zino barcha xalqlar, dinlar, tuzumlarda buzgʻunchilik sifatida baholanishi oldin ham aytib oʻtildi. Qadimdan hamma buzgʻunchilik deb kelayotgan ishni hurriyat deb atash mumkinmi?! Inson shaxsiga, sogʻligʻiga, axloq-odobiga, oilasiga, nasliga, jamiyatiga bitmas-tuganmas zarar keltiradigan narsani hurriyat deb atab boʻladimi?!
Islom zinoga qarshi murosasiz choralarni koʻrib qoʻygan. Bunda, eng avvalo, insonlarni yoshlikdan Allohdan qoʻrqish, qiyomat kuni masʼuliyatini his etish, halol-pok yashash ruhida tarbiyalaydi. Qolaversa, zino harom ish, katta jinoyat ekaniga urgʻu berib, har bir odam farzandini undan uzoqda boʻlishga daʼvat qiladi.
Islom erkak va ayollarga shahvatlarini qondirishning halol yoʻli boʻlgan nikohni qattiq targʻib qiladi va uning roʻparasidagi har qanday toʻsiqlarni olib tashlaydi, osonlik bilan nikohli boʻlish yoʻllarini tayyorlaydi. Hattoki, qul va choʻrilarning ham nikohsiz yurmasliklariga alohida eʼtibor beradi.
Shu bilan birga, Islom zinoga olib boradigan barcha yoʻllarni berkitadi. Misol uchun, ayollarni ochiq-sochiq holda yurib, jamoli va qomati bilan erkaklarning shahvatini qoʻzgʻatmaslikka buyuradi. Nomahram erkak va ayollarning aralash-quralash boʻlib yurishlarini man qiladi.
Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam «Agar bir nomahram erkak va xotin yolgʻiz qolsalar, uchinchilari shayton boʻladi», deganlar. Yaʼni, ularni yoʻldan urib, zinoga boshlashi mumkin. Shuningdek, Islomda erkaklarning ham, ayollarning ham nomahramlarga shahvat nazari ila qarashlari harom qilingan. Binobarin, fahsh gap-soʻzlar, hikoyalar va qissalar ham man etilgandir.
Shuncha omillarni bosib oʻtib, yana zinoga yurishni oʻziga ep koʻrgan insonning insonligi qoladimi? Uning boridan yoʻgʻi yaxshi emasmi?! Bunday odamlar insoniyat tanasiga tushgan qorason kasaliga oʻxshaydi. Ular asta-sekin tanani halokatga olib borishlari aniq-ku! Butun tanani halok qilgandan koʻra, qorason kasali tekkan aʼzoning oʻzini kesib tashlagan maʼqul emasmi?
Albatta, ana shunday qilgan maʼquldir.
Islom dini kelgan vaqtda johiliyat jamiyatida zino keng tarqalgan edi. Uning turli koʻrinishlari bor edi. Hattoki, buzuq ayollar uylariga bayroq tikib qoʻyib, zinokorlarni jalb qilishgacha borib yetgan edilar. Islom boshqa illatlar kabi bu illatni ham asta-sekinlik bilan muolaja qildi. Avval zinoning yomon amal ekani tushuntirildi. Keyin «Niso» surasidagi «Ayollaringizdan fohisha ishni qilganlariga oʻzingizdan toʻrt kishini shohid qiling. Bas, agar shohidlik bersalar, ularni oʻlgunlaricha yoki Alloh bir yoʻl qilguncha uylarda ushlab turing», oyatiga binoan ayollarni uyga qamab qoʻyish joriy qilindi. Erkaklarga nisbatan esa, «Sizlardan u (zino)ni qilgan ikkisiga ozor bering» oyatiga binoan taʼzir beriladigan boʻldi.
Nihoyat, oltinchi hijriy sanada biz oʻrganayotgan ushbu oyatlar nozil boʻlib, hamma narsa oʻz oʻrniga qoʻyildi. Avval aytib oʻtilganidek, bu oyatda belgilangan jazolar toʻlaqonli, toʻgʻri nikohda boʻlmaganlar uchun qoʻllaniladi. Shariatda bunday jazolarni «hadd» deyiladi.
Oila qurgan, nikohda boʻlgan erkak va ayollar arab tilida «muhsan» deb ataladi, ulardan zino qilganlarni toshboʻron qilish jazosi Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari bilan sobit boʻlgan.
Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning koʻpgina hadislarida nikohda boʻlib, oilaviy turmush qurgan kishilar tomonidan zino sobit boʻlsa, ularni toshboʻron qilishga hukm chiqarganlari, hukmning ijrosida oʻzlari ham ishtirok etganlari aytib oʻtilgan. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan keyin sahobalar va musulmonlarning barcha avlodlari bu hukmga ogʻishmay amal qilib kelganlar. Bu haqdagi hadislar va qissalar oʻrni bilan zikr qilinadi.
Endi fiqh olimlarimiz sharʼiy qonun boʻyicha zinoni qanday tushuntirishlarini oʻrganaylik. Hanafiy mazhabi olimlari zinoni quyidagicha taʼriflaydilar: «Bir er kishi ayol kishini sharʼiy aqdsiz, egalik haqqisiz va bu ikki narsaning shubhasi boʻlmay turib, old tomonidan yaqinlik qilishi zinodir».
Bu taʼrifga binoan, orqa tomondan yaqinlashsa, zino boʻlmaydi. U ishni qilgan odamga jazo beriladi-yu, ammo toshboʻronga tutilmaydi. Shuningdek, sharʼiy aqd–nikohning shubhasi bilan, misol uchun, notoʻgʻri nikoh ila yaqinlik qilsa ham, toshboʻrondan boshqa jazoga tortiladi. «Egalik haqqi» esa, eski vaqtlardagi choʻri tutishga tegishli. Xoja choʻrisidan xotin oʻrnida foydalanishga haqqi bor. Ammo egalik haqqi shubhasi bilan, yaʼni, kimdir oʻgʻlining choʻrisini oʻziniki deb oʻylab yaqinlik qilgan boʻlsa, notoʻgʻri hisoblanadi, lekin shubha borligi uchun, toshboʻron qilinmaydi.
Sharʼiy qonunga binoan yuz darra urish yoki toshboʻron qilish jazosi kimlarga nisbatan qoʻllaniladi? Bir odamning begona ayol bilan turganini, oʻtirganini yoki yotganini eshitiboq olib borib ularga darra urila beriladimi yoki ularni toshboʻron qilinadimi? Yoʻq, albatta. Sharʼiy jihatdan zino jinoyati sobit boʻlishi uchun bir qancha shartlar bor. Jumladan, jinoyat qilganlikda ayblanayotgan shaxsda maʼlum bir sifatlar koʻrilishi ham kerak.
Musulmon, balogʻatga yetgan, aqlli va hur kishilar zino qilsagina, jazoga tortiladi. Musulmon boʻlmaganlarning islomiy jazoga tortilishi Hanafiy mazhab ulamolari nazdida mumkin emas. Shuningdek, balogʻatga yetmaganlar ham jazolanmaydilar. Aqli yoʻq, jinni kishilar ham. Hur boʻlmagan qul kishilar ham.
Bular darra urish haqidagi shartlar. Toshboʻron qilish uchun esa, yuqoridagi shartlardan tashqari, zinokor odam toʻgʻri nikoh ila uylangan va er-xotin sifatida hayot kechirgan boʻlishi kerak. Nikoh oʻqitganu, birga yashamay, ajrashib ketgan boʻlsa ham, toshboʻron qilinmaydi.
Demak, harom yoʻl bilan sodir etilgan jinsiy yaqinlik sharʼiyqonuniy taʼrifga toʻgʻri kelgandagina zino hisoblanib, uni sodir etgan shaxs uylanmagan boʻlsa, yuz darra urish, uylangan boʻlsa, toshboʻron jazosiga tortiladi. Shu oʻrinda, jinsiy jinoyat qilgan-u, ammo taʼrifga mos kelmaydigan boʻlsa, nima qilinadi, degan savol tugʻiladi.
Bunday holatlarda taʼzir beriladi. Yaʼni, har bir zamonning musulmon hokimi sharoitga, mavjud holatga qarab, taʼzirli jazo belgilaydi. Agar darra urish bilan taʼzir bermoqchi boʻlsa, oʻn darradan oz boʻlishi kerak. Chunki, imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Oʻn darradan koʻp urilmaydi. Magar Allohning haddi (belgilagan jazosi) boʻlsagina uriladi», deganlar. Taʼzir banda tomonidan belgilanadigan jazo boʻlgani uchun oʻn darradan oshmasligi kerak.
