وَمَا جَعَلَهُ ٱللَّهُ إِلَّا بُشْرَىٰ لَكُمْ وَلِتَطْمَئِنَّ قُلُوبُكُم بِهِۦ ۗ وَمَا ٱلنَّصْرُ إِلَّا مِنْ عِندِ ٱللَّهِ ٱلْعَزِيزِ ٱلْحَكِيمِ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Alloh buni faqat sizga suyunchilik va qalbingiz taskin topishi uchungina qildi. Aslida, nusrat Aziyz va Hakiym Allohning huzuridandir.Аллоҳ буни фақат сизга суюнчилик ва қалбингиз таскин топиши учунгина қилди. Аслида, нусрат Азийз ва Ҳакийм Аллоҳнинг ҳузуридандир.Alauddin Mansour: Bu (madadni) Alloh faqat sizlarga xushxabar boʻlsin, deb va dillaringiz taskin topishligi uchun qildi. Aslida gʻalaba faqat qudrat va hikmat egasi boʻlgan Alloh huzuridan kelur.Бу (мададни) Аллоҳ фақат сизларга хушхабар бўлсин, деб ва дилларингиз таскин топишлиги учун қилди. Аслида ғалаба фақат қудрат ва ҳикмат эгаси бўлган Аллоҳ ҳузуридан келур.
Alloh taolo hamma narsaga qodir Zot. Xohlasa, Badr urushida moʻmin bandalariga farishtalarsiz ham, bevosita yordam bera olardi. «Boʻl!» desa, tamom, boʻlar edi. Juda lozim koʻrsa, birgina farishta Allohning izni ila har narsa qilishi mumkin edi. Nimaga endi uch ming dona, soʻngra besh ming dona farishta zarur boʻlib qoldi? Buning sababi ushbu oyatda bayon qilinmoqda:
«Alloh buni faqat sizga suyunchilik boʻlishi va qalbingiz taskin topishi uchungina qildi».
Yaʼni, farishtalarni belgili qilib osmondan musulmonlarga yordam berish uchun tushirishi suyunchilik boʻlishi uchun, ularni koʻrib, bizga Robbimiz tarafidan nusrat kelibdi, deb sevinishingiz uchundir. Dushman sonining koʻpligini, jangga tayyorgarligining ortiqligini koʻrib koʻnglingizga tushgan gʻulgʻulani koʻtarish, oʻrniga sokinlikni solish uchun tushirdik, deyilmoqda. Sahobalar har qanday jihatda yuqori darajaga erishgan boʻlsalar ham, odam naslidandirlar. Ular ham boshqa insonlar qatori oʻz tasavvurlari, his- tuygʻulari doirasidagi suvratda yordamga muhtojlar. Demak, odamlar koʻrsinlar va his etsinlar uchun, ularga yaxshiroq yetib borsin deb, oʻzlariga mos muomala qilingan, xolos.
«Aslida, nusrat aziz va hakim Allohning huzuridandir».
Nusratning haqiqiy masdari Alloh taoloning Oʻzidir. Undan boshqa yordam beruvchi yoʻq. Farishtalar esa, uning lashkarlaridan bir lashkardir, xolos. U aziz–gʻolib, hech bir zot irodasini qaytara olmaydigan sifatga ega. U hakim–har bir ishni hikmat bilan qilish sifatiga ega.
Keyingi oyatda moʻminlarga nusrat berishning hikmati bayon etiladi: