كُنتُمْ خَيْرَ أُمَّةٍ أُخْرِجَتْ لِلنَّاسِ تَأْمُرُونَ بِٱلْمَعْرُوفِ وَتَنْهَوْنَ عَنِ ٱلْمُنكَرِ وَتُؤْمِنُونَ بِٱللَّهِ ۗ وَلَوْ ءَامَنَ أَهْلُ ٱلْكِتَـٰبِ لَكَانَ خَيْرًا لَّهُم ۚ مِّنْهُمُ ٱلْمُؤْمِنُونَ وَأَكْثَرُهُمُ ٱلْفَـٰسِقُونَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Siz odamlar uchun chiqarilgan eng yaxshi ummat bo`ldingiz. Amru ma'ruf qilasiz, nahyu munkar qilasiz va Allohga iymon keltirasiz. Agar ahli kitoblar iymon keltirganlarida, o`zlariga yaxshi bo`lar edi. Ulardan mo`minlari bor. Ko`plari fosiqdirlar.Сиз одамлар учун чиқарилган энг яхши уммат бўлдингиз. Амру маъруф қиласиз, наҳйу мункар қиласиз ва Аллоҳга иймон келтирасиз. Агар аҳли китоблар иймон келтирганларида, ўзларига яхши бўлар эди. Улардан мўминлари бор. Кўплари фосиқдирлар.Alauddin Mansour: (Ey ummati Muhammad), sizlar odamlar uchun chiqarilgan millatlarning eng yaxshisi boʻldingiz. Zero sizlar yaxshi amallarga buyurasiz, yomon amallardan qaytarasiz va Allohga iymon keltirasiz. Agar ahli kitob ham iymon keltirganda edi, oʻzlari uchun yaxshi boʻlardi. Ulardan moʻminlari ham bor va (lekin) ularning koʻplari itoatsiz kimsalardir.(Эй уммати Муҳаммад), сизлар одамлар учун чиқарилган миллатларнинг энг яхшиси бўлдингиз. Зеро сизлар яхши амалларга буюрасиз, ёмон амаллардан қайтарасиз ва Аллоҳга иймон келтирасиз. Агар аҳли китоб ҳам иймон келтирганда эди, ўзлари учун яхши бўларди. Улардан мўминлари ҳам бор ва (лекин) уларнинг кўплари итоатсиз кимсалардир.
Islom ummati oʻzi haqida bilib qoʻyishi zarur boʻlgan haqiqatlardan biri–bu ummatning odamlar uchun chiqarilgan eng yaxshi ummat ekanligidir.
Ummatlarning sarasi Islom ummatidir.
Ummatlarning yoʻlboshchisi Islom ummatidir.
Ummatlarning peshqadami Islom ummatidir.
Chunki, Alloh taoloning Oʻzi bu ummatga xitob qilib:
«Siz odamlar uchun chiqarilgan eng yaxshi ummat boʻldingiz», deb turibdi.
Bu haqiqatni hozir oʻzini bu ummatga nisbat berayotganlar yaxshi tushunib olmoqlari lozim. Ajdodlarimiz xuddi shu haqiqatni toʻliq tushungan chogʻlarida butun dunyoga ustoz boʻlganlar. Dunyo xalqlarining peshqadami boʻlib, ularni ortlaridan ergashtirganlar. Boshqalarga tobe boʻlmaganlar. Boshqalarning ortidan koʻr-koʻrona ergashmaganlar. Boshqalar huzurida oʻzlarini xoru zor tutmaganlar.
Bu ummatning odamlar uchun chiqarilgan eng yaxshi ummat boʻlishining sabablaridan biri–amri maʼruf qilishdir. Chunki, Alloh taolo:
«Amri maʼruf qilasiz», demoqda.
Avval ishora etilganidek, Islom ummati dunyoda yaxshilik bayrogʻini yuqori koʻtaradi. Adolat bayrogʻini yuqori koʻtaradi. Haqiqat bayrogʻini yuqori koʻtaradi. Fazilat bayrogʻini yuqori koʻtaradi. Hamda butun insoniyatni bu ishlarga chaqirishni oʻziga farz deb biladi.
Bu ummatning odamlar uchun chiqarilgan eng yaxshi ummat boʻlishining sabablaridan ikkinchisi–nahyi munkar qilishdir. Chunki, Alloh taolo:
«nahyi munkar qilasiz», demoqda.
Munkar barcha yomonlik, zulm, botil va razolatlar, demakdir. Binobarin, Islom ummati dunyodagi barcha yomonlikka qarshi, zulmga, botilga va razolatga qarshidir. Ayni chogʻda, butun insoniyatni yomonlikdan, zulmdan, botildan va razolatdan qaytarishni oʻziga farz deb biladi.
Islom ummatining odamlar uchun chiqarilgan eng yaxshi ummat boʻlishining asosiy sababi–Allohga iymon keltirishdir. Chunki, Alloh taolo:
«va Allohga iymon keltirasiz», demoqda.
Insoniyatni toʻgʻri yoʻlga boshlab, notoʻgʻri yoʻldan qaytarishdek ulkan mashaqqatli ishni amalga oshirishga uni Allohga boʻlgan iymoni undaydi. Iymon asoslarning asosidir. Jumladan, yaxshilikka chaqirib, amri maʼruf va nahyi munkar qilishning ham asosi iymon boʻlgandagina maqsadga yetishiladi. Ana shundagina ikki dunyoda baxt-saodatga erishiladi. Aks holda, nuqsonga duchor boʻlinadi.
Bu haqiqat ushbu oyatdan boshqa oyatlarda ham taʼkidlangan. Shuningdek, Paygʻambarimiz Muhammad alayhissalomning koʻpgina hadislarida ham oʻz aksini topgan.
Imom Ahmad ibn Hanbal rivoyat qilishlaricha, Paygʻambar alay- hissalom minbarda turganlarida bir kishi:
«Ey, Allohning Rasuli, qanday odam yaxshi odam?»–deb soʻradi. Paygʻambar alayhissalom:
«Odamlarning yaxshisi–qorirogʻi, taqvodorrogʻi, amri maʼruf qiluvchirogʻi, nahyi munkar qiluvchirogʻi va silai rahm qiluvchirogʻi»,–dedilar.
Imom Termiziy rivoyat etgan hadisda Abdulloh ibn Masʼud roziyallohu anhu aytadilarki, Paygʻambarimiz alayhissalom:
«Bani Isroil gunohga botganda, ulamolari qaytardilar. Ular qaytmadilar. Keyin esa, ulamolar ham ular bilan birga oʻtirib, yebichdilar. Bas, Alloh qalblarini bir-biriga aralashtirib yubordi va Dovud, Sulaymon va Iyso ibn Maryam tillarida laʼnatladi», dedilar-da, yonboshlab yotgan edilar, turib oʻtirdilar va: «Mening nafsim qoʻlida boʻlgan zot bilan qasamki, ularni haqqa qaytarmaguningizcha, boʻlmaydi»,–dedilar.
Imom Abu Dovud ibn Umayra al-Kindiydan rivoyat qilgan hadisda Paygʻambar alayhissolatu vassalom:
«Yer yuzida bir gunoh sodir boʻlganda, guvoh boʻlgan odam uni inkor etsa, xuddi koʻrmagan odamdek (gunohdan xoli) boʻladi. Kim koʻrmagan boʻlsa-yu, rozilik bildirsa, guvoh boʻlgan odamdek (gunohkor) boʻladi»,–dedilar.
Imom al-Hokim Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Paygʻambar alayhissalom:
«Shahidlarning ulugʻi Hamzadir va zolim podshohga amri maʼruf, nahyi munkar qilganda oʻldirilgan odamdir», deganlar.
Oyatning davomida soʻz yana ahli kitoblarga koʻchadi:
«Agar ahli kitoblar iymon keltirganlarida, oʻzlariga yaxshi boʻlar edi».
Bu, ahli kitoblarni Islomga kirishga targʻib qilishdir. Bosh- qa joylarda, ular Islomga kirganlarida ajrni ikki barobar olishlari mumkinligi haqida ham aytilgan. Darhaqiqat, ahli kitoblar iymon keltirganlarida, bu dunyoyu u dunyoning baxti-saodatiga erishgan boʻlur edilar. Shu bilan birga, ulardan iymonga kirganlarining zikri ham keladi:
«Ulardan moʻminlari bor. Koʻplari fosiqdirlar».
Darhaqiqat, ahli kitoblardan Islomga kirganlari boʻldi. Ular juda yaxshi musulmon boʻldilar. Abdulloh ibn Salom, Asad ibn Ubayd, Saʼlaba ibn Shoʻʼba, Kaʼb ibn Molik va boshqalar Paygʻambar alay- hissalom davrlarida iymonga kelib, sahobiylik baxtiga muyassar boʻldilar. Islomga xizmat qildilar. Keyingi asrlarda ham bir qancha ahli kitoblar Islomga kirib, yaxshi musulmonlar boʻldilar. Ayniqsa, oxirgi davrda ahli kitoblardan musulmon boʻlganlar koʻpaydi. Lekin baribir, umumiy olib qaralganda, oyatda zikr qilinganidek, ularning koʻplari fosiqdirlar.
Ushbu oyatlar tushayotgan paytda Madiynai Munavvarada yahudiylar musulmonlar bilan birga yashar edilar. Ularning iqtisodiy holatlari yaxshi boʻlib, askariy jihatdan ham oʻzlariga yarasha kuchga ega edilar. Baʼzi musulmonlar yahudiylar bilan aloqa qilib turish jarayonida ularning mazkur kuch-qudratlarini nazarda tutishar edi. Kelasi oyatlarda Qurʼoni Karim ularning haqiqiy basharalarini fosh etib, sirtqi koʻrinishlari kuchli boʻlib koʻringani bilan, ichlari qaltiroq ekanini, Alloh ularga xorlik va zorlik bitganini bayon qiladi: