مَثَلُ مَا يُنفِقُونَ فِى هَـٰذِهِ ٱلْحَيَوٰةِ ٱلدُّنْيَا كَمَثَلِ رِيحٍ فِيهَا صِرٌّ أَصَابَتْ حَرْثَ قَوْمٍ ظَلَمُوٓا۟ أَنفُسَهُمْ فَأَهْلَكَتْهُ ۚ وَمَا ظَلَمَهُمُ ٱللَّهُ وَلَـٰكِنْ أَنفُسَهُمْ يَظْلِمُونَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Ularning bu dunyo hayotida qiladigan nafaqalari misoli o`ziga zulm qilgan bir qavmning ekinini urib halok qilgan sovuq shamolga o`xshaydir. Alloh ularga zulm qilmadi. Lekin ular o`zlariga zulm qildilar.Уларнинг бу дунё ҳаётида қиладиган нафақалари мисоли ўзига зулм қилган бир қавмнинг экинини уриб ҳалок қилган совуқ шамолга ўхшайдир. Аллоҳ уларга зулм қилмади. Лекин улар ўзларига зулм қилдилар.Alauddin Mansour: Ular bu dunyoda (xoʻjakoʻrsinga) qilgan infoq-ehsonlarining misoli xuddi dinsizlik bilan oʻzlariga zulm qilgan qavmning ekiniga tegib, uni halok qilgan sovuq shamolga oʻxshaydi. Ularga Alloh zulm qilmadi. Balki ular oʻzlariga zulm qildilar.Улар бу дунёда (хўжакўрсинга) қилган инфоқ-эҳсонларининг мисоли худди динсизлик билан ўзларига зулм қилган қавмнинг экинига тегиб, уни ҳалок қилган совуқ шамолга ўхшайди. Уларга Аллоҳ зулм қилмади. Балки улар ўзларига зулм қилдилар.
Odatda, kufr keltirganlar bu dunyodagi moddiy imkoniyatlari tufayli faxrlanib yurishadi. Kofirliklarining bosh sabablaridan biri ham–shu. Bu dunyoda nima ishlari boʻlsa, molu dunyoni yoki odamlarini ishga solib bajaradilar. Boshlariga baʼzi mushkul ishlar tushib qolsa ham, mollarini va odamlarini ishga solib qutulib ketadilar. Avvalgi oyatda Allohning azobi kelganda kofirlarni mollari ham, bolalari ham qutqara olmasligi taʼkidlanmoqda:
«Albatta, kufr keltirganlardan mollari ham, bolalari ham hargiz Alloh azobidan hech narsani qaytara olmas».
Ular barcha mollarini va bolalarini fido qilsalar ham, Allohning azobidan qutula olmaydilar.
«Ana oʻshalar doʻzax egalaridir. Ular unda abadiydirlar.»
Ular albatta doʻzaxga tushadilar va unda abadul abad qoladilar.
Ikkinchi oyatda kofirlarning molu dunyolari, agar yaxshilikka sarflasalar ham, behuda ekanligi ajoyib uslub bilan ochiqlanmoqda:
«Ularning bu dunyo hayotida qiladigan nafaqalari misoli oʻziga zulm qilgan bir qavmning ekinini urib halok qilgan sovuq shamolga oʻxshaydir».
Yaxshi ekinzor bor. Koʻrgan odam xursand boʻladi. Ammo, ekinzorning egasi zulm qildi, gunohkor boʻldi. Shu sababdan, sovuq shamol kelib, ekinlarini sovuq urib ketdi. Ekinzor halok boʻldi. Hech narsa qolmadi.
Kofirlarning bu dunyoda qilgan xayr-ehsonlari ham xuddi shunga oʻxshaydi. Sirtdan koʻrgan odamga savobli ish. Yaxshilikka pul-mol sarflayapti. Ammo egasining iymoni yoʻq. Bu esa, katta gunoh. Iymon boʻlmasa, hech qanday xayr-ehson qabul boʻlmaydi. Unga savob berilmaydi. Sovuq shamol ekinzorni halok qilganidek, ularning kofirligi ham ehsonlarini befoyda qiladi.
«Alloh ularga zulm qilmadi. Lekin ular oʻzlariga zulm qildilar.»
Alloh ularning ekinzorlarini halok etib, ehsonlarini befoydaga chiqarib, ularga zulm qilgani yoʻq. Balki ularning oʻzlari gunoh qilib, kofir boʻlib, oʻzlariga zulm qildilar. Oʻzlari shuni ixtiyor etdilar.
Yuqoridagi oyatlarda dushmanlarning makr-hiylalari, musulmonlarga yomonlik qilish uchun doim tayyor turganlari bayon etilgan boʻlsa, kelasi oyatlarda musulmonlarga xitob qilinib, oʻzlaridan boshqa qavmlardan sirdosh tutmaslikka buyuriladi.