وَٱعْتَصِمُوا۟ بِحَبْلِ ٱللَّهِ جَمِيعًا وَلَا تَفَرَّقُوا۟ ۚ وَٱذْكُرُوا۟ نِعْمَتَ ٱللَّهِ عَلَيْكُمْ إِذْ كُنتُمْ أَعْدَآءً فَأَلَّفَ بَيْنَ قُلُوبِكُمْ فَأَصْبَحْتُم بِنِعْمَتِهِۦٓ إِخْوَٰنًا وَكُنتُمْ عَلَىٰ شَفَا حُفْرَةٍ مِّنَ ٱلنَّارِ فَأَنقَذَكُم مِّنْهَا ۗ كَذَٰلِكَ يُبَيِّنُ ٱللَّهُ لَكُمْ ءَايَـٰتِهِۦ لَعَلَّكُمْ تَهْتَدُونَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Barchangiz Allohning arqonini mahkam tuting va bo`linib ketmang. Va Allohning sizga bergan ne'matini eslang: bir vaqtlar dushman edingiz, bas, qalblaringizni ulfat qildi. Uning ne'mati ila birodar bo`ldingiz. Olovli jar yoqasida edingiz, undan sizni qutqardi. Shunday qilib, Alloh sizga O`z oyatlarini bayon qiladi. Shoyadki, hidoyat topsangiz.Барчангиз Аллоҳнинг арқонини маҳкам тутинг ва бўлиниб кетманг. Ва Аллоҳнинг сизга берган неъматини эсланг: бир вақтлар душман эдингиз, бас, қалбларингизни улфат қилди. Унинг неъмати ила биродар бўлдингиз. Оловли жар ёқасида эдингиз, ундан сизни қутқарди. Шундай қилиб, Аллоҳ сизга Ўз оятларини баён қилади. Шоядки, ҳидоят топсангиз.Alauddin Mansour: Va barchangiz Allohning arqoniga (Qurʼonga) bogʻlaningiz va boʻlinmangiz! Hamda Allohning sizlarga bergan neʼmatini eslang: bir-biringizga dushman boʻlgan paytlaringizda dillaringizni oshno qilib qoʻydi-yu, sizlar Uning neʼmati sabab birodarlarga aylandingiz. Va doʻzax chohining yoqasida turgan edingiz, sizlarni undan xalos qildi. Haq yoʻlni topishingiz uchun Alloh sizlarga oʻz oyatlarini mana shunday bayon qiladi.Ва барчангиз Аллоҳнинг арқонига (Қуръонга) боғланингиз ва бўлинмангиз! Ҳамда Аллоҳнинг сизларга берган неъматини эсланг: бир-бирингизга душман бўлган пайтларингизда дилларингизни ошно қилиб қўйди-ю, сизлар Унинг неъмати сабаб биродарларга айландингиз. Ва дўзах чоҳининг ёқасида турган эдингиз, сизларни ундан халос қилди. Ҳақ йўлни топишингиз учун Аллоҳ сизларга ўз оятларини мана шундай баён қилади.
Oyati karimadagi «Allohning arqoni» degan iboradan Qurʼoni Karim tushuniladi. Jarga qulash xavfidagi inson arqonni mahkam ushlasa, qutulib qolganidek, doʻzax tubiga qulamaslikning ham birdan-bir chorasi–Qurʼoni Karimni mahkam ushlashlikdir. Shundagina inson najot topadi. Musulmon ummati najot topishi uchun barcha bir boʻlib Allohning kalomi Qurʼoni Karimni mahkam tutishlari lozimdir.
«Barchangiz Allohning arqonini mahkam tuting.»
Bu oyatning ushbu jumlalari musulmon olamini birlashtirish shioridir. Qurʼoni Karim Allohning arqoni ekanligi haqida juda ham koʻp hadislar kelgan.
Imom Tobaroniy Abu Said al-Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Paygʻambarimiz alayhissalom:
«Allohning kitobi–Allohning osmondan yergacha tortilgan arqonidir», deganlar.
«...va boʻlinib ketmang.»
Avval birlashishga chaqirib turib, ortidan boʻlinmaslikka amr kelyapti. Shundan ham bu ishning naqadar muhim ekanini bilib olsa boʻladi.
Imom Muslim rivoyat qilgan hadisi sharifda Paygʻambar alayhissalotu vassalom:
«Albatta, Alloh sizlarga uch narsadan rozi boʻladi va uch narsani yomon koʻradi: Uning Oʻziga ibodat qilib, shirk keltirmasliklaringiz; barchangiz Allohning arqonini mahkam tutib, boʻlinib ketmasligingiz va sizga ishboshi boʻlgan shaxsga nasihatda boʻlishingizdan rozi boʻladi. «Dedi-dedi» deyish; koʻp savol berish va molni zoye qilishingizni yomon koʻradi», dedilar.
Tafsirchi olimlarimiz: «Musulmonlar ittifoq boʻlsalar, xato qilmasliklarining kafolati berilgan», deydilar.
