لَّيْسَ عَلَى ٱلْأَعْمَىٰ حَرَجٌ وَلَا عَلَى ٱلْأَعْرَجِ حَرَجٌ وَلَا عَلَى ٱلْمَرِيضِ حَرَجٌ وَلَا عَلَىٰٓ أَنفُسِكُمْ أَن تَأْكُلُوا۟ مِنۢ بُيُوتِكُمْ أَوْ بُيُوتِ ءَابَآئِكُمْ أَوْ بُيُوتِ أُمَّهَـٰتِكُمْ أَوْ بُيُوتِ إِخْوَٰنِكُمْ أَوْ بُيُوتِ أَخَوَٰتِكُمْ أَوْ بُيُوتِ أَعْمَـٰمِكُمْ أَوْ بُيُوتِ عَمَّـٰتِكُمْ أَوْ بُيُوتِ أَخْوَٰلِكُمْ أَوْ بُيُوتِ خَـٰلَـٰتِكُمْ أَوْ مَا مَلَكْتُم مَّفَاتِحَهُۥٓ أَوْ صَدِيقِكُمْ ۚ لَيْسَ عَلَيْكُمْ جُنَاحٌ أَن تَأْكُلُوا۟ جَمِيعًا أَوْ أَشْتَاتًا ۚ فَإِذَا دَخَلْتُم بُيُوتًا فَسَلِّمُوا۟ عَلَىٰٓ أَنفُسِكُمْ تَحِيَّةً مِّنْ عِندِ ٱللَّهِ مُبَـٰرَكَةً طَيِّبَةً ۚ كَذَٰلِكَ يُبَيِّنُ ٱللَّهُ لَكُمُ ٱلْـَٔايَـٰتِ لَعَلَّكُمْ تَعْقِلُونَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Ko`zi ojizga gunoh — tanglik yo`qdir. Va, cho`loqqa gunoh — tanglik yo`qdir. Va, bemorga gunoh — tanglik yo`qdir. Va, Sizning o`zingizga ham o`z uyingizdan, yo otalaringizning uylaridan, yo onalaringizning uylaridan, yo aka-ukalaringizning uylaridan, yo opa-singillaringizning uylaridan, yo amakilaringizning uylaridan, yo ammalaringizning uylaridan, yo tog`alaringizning uylaridan, yo xolalaringizning uylaridan, yo siz kalitiga molik bo`lgan yoki do`stingiz (uyidan) yemoqligingizda (tanglik) yo`qdir. Sizlarga jamlangan yoki tarqoq holda yemoqlikda ham gunoh — tanglik yo`qdir. Uylarga kirgan chog`ingizda o`zlaringizga Allohdan bo`lgan pokiza va muborak tabrik ila salom beringlar. Alloh sizlarga oyatlarni ana shunday bayon qilur. Shoyadki, aql yuritsangiz.Кўзи ожизга гуноҳ — танглик йўқдир. Ва, чўлоққа гуноҳ — танглик йўқдир. Ва, беморга гуноҳ — танглик йўқдир. Ва, Сизнинг ўзингизга ҳам ўз уйингиздан, ё оталарингизнинг уйларидан, ё оналарингизнинг уйларидан, ё ака-укаларингизнинг уйларидан, ё опа-сингилларингизнинг уйларидан, ё амакиларингизнинг уйларидан, ё аммаларингизнинг уйларидан, ё тоғаларингизнинг уйларидан, ё холаларингизнинг уйларидан, ё сиз калитига молик бўлган ёки дўстингиз (уйидан) емоқлигингизда (танглик) йўқдир. Сизларга жамланган ёки тарқоқ ҳолда емоқликда ҳам гуноҳ — танглик йўқдир. Уйларга кирган чоғингизда ўзларингизга Аллоҳдан бўлган покиза ва муборак табрик ила салом беринглар. Аллоҳ сизларга оятларни ана шундай баён қилур. Шоядки, ақл юритсангиз.Alauddin Mansour: (Jihodga chiqmay qolishlarida) koʻzi ojiz kishiga xaraj-tanglik yoʻqdir, choʻloqqa xaraj yoʻqdir, xastaga xaraj yoʻqdir (yaʼni, ular jihodga chiqmaganlari uchun ayblanmas). (Ey moʻminlar), sizlar oʻz uylaringizdan yo otalaringizning uylaridan yo onalaringizning uylaridan yo ogʻa-inilaringizning uylaridan yo opa-singillaringizning yo amakilaringizning uylaridan yo ammalaringizning uylaridan yo togʻalaringizning uylaridan yo xolalaringizning uylaridan yo sizlar kalitlariga ega boʻlgan uylardan yo doʻstingizning uyidan (izn soʻramasdan) taomlanishingizda sizlarga (gunoh yoʻqdir). Toʻplangan yo boʻlingan hollaringizda taomlanishingizda sizlarga gunoh yoʻqdir. Bas, qachon uylarga kirsangizlar, bir-birlaringizga Alloh huzuridan boʻlgan muborak pokiza salomni aytinglar (yaʼni, «Assalomu alaykum», denglar). Sizlar aql yurgizishlaringiz uchun Alloh Oʻz oyatlarini sizlarga mana shunday bayon qilur.