وَٱتَّخَذُوا۟ مِن دُونِهِۦٓ ءَالِهَةً لَّا يَخْلُقُونَ شَيْـًٔا وَهُمْ يُخْلَقُونَ وَلَا يَمْلِكُونَ لِأَنفُسِهِمْ ضَرًّا وَلَا نَفْعًا وَلَا يَمْلِكُونَ مَوْتًا وَلَا حَيَوٰةً وَلَا نُشُورًا
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: U Zotdan boshqa, hech narsa yarata olmaydigan, o`zlari yaratiladigan, o`zlari uchun zararga ham, nafga ham ega bo`lmaydigan, o`limga ham, hayotga ham, qayta tirilishga ham molik bo`lmaydigan «xudo»lar tutdilar.У Зотдан бошқа, ҳеч нарса ярата олмайдиган, ўзлари яратиладиган, ўзлари учун зарарга ҳам, нафга ҳам эга бўлмайдиган, ўлимга ҳам, ҳаётга ҳам, қайта тирилишга ҳам молик бўлмайдиган «худо»лар тутдилар.Alauddin Mansour: (Mushriklar) esa U zotni qoʻyib, biron narsa yarata olmaydigan, (balki) oʻzlari yaralguvchi boʻlgan, (oʻzgalar u yoqda tursin, hatto) oʻzlariga ham biron ziyon yo foyda berishga ega boʻlmaydigan va na (birovlarga) oʻlim berishga, na hayot berishga va na qayta tiriltirishga ega boʻlmaydigan «xudolar»ni ushladilar (yaʼni, oʻshalarga sigʻindilar).(Мушриклар) эса У зотни қўйиб, бирон нарса ярата олмайдиган, (балки) ўзлари яралгувчи бўлган, (ўзгалар у ёқда турсин, ҳатто) ўзларига ҳам бирон зиён ё фойда беришга эга бўлмайдиган ва на (бировларга) ўлим беришга, на ҳаёт беришга ва на қайта тирилтиришга эга бўлмайдиган «худолар»ни ушладилар (яъни, ўшаларга сиғиндилар).
Ha, odamlar orasidagi farosatsizlar, aqlini ishlatmaydiganlar, inson nomiga or keltiradiganlar barkamol sifatlar sohibi, ibodatga sazovor yagona zot boʻlmish Allohni qoʻyib, turli boʻlmagʻur narsalarni «xudo»lar qilib oldilar. Ularning farosatsizligi va aql ishlatmasligini but-sanamlarga, turli tabiiy kuchlarga, hayvon yoki shaxslarga, tuzum yoki firqalarga sajda qilayotganidan bilib olsa boʻladi. Oʻsha soxta xudolarning vasfiga bir eʼtibor beraylik-a! Ular:
«hech narsa yarata olmaydigan...»
Kim va nima boʻlishidan qatʼinazar, Allohdan oʻzga «xudo» deb atalganlar hammasi toʻplanib, bor imkoniyatlarini ishga solgan taqdirda ham hech narsa yarata olmaydilar. «Haj» surasida taʼkidlab aytilganidek, «... agar barchalari birlashsalar ham, bitta pashsha yarata olmaslar». Qanday qilib ular xudo boʻlishlari mumkin?! Ular biror narsa yaratishlari u yoqda tursin,
«oʻzlari yaratiladigan»dirlar. Xudo oʻrniga qoʻyilayotgan, Unga itoatda, ibodatda sherik qilinayotgan narsalarning–soxta xudolaru but-sanamlarning moddasi Alloh tomonidan, shakli odamlar tomonidan yaratilgan. Yaʼni, yogʻoch, tosh va shunga oʻxshash narsalardan odamlar oʻzlari yoʻnib, chopib, tarashlab bir shaklga keltirib olganlar. Bu narsa qanday qilib xudo boʻla oladi?
Agar oʻsha soxta xudo odam boʻlsa, odamlar uning shaxsiga sigʻinayotgan boʻlsa, u ham Alloh tomonidan yaratilgan. Ota-onadan tugʻilgan. U qanday qilib xudo boʻla oladi?
«...oʻzlari uchun zararga ham, nafga ham ega boʻlmaydigan...»
Boshqalarga foyda yoki zarar yetkazish u yoqda tursin, hatto oʻzlariga ham na foyda va na zarar yetkaza olmaydigan narsa va shaxslar qanday qilib xudo boʻla oladilar? Butga choʻqinayotganlarning but «xudo»lari oʻzlariga foyda yoki zarar yetkaza oladimi? Ustiga pashsha oʻtirsa, hayday olmaydi-ku, qanday qilib xudo boʻladi? Molga sigʻinayotganlarning «xudo»sini birovlar bilmay soʻyib qoʻysa, xudomizni soʻyib qoʻyibsan, deb qirpichoq boʻlib, qirgʻin-barot urush qiladilar-u, ammo birovning qoʻlida soʻyilib ketgan sigir ularga qanday qilib xudo boʻla olishini oʻylab koʻrmaydilar. Boshqalarini ham shunga taqqoslasa boʻladi.
«...oʻlimga ham, hayotga ham, qayta tirilishga ham molik boʻlmaydigan...»
Oʻsha soxta xudolar biror tirik narsaning jonini olishga qodir emaslar, biror narsaga hayot ham bera olmaydilar va birorta oʻlikni qayta tiriltira olmaydilar. Xoʻsh, bular qanday qilib, xudo boʻla oladilar? Shularni xudo deb eʼtiqod qilayotganlarning farosati yoki aqli bor deya olamizmi? Ularni inson degan sharafli nomga loyiq deya olamizmi?!
Eng qizigʻi, oʻzlari ana shunday holda boʻla turib, tavhid diniga, uning Paygʻambariga va kitobiga tosh otadilar, ular haqida turli boʻlmagʻur gaplar toʻqiydilar: