يَـٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُوا۟ لَا تَدْخُلُوا۟ بُيُوتًا غَيْرَ بُيُوتِكُمْ حَتَّىٰ تَسْتَأْنِسُوا۟ وَتُسَلِّمُوا۟ عَلَىٰٓ أَهْلِهَا ۚ ذَٰلِكُمْ خَيْرٌ لَّكُمْ لَعَلَّكُمْ تَذَكَّرُونَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Ey, iymon keltirganlar! O`z uylaringizdan boshqa uylarga to izn so`ramaguningizcha va ularning ahliga salom bermaguningizcha, kirmang. Ana shunday qilmog`ingiz siz uchun yaxshidir, shoyadki, eslasangiz.Эй, иймон келтирганлар! Ўз уйларингиздан бошқа уйларга то изн сўрамагунингизча ва уларнинг аҳлига салом бермагунингизча, кирманг. Ана шундай қилмоғингиз сиз учун яхшидир, шоядки, эсласангиз.Alauddin Mansour: Ey moʻminlar, oʻz uylaringizdan boshqa uylarga to izn soʻramaguningizcha va egalariga salom bermaguningizgacha kirmangiz. Mana shu sizlar uchun yaxshiroqdir. Shoyad eslatma-ibrat olsangizlar.Эй мўминлар, ўз уйларингиздан бошқа уйларга то изн сўрамагунингизча ва эгаларига салом бермагунингизгача кирмангиз. Мана шу сизлар учун яхшироқдир. Шояд эслатма-ибрат олсангизлар.
Johiliyat davri arablarida kishilarning haq-huquqlarini, ularning shaxsiy, oilaviy sir-asrorlarini ehtirom qilish madaniyati yoʻq edi. Birovning uyiga, «Ertalabki salom!», «Kechki salom!», deb toʻgʻri kirib borishaverardi. Uyda ayollar borligi, uy egalarining turli holda boʻlishlari mumkinligi hech mulohaza qilinmasdi. Bu esa, oʻtaketgan beodoblik boʻlib, turli yomonliklarga, gap-soʻzlarga sabab boʻladigan holat edi. Shuning uchun ham, Islomda ushbu oyati karima bilan har bir kimsaning shaxsiy hurmati, uyning daxlsizligi haqqi sobit etildi. Islomda birov yashab turgan joyga boshqa shaxsning, kim boʻlishidan qatʼinazar, oʻsha joy sohibining iznisiz kirishga haqqi yoʻq.
«Ey, iymon keltirganlar! Oʻz uylaringizdan boshqa uylarga to izn soʻramaguningizcha va ularning ahliga salom bermaguningizcha, kirmang.»
Ushbu oyati karimaga binoan, birovning uyiga kirmoqchi boʻlgan odam uy egasining izni bilangina va u yerdagilarga salom berib kirmogʻi lozim.
Shunday qilsalar, moʻminlarning oʻzlari uchun yaxshidir.
«Ana shunday qilmogʻingiz siz uchun yaxshidir, shoyadki, eslasangiz.»
Ushbu oyatga amal qilinsa, birovning xonadoniga izn soʻrab, salom berib kirilsagina, turli noqulay holatlarning oldi olinadi. Izn soʻramay kirgan odam uy egalarining noqulay holda turganlarini koʻrib qolsa, gunoh boʻladi. Ikki tomon ham hijolatga tushadi. Balki, xusumat, urush-janjal chiqishi ham mumkin. Baʼzi hollarda uyda ayol kishi yolgʻiz boʻlishi, ustiga begona erkak kirib, orada igʻvo, boʻhton, fitna chiqishi mumkin. Yoki, aksincha, yolgʻiz erkak oldiga begona ayol kishi kirib qolishi ham mumkin. Bunday holatlardan doimo uzoq boʻlish kerak.
Islomda birovning uyiga ruxsatsiz kirishgina emas, balki nazar solish ham, hatto, maktubini iznsiz oʻqish ham taqiqlanadi.
Imom Abu Dovud rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim bir qavmning hovlisiga ularning iznisiz qarasa, bas, ular uning koʻzini oʻyib olsalar, xun toʻlamaydilar», deganlar.
Imom Abu Dovud Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilgan boshqa hadisda Rasuli Akram sollallohu alayhi vasallam: «Kim birodarining maktubiga uning iznisiz nazar solsa, xuddi doʻzax otashiga nazar solgandek boʻladi», deganlar.
Ushbu ikki hadisi sharifdan Islomda shaxsning daxlsizligi nihoyatda yuqori darajada himoya qilinishi koʻrinib turibdi. Birovning uyiga ruxsatsiz kirib borish u yoqda tursin, ruxsatsiz qarash, koʻz tashlash ham mumkin emas. Chunki, ichkariga koʻz tashlagan odam uy egasini, uning ahli-ayolini har xil holatda koʻrishi, boshqalardan sir tutgan narsalaridan voqif boʻlib qolishi mumkin. Yana boshqa koʻpgina noqulay holatlar vujudga kelishi ehtimoli bor.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning birovning hovlisiga ruxsatsiz nazar solgan odamning koʻzini oʻyib olgan uy egasi xun bermasligi haqidagi gaplari esa, birovning hovlisiga iznsiz qaragan odam katta jinoyat qilganidan darak beradi. Odatda, birovning koʻziga zarar yetkazgan odamdan qasos olinadi. Yaʼni, uning ham koʻziga zarar yetkaziladi yoki xun undiriladi. Faqat, oʻzini himoya etib tajovuzkorning koʻzini oʻyib olgan odam xun toʻlamasligi mumkin. Birovning hovlisiga iznsiz qaragan xiyonatkor koʻz ham tajovuzkor kimsa kabidir.
Shuningdek, birovning maktubini oʻgʻirlab olish yoki zoʻrlik qilib oʻqishga intilish u yoqda tursin, iznsiz nazar solish ham mumkin emas. Kim birovning maktubiga iznsiz nazar solsa, doʻzax otashiga nazar solgandek boʻlishi oddiy gap emas.
Ulamolarimiz nazar solishga oid hukmni eshitishga, quloq solishga ham qiyos qilganlar. Yaʼni, birovning hovlisiga, maktubiga iznsiz nazar solish qanchalik harom boʻlsa, oʻsha hovli va uydagi ovozlarga, gap-soʻzlarga yashirincha quloq solish ham shunchalik haromdir.
Birovning huzuriga kirishga izn soʻrashning ham oʻziga yarasha odoblari bordir. Musulmon kishilar ushbu islomiy odoblarga amal qilmoqlari lozimdir. Avvalo, izn soʻrayotgan odam hovliga, uy ichiga nazar solmasdan, boshqa tomonga qarab turib izn soʻrashi kerak.
Imom Abu Dovud Huzayl ibn Sharhabiyldan rivoyat qilgan hadisda quyidagilar zikr qilinadi:
«Bir odam Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning eshiklariga qarab turib izn soʻray boshladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga, sen undoq yoki bundoq tur, izn soʻrash nazardan saqlanish uchun joriy qilingandir, dedilar».
Yaʼni, birovning uyiga nazar tushmasligi uchun izn soʻrash joriy qilingan, ichkariga qarab turib izn soʻrashning nima keragi bor.
Shuning uchun ham, izn soʻramoqchi boʻlgan kishilar eshikka yuzma-yuz holatda emas, balki oʻng yoki chap taraflari bilan turmoqlari lozim.
Imom Abu Dovud Abdulloh ibn Busr roziyallohu anhudan qilgan rivoyatda quyidagilar zikr etiladi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir qavmning eshigi oldiga kelsalar, eshikka yuz tikib turmas edilar. Balki, oʻng yoki chap tomonlari bilan turar va «Assalomu alaykum, Assalomu alaykum», der edilar».
Imom Abu Dovud Amr ibn Maʼd as-Saqafiydan rivoyat qilgan hadisda quyidagilar aytilgan:
«Bir odam Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kirish uchun izn soʻramoqchi boʻlib:
«Kiraveraymi? Kiraveraymi?!»–dedi. Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam Ravza ismli xizmatchi ayolga:
«Anavining oldiga chiqib, oʻrgatgin, u izn soʻrashni bilmas ekan, unga aytki, «Assalomu alaykum, kiraveraymi, desin», dedilar».
Odob boʻyicha, izn soʻraydigan odam ismini aniq aytib, ochiq izn soʻrashi va salom berib kirishi lozim.
Imom Abu Dovud Jobir roziyallohu anhudan qilgan rivoyatda u kishi otasining qarzi xususida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga borganlari haqida shunday deydilar:
«Eshikni qoqdim. Ul zot sollallohu alayhi vasallam:
«Bu kim?!»–dedilar. Men:
«Menman!»–dedim. Ul zot norozi ohangda:
«Men, men...» dedilar».
Kalda ibn Hanbal ismli kishi kelib, salom bermasdan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kirganda, u zot sollallohu alayhi vasallam unga: «Orqangga qayt! Assalomu alaykum, degin», dedilar.
Imom Abu Dovud qilgan rivoyatda aytilishicha, hazrati Umar roziyallohu anhu qachon Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelsalar: «Assalomu alayka, yo Rasulalloh, Umar kiraversinmi?»–der edilar.
Izn soʻrovchi uch marta soʻrashi, undan oshirmasligi lozim.
Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Sizdan biror kishi izn soʻrasa, uch marta soʻrasin, izn berilmasa, ortiga qaytsin», deganlar.
Chunki, uy egalari birovni qabul qila olmaydigan holatda boʻlishlari yoki aynan izn soʻrayotgan shaxsni qabul qilish imkonlari yoʻq boʻlishi mumkin.
Izn deganda uy egasining yoki u tomondan vakil qilingan shaxsning izni koʻzda tutiladi. Uyga ega boʻlmagan yoki uy egasi tomonidan vakil qilinmagan odamning izni hisobga oʻtmaydi.
Izn soʻrovchi tixirlik qilmasligi, odob bilan uch martagacha izn soʻrashi, javob boʻlmasa, qaytib ketmogʻi lozim.
Imom Ahmad ibn Hanbal rivoyat qilgan hadisda Qays ibn Saʼd ibn Ubayda quyidagilarni zikr qiladilar:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizning uyimizga ziyorat qilib keldilar va:
«Assalomu alaykum va rohmatullohi», dedilar. Shunda Saʼd sekingina javob qaytardi. Qays unga:
«Nima, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga izn bermaysizmi?!»–dedi. Saʼd:
«Jim tur! Bizga koʻproq salom bersinlar!»–dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yana:
«Assalomu alaykum va rohmatullohi», dedilar. Saʼd yana sekingina javob qaytardi. Soʻngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yana:
«Assalomu alaykum va rohmatullohi», dedilar. Soʻngra u zot sollallohu alayhi vasallam qaytib keta boshladilar. Shunda Saʼd ortlaridan borib:
«Ey, Allohning Rasuli, men salomingizni eshitib, sekingina javob bergan edim. Sizning salomingiz bizga koʻp boʻlishini orzu qiluvdim», dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u bilan birga qaytib keldilar».
Agar izn soʻrovchi uyda birovni topa olmasa, qaytib ketadi. Shuningdek, ichkariga kirishga ruxsat berilmasa ham, qaytib ketadi.