أَلَمْ تَرَ إِلَىٰ رَبِّكَ كَيْفَ مَدَّ ٱلظِّلَّ وَلَوْ شَآءَ لَجَعَلَهُۥ سَاكِنًا ثُمَّ جَعَلْنَا ٱلشَّمْسَ عَلَيْهِ دَلِيلًا
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Robbingning soyani qanday yoyib qo`yganini ko`rmadingmi? Agar xohlasa, uni jilmas qilardi. So`ngra quyoshni Biz unga dalil qildik.Роббингнинг сояни қандай ёйиб қўйганини кўрмадингми? Агар хоҳласа, уни жилмас қиларди. Сўнгра қуёшни Биз унга далил қилдик.Alauddin Mansour: Parvardigoringizning (qudratini) — soyani qanday yoyib qoʻyganini koʻrmadingizmi?! Agar xohlasa uni sokin — jilmas qilib qoʻygan boʻlur edi. Soʻngra quyoshni unga (yaʼni, soyaning borligiga) dalil qildik.Парвардигорингизнинг (қудратини) — сояни қандай ёйиб қўйганини кўрмадингизми?! Агар хоҳласа уни сокин — жилмас қилиб қўйган бўлур эди. Сўнгра қуёшни унга (яъни, соянинг борлигига) далил қилдик.
Soyani doimo koʻrib yuramiz, ammo unga unchalik eʼtibor bermaymiz. Eʼtibor bersak, bu narsa Allohning qudratiga dalil ekanini tushunamiz. Soya qanday paydo boʻladi? Qanday qilib yoyiladi? Qanday qilib qisqaradi? Nima uchun yoyilib-qisqarib turadi, yaʼni harakatlanadi? Bu narsalarga eʼtibor berish kerak boʻlganidan Alloh taolo Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamga xitob qilib:
«Robbingning soyani qanday yoyib qoʻyganini koʻrmadingmi?» demoqda.
Ha, Alloh taolo quyosh majmuasidagi sayyoralarni hozirgi holida yaratmaganida, oralaridagi masofalarni hozirgidek moslamaganida, yerni oʻz oʻqi atrofida aylanadigan qilmaganida, hech bir narsaning soyasi yoyilmas edi. Ehtimol, soya degan narsa umuman boʻlmas edi.
«Agar xohlasa, uni jilmas qilardi.»
Ha, agar Alloh xohlasa, soyani jilmas qilib, bir xilda, yaʼni, uzaymay ham, qisqarmay ham turadigan qilib qoʻyar edi. Misol uchun, yerni aylanmaydigan qilib qoʻysa, soya jilmay turaverar edi.
Demak, biz eʼtibor bermaydigan, biz uchun eʼtiborsiz darajada oddiy tuyulgan holat–soyaning yoyilishi hodisasi ortida ham Allohning ulkan qudrati turibdi.
Bu haqiqatni oyatning davomidagi:
«Soʻngra quyoshni Biz unga dalil qildik» jumlasidan ham tushunib olamiz.
Darhaqiqat, quyosh boʻlmasa, soya qayerdan boʻladi? Quyosh esa, oʻzidan-oʻzi paydo boʻlgan narsa emas.