۞ وَإِذَا وَقَعَ ٱلْقَوْلُ عَلَيْهِمْ أَخْرَجْنَا لَهُمْ دَآبَّةً مِّنَ ٱلْأَرْضِ تُكَلِّمُهُمْ أَنَّ ٱلنَّاسَ كَانُوا۟ بِـَٔايَـٰتِنَا لَا يُوقِنُونَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Qachonki ularning boshiga so`z(langan azob) tushganida, Biz ular uchun yerdan bir jonivor chiqaramiz. U ularga, albatta, odamlar Bizning oyatlarimizga ishonmaydigan bo`lganlarini aytib beradi.Қачонки уларнинг бошига сўз(ланган азоб) тушганида, Биз улар учун ердан бир жонивор чиқарамиз. У уларга, албатта, одамлар Бизнинг оятларимизга ишонмайдиган бўлганларини айтиб беради.Alauddin Mansour: Qachon (kofirlarning) ustiga soʻz-azob tushganida (yaʼni, Qiyomat yaqinlashib qolganida), Biz ular uchun yerdan bir jonivor chiqarurmiz. U ularga odamlar Bizning oyatlarimizga ishonmaydigan boʻlib qolganlari haqida soʻzlar.Қачон (кофирларнинг) устига сўз-азоб тушганида (яъни, Қиёмат яқинлашиб қолганида), Биз улар учун ердан бир жонивор чиқарурмиз. У уларга одамлар Бизнинг оятларимизга ишонмайдиган бўлиб қолганлари ҳақида сўзлар.
Bu hodisa qiyomatning alomatlaridan biridir. Alloh taolo ushbu oyati karimada kofirlar boshiga vaʼda qilingan soʻz–qiyomat azobi tushish chogʻida yerdan bir hayvon chiqarishi haqida xabar bermoqda. Demak, bu ishning boʻlishi muqarrarligida hech qanday shubha yoʻq. Sahih hadisi shariflarda bu hayvon qiyomatning alomatlaridan biri ekanligi, tavba qilsa, foyda bermaydigan vaqt boʻlib qolganda chiqishi haqida xabarlar kelgan.
Hofiz ibn Kasir: «Bu jonivor oxiri zamonda, odamlar fasodga berilganda, Allohning amrini tark qilganlarida va haq dinni oʻzgartirganlarida chiqadi», deganlar.
Imom Ahmad ibn Hanbal Huzayfa ibn Usayd al-Fiforiy roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisi sharifda ham Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Oʻnta belgini koʻrmaguningizcha qiyomat qoim boʻlmaydi», deb turib, yerdan jonivor chiqishini ham aytganlar.
Imom Muslim rivoyat qilgan hadisda Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhu quyidagilarni aytadilar:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan bir hadis yod olib, hech yodimdan chiqarmadim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning shunday deganlarini eshitganman:
«Qiyomatning birinchi alomatlaridan quyoshning magʻribdan chiqishi va odamlarga jonivorning chiqishidir, bunisi choshgoh paytida boʻladi. Qaysi biri oldin chiqsa, keyingisi darrov sherigining orqasidan chiqadi».
Shu bilan birga, muhaqqiq tafsirchi ulamolarimiz ushbu jonivor haqida keraksiz va asossiz gaplar koʻpayib ketganini, ular tafsir kitoblarimizga ham kirib qolganini, ishonchli manbalarga suyanmagan gaplar boʻlgani uchun, ularga eʼtibor bermaslik lozimligini taʼkidlaydilar. Qurʼoni Karimda va sahih hadislarda kelgan xabarlar bilan kifoyalanish eng yaxshi ish. Qolgani esa, faqat Alloh biladigan gʻayb ilmdir.
«Qachonki ularning boshiga soʻz(langan azob) tushganida, Biz ular uchun yerdan bir jonivor chiqaramiz.»
Bu «jonivor» oyatda «dobba» deb aytilgan. «Dobba»–«yer yuzida asta yuruvchi» deganidir. Qorni bilan sudralib yuradimi, ikki, toʻrt yoki sonsiz-sanoqsiz oyoqlari bilan yuradimi, farqi yoʻq. Diniy adabiyotimizda ham bu jonivor «dobbatul arz» nomi bilan mashhur boʻlgan.
Demak, qiyomat yaqinlashganda oʻsha jonivor chiqadi va:
«U ularga, albatta, odamlar Bizning oyatlarimizga ishonmaydigan boʻlganlarini aytib beradir».
«Dobbatul arz»ni odamlarga gapirtirishdan maqsad ularning ilohiy oyatlarga iymon keltirmaydigan boʻlganliklarini bildirish ekan.
Qanday qilib aytishini Alloh taoloning Oʻzi biladi. Imo-ishora bilan tushuntiradimi, hamma insonlar tushunadigan tilda gapiradimi yoki insonlar uning tilini tushunadigan boʻlib qoladilarmi, birov bu haqda bir narsa bilmaydi. Biz esa, ushbu «Naml» surasida hayvonlarning odamlar bilan muomala qilishi, gaplashishi ketma- ket kelganiga eʼtiborni qaratmoqchimiz, xolos: Sulaymon alay- hissalom oʻzlariga mantiquttayr ilmini bergani uchun Allohga shukr qilishlari, chumolining gapirishi, Hudhudning qissasi va, nihoyat, «dobbatul arz»ning odamlarga soʻzlashi zikr etildi.
Qiyomatning ulkan alomatlaridan biri boʻlgan ushbu hodisadan keyin bevosita qiyomat vasfiga oʻtiladi: