وَأَنكِحُوا۟ ٱلْأَيَـٰمَىٰ مِنكُمْ وَٱلصَّـٰلِحِينَ مِنْ عِبَادِكُمْ وَإِمَآئِكُمْ ۚ إِن يَكُونُوا۟ فُقَرَآءَ يُغْنِهِمُ ٱللَّهُ مِن فَضْلِهِۦ ۗ وَٱللَّهُ وَٰسِعٌ عَلِيمٌ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Oralaringizdagi nikohsizlarni va qulu cho`rilaringizdan solihlarini nikohlab qo`ying. Agar faqir bo`lsalar, Alloh ularni O`z fazlidan boy qilur. Alloh (fazli) keng, o`ta bilguvchi Zotdir.Ораларингиздаги никоҳсизларни ва қулу чўриларингиздан солиҳларини никоҳлаб қўйинг. Агар фақир бўлсалар, Аллоҳ уларни Ўз фазлидан бой қилур. Аллоҳ (фазли) кенг, ўта билгувчи Зотдир.Alauddin Mansour: Oʻz oralaringizdagi tul-bevalarni hamda qul va choʻrilaringizni yaxshilarini uylantiringlar. Agar ular kambagʻal boʻlsalar, Alloh ularni Oʻz fazlu-karami bilan boy-behojat qilur. Alloh (fazlu-karami) keng, bilguvchidir.Ўз ораларингиздаги тул-беваларни ҳамда қул ва чўриларингизни яхшиларини уйлантиринглар. Агар улар камбағал бўлсалар, Аллоҳ уларни Ўз фазлу-карами билан бой-беҳожат қилур. Аллоҳ (фазлу-карами) кенг, билгувчидир.
Ushbu oyatda biz «nikohsiz boʻlgan» deb tarjima qilgan ibora arabchada «ayyim» deyiladi. Bu soʻzdan koʻpchilik tul erkak va beva xotinni tushunadi. Aslida esa, bu notoʻgʻri tushunchadir. «Ayyim» xotini yoʻq erkak va eri yoʻq ayolni bildiradi. Avval oila qurganmi, qurmaganmi, farqi yoʻq.
Ushbu oyatda Alloh taolo musulmonlar jamoasiga xitob qilib:
«Oralaringizdagi nikohsizlarni va qulu choʻrilaringizdan solihlarini nikohlab qoʻying», deb buyurmoqda. Binobarin, musulmon jamiyati aʼzolari oʻz oralarida nikohsiz kishilarni qoldirmaslikka harakat qilishlari lozim boʻladi. Hattoki qul va choʻrilarning, agar xojalari ularda ahli solihlik sifatini topsa, uylijoyli boʻlishlariga yordam bermoqlari lozim. Shuning uchun ham, hozirgacha musulmonlar orasida balogʻatga yetgan yoshlarni tezroq uylash, biror sabab bilan oilasiz qolgan eru xotinlarni nikohli boʻlishga undash juda kuchli. Mazkur ishlar ushbu oyati karimaga hamda Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning: «Nikoh mening sunnatimdir, kim mening sunnatimga ragʻbat qilmasa, mendan emas», degan va boshqa koʻpgina shunga oʻxshash hadislariga amal qilganimiz tufayli bajariladi. Nikoh orqali eru xotinning bogʻlanishi jinsiy maylni qondirishning eng tabiiy va halol yoʻlidir. Shuning uchun, Islomda halol nikoh orqali oila qurib yashashga qattiq targʻib qilinadi. Oila qurish yoʻlidagi toʻsiqlar olinadi va barcha kerakli omillar yuzaga keltiriladi.
Baʼzi odamlar turli bahonalar qilib, uylanish, oilali boʻlishni orqaga suradilar. Ushbu bahonalarning eng kattasi kambagʻallik boʻladi. Shuning uchun ham, oyatning davomida bunga oʻxshash bahonalar bilan nikohni orqaga surish yaxshi emasligi taʼkidlanmoqda:
«Agar faqir boʻlsalar, Alloh ularni Oʻz fazlidan boy qilur».
Yaʼni, faqirlikni bahona qilib, nikohdan qochmasinlar. Balki, nikohga ragʻbat qilsinlar. Alloh Oʻzi bilib, kerak boʻlsa, boy qilib qoʻyadi. Darhaqiqat, koʻpchilik odamlarning oila qurganidan keyin jiddiylashib, roʻzgʻor uchun astoydil harakat qilib, iqtisodiy holati yaxshilanib ketgani kuzatilgan.
«Alloh (fazli) keng, oʻta bilguvchi zotdir.»
Oʻz fazlidan xohlagan bandasini boy qilib qoʻyadi. Ammo Oʻzi bilib qiladi. Nima qilishini esa, oʻta biluvchilik sifati ila Oʻzi yaxshi biladi.
Hamma, imkonini topib nikohlanib, halol-pok holda oilaviy hayot kechirsa, ayni murod. Ammo baʼzi kishilar oʻzlarida qanchalik ragʻbat boʻlsa ham turli sabablarga koʻra nikohlanish imkonini topa olmay qolishlari mumkin. Ular nima qiladilar? Mana shu savolga kelgusi oyati karima javob beradi.