إِلَّا مَن تَابَ وَءَامَنَ وَعَمِلَ عَمَلًا صَـٰلِحًا فَأُو۟لَـٰٓئِكَ يُبَدِّلُ ٱللَّهُ سَيِّـَٔاتِهِمْ حَسَنَـٰتٍ ۗ وَكَانَ ٱللَّهُ غَفُورًا رَّحِيمًا
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Magar kim tavba qilsa, iymon keltirib, solih amal qilsa, bas, Alloh ana o`shalarning yomonliklarini yaxshiliklarga almashtirur. Alloh mag`firatli va rahimli bo`lgan Zotdir.Магар ким тавба қилса, иймон келтириб, солиҳ амал қилса, бас, Аллоҳ ана ўшаларнинг ёмонликларини яхшиликларга алмаштирур. Аллоҳ мағфиратли ва раҳимли бўлган Зотдир.Alauddin Mansour: Magar kim tavba qilsa va iymon keltirib yaxshi amallar qilsa, bas, Alloh ana oʻshalarning yomonlik-gunohlarini yaxshilik-savoblarga aylantirib qoʻyur. Alloh magʻfiratli, mehribon boʻlgan Zotdir.Магар ким тавба қилса ва иймон келтириб яхши амаллар қилса, бас, Аллоҳ ана ўшаларнинг ёмонлик-гуноҳларини яхшилик-савобларга айлантириб қўюр. Аллоҳ мағфиратли, меҳрибон бўлган Зотдир.
Yuqoridagi oyatdan, mazkur gunohlarni qilganlar tamoman umidni uzar ekanlar-da, degan maʼno chiqib qolmasligi uchun ushbu oyatda tavba eshigi doimo ochiqligi bayon qilinmoqda. Oʻsha uqubatdan mustasno boʻladiganlar ham bor ekan. Unday odamlar qatoriga:
«Kim tavba qilsa, iymon keltirib, solih amal qilsa», oʻsha kiradi.
Yaʼni, qilgan gunohidan tamomiyla qaytsa, ikkinchi bor qilmasa, iymon keltirib, moʻmin boʻlsa va iymon taqozosiga koʻra solih amal etsa, mazkur azobga duchor boʻladiganlardan mustasno boʻladi. Vaqtida qilgan xatosini anglab tavba etgan, iymon keltirib, solih amal qilgan bandalarni Alloh taolo munosib taqdirlaydi.
«Bas, Alloh ana oʻshalarning yomonliklarini yaxshiliklarga almashtirur.»
Allohning fayzini, marhamatini qarang! Yaratgan bandasi nonkoʻrlik qilsa, unga shirk keltirishdek ulkan zulmni amalga oshirsa, uning amriga isyon qilib odam oʻldirsa yoki zino qilsa-yu, soʻngra tavba etib, iymon keltirib, solih amal qilsa, uning gunohlarini savobga almashtirib qoʻysa! Bundan ham ortiq magʻfiratlilik, bundan ham ortiq rahimlilik boʻladimi?!
«Alloh magʻfiratli va rahimli boʻlgan zotdir.»
Boʻlmasa, tavba etib, iymon keltirib, solih amal qilganlarning yomonliklarini yaxshilikka almashtirmas edi.
Imom Tobaroniy rivoyat qilgan hadisda aytilishicha, «Abu Farva Rasuli Akram sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib:
«Ayting-chi, bir odam hamma gunohlarni qilgan boʻlsa, kattayu kichigini qoʻymagan boʻlsa, tavba qilsa boʻladimi?» dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Islomga kirdingmi?!» dedilar. U:
«Ha!» dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Yaxshiliklarni qilaver. Yomonliklarni tark et. Alloh senga hammasini yaxshilik qilib beradi», dedilar. U:
«Aldamchiliklarimu fojirliklarimni hammi?!» dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Ha!» dedilar.
U takbir aytib («Allohu Akbar!!!» deb) qaytib ketdi. Koʻzdan koʻrinmay qolguncha takbiri eshitilib turdi».
Lekin bunday holga erishish uchun tavba haqiqiy boʻlishi zarur. Shuning uchun ham, bu haqiqat kelasi oyatda yana bir bor taʼkidlanmoqda: