وَٱلَّذِينَ لَا يَدْعُونَ مَعَ ٱللَّهِ إِلَـٰهًا ءَاخَرَ وَلَا يَقْتُلُونَ ٱلنَّفْسَ ٱلَّتِى حَرَّمَ ٱللَّهُ إِلَّا بِٱلْحَقِّ وَلَا يَزْنُونَ ۚ وَمَن يَفْعَلْ ذَٰلِكَ يَلْقَ أَثَامًا
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Ular Alloh bilan birga biror ilohga iltijo qilmaslar. Alloh (o`ldirishni) harom qilgan jonni nohaqdan o`ldirmaslar. Zino qilmaslar. Kim ana shuni qilsa, uqubatga duchor bo`lur.Улар Аллоҳ билан бирга бирор илоҳга илтижо қилмаслар. Аллоҳ (ўлдиришни) ҳаром қилган жонни ноҳақдан ўлдирмаслар. Зино қилмаслар. Ким ана шуни қилса, уқубатга дучор бўлур.Alauddin Mansour: Ular Alloh bilan birga boshqa biron ilohga iltijo qilmaslar va Alloh (oʻldirishni harom qilgan) biron jonni nohaq oʻldirmaslar hamda zino qilmaslar. Kim mana shu (gunohlardan birontasini) qilsa uqubatga duchor boʻlur.Улар Аллоҳ билан бирга бошқа бирон илоҳга илтижо қилмаслар ва Аллоҳ (ўлдиришни ҳаром қилган) бирон жонни ноҳақ ўлдирмаслар ҳамда зино қилмаслар. Ким мана шу (гуноҳлардан биронтасини) қилса уқубатга дучор бўлур.
Beshinchi sifat: Muvahhidlik–tavhidchilik–yagona Allohning oʻzigagina sigʻinish, undan boshqaga iltijo qilmaslik sifatidir. Bu eng ulugʻ sifatdir. Boshqa oliy sifatlar shundan kelib chiqadi. Bu sifatsiz boshqa sifatlarning foydasi yoʻqdir. Zotan, muvahhidlik sifati yoʻq insonda boshqa yaxshi sifatlar ham boʻlmaydi.
«Ular Alloh bilan birga biror ilohga iltijo qilmaslar.»
Yaʼni, Allohga shirk keltirmaslar. Zotan, Allohga shirk keltirish ulkan zulmdir. Bu ishni qilgan odamning Rohmanga bandaligi qolmaydi. Yagona Allohning Oʻziga iltijo qilganlargina Rohmanning suyukli bandalari boʻla oladilar.
Oltinchi sifat: Birovni nohaqdan oʻldirmaslik.
Rohmanning suyukli bandalari:
«Alloh (oʻldirishni) harom qilgan jonni nohaqdan oʻldirmaslar».
Inson hayoti, kim boʻlishidan qatʼinazar, katta qiymatga ega. Islom nohaqdan bir odamni oʻldirishni butun insoniyatni oʻldirishga tenglaydi. Islomda har bir inson oʻz joni omondaligiga chuqur ishongan holda yashamogʻi kerak. Birovni nohaqdan oʻldiradigan odam Rohmanning suyukli bandasi boʻla olmaydi. Alloh harom qilgan narsani qilib turib, yana qanday qilib unga suyukli banda boʻlishi mumkin?!
Yettinchi sifat: Zino qilmaslik.
Rohmanning suyukli bandalari:
«Zino qilmaslar».
Zinoda ham moddiy, ham maʼnaviy ravishda odam oʻldirish ruhi bor. Zinokorlar bola koʻrishdan qochadilar. Ular, ayniqsa, zinodan bola boʻlib qolmasligiga urinadilar. Bu esa, oʻziga xos odam oʻldirishdir. Yaʼni, Alloh farzand berish uchun ato etgan imkoniyatni yoʻqqa chiqaradilar.
Maʼnaviy jihatdan odam oʻldirishga kelsak, zino kishilarda ruhni oʻldiruvchi pastkashlikdir. Undan kelib chiqadigan oqibatlar zinokorlarni ham, ularning qarindoshlari, yaqin kishilarini ham maʼnaviy jihatdan qatl qiladi. Albatta, bu hol halol-haromning farqiga borgan, insonlik qadrini tushunib yetgan jamiyatlarda boʻladi. Bu ishni qilgan odamning esa, Allohning suyukli bandasi boʻlishini oʻylab koʻrish ham mumkin emas. Faqat Allohning suyukli bandasi boʻlishlikdan umidvorlargina zino qilmaydilar. Hamda orzulariga yetadilar.
«Kim ana shuni qilsa, uqubatga duchor boʻlur.»
Yaʼni, Allohga shirk keltirsa, nohaqdan odam oʻldirsa va zino qilsa, gunohning uqubatiga duchor boʻladi.