إِنَّ فِرْعَوْنَ عَلَا فِى ٱلْأَرْضِ وَجَعَلَ أَهْلَهَا شِيَعًا يَسْتَضْعِفُ طَآئِفَةً مِّنْهُمْ يُذَبِّحُ أَبْنَآءَهُمْ وَيَسْتَحْىِۦ نِسَآءَهُمْ ۚ إِنَّهُۥ كَانَ مِنَ ٱلْمُفْسِدِينَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Albatta, Fir'avn yer yuzida baland ketdi. U o`sha(er)ning aholisini bo`lib tashladi. Ulardan bir toifasini ezar, o`g`illarini so`yib, qizlarini tirik qoldirardi. Albatta, u buzg`unchilardan bo`lgan edi.Албатта, Фиръавн ер юзида баланд кетди. У ўша(ер)нинг аҳолисини бўлиб ташлади. Улардан бир тоифасини эзар, ўғилларини сўйиб, қизларини тирик қолдирарди. Албатта, у бузғунчилардан бўлган эди.Alauddin Mansour: Darhaqiqat, Firʼavn (Misr) yerida tugʻyonga tushib, uning aholisini boʻlak-boʻlak qildi. U ulardan bir toifani (yaʼni, Bani Isroil qavmini) xorlab oʻgʻillarini soʻyar, ayollarini tirik qoldirar. Albatta, u buzgʻunchi kimsalardan boʻldi.Дарҳақиқат, Фиръавн (Миср) ерида туғёнга тушиб, унинг аҳолисини бўлак-бўлак қилди. У улардан бир тоифани (яъни, Бани Исроил қавмини) хорлаб ўғилларини сўяр, аёлларини тирик қолдирар. Албатта, у бузғунчи кимсалардан бўлди.
Firʼavn Misr podshohi. Muso alayhissalom davrlarida Ramsis II firʼavn boʻlganini koʻpchilik taʼkidlaydi. Firʼavn tugʻyonkor, zolim va xudolik daʼvosini qilgan podshohdir. Qurʼoni Karimda Firʼavn xudoning yoʻlidan chiqqan fuqarolarni oʻz xohishiga boʻysundirishga harakat etgan, kishilarga oʻzini Robb sifatida koʻrsatgan, oʻziga boʻyinsunmay, uning aytganini qilmagan, unga qul boʻlishni xohlamagan odamlarga cheksiz zulm oʻtkazgan yagona hokimi mutlaq, mustabid podshoh oʻlaroq tavsiflanadi.
Shuning uchun, musulmonlar orasida, islomiy adabiyotlarda Allohning yoʻlida yurmay, uning dasturiga amal qilmay, kishilarga zulm oʻtkazgan, mustabid, hokimi mutlaq boʻlgan va oʻziga sigʻinishni joriy etgan shaxslar «Firʼavn» deb ataladi.
Ushbu oyati karimadagi:
«Albatta, Firʼavn yer yuzida baland ketdi», degani Firʼavn butun yer yuziga hokim boʻlgan ekan, degan maʼnoni emas, balki Misr yerida «baland ketdi»–takabburlik qildi, tugʻyonga ketdi, haddan oshdi, kabi maʼnolarni beradi.
«U oʻsha(yer)ning aholisini boʻlib tashladi.»
Oʻzi hokim boʻlgan yer aholisini boʻlib tashlash har bir firʼavnning odati. Chunki, firʼavnlar faqat oʻzini, oʻz halovatini, oʻz taxtini oʻylaydi. Taxtdan ajrab qolmaslik uchun har qanday pastkashlikka boradi. Aholini parchalash esa, firʼavnlarga aynan taxtni mustahkamlash, shaxsiy rohatini taʼminlash uchun kerak. Chunki, firʼavnlar aholini boʻlib tashlab, bir-biriga qarshi qilib qoʻysa, ular bir-birlari bilan ovora boʻlib, firʼavnlar bilan ishlari boʻlmaydi. Firʼavnlar aholini turli toifalarga ajratib, ularni bir-biriga qarshi etib qoʻyadi. Toifalar orasida ham nizo chiqarib, ularni ham bir-biriga qarshi qoʻyadi. Oʻziga qaysi taraf yaxshiroq topinsa, oʻshani quvvatlab, boshqalarning tomoshasini koʻrib, hukm suraveradi.
Muso alayhissalom davrlaridagi Misr firʼavni ham shu yoʻldan borib, Misr aholisini boʻlib tashlagan edi.
«Ulardan bir toifasini ezar, oʻgʻillarini soʻyib, qizlarini tirik qoldirardi.»
Firʼavn ezgan toifa Bani Isroil edi. Bani Isroil Yusuf alay- hissalom davrlarida asl vatanidan Misrga hijrat qilgan edi. «Yusuf» surasida oʻrganganimizdek, akalari Yusuf alayhissalomni quduqqa tashlab ketganidan soʻng karvondagi yoʻlovchilar u kishini topib olib, Misr azizining vaziriga sotishdi. Borib-borib Yusuf alayhissalom bosh vazirlik martabasiga koʻtarildilar va ota-onalari boshliq butun qavmini Misrga chaqirdilar. Zamon oʻtishi bilan ular shu joyda oʻrnashib, oʻzlaridan koʻpayishib, katta sonli xalqqa aylandilar. Qavmlaridan koʻplab Paygʻambarlar chiqqani, qadimdan samoviy dinlar bilan aloqada boʻlib, Paygʻambarlar keltirgan aqiyda va dinga egaligi tufayli, Misrning butparastlik dinini hech qabul etmas, ayniqsa, Firʼavn shaxsiga sigʻinishni mutlaqo istamas edilar. Oʻzini Xudo oʻrniga qoʻygan Firʼavn ularni aynan shu sababli ezardi.
Shu bilan birga, ilohiy taʼlimot, ilohiy tuzum va ilohiy adolatdan xabari bor Bani Isroil qavmida Firʼavn oʻz shaxsi, hukmi va xudolik daʼvosiga qarshi katta xavf-xatarni koʻrardi. Bani Isroilning haqiqatdan xabardorligining oʻziyoq Firʼavn uchun katta tashvish tugʻdirardi. Firʼavnga qolsa, qani endi Bani Isroil oʻzi bilgan haqiqatga amal qilmasa va oʻsha haqiqatni yerli aholiga ham oʻrgatmasa. Shu maqsadda Firʼavn dastlab ularning orasiga tafriqa soldi — oralarini boʻlib tashladi. Bani Isroilni ezish siyosatini olib bordi, oʻziga sigʻingani uchun yerli aholini yuqori qoʻydi. Soʻngra Bani Isroilni zaiflashtirish yoʻlini oʻylab topdi. Oʻgʻillarini soʻyish va qizlarini tirik qoldirish siyosatini qoʻlladi. Shu yoʻl bilan asta-sekin Bani Isroilni yer yuzidan umuman yoʻqotishni rejalashtirdi. Erkaklar yoʻq boʻlib ketaversa, odam soni kamayadi, ayollarni xohlagan koʻyga solish oson boʻladi.
Buning uchun bahona ham topildi. Rivoyatlarda kelishicha, Firʼavn atrofidagi gumashta sehrgar-folbinlar podshohga, sening mulkingning zavoli Bani Isroildan kelajakda tugʻiladigan bir oʻgʻil boladir, degan xabarni yetkazishdi. Firʼavn mulkining zavoliga chiday olmaydi. Shuning uchun, taxtiga boʻlgan xavfni joniga boʻlgan xavfdan ortiq koʻradi. Garchi oʻzi xudolik daʼvo qilsa ham, taxtiga xavf solgani uchun ona qornidagi homiladan ham qoʻrqadi. Firʼavnning gumashtalari uning bu zaif joyini yaxshi bilishadi. Shuning uchun, Firʼavnga yoqmagan toifaning homiladagi bolasini ham unga ashaddiy dushman, taxtiga koʻz olaytirgan qilib koʻrsatishga urinadilar. Vasvasaga tushgan Firʼavn nazdida, kelajakda Bani Isroildan tugʻiladigan har bir oʻgʻil bola Firʼavn mulkining zavoli boʻlishi mumkin. Shu bois, ular darhol oʻldirilsin, degan farmon chiqardi. Shu soatdan boshlab, har bir bani isroillik homilador yonida doya qoʻshilib yuradigan boʻldi. Ayol tugʻishi bilan doya qarar, oʻgʻil bola boʻlsa, xabar berar va jallodlar bolani oʻldirishar edi. Shunday qilib, Firʼavn oʻzining misli koʻrilmagan shafqatsiz siyosatini yurgizdi.
«Albatta, u buzgʻunchilardan boʻlgan edi.»
Firʼavnning yer yuzida katta ketishi u yerning aholisini boʻlib tashlab, shaxsiga sigʻinganlarni oʻziga yaqin olishi, boshqalarni esa, ezishni iroda etishi edi.