فَلَمَّآ أَنْ أَرَادَ أَن يَبْطِشَ بِٱلَّذِى هُوَ عَدُوٌّ لَّهُمَا قَالَ يَـٰمُوسَىٰٓ أَتُرِيدُ أَن تَقْتُلَنِى كَمَا قَتَلْتَ نَفْسًۢا بِٱلْأَمْسِ ۖ إِن تُرِيدُ إِلَّآ أَن تَكُونَ جَبَّارًا فِى ٱلْأَرْضِ وَمَا تُرِيدُ أَن تَكُونَ مِنَ ٱلْمُصْلِحِينَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Qachonki ikkovlariga dushman bo`lganni tutmoqchi bo`lgan edi, u: «Ey Muso, kecha bir jonni o`ldirganing kabi, meni o`ldirmoqchimisan?! Sen yer yuzida faqat jabbor bo`lishni istarsan va isloh qilguvchilardan bo`lishni istamassan», dedi.Қачонки икковларига душман бўлганни тутмоқчи бўлган эди, у: «Эй Мусо, кеча бир жонни ўлдирганинг каби, мени ўлдирмоқчимисан?! Сен ер юзида фақат жаббор бўлишни истарсан ва ислоҳ қилгувчилардан бўлишни истамассан», деди.Alauddin Mansour: Endi u oʻzlariga dushman boʻlgan kimsani (yaʼni, Qibtiyni) ushlamoqchi boʻlgan edi, (Muso endi meni urmoqchi shekilli, deb gumon qilgan Bani Isroildan boʻlgan kimsa): «Ey Muso, kecha bir jonni oʻldirganing kabi (bugun) meni ham oʻldirmoqchimisan?! Sen faqat Yer yuzida jabru zulm qilguvchi boʻlmoqchisan. Sen isloh qilguvchilardan boʻlishni istamaysan», dedi.Энди у ўзларига душман бўлган кимсани (яъни, Қибтийни) ушламоқчи бўлган эди, (Мусо энди мени урмоқчи шекилли, деб гумон қилган Бани Исроилдан бўлган кимса): «Эй Мусо, кеча бир жонни ўлдирганинг каби (бугун) мени ҳам ўлдирмоқчимисан?! Сен фақат Ер юзида жабру зулм қилгувчи бўлмоқчисан. Сен ислоҳ қилгувчилардан бўлишни истамайсан», деди.
Ha, ortiqcha zulm odamlarga qattiq taʼsir oʻtkazadi. Beparvo, himmatsiz kishilar, umuman, odamgarchilikdan chiqib ketadi. Hassos va himmatli kishilarning esa, asabi taranglashadi. Zolim, mustabid hokim shaxsiga sigʻinishga asoslangan jamiyatda turli maʼnaviy oʻlchovlar ham teskarisiga aylanib qoladi.
Muso alayhissalom kechagi ishdan qattiq afsuslanib, bunga oʻxshash ishlarni boshqa qilmaslikka ahd etgan, kechagi ish oqibatidan xavfsirab, qabiladoshlarini «Albatta, sen ochiq-oydin gumrohsan», deb ayblab turgan boʻlsalar ham, hassos va himmatli insonliklari, zulmga qarshi vujudlari qahru gʻazabga toʻlaligi sababli, chidab tura olmadilar. Zolimga qarshi chiqishdan oʻzlarini yana toʻxtata bilmadilar.
«Qachonki ikkovlariga dushman boʻlganni tutmoqchi boʻlgan edi...»
Yaʼni, oʻziga va bani isroillikka dushman boʻlgan qibtiyni tutmoqchi boʻlgan vaqtlarida oʻsha qibtiy:
«Ey Muso, kecha bir jonni oʻldirganing kabi meni oʻldirmoqchimisan?!» deb qoldi.
Demak, uning kechagi voqeadan xabari bor. Oʻz-oʻzidan, u qanday qilib xabar topdi, degan savol paydo boʻladi. Bunga taxminiy ilovalar koʻp. Balki, oʻsha qibtiy bilan urishayotgan bani isroillik aytgandir. Ehtimol, ikkovi orasidagi urish kechagi urish sababli chiqqandir. Chunki, mazlum kishilar zolimlarga ozgina zarar yetkazsa ham, benihoyat xursand boʻlib ketadilar. Hech kim bilmasin, deb xabarni bir-birlariga aytaveradilar. Agar dushman bilan tortishib qolsalar, ularga ham navbat kelib qolganini, kecha falon joyda, falon voqea boʻlganini ham aytib beradilar. Bu soʻzamollar oʻzlarining bu gaplaridan boshqa mazlumlarga foyda bormi, yoʻqmi ekaniga eʼtibor bermaydilar. Modomiki, zolimga oz boʻlsa ham zarar yetibdimi, gapirish kerak, deb oʻylaydilar. Ana shu eʼtibordan bani isroillik bilan urishib turgan qibtiy oʻzini ushlamoqchi boʻlgan Muso alayhissalomning kechagi ishlaridan xabardor boʻlishi hech gap emas. Zolimga mazlumning oʻziga qarshi chiqishi suiqasd boʻlib koʻrinadi. Qibtiy Muso alayhissalomni suiqasdda aybladi va kecha noxosdan boʻlgan ishni yuzlariga soldi. Lekin bu bilan kifoyalanmadi. U kishini ayblashda davom etdi:
«Sen yer yuzida faqat jabbor boʻlishni istaysan va isloh qilguvchilardan boʻlishni istamaysan», dedi».
Zulm, sitam va istibdod kuchaygan, shaxsga sigʻinish avj olgan yurtda maʼnaviy qadriyatlar mezoni oʻzgarib qolishini qibtiyning shu gapidan koʻrsa boʻladi. Uning fikricha, butun boshli bir xalqni qul qilib olgan, ularni ezib, oʻgʻil bolalarini soʻyib, qizlarini tirik qoldirib, ogʻir ishlarda ishlatayotgan Firʼavn odil va mehribon zot, uni jabbor va buzgʻunchi deyish gunohi azim, ammo qullikka qarshi bosh koʻtargan, mazlum qabiladoshini oʻlimdan qutqarish uchun harakat qilib, bilmasdan, noxos bir zolimni oʻldirib qoʻygan Muso alayhissalom «jabbor» va «isloh qilguvchilardan boʻlishni istamay»digan odam emishlar.
Tom maʼnoda firʼavnlar hukmron boʻlgan jamiyatda ana shunday vaziyat vujudga keladi. Firʼavnlar va uning gumashtalari qilgan zulm, istibdod ayni adolat, xalq manfaati yoʻlida koʻrilgan chora boʻlib, unga hamdu sano va maqtovlar aytilaveradi-yu, ammo birorta mazlum oʻz haqqini talab qilib qolsa, uni dunyodagi eng katta jinoyatchi, haddidan oshgan zolim, isyonkor, noshukr, deb ayblanadi.
Bu safar Muso alayhissalomga nisbatan ham xuddi shunday munosabatda boʻlindi.
Baʼzi mufassirlarimiz, mazkur itob gaplarni qibtiy emas, bani isroillik aytgan, deganlar. Muso, sen oʻzing gumroh ekansan, deb unga qarab yurganlarida, meni oʻldirgani kelyapti, deb qoʻrqib ketganidan aytgan, deydilar. Lekin koʻpchilik ulamolar avvalgi fikrni quvvatlashadi.
Shu bilan bu hodisa ham tugab, hamma tarqalib ketdi.