وَإِذَا سَمِعُوا۟ ٱللَّغْوَ أَعْرَضُوا۟ عَنْهُ وَقَالُوا۟ لَنَآ أَعْمَـٰلُنَا وَلَكُمْ أَعْمَـٰلُكُمْ سَلَـٰمٌ عَلَيْكُمْ لَا نَبْتَغِى ٱلْجَـٰهِلِينَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Qachonki behuda narsa eshitsalar, undan yuz o`girib: «Bizga o`z amallarimiz, sizga o`z amallaringiz, omon bo`linglar, biz johillarni istamasmiz», dedilar.Қачонки беҳуда нарса эшитсалар, ундан юз ўгириб: «Бизга ўз амалларимиз, сизга ўз амалларингиз, омон бўлинглар, биз жоҳилларни истамасмиз», дедилар.Alauddin Mansour: Qachon behuda (soʻz yo ishni) eshitsalar, undan yuz oʻgirurlar va: «Bizlarning amallarimiz oʻzimiz uchun, sizlarning amallaringiz ham oʻzlaringiz uchundir. Omon boʻlinglar. Bizlar nodon kimsalar (bilan hamsuhbat boʻlish)ni istamaymiz», derlar.Қачон беҳуда (сўз ё ишни) эшитсалар, ундан юз ўгирурлар ва: «Бизларнинг амалларимиз ўзимиз учун, сизларнинг амалларингиз ҳам ўзларингиз учундир. Омон бўлинглар. Бизлар нодон кимсалар (билан ҳамсуҳбат бўлиш)ни истамаймиз», дерлар.
Behuda, nooʻrin gap-soʻz nafaqat vaqtni, balki aql-zakovatni, sof insoniy his-tuygʻuni ham zoye qiladi. Shuning uchun ham, musulmonlar foydasiz ishlar bilan mashgʻul boʻlmaydilar. Undan yuz oʻgirib ketadilar. Behuda narsalar bilan mashgʻul boʻlib, martabalarini pastlatmaydilar. Mabodo, boshqalar ularga behuda soʻz aytib, yoʻllaridan toʻsib chiqsalar, ularga teng boʻlib oʻtirmaydilar, ulardan oʻzlarini olib qochadilar va odob bilan:
«Bizga oʻz amallarimiz, sizga oʻz amallaringiz», deydilar.
Odob bilan aytilgan bu gap ostida ulkan haqiqat yotadi. Biz musulmonlarmiz, bizning behuda gap-soʻzlarga vaqtimiz ham, xohishimiz ham yoʻq. Biz butun dunyoning saodati uchun ulkan ishlarni amalga oshirishimiz lozim. Oʻsha ishlarimiz biz uchun yetarli. Siz kimligimizni oʻzingiz yaxshi bilasiz. Behuda gap-soʻz, bekorchi ishlar qilmoqchi boʻlsangiz, bizni tinch qoʻying-da, oʻzingiz bemalol qilavering.
«Omon boʻlinglar, biz johillarni istamasmiz», dedilar.»
Biz johillarga qoʻshilmaymiz. Ular bilan tortishib behuda ovora ham boʻlmaymiz, dedilar.
Bunday oliy sifatlarga ega boʻlgan bir guruh ahli kitobning iymonga kelishi uchun urish-janjal, talashib-tortishish, turli hujjat-dalil yoki moʻʼjizalar koʻrsatish kerak boʻlmadi. Ular Rasuli Akram sollallohu alayhi vasallamdan Qurʼon tilovati tinglashlari bilanoq koʻzlaridan duv-duv yosh toʻkib iymonga keldilar.
Ha, Alloh taolo Oʻzining oxirgi Paygʻambari Muhammad sollallohu alayhi vasallamga qiyomat kunigacha sobit qolajak moʻʼjiza qilib Qurʼoni Karimni bergan edi. Qurʼon barcha moʻʼjizalardan ustundir. Kim Qurʼoni Karimni tadabbur qilib koʻrsa, chuqur tushunishga urinsa, darhol iymonga keladi. Shuning uchun ham, uni insof bilan, tadabbur qilib eshitgan ahli kitoblar darhol iymonga keldilar. Ana shunday ajoyib kishilarning osonlik bilan iymonga kelishlariga qarshi oʻlaroq oʻz qavmlarining iymondan bosh tortishi Muhammad sollallohu alayhi vasallamni qattiq tashvishga solar edi. Iymonga kelishlarini orzu qilgan kishilarining iymonga kelmasligi u kishiga ogʻir botardi. Rasuli Akram sollallohu alayhi vasallam iymonga kelishini juda-juda istagan kishilardan biri amakilari Abu Tolib edi. Bu inson u kishi sollallohu alayhi vasallamni bolaliklaridanoq himoyalariga olib, bolalaridan ham ustun koʻrib boqib-tarbiyalab oʻstirgan, doimo himoya qilib kelgan, Paygʻambar boʻlganlaridan keyin mushriklarning tazyiqlariga asosiy qalqon boʻlgan, bu yoʻlda koʻpgina aziyatlar chekkan odam edi. Abu Tolibning Muhammad sollallohu alayhi vasallamga qilgan yaxshiliklari tarixda maʼlum va mashhurdir. Lekin, shu bilan birga, uning Islomga kirmagani ham maʼlum va mashhurdir.
Imom Muslim hazrati Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisi sharifda quyidagilar aytiladi: «Abu Tolibga oʻlim hozir boʻlganida, uning oldiga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kelib: «Ey amaki, «Laa ilaaha Illallohu»ni aytgin, u bilan senga qiyomatda guvohlik beray», dedilar. U esa: «Agar qurayshliklar meni ayblab, uni oʻlim qoʻrqinchigina bu ishga olib keldi, deyishlari boʻlmaganida, sening xursandchiliging uchun aytar edim, u gapni faqat sening xursandchiliging uchun aytar edim», dedi. Shunda Alloh taolo quyidagi oyati karimani nozil qildi.