ٱسْلُكْ يَدَكَ فِى جَيْبِكَ تَخْرُجْ بَيْضَآءَ مِنْ غَيْرِ سُوٓءٍ وَٱضْمُمْ إِلَيْكَ جَنَاحَكَ مِنَ ٱلرَّهْبِ ۖ فَذَٰنِكَ بُرْهَـٰنَانِ مِن رَّبِّكَ إِلَىٰ فِرْعَوْنَ وَمَلَإِي۟هِۦٓ ۚ إِنَّهُمْ كَانُوا۟ قَوْمًا فَـٰسِقِينَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Qo`lingni yoqangdan (qo`ltig`ingga) suq, biron nuqsonsiz oppoq bo`lib chiqur va qo`rquvdan qanot(qo`l)ingni o`zingga tortib ol. Bas, shu ikkisi Robbingdan Fir'avn va uning odamlariga ikki hujjatdir. Albatta, ular fosiq qavm bo`ldilar», (deyildi).Қўлингни ёқангдан (қўлтиғингга) суқ, бирон нуқсонсиз оппоқ бўлиб чиқур ва қўрқувдан қанот(қўл)ингни ўзингга тортиб ол. Бас, шу иккиси Роббингдан Фиръавн ва унинг одамларига икки ҳужжатдир. Албатта, улар фосиқ қавм бўлдилар», (дейилди).Alauddin Mansour: Qoʻlingni choʻntagingga solgin, biron ziyon-dardsiz oppoq boʻlib chiqur va qanotingni (yaʼni, qoʻlingni) qoʻrquvdan (yaʼni, agar bu moʻʼjizalardan qoʻrqib ketsang qoʻltigʻingga) qisib olgin (u yana oʻz holiga qaytur). Bas, shu ikkisi (yaʼni, aso bilan qoʻl) Parvardigoring tomonidan Firʼavn va uning odamlariga ikki hujjatdir. Darhaqiqat, ular fosiq qavm boʻldilar».Қўлингни чўнтагингга солгин, бирон зиён-дардсиз оппоқ бўлиб чиқур ва қанотингни (яъни, қўлингни) қўрқувдан (яъни, агар бу мўъжизалардан қўрқиб кетсанг қўлтиғингга) қисиб олгин (у яна ўз ҳолига қайтур). Бас, шу иккиси (яъни, асо билан қўл) Парвардигоринг томонидан Фиръавн ва унинг одамларига икки ҳужжатдир. Дарҳақиқат, улар фосиқ қавм бўлдилар».
Alloh taolo Muso alayhissalomga asoni ilonga aylantirib koʻrsatib, bu tajribadan hosil boʻlgan qoʻrquvni muolaja qilganidan soʻng yana boshqa tajribaga oʻtdi.
«Qoʻlingni yoqangdan (qoʻltigʻingga) suq, biron nuqsonsiz oppoq boʻlib chiqur», dedi.
Alloh taolo uchun imkonsiz ishning oʻzi yoʻq. Asoni tashla, degan edi-yu, nima boʻlishini aytmagan edi. Endi esa, qoʻlingni qoʻltigʻingga suq, deyish bilan birga nima boʻlishini ham aytmoqda. Ayni choqda, avvalgi holatga oʻxshab qoʻrquv paydo boʻlsa, chorasini ham oʻrgatib:
«va qoʻrquvdan qanot(qoʻl)ingni oʻzingga tortib ol», demoqda.
Bu jumlada insonning qoʻllari qushning qanotiga oʻxshatilmoqda. Qush biror narsadan qoʻrqsa, qanotini tanasiga qattiq siqib olib oʻzini bosadi. Shuningdek, inson ham qoʻrqqan paytida qoʻlini koʻksiga bossa, qoʻrquv ketadi. Koʻkrakka bosilgan qoʻl, tipirlab urayotgan yurakni tinchitadi. Alloh taolo Muso alayhissalomga ana shuni aytmoqda va nidosining davomida:
«Bas, shu ikkisi Robbingdan Firʼavn va uning odamlariga ikki hujjatdir», demoqda.
Yaʼni, aso va qoʻl ikkisi sening Robbing Alloh taolodan Firʼavn va uning odamlariga sening haq Paygʻambar ekaningni tasdiqlovchi ikki moʻʼjiza-hujjatdir.
«Albatta, ular fosiq qavm boʻldilar.»
Ular yer yuzida koʻplab buzgʻunchiliklar qildilar. Endi ularni Paygʻambar yuborib ogohlantirish vaqti keldi. Demak, Alloh taoloning Muso alayhissalomning onalariga bergan ikkinchi, yaʼni: «va Biz uni Paygʻambarlardan qilurmiz», degan vaʼdasi amalga oshdi.
Muso alayhissalom yelkalariga ogʻir masʼuliyat yuklatilayotganini his etdilar. Shu bilan birga, oʻtgan hodisalarni va kelajakda boʻladigan ehtimollarni ham hisob-kitob qildilar. Bu haqdagi mulohazalarini Robbul olamiynga toʻkib soldilar.