Shuningdek, zinoga belgilangan jazo bu jinoyatni ixtiyoriy ravishda sodir etgan shaxsga nisbatan qoʻllaniladi. Zoʻrlangan ayolga jazo berilmaydi. Islomda, umuman, majbur qilish orqali sodir etilgan jinoyatlar uzrli hisoblanadi.
Imom Termiziy Voil ibn Hajardan quyidagi rivoyatni keltiradilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam davrlarida bir ayol namozga kelayotganida, bir erkak yoʻlini toʻsib, uni zoʻrladi. Xotin dod soldi. Erkak qochib ketdi. Bir guruh muhojirlar yetib kelishgan edi, ayol, anavi odam meni unday qildi, bunday qildi, deb aytib berdi. Erkakni tutib keltirishdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ayolga: «Sen ketaver, Alloh seni magʻfirat qildi», dedilar. Uni zoʻrlagan erkakni esa, toshboʻron qilishga buyurdilar».
Boshqa jazo choralari qatori, zinokorlarni jazolash ham Islom davlati tomonidan joriy qilinadi. Buning uchun esa, zino jinoyati yuqorida zikr etilgan shartlarni mujassam qilgan shaxslar tomonidan sobit boʻlishi kerak. Zino esa, zinokorning iqror boʻlishi yoki toʻrtta musulmon odil erkak shaxslarning guvohlik berishi bilan sobit boʻladi. Zinokorning iqrori–zino qilganini ochiq-oydin ibora bilan aytmogʻidir. Yana, u oʻziga harom boʻlgan ayol bilan bilib turib jinsiy aloqa qilganini eʼtirof etishi kerak. Unga birov taʼsir oʻtkazmagan, majbur qilmagan, aqlu hushi joyida boʻlishi kerak. Abu Hanifa roziyallohu anhu va boshqa baʼzi ulamolar zinokorning iqrori toʻrt marta boʻlishi kerak, deydilar. Zinokor oldin iqror boʻlib turib, keyin iqroridan qaytsa ham, unga jazo qoʻllanmaydi.
Bu masalada eng mashhur hodisa Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning davrlarida boʻlib oʻtgan Moʼiz ibn Molik al-Aslamiy hodisasidir. Bu hodisa barcha hadis, tafsir va tarix kitoblarimizda keltirilgandir. Hodisaning qisqacha tafsiloti quyidagicha:
«Moʼiz al-Aslamiy Huzzol ibn Nuʼaym ismli kishi qaramogʻidagi yetim yigit edi. Oʻsha joydagi bir choʻri qiz bilan zino qilib qoʻydi. Huzzol uni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga olib borib, qilgan ishini oʻzi aytib berishga buyurdi. Shoyad buning uchun istigʻfor aytsalar, deb oʻyladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam masjidda oʻtirgan edilar, Moʼiz oldilariga keldi va:
«Ey, Allohning Rasuli, taʼkidlab aytamanki, men zino qildim», dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam undan yuzlarini oʻgirdilar va:
«Shoʻring qursin! Ortingga qayt! Allohga istigʻfor aytib, tavba qil», dedilar. U esa, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning roʻbaroʻlariga oʻtib:
«Taʼkidlab aytamanki, men zino qildim», dedi. Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam undan yana yuzlarini oʻgirib oldilar. U esa, yana roʻbaroʻlariga oʻtib:
«Ey, Allohning Rasuli, meni poklang! Men zino qildim», dedi. Unga Abu Bakr Siddiq:
«Agar toʻrtinchi bor iqror boʻlsang, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam seni, albatta, toshboʻron qiladilar», dedi. Ammo u oʻz gapida turib oldi:
«Ey, Allohning Rasuli, shubhasiz, men zino qildim, meni poklab qoʻying», dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga:
«Ehtimol oʻpgandirsan, quchoqlagandirsan yoki qaragandirsan?»– dedilar. U:
«Yoʻq», dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«U bilan birga yotdingmi?»–deb soʻradilar. U:
«Ha», dedi. Ul zot:
«Unga yaqinlik qildingmi?»–dedilar. U:
«Ha», deb javob qaytardi. Ul zot:
«Uni oʻzingga jamladingmi?»–deb soʻradilar. U yana:
«Ha», dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam faqat jinsiy yaqinlikka ishlatiladigan iborani qoʻlladilar. Boshqa hech yerda, hech qachon bu iborani ishlatmagan edilar. Chunki, birovning oʻlimiga hukm chiqarish oson emas edi. U esa, oʻsha savolga ham:
«Ha», deb javob berdi. Ul zot:
«Surma choʻpi surmadonga kirganga oʻxshab-a?»–dedilar. U:
«Ha», dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam undan:
«Zinoni bilasanmi oʻzing?»–deb soʻradilar. U:
«Ha, bilaman, men unga harom aloqa qildim, erkak oʻz xotini bilan qilsa halol boʻladigan aloqani qildim», dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Nikohda boʻlganmisan?»–dedilar. U:
«Ha», dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam atroflaridagi sahobalardan:
«Bu oʻzi jinni emasmi?»–deb soʻradilar. Ular uning majnun emasligi haqida xabar berdilar. Soʻngra:
«Aroq ichganing yoʻqmi?»–deb soʻradilar. Shunda bir odam turib borib, uning ogʻzini hidlab koʻrdi. Undan aroq hidi ham kelmadi. Keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Huzzolga:
«Agar buni berkitganingda oʻzingga yaxshi boʻlar edi», dedilar. Soʻngra toshboʻron qilishga amr etdilar. Madiynaning tashqarisida toshboʻron qilindi. U toshboʻronning alamini totganda baqira boshladi:
«Ey qavm, meni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga qaytarib olib boringlar! Meni qavmim halok qildi, aldashdi, meni Rasululloh qatl qilmasliklarini aytishgan edi!»–dedi. Lekin odamlar uni to oʻlgunicha toshboʻron qildilar. Soʻngra, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga u toshboʻron alamidan dodlab, oʻlimdan qochgani zikr qilinganida, u zot:
«Qoʻyib yuborsangiz, Allohga tavba qilsa, tavbasi qabul boʻlarmidi», dedilar».
Ikkinchi qissa «Fomidiyya qissasi» nomi bilan mashhur boʻlgan qissadir.
«Fomidiyya qabilasidan bir ayol kelib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga:
«Ey, Allohning Rasuli, meni poklang!»–dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga:
«Shoʻring qursin! Ortingga qayt! Allohga istigʻfor aytib, tavba qil!»–dedilar. U:
«Moʼiz ibn Molikni qaytarganga oʻxshab meni ham qaytarmoqchimisiz?! Zinodan homilador boʻlgan ayolni-ya?»–dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Sen-a?!»–dedilar. U:
«Ha!»–dedi. U zinodan homilador boʻlgani uchun Moʼizga oʻxshatib uzoq savolga tutmadilar-da:
«Tuqquningcha borib tur», dedilar. Tuqqandan soʻng, ayol bolasini koʻtarib yana keldi. Yana oʻzining toshboʻron etilishini talab qildi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga:
«Boraver, bolangni emiz, sutdan ajratguningcha yurib tur», dedilar. Bolasini sutdan ajratgandan soʻng, yana keldi. Bolasining qoʻliga bir burda non berib qoʻygan edi. U:
«Ey, Allohning Rasuli, mana, uni sutdan ajratdim. Oʻzi ovqatlanadigan boʻldi. Endi meni poklang!»–dedi. Ul zot bolani boshqa bir odamga topshirdilar va ayolni toshboʻron qilishga amr qildilar. Koʻkragigacha chuqurga koʻmib, soʻngra toshboʻron qilindi».
Bu hodisalar koʻrsatib turibdiki, haqiqiy musulmon kishi, baʼzida ojizlik qilib, gunoh sodir etsa ham, oʻziga kelganda, gunohini yuvish uchun har narsaga, hatto oʻlimga ham rozi boʻladi. Chunki, jinoyatchiga sharʼiy jazo berilsa, gunohi yuviladi. Oʻsha gʻomidiyyalik ayolni toshboʻron qilinayotganida qoni sachrab, kimgadir tegadi va oʻsha odam ayolni soʻkadi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oʻsha odamga:
«Uni soʻkma, u bir tavba qildiki, agar uning tavbasini yer yuzidagi barcha odamlarga boʻlib bersa, yetadi», deganlar.
Imom Abu Dovud Burayda al-Aslamiy roziyallohu anhudan qilgan rivoyatda: «Biz, Rasulullohning sahobalari gʻomidiyyalik ayol bilan Moʼiz ibn Molik eʼtiroflaridan qaytganlarida, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularning ortidan kutkilamas edilar, deb yurardik», deyilgan.
Darhaqiqat, shunga oʻxshash hodisalar ham boʻlgan.
Imom Muslim, imom Abu Dovud, imom Termiziy va imom Nasaiy Abdulloh ibn Masʼud roziyallohu anhudan qilgan rivoyatda quyidagilar aytiladi:
«Bir odam Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib:
«Ey, Allohning Rasuli, men shaharning chetida bir ayol bilan birga boʻldim, u bilan jinsiy aloqa qilmadim-u, boshqasini qildim. Mana, men turibman, nima qilsangiz, mayli», dedi. Umar roziyallohu anhu unga:
«Alloh seni berkitibdi, sen ham oʻzingni berkitganingda edi», dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u odamga hech narsa demadilar. U oʻrnidan turib joʻnab ketdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uning ortidan bir kishini yubordilar. U borib, haligi odamni chaqirdi-da, unga:
«Nahorning ikki tarafida va kechaning bir qismida namozni toʻkis ado et. Albatta, yaxshiliklar yomonliklarni ketkazur. Bu, eslovchilar uchun eslatmadir», oyatini oʻqib berdi. U yerdagi odamlardan biri:
«Ey, Allohning Paygʻambari, bu uning oʻziga xosmi?»–dedi. Ul zot sollallohu alayhi vasallam:
«Yoʻq! Barcha odamlarga», dedilar.
Imom Buxoriy Anas roziyallohu anhudan qilgan rivoyatda quyidagilar zikr etiladi:
«Bir odam kelib:
«Ey, Allohning Rasuli, men haddga (zino jazosiga) loyiq ish qildim. Uni menga joriy qiling», dedi. Ul zot undan u nima ekanini soʻramadilar. Namoz vaqti boʻldi. Haligi odam Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga namoz oʻqidi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam namozni oʻqib boʻlganlaridan soʻng, haligi odam oʻrnidan turib:
«Ey, Allohning Rasuli, men haddga loyiq ish qildim, menga Allohning hukmini joriy eting», dedi. Ul zot sollallohu alayhi vasallam:
«Biz bilan namoz oʻqidingmi?»–dedilar. U:
«Ha», dedi. Ul zot sollallohu alayhi vasallam:
«Batahqiq, Alloh sening gunohingni magʻfirat qildi», dedilar.
Ushbu hadislarda zinokor oʻzining jinoyatiga iqror boʻlganda, undan, sheriging kim edi, deb soʻralmaganiga eʼtibor qilish kerak. Xoh erkak boʻlsin, xoh ayol, zino qilganini oʻzi eʼtirof etib kelganida, soʻrab-surishtirib, ularga jazo berilmoqda, ammo zinoni kim bilan qilding, deb soʻralgani yoʻq. Bu hol zinokorni izlab topishga, tekshirishga amr qilinmaganini koʻrsatadi.
Agar, mabodo, zinokor sherigini aytsa ham, uni darhol olib kelib, jazoga tortavermaydilar, balki undan ham soʻrab-surishtiriladi. Agar iqror boʻlsa, jazoga tortiladi. Iqror boʻlmasa, qoʻyib yuboriladi.
Imom Ahmad va imom Abu Dovud Sahl ibn Saʼd roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hodisa shu masalani aks ettirgan:
«Bir odam Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib, zino qilganini va ayolning nomini aytdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam odam yuborib, ayolni chaqirtirib keldilar va undan erkak aytgan ish haqida soʻradilar. Ayol inkor qildi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam erkakni jazoga tortdilar va ayolni qoʻyib yubordilar».
Zino sobit boʻlishining ikkinchi yoʻli toʻrtta odil musulmon, hur erkak kishining bir joyda, bir xilda guvohlik berishi bilan boʻladi.
Guvohlar guvohlik berganidan soʻng, ularning shaxslari tekshirib koʻriladi. Agar ular odil boʻlmasalar, yaʼni, shariat ishlarida kamchilikka yoʻl qoʻygan, yolgʻon gapirgan, avvalgi bergan guvohligi yolgʻon chiqqan boʻlsa, guvohliklari qabul qilinmaydi.
Shuningdek, guvohlar erkak bilan ayol oʻsha ishni qilib turganlarini birdek aniq koʻrgan boʻlishlari kerak. Zino boʻlgan joy, vaqt haqidagi gaplari ham bir xil chiqishi lozim. Boʻlmasa, zino sobit boʻlmaydi.
Shu bilan birga, eri yoʻq ayol homilador boʻlib qolsa ham, zino qilgan deb hisoblanmaydi. Unga darra urilmaydi, toshboʻron ham qilinmaydi. Modomiki, oʻzi iqror boʻlmasa yoki guvohlik ila isbot qilinmasa, uni zinokor deyishga izn yoʻq. Garchi ersiz ayolning homilador boʻlishining oʻzi kuchli dalil boʻlsa ham, lekin mingdan bir ehtimol bilan uning bachadoniga nutfa zinodan emas, boshqa sababdan tushib qolganligi gumoni ustun qoʻyiladi.
Bu xil masalalarda shariatning umumiy qoidalari shunday.
Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Haddlarni (sharʼiy jazolarni) shubhali boʻlsa, qaytaringlar», deganlar.
Imom Termiziy rivoyat qilgan boshqa bir hadisda esa: «Iloji boricha musulmonlardan haddlarni qaytaringlar. Biror yoʻli topilsa, qoʻyib yuboringlar. Albatta, imom (hokim)ning adashib afv qilishi adashib jazo berishidan koʻra yaxshiroqdir», deganlar.
Oʻtgan hodisalarni oʻrganish jarayonida zinokorni toshboʻron qilish haqida tasavvur hosil boʻldi. Koʻpchilik boʻlib, erkak kishini oʻrtacha toshlar bilan toshboʻron qiladilar, ayol kishini esa, avval koʻkragigacha chuqurga koʻmib turib, soʻngra toshboʻron qiladilar.
Endi darra urishga kelsak, avvalo, darra teridan yasalgan boʻlishi kerak. Qolaversa, oʻta qattiq ham, oʻta yumshoq ham boʻlmasligi lozim. Urganda alam-ogʻriq bersin-u, ammo urilayotgan shaxsning aʼzosiga zarar yetkazmasin. Zotan, darra urishdan maqsad uni jazolashdir, oʻldirish yoki mayib qilish emas. Shuningdek, darra tugilgan yo uchlari ajratilib, alamni ziyoda qiladigan boʻlmasligi kerak. Uruvchi odam oʻrtacha zarba berishi lozim. Juda qattiq ham emas, juda sekin ham emas. Shuningdek, bir joyga takror-takror urmaydi, balki tarqatib, yoyib uradi. Yuzga, avrat joyga urish mumkin emas, boshga ham.
Erkak jinoyatchini tik turgʻazib, ayolni oʻtqazib, darra uriladi. Erkak kishining qalin kiyimlari yechiladi. Ayol kishining qalin kiyimlari yechilmaydi. Darra juda issiq yoki juda sovuq paytda urilmaydi. Shuningdek, jinoyatchi bogʻlanib yoki choʻziltirib qoʻyilmaydi. Baʼzi fuqaholar yuz darrani yigirma darradan boʻlib-boʻlib, besh kunda ursa ham boʻladi, deganlar. Hazrati Abu Hanifa (rahmatullohi alayhi) ellik darradan ikki kun ursa, yetarli, deganlar.
Darra urish johil, qoʻpol kishilarga topshirilmaydi. Balki ahli ilm, shariat hukmlarini yaxshi biladigan odamlarga topshiriladi.
Agar jinoyatchi bemor boʻlsa, tuzalguncha kutib turiladi. Agar u tuzalmaydigan kasal boʻlsa yoki oʻta qari odam boʻlsa, yuzta gavronni bir bogʻ qilib, bir marta uriladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning vaqtlarida shunday qilingan. Homilador yoki emizikli ayollarni jazolash bolasini tugʻib, koʻkrakdan ajratguncha ortga surilishini yuqorida koʻrib oʻtdik.
Agar zino guvohlik berish bilan isbotlanib, jinoyatchi toshboʻron qilinadigan boʻlsa, birinchi toshni guvohlar otadilar. Guvohsiz, faqat iqror bilan sobit boʻlgan boʻlsa, birinchi toshni hukm chiqargan qozi otadi.
Shariat boʻyicha, jinoyatchilarni jazolash shunday. Endi shariat dushmanlari jinoyatchilarni qanday jazolayaptilar, oʻzlari biladilar.
Toshboʻron qilib oʻldirilgan zinokor barcha musulmonlar kabi yuvilib, kafanlanib, janozasi oʻqilib, musulmonlar qabristoniga koʻmiladi. Mazkur Moʼiz ibn Molik haqida Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam yaxshi gap aytganlar, janozasini oʻqiganlar va: «Moʼiz ibn Molik uchun istigʻfor aytinglar, u bir ummatga taqsimlasa yetadigan tavba qildi», deganlar.
Oʻzining mahramlari bilan zino qilgan odamni hukumat qattiq taʼqib qiladi. Imom Abu Hanifa roziyallohu anhu: «Bunday kishilarga zinokorning jazosi beriladi. Agar mahramini nikohlab olgan boʻlsa, alamli azob-la azoblanadi», deganlar.
Kezi kelganda, zinodan boshqa jinsiy jinoyatlar haqida ham bir-ikki ogʻiz soʻz aytaylik.
Erkak kishi bilan erkak kishining jinsiy aloqada boʻlishi «livota» deyiladi. Bu ish eng yomon gunohlardan ekanligi Qurʼoni Karimda bir necha bor takrorlangan. Lut alayhissalom Paygʻambar boʻlib borgan qavm bu amalga oʻch boʻlgan, Alloh taolo ularni halok qilgan.
Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu jinoyatga qattiq qarshi turganlar. Ul zot sollallohu alayhi vasallam bu amalni qilgan odam kim boʻlishidan qatʼinazar, uylanganmi-uylanmaganmi, ikkisini ham oʻldirishga buyurganlar. Sahobai kiromlar esa, bu jinoyatkorlarni qanday oʻldirish toʻgʻrisida turli ijtihodlar qilganlar. Hazrati Ali roziyallohu anhu ularni qilich bilan chopib oʻldirib, jasadini kuydirib yuborishni aytganlar. Hazrati Umar va hazrati Usmon (roziyallohu anhumo) esa, eski binoning tagiga yotqizib turib, ustidan devorni yiqitib oʻldirish kerak, deganlar. Hazrati Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu, yurtidagi eng baland joydan boshini yerga qilib tashlab, keyin toshboʻronga tutish kerak, deganlar. Mazhab imomlari ham shunga oʻxshash fikrlar ila ijtihod qilganlar. Imom Abu Hanifa «Har zamonning hokimi sharoitga qarab, boshqalar ham ibrat oladigan qilib jazolaydi», deganlar. Bachchabozlikni odat qilgan odamni oʻldirish shartligini ham alohida taʼkidlaydilar.
Yana aytib qoʻyish lozim boʻlgan gaplardan biri shuki, er kishi oʻz xotinining orqasiga yaqinlik qilishi ham haromdir.
Imom Abu Dovud rivoyat qilgan hadisda Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Kim ayol kishiga ortidan kelsa, laʼnatidir», deganlar.
Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisda esa, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Hayzli ayolga yoki ayol kishining orqasidan yaqinlik qilgan va folbinga borib, unga ishongan odam Muhammadga nozil etilgan narsaga kufr keltirgan boʻladi», deganlar.
Shuningdek, hayvonlarga yaqinlik qilgan odamlar ham katta gunohkor va jinoyatchi hisoblanadilar. Baʼzi ulamolar ularni ham zinokor hisoblaydilar va zinoning jazosiga tortilishi zarurligini taʼkidlaydilar.
Ammo Hanafiy mazhabi ulamolari bu jinoyatni qilgan odamga hokim, qozi yoki boshqa masʼul kishilar oʻzlari bilib taʼzir beradilar, deganlar.
Keyingi oyatda zino naqadar yomon amal ekanligi yana ham ziyoda ravishda bayon qilinadi: