أَمَّن يَبْدَؤُا۟ ٱلْخَلْقَ ثُمَّ يُعِيدُهُۥ وَمَن يَرْزُقُكُم مِّنَ ٱلسَّمَآءِ وَٱلْأَرْضِ ۗ أَءِلَـٰهٌ مَّعَ ٱللَّهِ ۚ قُلْ هَاتُوا۟ بُرْهَـٰنَكُمْ إِن كُنتُمْ صَـٰدِقِينَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Yoki avval boshdan yaratadigan, so`ngra yana qaytadan yaratadigan va sizlarni osmonlaru yerdan rizqlantiradigan Zot yaxshimi? Alloh bilan birga boshqa iloh bormi?! «Agar rostgo`y bo`lsangiz, hujjatingizni keltiring», degin.Ёки аввал бошдан яратадиган, сўнгра яна қайтадан яратадиган ва сизларни осмонлару ердан ризқлантирадиган Зот яхшими? Аллоҳ билан бирга бошқа илоҳ борми?! «Агар ростгўй бўлсангиз, ҳужжатингизни келтиринг», дегин.Alauddin Mansour: Yoki boshlab Oʻzi yaratib, soʻngra (Oxiratda) qayta yaratadigan Zotmi?! Kim sizlarga osmon va zamindan rizqu roʻz berur? Alloh bilan birga yana biron iloh bormi?! (Ey Muhammad alayhis-salotu vas-salom, kofirlarga) ayting: «Agar rostgoʻy boʻlsangizlar hujjatlaringizni keltiringiz!»Ёки бошлаб Ўзи яратиб, сўнгра (Охиратда) қайта яратадиган Зотми?! Ким сизларга осмон ва заминдан ризқу рўз берур? Аллоҳ билан бирга яна бирон илоҳ борми?! (Эй Муҳаммад алайҳис-салоту вас-салом, кофирларга) айтинг: «Агар ростгўй бўлсангизлар ҳужжатларингизни келтирингиз!»
Ey, mushriklar, qani aytinglar-chi, qoʻlidan hech narsa kelmaydigan sizning turli-tuman soxta xudolaringiz yaxshimi
«Yoki avval boshdan yaratadigan, soʻngra yana qaytadan yaratadigan» zotmi?
Aslida, yoʻq insonni bor qilib, avval boshda yaratgan kim? Butsanamlarmi, jin va farishtalarmi, mushriklar xudo deb yurgan boshqa maxluqlarmi? Insonni oxiratda qaytadan yaratadigan ham faqat Alloh taoloning Oʻzi.
Ey, mushriklar, qani aytinglar-chi, sizning turli-tuman, qoʻlidan hech narsa kelmaydigan soxta xudolaringiz yaxshimi yoki:
«Sizlarni osmonlaru yerdan rizqlantiradigan Zot yaxshimi?»
Alloh insonni yoʻqdan bor qilib yaratdi, endi unga rizq beradigan kim? Inson osmonlaru yerdan sonsiz-sanoqsiz neʼmatlar bilan rizqlanmoqda. Ana oʻsha rizqlar tufayli inson hayot kechirishga imkon topmoqda. Bu rizqlarni sanab sanogʻiga yetib boʻlmaydi. Qani, ey, mushriklar, oʻsha rizqlarning qaysi birini «xudo»laringiz bergan, aytinglar. Biz nafas olayotgan havoni berdimi? Suvnimi? Nimani berdi oʻzi? Yoʻq, hech narsani bergani yoʻq. Inson zotini osmonlaru yerdan behisob neʼmatlar bilan rizqlantirayotgan zot Alloh taoloning Oʻzidir. Shunday ekan, yana:
«Alloh bilan birga boshqa iloh bormi?!»
Albatta, yoʻq. Ey, mushriklar, agar, Alloh bilan birga yana bosh- qa iloh ham bor, deydigan boʻlsangiz va bu gapingizda
«rostgoʻy boʻlsangiz, hujjatingizni keltiring», degin».
Paygʻambarimiz alayhissalomga Alloh oʻrgatayotgan bu talab tavhid ahlining shirk ahllariga qoʻyadigan doimiy talabidir. Mushriklar hech qachon bu talabni qondira olmaydilar. Chunki, ularning, Allohning sherigi bor, degan gaplari gʻirt yolgʻon, agar rost boʻlganida, hujjatlarini keltirar edilar.
Shirk amallari, yaʼni, koʻpxudolik, toʻgʻrirogʻi, Alloh taoloning sherigi bor, deb eʼtiqod qilish baʼzi yoʻldan adashgan toifalarda uchraydigan holatdir. Aslida, hamma samoviy dinlar yagona Allohga ibodat qilishga, tavhidga chaqirgandir.
Ushbu surai karimada vahdoniyat asoslarini mustahkamlash, shirkning asossizligini isbotlash uchun yuqoridagi besh savol berildi. Bu besh savolga mushriklar hech qachon javob topib bera olmaganlar, bera olmaydilar ham. Chunki, mushriklik asossiz eʼtiqoddir.
Vahdoniyatni isbot qilish va shirkning asossiz ekanini koʻrsatish uchun keltirilgan oyatlardan soʻng, yana Alloh taoloning Oʻziga xos sifatlaridan biri–gʻaybni bilishi va gʻayb ilmidan boʻlgan oxirat haqidagi xabarlar keladi: