قَالُوا۟ ٱطَّيَّرْنَا بِكَ وَبِمَن مَّعَكَ ۚ قَالَ طَـٰٓئِرُكُمْ عِندَ ٱللَّهِ ۖ بَلْ أَنتُمْ قَوْمٌ تُفْتَنُونَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Ular: «Sendan va sen bilan bo`lganlardan shumlandik», dedilar. U: «Shumlanishingiz Allohning huzuridadir. Balki sizlar sinalayotgan qavmsiz», dedi.Улар: «Сендан ва сен билан бўлганлардан шумландик», дедилар. У: «Шумланишингиз Аллоҳнинг ҳузуридадир. Балки сизлар синалаётган қавмсиз», деди.Alauddin Mansour: Ular dedilar: «Bizlar (boshimizga tushgan ocharchilik-qahatchilik) sening va sen bilan birga boʻlgan (moʻminlarning) shumqadamligidan deb bildik». U aytdi: «Sizlarning (boshingizga tushgan) baxtsizlik Alloh huzuridandir. Balki sizlar imtihon qilinayotgan qavmdirsiz».Улар дедилар: «Бизлар (бошимизга тушган очарчилик-қаҳатчилик) сенинг ва сен билан бирга бўлган (мўминларнинг) шумқадамлигидан деб билдик». У айтди: «Сизларнинг (бошингизга тушган) бахтсизлик Аллоҳ ҳузуридандир. Балки сизлар имтиҳон қилинаётган қавмдирсиз».
Biz «shumlanish» deb tarjima qilgan maʼno oyati karima matnida «toir», «toyyar» kabi iboralar bilan kelgan. Bu ibora «qush», «qush uchirish» maʼnolarini beradi. Oʻsha paytlar mushriklar biror ish qilmoqchi boʻlsalar, undan oldin fol ochish maqsadida qush uchirib koʻrar edilar. Agar qush oʻng tomonidan uchsa, xursand boʻlar va oʻsha ishni boshlar edilar. Agar qush chap tomoniga uchsa, shumqadamlik deb oʻylar, xafa boʻlar, shumlanar va u ishni qilmas edilar. Keyin borib-borib bu ibora qush uchirmasa ham, biror narsaning shumqadamligini anglatish uchun ishlatiladigan boʻlib ketgan.
Samud qavmi ham oʻzlariga «Allohga ibodat qiling» shiorini olib kelgan, ularni Allohga istigʻfor aytishga, undan rahmatini soʻrashga chaqirgan Paygʻambarlari Solih alayhissalomdan shumlanganlarini aytishdi.
«Ular: «Sendan va sen bilan boʻlganlardan shumlandik», dedilar.»
Yaʼni, ey Solih, biz sendan va senga iymon keltirib, birga yurganlardan shumlandik.
Oʻzi shum boʻlganidan keyin ishi shumlanish boʻlarkan-da. Solih alayhissalom va moʻminlar nima qilishibdiki, bu badbaxtlar ulardan shumlansalar. Solih alayhissalom Paygʻambar boʻlsalar ham, birovga yomonlik yoki yaxshilik keltira olmaydilar. Bu ishlarning egasi bor. Shuning uchun ham, Solih alayhissalom Samud qavmiga bu haqiqatni anglatmoqchi boʻldi:
«U: «Shumlanishingiz Allohning huzuridadir. Balki, sizlar sinalayotgan qavmsiz», dedi.»
Siz biror narsadan shumlanayotgan boʻlsangiz, oʻsha shumlanishingizning sababi Allohning huzuridadir. Bunday ishlarning hammasi Alloh taoloning irodasi bilan boʻladi. Mening ham, men bilan birga boʻlgan moʻminlarning ham bunga daxli yoʻq. Sizga kelayotgan narsalar, balki, sinov uchundir. Yaxshilik yetganda shukr qilasizlarmi, yoʻqmi, yomonlik kelganda sabr qilasizlarmi, yoʻqmi, sinab koʻriladi, dedilar.