وَقَالُوٓا۟ إِن نَّتَّبِعِ ٱلْهُدَىٰ مَعَكَ نُتَخَطَّفْ مِنْ أَرْضِنَآ ۚ أَوَلَمْ نُمَكِّن لَّهُمْ حَرَمًا ءَامِنًا يُجْبَىٰٓ إِلَيْهِ ثَمَرَٰتُ كُلِّ شَىْءٍ رِّزْقًا مِّن لَّدُنَّا وَلَـٰكِنَّ أَكْثَرَهُمْ لَا يَعْلَمُونَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Ular: «Agar sen bilan hidoyatga ergashsak, o`z yerimizdan yulib olinamiz», dedilar. Biz ularga omonlik haramini makon qilib bermadikmi?! U yerga har narsaning mevalari Bizning dargohimizdan rizq o`laroq yig`iladi-ku! Ammo ko`plari bilmaslar.Улар: «Агар сен билан ҳидоятга эргашсак, ўз еримиздан юлиб олинамиз», дедилар. Биз уларга омонлик ҳарамини макон қилиб бермадикми?! У ерга ҳар нарсанинг мевалари Бизнинг даргоҳимиздан ризқ ўлароқ йиғилади-ку! Аммо кўплари билмаслар.Alauddin Mansour: Ular (yaʼni, Quraysh kofirlari): «(Ey Muhammad alayhis-salotu vas-salom), agar bizlar sen bilan birga Toʻgʻri Yoʻlga ergashsak, oʻz yerimizdan ajralurmiz», dedilar. Axir Biz ularga tinch-osoyishta Haramni makon qilib bermadikmi?! Barcha narsaning meva-hosillari Bizning dargohimizdan rizqu roʻz boʻlgan holda oʻsha joyga yigʻiladi-ku! Lekin ularning koʻplari (buni) bilmaslar.Улар (яъни, Қурайш кофирлари): «(Эй Муҳаммад алайҳис-салоту вас-салом), агар бизлар сен билан бирга Тўғри Йўлга эргашсак, ўз еримиздан ажралурмиз», дедилар. Ахир Биз уларга тинч-осойишта Ҳарамни макон қилиб бермадикми?! Барча нарсанинг мева-ҳосиллари Бизнинг даргоҳимиздан ризқу рўз бўлган ҳолда ўша жойга йиғилади-ку! Лекин уларнинг кўплари (буни) билмаслар.
Ushbu oyatda butunlay Islom yoʻlida yurishdan oʻzini olib qochganlarning bahonasi keltirilib, munoqasha qilinmoqda. Islomning dastlabki bosqichida kofirlar aytgan bahonani islomiy amaldan qochganlar hozirgacha takrorlab keladilar.
«Ular: «Agar sen bilan hidoyatga ergashsak, oʻz yerimizdan yulib olinamiz», dedilar.»
Yaʼni, agar biz Islomga amal qiladigan boʻlsak, hozirgi imkoniyatlarimizdan ayrilib qolamiz, odamlar bizni tinch qoʻymaydilar, deydilar. Qurayshliklardan biri bu haqda Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamga: «Biz sen aytayotgan narsa haq ekanini yaxshi bilamiz, lekin sening diningga ergashsak, arablar bizni Makka yeridan chiqarib yuborishidan qoʻrqamiz», degan ekan.
Oyatda oʻsha gap umumlashtirib keltirilmoqda. Ular hidoyat nimada ekanini yaxshi biladilar. Ammo besh kunlik dunyoning hoyi- havasi deb unga yurmaydilar. Yerimdan, uy-joyimdan, mansabimdan, molu mulkimdan va yana allaqanday boshqa matohlarimdan ayrilib qolaman, deb qoʻrqadilar.
Lekin dinga amal qilgan qaysi bir odam yomonlik koʻribdi? Qaysi jamiyat Islomni hayotiga toʻla tadbiq etib musiybat chekibdi? Qaysi millat musulmonligi gullab-yashnagan paytida xoru zor boʻlibdi? Har bir millat, har bir xalq, har bir yurt oʻz tarixini, Islom tarixini yaxshilab oʻrganib chiqsa, baxt-saodat faqat Islom tufayli kelganini bilib oladi. Alloh taolo ana shunga ishora etib oyatda:
«Biz ularga omonlik haramini makon qilib bermadikmi?!» demoqda.
Alloh taolo Makkai Mukarramani haram qilib qoʻydi. U yerda urush qilish, hatto, qurol koʻtarib yurish mumkin emas. Mushriklar nimadan qoʻrqadilar oʻzi? Haramning hududida turib: hidoyatga ergashsak, yerimizdan haydalishimizdan qoʻrqamiz, deydilarmi? Shuningdek, Islom hukmi joriy boʻlgan har bir joyda tinchlik- omonlik hukm surgan, odamlar uzoq joylarga safar qilganlarida hayvonlari ham omonda boʻlgan. Endi esa, Islomga amal qilsak, u boʻlishidan qoʻrqamiz, unga amal etsak, bu boʻlishidan qoʻrqamiz, deydilarmi?
«U yerga har narsaning mevalari Bizning dargohimizdan rizq oʻlaroq yigʻiladi-ku!»
Hech narsa unmaydigan Makkaga dunyodagi hamma rizq toʻlib-toshib turadigan qilib qoʻyilgan-ku! Nimaga endi ahli Makka: hidoyatga ergashsak, u boʻladi, bu boʻladi, deb bahona qiladilar?
Shuningdek, Islom shariati toʻliq amalda boʻlgan musulmonlar diyorida zakot oladigan (muhtoj) odam topilmay qolib, ulamolar nima qilishni bilmay boshlari qotgan. Bu degani, musulmon yurtda yashayotgan kishilar hammasi zakot beradigan darajada boy boʻlishgan, deganidir. Endi nimaga, Islomga amal qilinsa, u boʻladi, bu boʻladi, deb odamlar qoʻrqitiladi? Chunki, bu haqiqatlarni bilgan biladi, xolos.
«Ammo koʻplari bilmaslar.»
Ana oʻsha bilmaganlar ishni rasvo qilib kelmoqdalar. Xoʻsh, Islomdan hadiksirab: unga amal etsak, xavf-xatarda qolamiz, maiyshatimiz buziladi, degan odamlarning oqibatlari nima boʻlgan edi?