Ming afsuslar boʻlsinkim, musulmonlar ushbu oyati karimaga amal qilmaganliklari, Allohning arqoni boʻlmish Qurʼonni barchalari birlashib mahkam tutmaganliklari, koʻplab boʻlinishlar, ixtiloflar qilganliklari uchun boshlariga bitmas-tuganmas balo- ofatlar yogʻilmoqda. Allohning bir oyatiga amal qilmagani uchun shunchalar musiybatlar boʻlsa, koʻp oyatlariga amal qilmaganda nima boʻlishini oʻzimiz bilib olaveraylik.
«Va Allohning sizga bergan neʼmatini eslang: bir vaqtlar dushman edingiz, bas, qalblaringizni ulfat qildi. Uning neʼmati ila birodar boʻldingiz. Olovli jar yoqasida edingiz, undan sizni qutqardi».
Tafsirchi olimlarimiz ushbu oyati karimaning nozil boʻlishi sababida quyidagi rivoyatni keltiradilar:
«Yahudiylardan Shos ibn Qays ismli odam Avs va Hazraj qabilasiga mansub arablar majlis qurib gaplashib oʻtirgan joylaridan oʻtibdi. Johiliyat vaqtida bir-biriga adovati kuchli boʻlgan bu kishilarning bunday ulfat boʻlib oʻtirishlari uning gʻashiga tegibdi va: «Bular birlashsalar, biz bular bilan yonma-yon yashay olmay qolamiz», deb, bir yahudiy bolani chaqiribdi: «Arablarning ichiga borib oʻtirgin-da, ularga «Buos» nomli kunni eslat va u haqidagi sheʼrlardan oʻqib ber», deb buyuribdi. («Buos» kunida Avs va Hazraj qabilalari qattiq urushib, Avs gʻolib chiqqan edi.) Haligi yahudiy bola Shosning aytganini qilibdi. Oʻtirganlar tortishib, achchiqlashib, urushib ketishibdi. «Qurol!!! Qurol!!!» deb baqirishibdi. Bu mojaro Paygʻambar alayhissolatu vassalomga borib yetganda, huzurlaridagi muhojirlaru ansoriylarni olib, ularning oldiga boradilar. Ularga: «Men ichingizda turib, Alloh sizlarni Islom bilan ikrom qilgandan keyin, johiliyat ishini kesgandan keyin, orangizga ulfatlikni solgandan keyin ham johiliyat daʼvosini qilasizlarmi?» deydilar. Odamlar dushmanning gapiga uchib, shayton yoʻliga yurganlarini anglab yetadilar. Qurolni tashlab, yigʻlab, quchoqlashib ketadilar. Rasululloh bilan birga itoatkor holda qaytadilar. Shunda ushbu oyat nozil boʻladi.
Demak, oyatdagi xitob aslida barcha Islom ummatiga boʻlsa ham, tushayotgan paytda madiynalik Avs va Hazraj qabilalariga qaratilgan edi. Shaharda bir-biriga dushmanlikda Avs va Hazrajga yetadigani yoʻq edi. Buning ustiga, ular bilan birga yashaydigan yahudiylar doimo fitna qoʻzib, urush olovini puflab turishardi. Alloh taolo inoyatiga olib, bu ikki qabilani hidoyatga boshlab, qalblarini Islom nuri bilan munavvar qilganidan keyin ulfat boʻldilar:
«Va Allohning sizga bergan neʼmatini eslang: bir vaqtlar dushman edingiz, bas, qalblaringizni ulfat qildi».
Islom Allohning bergan ulugʻ neʼmati, shu neʼmat tufayli dushmanlar ulfat boʻldilar. Bir-biriga qarshi nafratga toʻlgan qalblarni faqat Islomgina ulfat qila oladi. Faqat Allohning arqoni boʻlgan Islomni mahkam tutibgina hamma birodar boʻla oladi:
«Uning neʼmati ila birodar boʻldingiz».
Alloh Islom neʼmatini bermaganida bunday xolis birodar boʻlish qiyin edi. Faqat Islom tufayli, Alloh uchun birodar boʻlingandagina haqiqiy birodarlik qaror topadi. Boshqa holda yo molu dunyo, yo irq-millat birligi, yo mansab nuqtai nazaridan, yo qabila tarafkashligi bilan va hokazo shunga oʻxshash niyatlar asosiga qurilgan boʻladi.
«Olovli jar yoqasida edingiz, undan sizni qutqardi.»
Islomga kirishingizdan oldin urush-janjal ichida, johiliyat hukmlari ostida, umuman, barcha sohada notoʻgʻri yoʻlda, yaʼni, olovli jar yoqasida edingiz. Shunday ketaverganingizda halokatga uchrashingiz turgan gap edi. Alloh taolo sizni Oʻzining ulugʻ neʼmati boʻlmish Islomga boshlab, mazkur olovli jarga qulashdan saqlab qoldi.
Kelasi oyatda iymon va Alloh yoʻlidagi birodarlik asosida tashkil topgan Islom jamoasining vazifasi bayon qilinadi: