وَلْيَسْتَعْفِفِ ٱلَّذِينَ لَا يَجِدُونَ نِكَاحًا حَتَّىٰ يُغْنِيَهُمُ ٱللَّهُ مِن فَضْلِهِۦ ۗ وَٱلَّذِينَ يَبْتَغُونَ ٱلْكِتَـٰبَ مِمَّا مَلَكَتْ أَيْمَـٰنُكُمْ فَكَاتِبُوهُمْ إِنْ عَلِمْتُمْ فِيهِمْ خَيْرًا ۖ وَءَاتُوهُم مِّن مَّالِ ٱللَّهِ ٱلَّذِىٓ ءَاتَىٰكُمْ ۚ وَلَا تُكْرِهُوا۟ فَتَيَـٰتِكُمْ عَلَى ٱلْبِغَآءِ إِنْ أَرَدْنَ تَحَصُّنًا لِّتَبْتَغُوا۟ عَرَضَ ٱلْحَيَوٰةِ ٱلدُّنْيَا ۚ وَمَن يُكْرِههُّنَّ فَإِنَّ ٱللَّهَ مِنۢ بَعْدِ إِكْرَٰهِهِنَّ غَفُورٌ رَّحِيمٌ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Nikoh(imkon)ni topa olmaganlar, to Alloh ularni O`z fazlidan boy qilgunicha, iffatlarini saqlasinlar. Qo`llaringizda mulk bo`lganlardan (ozodlik) vasiqasini istaydiganlari bo`lsa, bas, ularda yaxshilik borligini bilsangiz, ular ila vasiqa yozing va Allohning sizga bergan molidan ularga bering. Hayoti dunyoning o`tkinchi matohini istab, poklikni iroda qilgan (cho`ri) qizlaringizni fohishalikka majbur qilmang. Kim ularni majbur qilgan bo`lsa, bas, albatta, Alloh ular majbur qilganlaridan keyin o`ta mag`firatli va rahimli Zotdir.Никоҳ(имкон)ни топа олмаганлар, то Аллоҳ уларни Ўз фазлидан бой қилгунича, иффатларини сақласинлар. Қўлларингизда мулк бўлганлардан (озодлик) васиқасини истайдиганлари бўлса, бас, уларда яхшилик борлигини билсангиз, улар ила васиқа ёзинг ва Аллоҳнинг сизга берган молидан уларга беринг. Ҳаёти дунёнинг ўткинчи матоҳини истаб, покликни ирода қилган (чўри) қизларингизни фоҳишаликка мажбур қилманг. Ким уларни мажбур қилган бўлса, бас, албатта, Аллоҳ улар мажбур қилганларидан кейин ўта мағфиратли ва раҳимли Зотдир.Alauddin Mansour: Nikoh (uchun lozim boʻlgan mol-davlatni) topa olmagan kishilar to Alloh ularni Oʻz fazlu-karami bilan boy-badavlat qilgunicha oʻzlarini (haromdan, zinokorlikdan) pok tutsinlar!! (Ey moʻminlar), qoʻl ostingizdagi qullardan bitim tuzishni istaydigan kishilar boʻlsa, u holda agar sizlar ularda yaxshilikni (yaʼni, diyonat, iymonni) bilsangizlar, ular bilan bitim tuzinglar va ularga Allohning sizlarga ato etgan molidan ato etinglar! Poklikni istagan choʻrilaringizni hayoti dunyo narsalarini istab zinokorlik qilishga majburlamanglar. Endi kim ularni majbur etsa, bas, albatta Alloh majburlaganlaridan soʻng (u choʻrilarni) magʻfirat qilguvchi va (ularga) rahm-shafqat qilguvchidir.Никоҳ (учун лозим бўлган мол-давлатни) топа олмаган кишилар то Аллоҳ уларни Ўз фазлу-карами билан бой-бадавлат қилгунича ўзларини (ҳаромдан, зинокорликдан) пок тутсинлар!! (Эй мўминлар), қўл остингиздаги қуллардан битим тузишни истайдиган кишилар бўлса, у ҳолда агар сизлар уларда яхшиликни (яъни, диёнат, иймонни) билсангизлар, улар билан битим тузинглар ва уларга Аллоҳнинг сизларга ато этган молидан ато этинглар! Покликни истаган чўриларингизни ҳаёти дунё нарсаларини истаб зинокорлик қилишга мажбурламанглар. Энди ким уларни мажбур этса, бас, албатта Аллоҳ мажбурлаганларидан сўнг (у чўриларни) мағфират қилгувчи ва (уларга) раҳм-шафқат қилгувчидир.
Ushbu oyati karimada uchta muhim masala–nikohga qodir boʻlmaganlar nima qilishligi, ozod boʻlishni istab, oʻz xojasi bilan shartnoma tuzgan, maʼlum mablagʻ evaziga ozod boʻlishga harakat qilayotgan qulu choʻrilar taqdiri va fohishabozlikka, yaʼni, baʼzi ayollarni zinoga majburlab pul topishga urinish masalalari muolaja etilmoqda.
Avvalgi oyatda musulmon jamiyatida nikohsiz kishilar qolmasligi, hatto qul va choʻrilarning ham nikohda boʻlishlariga erishish uchun harakat qilmoq lozimligi, faqirlik–kambagʻallik va shunga oʻxshash kamchiliklarni bahona qilib, nikohdan qochish durust emasligi bayon qilingan edi.
Ushbu oyatda esa, urinish va harakatlar bilan ham nikohli boʻlish imkonini topa olmaganlar nima qilishlari lozimligi bayon etilmoqda.
«Nikoh(imkon)ni topa olmaganlar, to Alloh ularni Oʻz fazlidan boy qilgunicha, iffatlarini saqlasinlar.»
Nikohga imkon topa olmayapman, deb harom yoʻlga yurib ketmasinlar.
Halolga imkon topa olmaganlar uchun haromdan iffatlarini saqlashning eng yaxshi yoʻlini esa, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam koʻrsatib berganlar.
Imom Buxoriy va imom Muslim Abdulloh ibn Masʼud roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Ey, yoshlar jamoasi, sizdan kim nikohga qodir boʻlsa, uylansin, chunki u (uylanish) koʻzning tiyilishi va farjning pokligidir. Kim qodir boʻlmasa, unga roʻza lozim, chunki u (roʻza) aning uchun bichilishdir», deganlar.
Yaʼni, roʻza tutib yursa, shahvati qoʻzishi kamayadi, iffatini saqlash osonlashadi, deganlaridir.
Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam nikohga qodir boʻla olmaganlarni Alloh taolo Oʻz fazlidan boy qilib qoʻyishining yoʻllaridan birini ham koʻrsatib berganlar.
Imom Termiziy va boshqa muhaddislar Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Uch kishiga Alloh uchun yordam bermoqlik haqdir. Iffatni iroda qilib nikohni xohlaganga, shartnomasini ado etishni istagan mukotabga va Allohning yoʻlida gʻazot qiluvchiga», deganlar.
Allohning yoʻlida jihod qilishni istagan mujohid gʻoziyga pul- mol va boshqa narsalar ila yordam berish qanchalik savob ish ekani hammaga maʼlum. Uylanib iffatini saqlamoqchi boʻlgan shaxsga yordam berish ham shunchalik savobli ish ekani ushbu hadisdan ochiq-oydin anglashilib turibdi.
Xojasi bilan shartnoma tuzib, ozod boʻlish uchun vasiqadagi mablagʻni topib berishga urinayotgan qulga yordam qilish ham mujohid gʻoziyga yordam koʻrsatish bilan teng ekan.
Qullarga oid hukmlar oyatning davomida bayon qilinadi.
«Qoʻllaringizda mulk boʻlganlardan (ozodlik) vasiqasini istaydiganlari boʻlsa, bas, ularda yaxshilik borligini bilsangiz, ular ila vasiqa yozing va Allohning sizga bergan molidan ularga bering.»
Islom dini kelganda dunyoda qulchilik avjiga chiqqan edi. Islom qulchilikka qarshi birinchi boʻlib bosh koʻtardi. Insonlar ozod boʻlishlari uchun u barcha choralarni koʻrdi. Turli yoʻllar bilan musulmonlarni qul ozod qilishga daʼvat etdi. Kim bir qulni ozod etsa, doʻzaxdan panoh topishini eʼlon qildi. Kafforat uchun, gunohni yuvish uchun qul ozod etishni, oʻzida boʻlmasa, sotib olib ozod etishni shart qilib qoʻydi. Yana boshqa koʻpgina choralarni koʻrdi. Oʻsha choralardan biri ushbu oyatda zikr qilinayotgan «mukotaba» nomli amaldir. «Mukotaba» soʻzi lugʻatda «ikki tomonlama yozish» degan maʼnoni anglatadi. Sharʼiy istilohda esa, qul yoki choʻrining maʼlum bir mablagʻ yoki xizmat evaziga ozodlikka erishish haqida oʻz xojasi bilan tuzgan shartnomaga aytiladi. Bu ham qulchilikka qarshi kurashishning bir yoʻli, qul va choʻrilar ozodlikka erishishlari uchun yaratilgan bir sharoitdir. Alloh taolo moʻmin-musulmonlarga Qurʼoni Karim orqali xitob qilib, agar ularning qul va choʻrilaridan qaysisi ozodlikka chiqish uchun shartnoma tuzishni istasa, ular bilan oʻsha shartnomani tuzishga amr etmoqda.
«Bas, ularda yaxshilik borligini bilsangiz...» degani oʻsha «mukotaba» qilishni istagan qul yoki choʻrilaringizga shu ishda yaxshilik boʻlishini, ular ahli solih ekanini, ozod boʻlganlaridan keyin oʻzlariga ham, oʻzgalarga ham naf yetishini bilsangiz, deganidir.
Demak, xoja quli bilan maʼlum miqdor mol topib yoki biron ishni qilib berish evaziga uning ozod etilishi haqida shartnoma tuzib, yozib qoʻyadi. Shuni «mukotaba» deyiladi. Shundan soʻng ikki tomon ham shartnomaga amal qilishi lozim boʻladi. Qul pulni topib berishi uchun hech kim uning yoʻliga toʻsiq boʻlmasligi lozim. U shunda ozodlikka erishadi. Xoja esa, shartnoma asosida qulga sharoit yaratib berishi kerak. Qul kelishilgan molni yoki xizmatni ado etishi bilan ozod boʻladi, xojaning unda haqqi qolmaydi.
Agar xojalar Alloh taoloning ushbu oyatdagi
«va Allohning sizga bergan molidan ularga bering» degan amriga boʻysunib, kelishilgan mablagʻdan bir qismini kechib yuborsalar, yana ham yaxshi boʻladi. Ulamolarimiz, bu amr ham xojalarga, ham musulmonlar ommasiga qaratilgan, shartnomada kelishilgan mablagʻni topish uchun mukotaba qilgan qulga ham xojasi, ham bosh- qa musulmonlar moliyaviy yordam berishlari kerak, deydilar.
Maʼlumki, zakotning haqdorlaridan biri ham aynan shu qullardir. Yaʼni, zakotdan maʼlum bir qismini qul ozod qilish uchun sarflash Qurʼoni Karimda tayin etilgandir.
Islom qul ozod etishni eng ulkan ibodat va Alloh taologa qurbat hosil qilishning eng samarali vositasi darajasiga koʻtardi.
Imom Bayhaqiy al-Baro ibn Ozib roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda quyidagilar aytiladi: «Bir aʼrobiy (sahrolik arab) Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib:
«Menga meni jannatga kiritadigan amalni oʻrgating», dedi. Ul zot sollallohu alayhi vasallam:
«Batahqiq, qisqa gap bilan masalani roʻy-rost qoʻyding. Aholini ozod qil, (qul) boʻynidan (kishanni) yech», dedilar. U:
«Ikkovi bir ish emasmi?»–deb soʻradi. Ul zot sollallohu alayhi vasallam:
«Yoʻq, aholini ozod qilish–yolgʻiz oʻzing ozod qilishing, (qul) boʻynidan (kishan) yechishing esa, bahosini toʻlashga yordam berishing. Shuningdek, tuya yoki qoʻyning sutidan foydalanish uchun birovga beradigan boʻlsang, suti koʻp vaqtida ber. Senga zulm qilgan qarindoshingga yaxshilik koʻrsat. Agar qodir boʻlmasang, tilingni yaxshi gapdan boshqasidan tiy», dedilar».
Ushbu hadisi sharifdan koʻrinib turibdiki, kishini jannatga kiritadigan ishlarning boshida qul ozod qilish yoki qulning ozod boʻlishiga moliyaviy yordam berish turibdi.
Shuningdek, Islom hukumatiga ham baytul moldan qul ozod qilish uchun hissa ajratish tavsiya etilgan.
Ulamolarimizning tasdiqlariga koʻra, qadimda qullar uch toifa boʻlganlar:
1. Urushda asir tushib qul boʻlganlar.
2. Hur boʻlsa ham, kuch bilan qul qilib olinganlar.
3. Ota-bobolaridan buyon qul boʻlib kelayotganlar.
Islom dini kelgan paytda dunyodagi ijtimoiy va iqtisodiy nizomlarning barchasida qulchilik asosiy omillardan biri hisoblanar, hamma bu narsani oddiy bir holat deb bilar edi.
Islom odamlar oʻrganib qolgan aroqxoʻrlik, zino, riboxoʻrlik singari ijtimoiy kasalliklarni darajama-daraja davolab yoʻqotganidek, qulchilik munosabatlarini ham asta-sekin muolaja qildi. Chunki, bunga oʻxshash masalalarda shoshma-shosharlik foyda bermasligi aniq. Islom qulchilikka qarshi rejali ravishda tadrijiy kurash boshladi. Oldin, insonlarga bir-birlarini qul qilishlari yaxshi emasligi tushuntirildi. Soʻngra esa, qul ozod qilish savob ish ekanligi, oxiratda najotga, gunohlarning yuvilishiga sabab boʻlishi oyat va hadislar orqali bayon etildi. Soʻngra, zakot, kafforat kabi ibodatlarga qul ozod qilish kiritildi. Eng ahamiyatlisi, bu ishlar quruq gap boʻlib qolmadi. Balki, amalda qaror topdi.
Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning oʻzlari oltmish uchta qul ozod qilganlar. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning zavjai mutahharalaridan biri Oisha onamiz roziyallohu anho oltmish yettita qul ozod etganlar. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning amakilari Abbos ibn Abdulmuttolib yetmishta, sahobalaridan Hakim ibn Hizom roziyallohu anhu yuzta, Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu mingta, Zul Kuloʼ al-Humayriy roziyallohu anhu sakkiz mingta, Abdurrohman ibn Avf roziyallohu anhu oʻttiz mingta qulni ozod qilganlar. Hazrati Abu Bakr va hazrati Usmon (Alloh ulardan rozi boʻlsin) tomonidan ozod qilingan qullarning koʻpligidan tarixchilarimiz ularning sonini aniqlay olmaganlar.
Bu amal musulmonlar orasida keng tarqaldi. Eski qullarni ozod qilish yoʻlga qoʻyildi.
Shu bilan birga, Islom hur odamlarni qul qilishni taqiqladi.
Imom Buxoriy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisi qudsiyda Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning quyidagi soʻzlari keltirilgan:
«Alloh taolo deydi: «Men qiyomat kunida uch xil odamning xusumatchisi boʻlaman. Men kimning xusumatchisi boʻlsam, uni yengaman. Bir odamningki, nomim ila bir narsa berilsa-yu, u xiyonat qilsa; bir odamki, hur insonni sotib, bahosini yesa; va yana bir odamki, mardikor olib, uni ishlatib, haqini bermasa».
Ushbu hukmdan istisno tariqasida urushda qoʻlga tushgan asirlarnigina qul qilishga izn berildi. Bu esa, oʻsha vaqtdagi joriy holat boʻyicha berilgan izn edi.
Oyatning davomida yana bir dahshatli ijtimoiy kasallik–tanfurushlik, xususan, qul boʻlgan ayollarni tanfurushlikka zoʻrlash orqali boylik orttirish illati muolaja qilinadi.
«Hayoti dunyoning oʻtkinchi matohini istab, poklikni iroda qilgan (choʻri) qizlaringizni fohishalikka majbur qilmang.»
Oyatda «qizlaringizni» deyilgan. Bundan murod «choʻrilaringizni» demakdir. Zero, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan «Qoʻlingiz ostida boʻlgan birodarlaringizni qulim yoki choʻrim demanglar, balki gʻulomim va qizim denglar» degan maʼnoda hadis ham rivoyat qilingan. Bu ham qulchilikka qarshi olib borilgan harakatning bir turidir. Chunki, oʻsha paytda baʼzi odamlar choʻrilarni tanfurushlik qilib, pul- mol topib kelishga majbur etishar edi. Munofiqlarning boshligʻi Abdulloh Ibn Ubay oʻsha odamlardan biri edi. Ushbu oyati karimaning nozil boʻlishiga ham oʻsha munofiqning choʻrilaridan biri–Muoza ismli joriyaning arz qilib kelishi sabab boʻlgan.
Mashhur tafsirchi Suddiy bu haqda quyidagilarni aytadilar: «Ushbu oyat munofiqlarning boshligʻi Abdulloh ibn Ubay ibn Salul haqida nozil boʻlgandir. Uning Muoza ismli joriyasi bor edi. Uyiga mehmon kelsa, mehmondan biror narsa undirish maqsadida joriyasini unga qoʻshib berar edi. Joriya Abu Bakr roziyallohu anhuning oldiga kelib, bu haqda shikoyat qildi. Bas, Abu Bakr roziyallohu anhu bu ishni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga aytdilar. Ul zot sollallohu alayhi vasallam unga joriyani oʻz huzurida olib qolishni amr qildilar. Shunda Abdulloh ibn Ubay: «Muhammaddan menga kim yordam beradi. Joriyalarimizga ham ega chiqmoqda!» deb baqirib-chaqira boshladi. Shunda Alloh taolo ushbu oyatni nozil qildi».
Boshqa rivoyatlarda Abdulloh ibn Ubay ibn Salulning boshqa joriyalari ham borligi, ularni tanfurushlikka majbur etgani zikr qilingan.
Oyatdagi
«Hayoti dunyoning oʻtkinchi matohini istab...» degan jumlada, agar hayoti dunyoning oʻtkinchi matohini istamasa, choʻri qizlarini fohisha ishga majbur qilsa, boʻlaverar ekan-da, degan fikrga umuman yoʻl yoʻq. Zero, Alloh faxsh ishlarning har qanday koʻrinishini butkul man etgan. Bu yerda esa, xususan, xoja oʻzining choʻri qizlarini pul orttirish uchun tanfurushlikka majbur qilishi haromligi haqida soʻz ketmoqda.
Shuningdek,
«poklikni iroda qilgan (choʻri) qizlaringizni...» jumlasidan, nopoklikni iroda qilgan choʻri qizlarni tanfurushlikka majbur qilsa, boʻlaverar ekan, degan fikr kelib chiqmaydi. Maʼlumki, qiz oʻz ixtiyori bilan tanfurushlik qilsa, gunohi oʻziga boʻladi. Lekin bu oʻrinda agar choʻri qiz fohishalikni ixtiyor qilmasa-yu, xojasi uni majbur etsa, bu gunoh–jinoyat uchun qonun oldida javob berish xojaning boʻyniga tushishi haqida gap ketmoqda.
Arab oʻlkalarida ushbu oyati karimalar nozil boʻlgan paytda tanfurushlik, fohishabozlik ikki xil boʻlgan.
Birinchisi–nikoh koʻrinishidagi tanfurushlik.
Shu ishni xohlagan ayol bir uyni oʻziga maskan qilib olar va uning oldiga maʼlum odamlar kirib-chiqib yurar edi. Ular ayolga nafaqa berib, shahvatlarini qondirishardi. Agar ayol tugʻib qolsa, oʻsha erkaklarning hammasini toʻplatib kelar va ularga, oramizdagi gapdan oʻzingiz xabardorsiz, mana men tugʻdim, bu sening bolang, ey falonchi, deb erkaklardan birining nomini aytar edi. Shu bilan, bola oʻsha erkakniki boʻlib qolar edi.
Ikkinchisi esa, umumiy tanfurushlik edi.
Bu ham, oʻz navbatida, ikkiga boʻlinadi. Biri, xojalar choʻri qizlarga har oyda katta bir mablagʻ topib kelishni buyurar edilar. Ular esa, bu mablagʻni tanfurushlik qilib topardilar.
Ikkinchisi, odamlar yosh qizlarni maxsus uylarga joylashtirib, ustiga bayroq ilib qoʻyar edilar. U yerga kim xohlasa, kirib, pulini toʻlab, zino qilib chiqar edi. Koʻp odamlarning shunaqa uylari bor edi. Munofiqlarning boshligʻi, Oisha onamizga boʻhton toshi otishga jurʼat etgan Abdulloh ibn Ubay ibn Salulning ham olti nafar yosh, chiroyli choʻrilari boʻlib, u ularni zinoga majbur qilar, dunyoning matohiga koʻproq erishishni istardi. Oʻsha olti choʻridan biri Muozaning arz qilib borgani va boshqa hodisalar yuqorida keltirildi.
Islom dini bu fohisha ishlarning barchasini harom qildi. Ushbu oyat nozil boʻlganidan keyin Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam choʻrilar zinosidan topiladigan molni harom deb eʼlon qildilar. Baʼzi bir hadislarda choʻrilarning kasb qilgan amali halolligi aniq boʻlmasa, topgani harom boʻlishi aytilgan. Yaʼni, halol kasbdan topganligi aniq boʻlgandagina qabul etiladi, boʻlmasa, yoʻq.
«Kim ularni majbur qilgan boʻlsa, bas, albatta, Alloh ular majbur qilganlaridan keyin oʻta magʻfiratli va rahimli zotdir.»
Choʻrilar oʻz ixtiyorlari bilan emas, xojalarining majburlashi oqibatida zino qilganlari uchun, Alloh ularga rahim etib, gunohlarini kechiradi.