وَإِن يَكُن لَّهُمُ ٱلْحَقُّ يَأْتُوٓا۟ إِلَيْهِ مُذْعِنِينَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Agar haq ular (tarafda) bo`lsa, u(Payg`ambar)ga bo`yin egib kelurlar.Агар ҳақ улар (тарафда) бўлса, у(Пайғамбар)га бўйин эгиб келурлар.Alauddin Mansour: Agar haqiqat ular (taraf)da boʻlsa, (paygʻambar oldilariga) boʻyin egib kelurlar.Агар ҳақиқат улар (тараф)да бўлса, (пайғамбар олдиларига) бўйин эгиб келурлар.
Islom hukmi haq boʻlgani uchun undan qochib yurgan edilar. Haqqa boʻysunishdan bosh tortib, Islom hukmi yuzaga chiqishiga qarshi boʻlayotgan edilar. Lekin Islom hukmida oʻzlariga foydali joyi boʻlsa, unga amal qilishga doim tayyorlar.
Munofiq ayol Islom hukmi asosida yashashni istamaydi, ammo Islom muslima ayollarga bergan imtiyozlardan foydalanishni xohlaydi. Munofiq erkak Islom talab qilgan majburiyatlarni bajarishni xohlamaydi, ammo Islom musulmon erlarga bergan imtiyozlardan foydalanishga tayyor turadi. Munofiq kimsa Islom hukumati joriy qilgan qonun-qoidalarga boʻysunishdan bosh tortadi, ammo musulmonlarga beriladigan imtiyozlarga u ham daʼvogar boʻladi. Munofiq hokim Islom boʻyicha hukm yuritmaydi, dinga qarshi ishlarni bajaradi, ammo oʻzini Allohning yer yuzidagi soyasi deb daʼvo qiladi, fuqarolarga «hokimning amri vojib» boʻlishini talab etadi.
Gapning xulosasini aytganda, munofiqlar ogʻizlarida iymon, Islom daʼvosini qiladilar, ammo iymon va Islom boʻyicha ish koʻrishga kelganda, yuz oʻgirib ketadilar. Ular iymon qoʻygan majburiyatlarni ado etishni mutlaqo istamaydilar. Ayni choqda, moʻmin-musulmonlarga iymon va Islom beradigan imtiyozlardan toʻla foydalanishni xohlaydilar.
Ular nima uchun bunday yoʻl tutadilar?!