(Жиҳодга чиқмай қолишларида) кўзи ожиз кишига хараж-танглик йўқдир, чўлоққа хараж йўқдир, хастага хараж йўқдир (яъни, улар жиҳодга чиқмаганлари учун айбланмас). (Эй мўминлар), сизлар ўз уйларингиздан ё оталарингизнинг уйларидан ё оналарингизнинг уйларидан ё оға-иниларингизнинг уйларидан ё опа-сингилларингизнинг ё амакиларингизнинг уйларидан ё аммаларингизнинг уйларидан ё тоғаларингизнинг уйларидан ё холаларингизнинг уйларидан ё сизлар калитларига эга бўлган уйлардан ё дўстингизнинг уйидан (изн сўрамасдан) таомланишингизда сизларга (гуноҳ йўқдир). Тўпланган ё бўлинган ҳолларингизда таомланишингизда сизларга гуноҳ йўқдир. Бас, қачон уйларга кирсангизлар, бир-бирларингизга Аллоҳ ҳузуридан бўлган муборак покиза саломни айтинглар (яъни, «Ассалому алайкум», денглар). Сизлар ақл юргизишларингиз учун Аллоҳ Ўз оятларини сизларга мана шундай баён қилур.
Ushbu oyati karimaning avvalida koʻzi ojiz, choʻloq va bemor kishilarga nimada gunoh boʻlmasligi, tanglik yoʻqligi bayon qilingani haqida mufassir ulamolarimiz ixtilof qilishgan. Bir guruhlari, ularning jihodga chiqmay qolishlarida gunoh va tanglik yoʻq, deydilar. Boshqalari, uzrli kishilarning jihodga chiqmay qolishlari gunoh emasligi, bunda ularga hech qanday tanglik yoʻqligi «Fath» va «Baroat» («Tavba») suralarida bayon etilgan, bu yerda esa, soʻz jihod haqida emas, balki aynan taom yemoq haqida ketmoqda, shuning uchun ham, mazkur jumlani «taom yeyishda ularga gunoh va tanglik yoʻq» deb tushunmoq kerak, deydilar va bu fikrlarini tasdiqlovchi rivoyatlarni keltiradilar. Ikkinchi toifa mufassirlarning fikrlari kuchliroqdir.
«Koʻzi ojizga gunoh–tanglik yoʻqdir. Va, choʻloqqa gunoh – tanglik yoʻqdir. Va, bemorga gunoh–tanglik yoʻqdir.»
Qurʼoni Karim taʼlimotlari kishilar ongida ulkan inqilob yasadi. Ular har bir narsada oʻta aniqlik bilan ish tutib, halol-harom, joiznojoiz degan masalalarda oʻta hassos boʻlib qolgan edilar.
Hazrati Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, Alloh taolo: «Ey, iymon keltirganlar! Mollaringizni oʻzaro botil yoʻl bilan yemanglar» oyatini nozil qilganidan soʻng, musulmonlar «Alloh taolo bizni mollarimizni oʻzaro botil yoʻl bilan yeyishdan qaytardi, taom eng afzal mol hisoblanadi, birovning uyiga chaqirilsa, borib boʻlmas ekan, oʻzi ochiq koʻngil bilan bermasa, taomini yeb boʻlmas ekan», deb tortinib qoldilar. Shuningdek, koʻzi ojiz, choʻloq va bemor kishilar bilan birga taom yesak, zaifliklari tufayli biz ulardan koʻp yeb qoʻyib, gunoh orttirib olmaylik, deb u zaif kishilar bilan birga taom yemoqdan ham oʻzlarini tiyib qoldilar. Avvallari baʼzi kishilar uylarida taom boʻlmasa, hojatmand kishilarni, jumladan, koʻzi ojiz, choʻloq va bemorlarni qarindosh-urugʻlari va yoru doʻstlari uyiga olib borar edilar. Endi esa, bundan ham tortinib qoldilar. Oyatda mazkur ishlar qilinsa, gunoh, tanglik yoʻqligi bayon qilindi.
Oyati karimada:
«Sizning oʻzingizga ham oʻz uyingizdan yemoqligingizda (tanglik) yoʻq», deyilmoqda. Bundan odam oʻz uyida ham izn soʻrab yeyishi kerakmi, degan savol tugʻilmaydi. Balki qarindosh-urugʻ va yoru doʻstlarning uyida taom yemoq ham xuddi oʻz uyidan taom yemoq bilan barobar ekani bildirilyapti.
«...…yo otalaringizning uylaridan, yo onalaringizning uylaridan, yo aka-ukalaringizning uylaridan, yo opa-singillaringizning uylaridan, yo amakilaringizning uylaridan, yo ammalaringizning uylaridan, yo togʻalaringizning uylaridan, yo xolalaringizning uylaridan…» yemoqligingizda (gunoh–tanglik) yoʻqdir.
Demak, oyatda zikr qilingan toifadagi kishilarning dasturxonidan alohida iznsiz, taklifsiz ham taom yesa, boʻlaveradi.
Ulamolarimiz oyatda oʻgʻillar zikr qilinmaganini otaning uyi– bolasining uyi ekanligi eʼtiboridandir, deganlar. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam ham bir kishiga: «Sen ham, molu mulking ham otangnikidir», deganlar.
Oyatda zikr qilingan qarindoshlardan tashqari:
«Siz kalitiga molik boʻlgan yoki doʻstingiz (uyidan) yemoqligingizda (tanglik) yoʻqdir», deyilmoqda.
«Kalitga molik boʻlish» uy egasining kalitni ishonib topshirib qoʻyishidir. Ana shunday kishilar insof bilan, qorinlari toʻyguncha yesalar, boʻlaveradi.
Oisha onamizdan Imom az-Zuhriy qilgan rivoyatda aytilishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan jihodga joʻnab ketayotgan musulmonlar uylari kalitlarini oʻzlari bilgan kishilarga topshirib, hojatingiz tushganda yemoqni sizga halol qildik, deb ketar ekanlar. Ammo kalitni olib qolganlar, bu gap quruq manzirat uchun aytilgan boʻlsa kerak, deb oʻzlarini tiyisharkan. Ushbu oyat bilan ularga Alloh ham izn bergan.
«Doʻst» deganda, ishonchli doʻst, birodari uning uyidan iznsiz taom yesa, xursand boʻladigan doʻst koʻzda tutilgandir.
Shuningdek, oyati karimada:
«Sizlarga jamlangan yoki tarqoq holda yemoqlikda ham gunoh– tanglik yoʻqdir», deyilmoqda.
Chunki, qadimgi arablar toʻplanib taom yeyishni yomon koʻrar edilar. Kinona qabilasi esa, taomni yolgʻiz yemoqni gunoh hisoblar edi. Shuningdek, ansoriylarda ham mehmoni bor odam mehmonsiz taom yemas edi. Ushbu oyatda Alloh taolo har kim oʻz xohishicha yeyaverishi mumkinligini bayon qildi. Yaʼni, yakka yoki jam boʻlib yeganda gunoh yoʻqligini bildirdi.
Shu bilan birga, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadislarida jam boʻlib taom yemoqlik fazilat ekani aytilgan.
Imom Ahmad ibn Hanbal quyidagilarni rivoyat qiladilar:
«Bir kishi Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamga:
«Biz taom yeymiz-u, qornimiz toʻymaydi», dedi. Ul zot sollallohu alayhi vasallam:
«Ehtimol, yakka-yakka boʻlib yersizlar. Taomni jam boʻlib va Allohning ismini zikr qilib yenglar, oʻshanda barakali boʻladi», dedilar».
Imom ibn Moja hazrati Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Jam boʻlib yenglar, tarqoq boʻlmanglar, jamoatda barakot bordir», deganlar.
Keyin, taom yeyish uchun yoki boshqa holatlarda uyga kirish odobi bayon qilinmoqda.
«Uylarga kirgan chogʻingizda oʻzlaringizga Allohdan boʻlgan pokiza va muborak tabrik ila salom beringlar.»
Jumladagi «oʻzlaringizga» soʻzini bir-biringizga va oʻzingizga oʻzingiz deb tushunmoq lozim. Chunki, buning bayonida kelgan rivoyatlarda, birov bir uyga kirganda oʻsha yerda bor kishilarga salom beradi, agar u yerda hech kim boʻlmasa, «Assalomu alayna va ala ibodillohis-solihiyn», deb oʻziga va solihlarga salom beradi, deyilgan.
«Alloh sizlarga oyatlarni ana shunday bayon qilur. Shoyadki, aql yuritsangiz.»
Ha, Alloh har bir kattayu kichik narsani mana shunday bayon qilib qoʻygan. Bandalar uchun, faqat, bunga amal qilib, saodatga erishmoqlik qolgan, xolos. Ammo buni, faqat, aql yuritganlargina anglab yetadilar.
Moʻminlarning oiladagi, qarindosh-urugʻlar va yoru birodarlar bilan boʻladigan munosabatlari bayon qilib boʻlinganidan keyin, endi, ularning Rasuli Akram bilan boʻladigan muomalalari haqida soʻz ketadi: