QurʼonҚуръонPaygʻambarlar vorislariПайғамбарлар ворислари
Ali Imron surasi · Oyatсураси · Оят120

إِن تَمْسَسْكُمْ حَسَنَةٌ تَسُؤْهُمْ وَإِن تُصِبْكُمْ سَيِّئَةٌ يَفْرَحُوا۟ بِهَا ۖ وَإِن تَصْبِرُوا۟ وَتَتَّقُوا۟ لَا يَضُرُّكُمْ كَيْدُهُمْ شَيْـًٔا ۗ إِنَّ ٱللَّهَ بِمَا يَعْمَلُونَ مُحِيطٌ

Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Sizga yaxshilik tegsa, ularga yomon bo`ladir. Sizlarga musiybat yetsa, ular xursand bo`larlar. Agar sabr va taqvo qilsangiz, ularning makri sizga hech zarar qilmas. Albatta, Alloh qilayotgan ishlarini ihota qilguvchidir.Сизга яхшилик тегса, уларга ёмон бўладир. Сизларга мусийбат етса, улар хурсанд бўларлар. Агар сабр ва тақво қилсангиз, уларнинг макри сизга ҳеч зарар қилмас. Албатта, Аллоҳ қилаётган ишларини иҳота қилгувчидир.Alauddin Mansour: Agar sizlarga biron yaxshilik yetsa, bu ularni xafa qiladi. Agar sabr-toqat qilsangiz va Allohdan qoʻrqsangiz, ularning nayranglari sizlarga hech qanday zarar qila olmaydi. Albatta, Alloh ularning qilayotgan amallarini ihota qilguvchidir.Агар сизларга бирон яхшилик етса, бу уларни хафа қилади. Агар сабр-тоқат қилсангиз ва Аллоҳдан қўрқсангиз, уларнинг найранглари сизларга ҳеч қандай зарар қила олмайди. Албатта, Аллоҳ уларнинг қилаётган амалларини иҳота қилгувчидир.

65-sahifa · 4-juz · 7-hizb65-саҳифа · 4-жуз · 7-ҳизб
Soʻzma-soʻzСўзма-сўз
إِنagarагарتَمْسَسْكُمْsizga yetsaсизга етсаحَسَنَةٌۭyaxshilikяхшиликتَسُؤْهُمْularga yomon boʻlarуларга ёмон бўларوَإِنva agarва агарتُصِبْكُمْsizlarga yetsaсизларга етсаسَيِّئَةٌۭmusibatмусибатيَفْرَحُوا۟xursand boʻlarlarхурсанд бўларларبِهَا ۖungaунгаوَإِنva agarва агарتَصْبِرُوا۟sabr qilsangizсабр қилсангизوَتَتَّقُوا۟va taqvo qilsangizва тақво қилсангизلَاemasэмасيَضُرُّكُمْsizga zarar qilmasсизга зарар қилмасكَيْدُهُمْularning makriуларнинг макриشَيْـًٔا ۗhech narsaҳеч нарсаإِنَّalbattaалбаттаٱللَّهَAllohАллоҳبِمَاnarsaniнарсаниيَعْمَلُونَqilayotganlariniқилаётганлариниمُحِيطٌۭihota qilguvchidirиҳота қилгувчидир
TafsirТафсир

Bu oyatda ham musulmonmaslarning adovatini tushuntirishda davom etilyapti. Aytilyaptiki, tanib oling:

«Sizga yaxshilik tegsa, ularga yomon boʻladir».

Va aksincha:

«Sizlarga musiybat yetsa, ular xursand boʻlarlar».

Ularning kimligini yaxshilab tanib oldingizmi?

Endi oʻzingizga, ishingizga pishiq-puxta boʻling. Dinning buyruqlarini sabr ila bajarib borsangiz, hayotda uchraydigan qiyinchiliklarga sabr qilsangiz, taqvo qilib, Allohning qaytargan narsalaridan qaytsangiz, dushmanlarning qoʻllagan tadbirlari, hiylanayranglari sizga hech zarar yetkaza olmaydi:

«Agar sabr va taqvo qilsangiz, ularning makri sizga hech zarar qilmas».

Alloh hech narsani nazaridan chetda qoldirmaydi. Albatta, qilganlariga yarasha jazolarini beradi:

«Albatta, Alloh qilayotgan ishlarini ihota qilguvchidir».

Dushmanlarda musulmonlarga nisbatan qanchalar yomonliklar borligini koʻrdik. Lekin Islom musulmonlarni ularga qarshi yomonlik qilishga chorlamaydi. Faqat sirdosh qilib olmaslikka amr qiladi. Ularning yomonligiga yomonlik, xiyonatiga xiyonat va hasadgoʻyligiga hasadgoʻylik bilan javob berishni ham ravo koʻrmaydi.

Suraning avvalidan buyon kelayotgan gap-soʻz, tortishuv, nazariy toʻqnashuvlar tugab, endi, kelasi oyatlarda jang maydonidagi amaliy toʻqnashuvga oʻtiladi. Uhud urushi haqidagi oyati karimalar keladi.

Gap Uhud urushi haqida batafsil ketadigan boʻlgach, ushbu oyatlarning tushishiga sabab boʻlgan va undan ibrat olishga chaqirilayotgan hodisalarni qisqacha oʻrganib chiqaylik.

Maʼlumki, mushriklar bilan boʻlib oʻtgan Badr urushida musulmonlar oz sonli boʻlishlariga qaramay, toʻla gʻalaba qozongan edilar. Bu urush xuddi moʻʼjizadek boʻlgan edi. Unda musulmonlar Quraysh qabilasining kufrning boshida turgan aʼzolarini oʻz qoʻllari bilan oʻldirgan edilar. Badr urushida rahbarlaridan ajrab qolgan Quraysh qabilasiga Abu Sufyon ibn Harb boshliq boʻlib qoldi. U odamlarini musulmonlardan oʻch olishga chaqira boshladi. Bu orada Qurayshning butun boshli bir karvoni musulmonlar qoʻliga tushish arafasida bazoʻr qutulib qoldi. Shunda mushriklar oʻsha karvondagi hamma molu mulklarini musulmonlarga qarshi urushga sarflashga ahd qilishdi.

Abu Sufyon Qurayshdan va Quraysh bilan shartnoma tuzganlardan hamda Ahbosh degan joyda ahdlashilgani uchun «Ahobiysh» nomi bilan mashhur boʻlgan arablardan jami uch mingtacha odam toʻpladi. Hijratning uchinchi yili Shavvol oyida mushriklar lashkari yoʻlga chiqdi. Qochib ketishlarning oldini olish va shijoatlantirib turish uchun xotinlarini ham oʻzlari bilan birga olib chiqdilar. Madiynai Munavvaraga qarab yurib kelib, Uhud togʻi yaqiniga tushdilar.

Paygʻambarimiz Muhammad alayhissolatu vassalom sahobalar bilan, dushmanga qarshi chiqish kerakmi yoki Madiynadan chiqmay turish yaxshimi, masalasida maslahat qildilar. Oʻzlarining fikrlaricha, Madiynadan chiqmasdan, toʻsiqlar hosil qilib turish, agar dushman bostirib kirsa, tor koʻchalarga kiraverishda urush qilish, ayollar esa, uylarning ustidan yordam berishlari kerak edi. Bu fikrga munofiqlarning boshligʻi Abdulloh ibn Ubay ham qoʻshildi. Lekin Badr urushida qatnasha olmay qolgan koʻpchilik sahobalar, ayniqsa yoshlar qarshi chiqishni soʻrab mahkam turib oldilar. Koʻpchilikning fikri shu boʻlib koʻrindi. Rasululloh sollallohu alayhi vassallam oʻrinlaridan turib, Oisha onamizning hujralariga kirib, sovutlarini kiyib chiqdilar.

Bu payt haligi odamlar ham shashtlaridan tushib qolgan edilar. Ular, biz Allohning Rasulini Madiynadan chiqishga majbur qilibmiz-ku, dedilar-da:

«Ey, Allohning Rasuli, agar Madiynada qolmoqchi boʻlsangiz, qolavering»,–deyishdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

«Paygʻambar sovutini kiyganidan keyin u bilan dushman orasida Allohning hukmi chiqmaguncha yechmaydi»,–dedilar.

Shu bilan U zot ularga ulkan bir dars berdilar. Maslahatning vaqti oʻtdi, endi azmu qarordan qaytmaslik kerak. Allohga tavakkal qilib, olgʻa qadam bosish lozim. Ikkilanishga oʻrin yoʻq.

Bungacha Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tush koʻrgan edilar. Tushlarida, qilichlarining labida bir oz kemtik paydo boʻlibdi. Bir sigir soʻyilayotgan emish va qoʻllarini bir mustahkam qalqonga tiqayotgan emishlar. Qilichlaridagi kemtikni ahli baytlaridan birovining oʻlimi, deb yoʻydilar. Sigirni esa, sahobalaridan bir nechalarining oʻldirilishi, deb bildilar. Qal-qonni Madiynai Munavvaraga yoʻydilar. U zoti bobarakotga boʻladigan ishlarning ishorasi yetgan edi. Lekin shoʻro qilib, hukm chiqargandan keyin, unga amal etish lozimligini boshqalarga koʻrsatmoqchi boʻldilar.

Paygʻambarimiz Muhammad alayhissalom ming nafar sahoba bilan chiqdilar. Abdulloh ibn Ummu Maktum roziyallohu anhuga Madiynada qolganlarga jamoat namozini oʻqib berib turishni buyurdilar. Madiynadan chiqib, Uhudga qarab ketayotganlarida munofiqlarning boshligʻi Abdulloh ibn Ubay:

«Mening gapimni qoʻyib, yosh bolalarning gapini qilyapti», deb askarlarning uchdan birini olib qaytib ketdi. Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhuning otalari Abdulloh ibn Harom roziyallohu anhu ularning ortidan borib, qaytarishga urindilar;

«Kelinglar, Allohning yoʻlida urush qilinglar!»–deb qistadilar. Ular boʻlsa:

«Sizlar urush qilishingizni bilganimizda, qaytmas edik»,– deyishdi. Abdulloh ibn Harom ularni soʻkib orqasiga qaytdi.

Ansoriylardan birlari shartnoma tuzgan yahudiylardan yordam soʻrashni taklif etdi. Rasululloh alayhissalom koʻnmadilar. Iymon bilan kufr orasida urush boʻlib turganda, yahudiylardan yordam soʻrab boʻlarmidi?! Yoʻlda Paygʻambar alayhissalom:

«Kim bizni ularga yaqin joydan boshlab chiqa oladi?»–dedilar. Ansoriylardan bir kishi vodiyning bir tarafidan boshlab, Uhud togʻiga yaqin joydan olib chiqdi. Uhud togʻiga orqalarini qilib joylashdilar. Paygʻambar alayhissalom amr bermagunlaricha hech kim urush qilmasligini tayinladilar. Bu ishlar juma kuni kechki payt boʻldi.

Shanba kuni ertalabdan Paygʻambar alayhissalom yetti yuz kishini urushga tayyorlay boshladilar. Ellikta otliq, ellikta kamonchi bor edi. Ularga Abdulloh ibn Jubayr roziyallohu anhuni boshliq etib tayinladilar. U kishiga va askarlariga egallab turgan joylaridan jilmaslikni amr qildilar. «Agar qushlar kelib askarni olib qochayotganini koʻrsangiz ham, joyingizni tark etmang», deb taʼkidladilar. Ular musulmonlar askarining orqa tomonini qoʻriqlashlari kerak edi. Kamonchilarga mushriklarni musulmonlar ortidan keltirmay kamondan oʻqqa tutib turishni topshirdilar.

Rasululloh alayhissolatu vassalom ikkita sovutda chiqdilar. Bayroqni Musʼab ibn Umayr roziyallohu anhuga berdilar. Bir qanotga Zubayr ibn Avomni, ikkinchi qanotga Munzir ibn Amrni boshliq qildilar. Shu payt yosh bolalar: «Biz ham urushda qatnashamiz», deb kelib qoldilar. Ulardan Usomatu ibn Zayd, Baro ibn Ozib, Zayd ibn Arqam, Zayd ibn Sobit kabi kichkinalarini, hali urushga yoshlik qilasizlar, deb qaytardilar. Samura ibn Jundab va Rofeʼ ibn Xudayj kabi kattaroqlarini qabul qildilar. Ularning yoshi oʻn beshda edi.

Qurayshliklar ham urushga tayyorlana boshlashdi. Ularning soni uch mingta boʻlib, otliqlari ikki yuzta edi. Ular oʻng qanotga Xolid ibn Validni va chap qanotga Ikrima ibn Abi Jahlni qoʻydilar.

Paygʻambarimiz alayhissolatu vassalom oʻz qilichlarini Abu Dujona Sammon ibn Horisa roziyallohu anhuga berdilar. U kishi shijoatli qahramon odam boʻlib, urushda oʻzini koʻrsatishga harakat qilar edi.

Mushriklardan birinchi boʻlib Abu Omir Fosiq maydonga chiqdi. Uning laqabi «Rohib» edi. Rasululloh alayhissolatu vassalom uni «Fosiq» deb nomlagan edilar. Johiliyat paytida Avs qabilasining boshligʻi edi. Islom kelganda yoqtirmadi va Rasululloh sollalohu alayhi vassallamga ochiq dushmanlik qildi; Madiynadan chiqib ketdi. Qurayshliklarning huzuriga borib, ularni Rasululloh alayhissalomga qarshi urushga unday boshladi. «Agar meni qavmim koʻrsa, menga itoat qiladi, men tarafga oʻtib ketadi», deb aytdi. Ana shu odam birinchi boʻlib musulmonlarga qarshi maydonga chiqib, oʻz qavmiga nido qildi, oʻzini tanitdi.

Qavmi esa unga: «Alloh seni koʻzimizga koʻrsatmasin, ey fosiq»,– dedilar. Fosiq shunda: «Mendan keyin qavmimga yomonlik yetibdi»,–dedi. Shundan soʻng qattiq jang boshlanib ketdi.

Musulmonlar shiddatli jang qildilar. Ayniqsa, Abu Dujona Ansoriy, Tolha ibn Ubaydulloh, Hamza ibn Abdul Muttolib, Ali ibn Abi Tolib, Nazr ibn Anas, Saʼd ibn Robeʼlar katta jasorat koʻrsatdilar. Kunning birinchi yarmida musulmonlar kofirlarga gʻolib kelishdi. Mushriklarning boshliqlaridan yetmish kishi qatl etildi. Ular yengilib, ortga qarab qocha boshladilar. Qochib-qochib ayollari turgan joygacha bordilar. Ayollar ham qochishga tayyorlanib, kiyimlarini yigʻishtira boshladilar. Mushriklarning yengilib qochayotganini koʻrgan kamonchilar Paygʻambar alayhissalom qimirlamay turishni tayinlab qoʻygan joylarini tashlab ketdilar. Ular bir-birlariga: «Qaranglar, oʻlja, oʻlja!» deb qichqirishdi. Amirlari Paygʻambar alayhissalomning shartlarini eslariga solsa ham, koʻnmadilar. Mushriklar batamom yengilib boʻldi, deb gumon qilib, oʻlja yigʻishga kirishib ketdilar va Uhud tomonni ochiq qoldirdilar.

Shu payt Xolid ibn Valid fursatni gʻanimat bilib, mushriklarning otliqlarini xuddi oʻsha yerga boshladi. U yerdan oʻtib musulmonlarning orqa tomonlaridan bostirib kirdi. Xolid ibn Valid boshliq otliqlar musulmonlar ustiga bostirib kelganini koʻrgan, qochib ketayotgan mushriklar ham oʻzlarini oʻnglab, yana urush maydoniga yuzlandilar. Natijada, musulmonlar qurshovda qoldilar.

Hamma narsa teskarisiga aylanib, musulmonlar yengila boshladilar. Ularning safida sarosima boshlandi. Qoʻrquv hukm surib, tartibsizlik boshlandi. Bunday boʻlishini hech kim kutmagan edi.

Musulmonlar ichida shahidlar koʻpaydi. Mushriklar Paygʻambarimiz alayhissalom tomonga hujum boshladilar. U zot oz sonli kishilar himoyasida edilar. Ularning ham koʻpi oʻz Paygʻambarlarining himoyasida mardonavor jang qilib, shahid boʻldilar. Paygʻambarimiz alayhissolatu vassalomning muborak yuzlariga jarohat yetdi, pastki jagʻlaridagi bir tishlari sindi. Boshlari yorildi.

Mushriklar u kishini toshboʻron qilishdi. U zot Abu Omir Fosiq musulmonlarni aldash uchun qazib, ustini yopib qoʻygan chuqurlardan biriga tushib ketdilar. Boshlariga kiygan dubulgʻaning ikkita halqasi yonoqlariga kirdi.

Musulmonlar sarosimaga tushib turgan shunday nozik paytda kimdir: «Mahammad qatl etildi!» deb qichqirdi. Bu katta va qattiq zarba boʻlib, musulmonlarning qolgan kuch-quvvatlariga ham futur yetkazdi. Ular urushni yigʻishtirib, yengilib, ortlariga qocha boshladilar.

Hamma yengilsa ham, Anas ibn Nazr roziyallohu anhu yengilmadi. Qoʻlidagi qurolini tashlab, bir guruh muhojir va ansoriylar bilan birga turgan Umar ibn Xattob va Tolha ibn Ubaydullohlarning oldilariga bordi va:

«Nima qilib oʻtiribsizlar?!»–dedi. Ular:

«Rasululloh alayhissolatu vassalom qatl etilibdilar»,–deyishdi. Anas ibn Nazr roziyallohu anhu :

«U kishidan keyin dunyoda yashab nima qilasizlar! Turinglar! Rasululloh alayhissalom oʻlgan narsa yoʻlida sizlar ham oʻlinglar!!!»–dedi. Soʻngra, mushriklar tomon yurib ketdi. Yoʻlda Saʼd ibn Muʼozni koʻrib:

«Ey Saʼd! Men Uhud tomonidan jannatning hidini sezyapman», dedi-da, urushga kirib, misli koʻrilmagan mardlik ila jang qilib, shahid boʻldi. Uning tanasidan keyinchalik yetmishdan ortiq jarohat topdilar. Jasadning kimligini hech kim tanimadi. Faqat singlisi bosh barmogʻidan tanib qoldi.

Shu payt Rasululloh alayhissolatu vassalom musulmonlar tomon yurib kela boshladilar. Dubulgʻa kiygan Paygʻambar alayhissalomni birinchi boʻlib Kaʼb ibn Molik tanib qoldi va baland ovoz bilan:

«Ey musulmonlar! Suyunchilik! Ana-ana, Rasululloh!!!» deb qichqirdi. Rasululloh alayhissalom unga, jim, deb ishora qildilar. Musulmonlar u kishining atrofida toʻplandilar. Birgalashib, togʻ tomonga koʻtarildilar. Abu Bakr, Umar, Horis ibn as-Summa va boshqalar shu toʻpda edilar. Toqqa koʻtarilib kelayotib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ubay ibn Xalaf Avad laqabli otini minib ketayotganini koʻrib qoldilar. U mazkur otini Makkada maxsus boqar va shuning ustida turib Muhammadni oʻldiraman, der edi. Rasululloh alayhissalom bu gapni eshitganlarida: «Balki, inshaalloh, men uni oʻldirarman», degan edilar. Hozir uni koʻrdilar-u, darrov Horisning nayzasini olib, Ubay ibn Xalaf tomogʻining pastki qismiga urdilar. U hoʻkizdek boʻkirib, yiqildi. Keyinroq oʻldi.

Shu payt Abu Sufyon togʻning ustiga chiqib:

«Ichingizda Muhammad bormi?!»–deb baqirdi. Rasululloh alay- hissalom:

«Unga javob bermanglar»,–dedilar. Abu Sufyon:

«Ichingizda Ibn Abi Quhofa (Abu Bakr) bormi?!»–deb baqirdi. Javob bermadilar. U:

«Ichingizda Umar ibn Xattob bormi?!»–deb baqirdi. Javob bermadilar. Shu uch kishidan boshqani soʻramadi va oʻz sheriklariga:

«Ularni yoʻq qilibsizlar, shekilli»,–dedi. Shunda hazrati Umar roziyallohu anhu oʻzlarini tuta olmay:

«Ey, Allohning dushmani! Sen zikr qilganlarning hammalari tirik. Alloh senga yomonlikni boqiy qoldirdi»,–deb qichqirdilar. Abu Sufyon:

«Qavmning ichida «musla» (oʻlikni qiymalash) boʻlibdi. Men amr qilganim yoʻq, xafa ham emasman»,–dedi. Bu bilan u oʻzining xotini Hindning qilgan ishiga, yaʼni Vahshiy hazrati Hamza ibn Abdul Muttolibni oʻldirgandan keyin, qornini yorib, jigarini olib, chaynab tashlaganiga ishora qildi.

Abu Sufyon: «Hubal oliy boʻldi»,–deb baqirdi.

Rasululloh alayhissalom: «Unga javob bermaysizlarmi?»–dedilar.

Sahobalar: «Nima deb javob beraylik?»–dedilar.

Rasululloh alayhissalom: «Alloh aʼlo va ajall (yaʼni, Alloh oliyroq va ulugʻroq) denglar»,–dedilar.

Abu Sufyon: «Bizning Uzzomiz bor, sizning Uzzongiz yoʻq!»–dedi.

Rasululloh alayhissalom: «Unga javob bermaysizlarmi?»–dedilar.

Sahobalar: «Nima deb javob beraylik?»–dedilar.

Rasululloh alayhissalom: «Alloh bizning mavlomiz, sizning mavlongiz yoʻq», deb aytinglar»,–dedilar.

Abu Sufyon: «Bu kun Badr kunidagining oʻrniga. Urushda goh undoq, goh bundoq boʻladi»,–dedi.

Hazrati Umar roziyallohu anhu: «Barobar emas, bizning oʻliklarimiz jannatda, sizniki doʻzaxda»,–dedilar.

Jang tugagandan keyin mushriklar qaytib borib toʻplana boshladilar. Musulmonlar, ular Madiynaga borib ayol-qizlarni asir olib, molu mulkni talashsa kerak, deb oʻylab xafa boʻldilar. Paygʻambar alayhissolatu vassalom hazrati Ali ibn Abi Tolibga:

«Ularning izidan bor. Nima qilishayotganiga nazar sol. Nima qilmoqchi ekanlarini bil. Agar otlarni chetga qoʻyib, tuyalarni minsalar, Makkaga ketishadi. Agar otni minib, tuyalarni haydab olsalar, Madiynaga yurishadi. Mening nafsim qoʻlida boʻlgan Zot bilan qasamki, agar Madiynaga borishsa, men ham borib ularni oʻsha yerda yoʻq qilaman!»–dedilar.

Hazrati Ali borib qarasalar, otlarni chetga qoʻyib, tuyalarni minib, Makkaga qarab yurdilar. Ammo, bir joyga yetganlarida bir- birlarini malomat qila boshlashdi. Baʼzilari:

«Hech narsa qilganingiz yoʻq, ularga bir oz musiybat yetkazdingiz, xolos. Ularni shunday qoldirib kelyapsiz, ichlarida boshliqlari bor. Hali sizga qarshi odam toʻplashadi. Orqaga qaytib, ularni oxirigacha yoʻq qilib tugatish kerak», deyishdi. Bu xabar Paygʻambarimiz alayhissalomga yetib borishi bilan odamlarni toʻplab, dushmanga qarshi chiqishga undadilar: «Biz bilan urushda qatnashganlardan boshqalar chiqmasin»,–dedilar. Munofiqlarning boshligʻi Abdulloh ibn Ubay:

«Men ham boray», degan edi,

«Yoʻq!»–dedilar. Musulmonlar charchagan, yarador boʻlgan va qoʻrqqan boʻlishlariga qaramay, eshitdik va itoat qilamiz, deb toʻplanib chiqdilar. Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhu kelib:

«Ey, Allohning Rasuli, men siz qatnashgan hamma urushlarda qatnashishni niyat qilgan edim. Otam, qizlarga qarab tur, deb qoldirib ketgan edi. Izn bering, siz bilan boray»,–dedi. Unga izn berdilar. Rasululloh musulmonlar bilan yura-yura Hamroul Asad degan joyga yetdilar. Bu yerda Maʼbad ibn Abi Maʼbad Rasulullohning huzurlariga keldi. Unga Abu Sufyonning oldiga borib, uni qoʻrqitishni buyurdilar. U Ravoha degan joyda Abu Sufyonga yetib bordi. U Maʼbadning musulmon boʻlganini bilmas edi.

Abu Sufyon: «Ortingda nima gap bor, ey Maʼbad?»–dedi.

Maʼbad: «Muhammad va uning sahobalari sizlarga qarshi misli koʻrilmagan koʻp odam toʻpladilar. Avval chiqmaganlari ham pushaymon boʻlib chiqdilar»,–dedi.

Abu Sufyon: «Nima maslahat berasan?»–dedi.

Maʼbad: «Menimcha, anavi tepaliklar ortidan askar chiqib qolmasdan burun joʻnab qolganing maʼqul»,–dedi.

Abu Sufyon: «Allohga qasamki, toʻplanib bir hujum qilib, ularni tag-tomiri bilan yoʻq qilib yubormoqchi edik»,–dedi. Maʼbad: «Mening senga nasihatim–undoq qilma»,–dedi.

Mushriklar Makkaga qaytib ketdilar. Yoʻlda Abu Sufyon Madiynaga ketayotgan bir odamni uchratdi. Unga Abu Sufyon:

«Muhammadga gapimni yetkazib qoʻyasanmi? Makkaga qaytganingda uloving koʻtargancha mayiz beraman»,–dedi. U:

«Ha»,–dedi. Abu Sufyon:

«Muhammadga aytib qoʻy: biz uni va sheriklarini tag-tomiri bilan yoʻq qilib yuborish uchun odam toʻplab qoʻydik»,–dedi. Uning bu gapi musulmonlarga yetganda:

«Alloh bizga yetarli homiy, u qanday ham yaxshi vakil»,–deyishdi. Haligi xabar ularni choʻchitmadi. Uch kun kutdilar. Mushriklar Makka sari uzoqlab ketganlariga ishonch hosil qilgach, Madiynaga qaytdilar.

Uhud urushida musulmonlar misli koʻrilmagan jasorat va fidokorlik namunalarini koʻrsatdilar.

Kamonchilar oʻz joylarini tark etib, kofirlar musulmonlarni oʻrab olib, Muhammad qatl etildi, degan ovoza tarqab, hamma tumtaraqay boʻlgan paytda Paygʻambarimiz alayhissalom dushman ichida yolgʻiz qoldilar. Shu payt Ummu Ammona Nasiba binti Kaʼb al-Mozaniya ismli sahobiya ayol Rasuli akram alayhissolatu vassalomni himoya qilib, dushman bilan qattiq jang qildi. Paygʻambarimiz alayhissalomga yaqinlashib qolgan mushrik Umar ibn Qumaaga bir necha marta qilich urdi. Ammo u ikkita sovut kiyib olgan ekan, oʻtmadi va Ummu Ammonaning siynasiga qilich solib, qattiq yarador qildi.

Soʻngra, Abu Dujona roziyallohu anhu kelib, Rasuli akram alayhissalotu vassalomni oʻz tanasi bilan toʻsib turdi. Oʻq kelib unga tegar, u boʻlsa, qimirlab ham qoʻymas edi. Paygʻambar alayhissalomni jonfidolik bilan himoya qilar edi.

Uhud urushining ishtirokchilaridan hazrati Abu Bakr Siddiq shunday hikoya qiladilar:

«Uhud urushi kuni Rasululloh odamlardan ajrab yolgʻiz qolganlarida, men birinchilardan boʻlib, u kishi tomon yurdim. Qarasam, bir odam u kishining oldilarida himoya qilib urush qilmoqda. «Tolha boʻlsa edi. Otam ham, onam ham unga fido boʻlsin! Tolha boʻlsa edi. Otam ham, onam ham unga fido boʻlsin!» deb borib tursam, orqamdan Abu Ubayda xuddi qushdek uchib kelib qoldi. Birgalashib yetib borsak, Rasulullohning oldilarida Tol-ha yiqilib yotgan ekan. Rasuli akram alayhissolatu vassalom: «Birodaringizga qarang, u haqlidir»,–dedilar. Shu payt Paygʻambar alayhissalomning yonoqlariga bir narsa kelib tegib, dubulgʻaning halqasini kiritib yubordi. Uni Paygʻambar alayhissalomdan chiqarib olish uchun borgan edim, Abu Ubayda:

«Alloh xayringni bersin, Abu Bakr, menga qoʻyib ber»,–dedi va ogʻzi bilan u kirgan narsani chiqara boshladi. Paygʻambar alahissalomga ozor bermaslik uchun tishi bilan chiqarishga harakat qildi va chiqarib oldi. Abu Ubaydaning old tishi tushdi. Soʻngra, men keyingisini olishga uringan edim, Abu Ubayda yana:

«Abu Bakr, Alloh xayringni bersin, menga qoʻyib ber»,–dedi. Yana tishi bilan chiqarib oldi. Abu Ubaydaning yana bir tishi tushdi. Keyin Rasululloh alayhissalom:

«Birodaringizga qaranglar, u haqlidir»,–dedilar. Biz Tolhaning jarohatlariga qaray boshladik. Unga oʻndan ortiq oʻq, qilich, nayza tekkan ekan. Shu payt Ali karramallohu vajhahu Paygʻambar alayhissalomning yaralarini yuvgani suv topib keldi. U quyib turdi, Fotimai Zahro roziyallohu anho yuvdi. Qonning toʻxtamayotganini koʻrgan Fotima boʻyradan bir boʻlak olib, kuydirib, yaraga bosdi, qon toʻxtadi.

Bundan avvalroq Abu Said al-Xudriyning otasi Molik Rasulullohning yaralarini soʻrib tozalagan edi. Unga hazrati Paygʻambar alayhissalom, tupur, devdilar, hech-hech tupurmayman, deb yoʻlida ravona boʻldi. Shunda Rasuli akram alayhissolatu vassalom:

«Kim ahli jannat odamni koʻrmoqchi boʻlsa, anavinga qarasin»,– dedilar.

Oʻsha kuni Rasululloh alayhissolatu vassalomni himoya qilib, yetti kishi shahid boʻldi. Musiybat yengillashganda, Paygʻambar alay- hissalom qattiq charchagan edilar. Toqqa chiqib ketayotganlarida, mushriklar ortlaridan quvib kelishardi. Bir toshga chiqa olmay qoldilar. Sahobalardan biri tosh tagiga oʻtirib turdi, u kishi chiqib oldilar. Namoz vaqti boʻluvdi, oʻtirib namozga oʻtdilar».

Jubayr ibn Mutʼamning quli Vahshiy hikoya qiladi:

«Jubayr menga: «Muhammadning amakisi Hamzani oʻldirsang, ozodsan»,–dedi. Odamlar bilan urushga chiqdim. Habashistonlik boʻlganim uchun nayza otishni yaxshi bilar edim. Otgan nayzam nishonga kamdan- kam tegmay qolar edi. Urush boshlanib, odamlar jangga kirganda, Hamzani poylab yurib, axtarib topdim. Hamza pahlavon tuyadek odamlarni qilich bilan shilardi. Uning oldida hech narsa turish bera olmas edi. Men uni oʻldirishga tayyorlanib, poylab, daraxt va toshlar ortiga berkinib, unga yaqinlasha bordim. Mendan oldin unga Siboʼ ibn Abdul Uzzo yaqinlashgan edi. Hamza uni koʻrishi bilan urib, boshini uchirib yubordi. Men nayzamni siltab-silkitib, moʻljalni aniq olganimdan soʻng unga qarab otdim. Nayza qornidan kirib, oyogʻining orasidan chiqdi. Menga qarab intilgan edi, kuchi yetmay yiqildi. Shu holda tashlab ketdim, asta joni chiqdi. Soʻngra, kelib nayzamni chiqarib olib, askar joyiga qaytdim. Borib oʻtirdim. Menga boshqa ishning hojati yoʻq edi. Uni ozod boʻlish uchun oʻldirdim».

Keyin Abu Sufyonning xotini Hind binti Utba kelib Hamzaning qornini yorib, jigarini olib, chaynadi, chaynab boʻlmaganidan, tuflab tashladi.

Urushdan keyin Paygʻambarimiz alayhissalom Hamzaning jasadi ustida turib, qattiq taʼsirlandilar va: «Sening musiybatingdek musiybatga uchramasam kerak»,–dedilar.

Paygʻambar alayhissolatu vassalom Uhudda shahid boʻlganlarni jon taslim etgan yerlarida dafn etishga amr qildilar. «Maqbaralarga olib borilmasinlar»,–dedilar. Jarchilar bu amrni hamma yerga yetkazdilar. Maqbaralarga olib ketilgan shahidlarni ham qaytarib keldilar. Paygʻambarimiz alayhissolatu vassalom oʻzlari boshida turib ikki-uch kishini bir qabrga qoʻydilar. Abdulloh ibn Amr ibn Hamro va Amr ibn Jumayhlarni oʻzaro muhabbatlari eʼtiboridan bir qabrga dafn etdilar. Paygʻambar alayhissolatu vassalom: «Bu dunyoda bir-birlarini yaxshi koʻrgan bu ikki kishini bir qabrga qoʻyinglar»,–dedilar.

Uhud urushi haqidagi baʼzi qisqa maʼlumot shulardan iborat. Endi oʻsha hodisa haqidagi oyatlarni oʻrganamiz.

Oyatlarning vazifasi voqeani tartibi ila hikoya etish emas. Balki qalbga, aqlga nido qilib, u orqali vaʼz, nasihat, yoʻllanma, ibrat va tushuncha berishdir.